Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Ahmad Muhammad Tursun

Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi 02 Iyun 2023


Amr ibn Oss

img

Abu Abdulloh Amr ibn Oss ibn Voil as-Sahmiy (roziyallohu anhu) ulug' sahobalardan bo'lganlar. Yasribga ko'chish voqeasidan ellik yil oldin Makkada tug'ilganlar, Quraysh qabilasidan. Muoviya, Mug'iyra, Zayd kabi arablarning to'rt buyuk daholaridan biri edi. Amr Islomga kirmasidan oldin Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) ashaddiy dushman bo'lgan. Biroq Handaq g'azotidan keyin bu kishida keskin o'zgarish sodir bo'ldi. Makka fathidan yarim yil avval Xolid ibn Valid, Usmon ibn Talha bilan Madinaga ko'chib bordilar. Rasuli akram huzurlarida shahodat kalimasini aytib, avvalgi gunohlari avfini so'radilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) unga bir necha vazifalarni ishonib topshirdilar. Makka fathidan so'ng O'rdun hukmdori oldigaga elchi qilib jo'natdilar. U kishi Payg'ambarimiz vafotlarigacha o'sha yerda voliy (hokim) bo'ldilar. Misr egallangach, unga voliy etib tayinlandilar. Rasuli akramdan 39 ta hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 43 (milodiy 664) yili Misrda vafot etganlar, qabrlari Jabali Muqattamda.

Amrning otasi Oss ibn Voil Sahmiy Quraysh qabilasi ichidagi eng obro'li Bani Sahm urug'ining ko'zga ko'ringan arboblaridan edi. "Fil hodisasi"dan to'rt yil o'tganda uning xotini Nabig'a binti Xarmala o'g'il tug'di. Unga Amr deb ism qo'yishdi. Amr Quraysh zodagonlaridan biri farzandi sifatida yaxshi tarbiya topdi. Oss ibn Voil qabilasining yuqori martabali kishilaridan bo'lishiga qaramay, unda johiliyat jamiyatining turli yomonliklari keragicha bor edi.
Alloh taolo Muhammadni (sollallohu alayhi vasallam) Payg'ambar etib yuborganida Oss ibn Voilning barcha razilliklari yuzaga chiqdi. U Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) va Islomga tish-tirnog'i bilan qarshi turdi. Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) o'g'il farzandlari turmaganini ro'kach qilib, Oss ibn Voil va uning sheriklari musulmonlar rahbariga tuhmat qilishdi, bu bilan Islom obro'sini to'kishga urinishdi. «Muhammadning orti kesik, ishini davom ettiradigan o'g'il farzandi yo'q. U vafot etganidan so'ng hammaning yodidan chiqib ketadi», deyishgacha borishdi. Ana shunda Alloh taolo O'z habibiga tasalli berib, dushmanlarga raddiya sifatida Kavsar surasini nozil qildi: "Albatta, Biz sizga Kavsarni ato etdik. Bas, Rabbingiz uchun namoz o'qing va qurbonlik qiling. Albatta, g'animingiz o'zining orti kesik".
Islomga ashaddiy dushmanlardan birining o'g'li sifatida Amr ham Islomga g'anim bo'lib o'sdi. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Payg'ambar bo'lganlarida Amr ibn Oss o'ttiz olti yoshda edi. U Makka mushriklari zulmidan qochib, Habashistonga borgan musulmonlarni Habashiston poshohiga yomonlab, qaytarib kelish uchun yuborilgan ikki Quraysh elchisining biri bo'ldi. Amr ibn Oss keyin ham o'z ishlari bilan tez-tez Habashistonga borib turdi. U har borganida Najoshiy bilan ko'rishib, suhbat qurar edi. Oxirgi borishida ular suhbati Mu¬hammadga (sollallohu alayhi vasallam) borib ta¬qaldi. Shunda Habashiston podshohi Amrdan nega Allohning haq Rasuliga ergashmay yurgani haqida so'radi. Bunga Amr: "U shunday ergashiladigan kishimi?" degan savol bilan javob berdi. Podshoh: "Ha, Amr, sen unga itoat qil, ergash! Allohga qasam, u haq ustidadir! Albatta, u o'ziga qarshilik qilganlardan ustun keladi!" dedi.
Bu gaplar Amrga qattiq ta'sir qildi. U shoshib yurtiga jo'nadi. Alloh taolo Amr qalbiga Islom muhabbatini solib qo'ygan edi. U to'g'ri Madinai munavvaraga yo'l oldi. Yo'lda o'ziga o'xshash yana bir arab ulug'i Xolid ibn Validga duch keldi. U ham musulmon bo'lish uchun Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga ketayotgan ekan. Ularga Usmon ibn Talha ham qo'shildi. Uchovining Madinaga kelayotganini eshitgan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) nihoyatda xursand bo'ldilar.
Imom Muslim Amr ibn Ossning (roziyallohu anhu) musulmon bo'lishi haqida uning o'zidan quyidagilarni rivoyat qiladi: «Mendan ko'ra Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) yomon ko'radigan, agar qo'limga tushsalar o'ldirmay qo'ymaydigan odam bo'lmasa kerak, deb o'ylardim. Alloh taolo qalbimga Islomni solib qo'yganida Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga borib: "Qo'lingizni bering, ahd-paymon qilay", dedim. U zot qo'llarini uzatdilar, shunda qo'limni tortib oldim. U zot: "Senga nima bo'ldi, ey Amr?!" dedilar. "Shart qo'ymoqchi bo'ldim", dedim. "Nimani shart qo'yasan?" dedilar. "Mag'firat qilinishimni", dedim. "Islom o'zidan oldingi narsani yuvib yuborishini, ko'chish o'zidan oldingi narsani yuvib yuborishini va haj o'zidan oldingi narsani yuvib yuborishini bilmasmiding?" dedilar. Shu soatdan boshlab menga Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) sevimliroq odam bo'lmay qoldi. Men uchun u zotdan ulug'roq biror odam yo'q edi. U zotni shunchalar ulug'laganimdan yuzlariga tik qarashga botinmas, shuning uchun tahriflarini qilib bera olmas edim». Amr ibn Ossning musulmon bo'lishi sakkizinchi hijriy sanada, Hudaybiya sulhidan ke¬yin, yana ham aniqrog'i, Xaybar voqeasidan so'ng bo'ldi.
Amr ibn Oss (roziyallohu anhu) Islomga kirganidan boshlab doimo Payg'ambar sollalohu alayhi va sallam bilan birga bo'lishga harakat qilardi. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam Makkani fath qilishga otlanganlarida Amr ibn Oss ham u zot bilan birga edi. Olamlar sarvari Baytullohdagi mashhur butlardan Suvo'ni buzishni unga topshirdilar. U buni qoyillatib bajardi. Amr ibn Oss Payg'ambar alayhissalom huzurlarida borgan sari yuqori martabaga ko'tarila bordi. Rasuli akram Ummon podshohini Islomga targ'ib qilib, maktub yubormoqchi bo'lganlarida bu o'ta muhim vazifani ham aynan Amr ibn Ossga ishonib topshirdilar. Ummonga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) elchisi bo'lib kelgan Amr ibn Oss u zotning Ummon diyoridagi voliylari (hokim) bo'lib qoldi. Keyin u Yarmuk jangida, rumliklar mag'lub bo'lgan Ajnodayn voqeasida, Misr fathida katta jasorat va tadbirkorlik ko'rsatdi.
Amr ibn Oss (roziyallohu anhu) Islomga kech kirgan va musulmon holida Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) bilan birga atigi uch yilcha birga yurgan bo'lsa ham, u zotning tahsinlariga sazovor edi. Yigirma yil davomida Islomning ashaddiy dushmani bo'lib yurgan odamning birdaniga Islom fidokoriga aylanishi va oxirzamon Payg'ambaridan (sollallohu alayhi vasallam) maqtovlar eshitishi haqiqatda Islom mo''jizasi edi. Bunga bir necha hadisi shariflar dalildir: 
Uqba ibn Omirdan (roziyallohu anhu) Imom Termiziy rivoyat qiladi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Odamlar musulmon bo'lishdi, Amr esa mo'min bo'ldi», dedilar». Chunki o'shanda ko'pchilik Islom ustun kelganidan so'ng qo'rqib, noilojlikdan Islomga kirgani holda, Amr ibn Oss butun vujudi bilan haqiqatni anglab yetib, chin qalbdan imon keltirgan edi. Talha ibn Ubaydullohdan (roziyallohu anhu) Imom Termiziy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Payg'ambar alayhissalom: "Albatta Amr ibn Oss Qurayshning solihlaridandir", deganlar. Ibn Adiy keltirgan rivoyatda Jobir (r.a.) Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Allohim, Amr ibn Ossni mag'firat qil», deya uch marta ayta turib, "Men uni sadaqa keltirishga cha¬qirsam, olib kelar edi", deganlarini eshitganman", deydi. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) Amr ibn Ossni Shom fathiga yuborayotib, uning ulovi yonida yurib borarkan, unga bunday nasihat qilgan edi: "Ey Amr, ichingda ham, tashingda ham Allohdan qo'rq! U Zotdan hayo qil! Chunki U Zot seni ham, amalingni ham ko'rib turuvchidir. Men seni sendan ko'ra peshqadam kishilardan ham, sendan ko'ra haqliroqlardan ham ustun qo'yganimni ko'rib turibsan. Sen oxirat uchun amal qiluvchilardan bo'l va amaling bilan Alloh roziligini istovchilardan bo'l. O'zing bilan birga ketayotganlarga xuddi otadek bo'l. Odamlarning ichki sirini ochma, ularning tashi bilan kifoyalan. Ishingda jiddiy bo'l. Agar dushman bilan to'qnashsang, sobit tur, qo'rqma. Haddan oshadiganlardan ehtiyot bo'l va ulardan himoyalan. Sheriklaringga va'z qiladigan bo'lsang, qisqa qil. Agar o'zing solih bo'lsang, odamlaring ham solih bo'lishadi".
Misr fathi chog'idagi voqea hozirgacha tarixchilarni va umuman insonlarni hayratga solib keladi. Amr ibn Oss (roziyallohu anhu) boshliq lashkarlar Misrga kirib borgach, u Misr xalqiga sulh taklif qilib, quyidagi ahdnomani yozib bergan: “Bismillahir rohmanir rohiym! Ushbu Amr ibn Ossning Misr ahli jonlari, mollari, millat (din)lari, cherkovlari, xochlari, quruqliklari va suvlari uchun bergan omonligidir. Ularning mazkur narsalariga biror aralashuv bo'lmaydi, kamsitilmaydi va ular bilan nubiylar (Nuba vodiyidagi qoratanli qavm) bilan birga yashamaydi”.
Misr ahli, agar ushbu sulhga binoan jizya (soliq) berishga kelishsa, daryolari to'la bo'lib turganida ellik ming dirham to'lashadi. O'g'rilari qilgan jinoyat ham ular zimmasida bo'lur. Agar ulardan kimlardir buni qabul qilishdan bosh tortadigan bo'lsa, jizyadan o'shalar miqdoricha kamaytiriladi. Kim bosh tortsa, u bizdan soqit bo'ladi. Agar daryolari suvi ozayadigan bo'lsa, o'shaning miqdoricha ulardan (jizya) kamaytiriladi. Rumliklardan va nubiylardan kim ushbu sulhga kirsa, unga ham ushbu imtiyoz va majburiyatlar joriy bo'lur. Kim sulhdan bosh tortib, boshqa tomonga ketishni iroda qilsa yoki saltanatimizdan chiqmoqchi bo'lsa, u xavfsiz joyga yetib olgunicha bizning omonlikdadir. Ularga (misrliklarga) vojib bo'lgan narsaning uchdan biri o'shalarga ham vojib bo'lur. Ushbu yozilganlarga Alloh ahdi va zimmasi, Uning Rasuli zimmasi, mo'minlar amiri zimmasi va mo'minlar zimmasi bordir. Yordam berishga rozi bo'lgan nubiyliklarga jang qilmasliklari, ichki va tashqi tijoratdan man qilinmasliklari sharti ila bir necha bosh ot va chorva mollari beriladi. Bunga Zubayr va uning ikki o'g'li Abdulloh va Mu¬hammad guvoh bo'lishdi. Vurdon yozdi".
Ushbu hujjatdagi jizyani hisoblab chiqqan ulamolar uning miqdori har bir odamga yiliga bir dinorning o'ndan biricha to'g'ri kelganini ta'kidlashadi. Shunda musulmonlar Amrning fustoti, ya'ni, chodiri atrofiga o'z fustotlarini o'rnata boshlashadi. Shu tariqa hozirgacha nomi saqlanib kelayotgan Qohiraning Fustot tumani paydo bo'ladi. Amr ibn Oss ko'p yillar Misr voliyi bo'lib turdi.
Ibn Abdul Hakam Lays ibn Sa'ddan rivoyat qiladi: "Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rahbarligi davrida Madinada qattiq ocharchilik bo'ldi. Shunda Hazrati Umar Misrdagi Amr ibn Ossga bunday maktub yozdi: "Alloh bandasi, mo'minlar amiri Umardan Osiy ibn Osiyga. Salom! Ammo ba'd, umrim ila qasam, ey Amr, o'zing va sen bilan bo'lganlar to'q yurishsayu, men va men bilan bo'lganlar halokatga uchrasa ham ishing yo'qmi?! Yordam! YOrdam!"
Amr ibn Oss unga bunday maktub yozdi: "Alloh bandasi, mo'minlar amiri Umarga Amr ibn Ossdan. Ammo ba'd, labbayka! Yana labbayka! Sizga bir karvon yubordim. Uning boshi sizning huzuringizda, oxiri mening huzurimda. Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu".
Amr katta karvon yubordi. Uning boshi Ma¬dinaga yetib borganida oxiri Misrda edi. Tuyalar bir-biriga ulangan edi. Umar Madinadagi har bir uy ahliga bir tuyani va ustidagi taomini berdi. Voliy Abdurrahmon ibn Afv, Zubayr ibn Avvom va Sa'd ibn Abu Vaqqosni (roziyallohu anhum) karvondagi narsalarni odamlarga taqsimlab berish uchun yuborgandi. Ular har bir xonadonga bir tuyani ustidagi taomi bilan berishdi. Ocharchilikka uchragan madinaliklar ovqatni yeyishdi, tuyalarni so'yib go'shtidan foydalanishdi, yog'ini eritib olishdi, terisini poyabzal qilishdi, hatto taom tugilgan matolarni ham ro'zg'orda ishlatishdi. Shunday qilib, Alloh taolo odamlarga kengchilik ato qildi". Shu tariqa Amr ibn Oss (roziyallohu anhu) Islom tarixida birinchi bo'lib insonparvarlik yordami uyushtirgan edi. U kishi tashkil qilgan bu mislsiz yordam musulmonlarni katta mashaqqat va tanglikdan qutqargan edi.
Amr ibn Ossning fazilatlari ko'p edi. Amr ibn Ossni mashhur qilgan xislatlaridan biri uning serma'no, hikmatli so'zlarni ko'p aytganidir. Bunga misol tarzida Muoviya ibn Abu Sufyonning (roziyallohu anhu) balog'at, sabr, saxiylik va shijoat haqidagi savollariga u kishi bergan javoblarni keltirish kifoya: Muoviya Amr ibn Ossga: “Balog'at nimadir?” dedi. “Ortiqcha gapni tark qilib, qisqasi bilan kifoyalanish”, dedi Amr. “Odamlar ichida sabrlisi kim?” “Hamisha fikran havoi nafsiga qarshi bo'lgani”. “Odamlarning saxiyi kim?” “Dini foydasi uchun dunyosini sarf qilgani”. “Odamlarning shijoatlisi kim?” “Jahlini hilmi bilan qaytargani”.
Amr ibn Oss o'g'li Abdullohga (roziyallohu anhu) bunday degan ekan: "Ey o'g'lim, odil sulton barakali yomg'irdan yaxshidir. Jilovlangan sher zolim sultondan yaxshidir. Beshafqat, zolim sulton bardavom fitnadan yaxshidir". Amr ibn Oss yaxshi shoir ham bo'lgan. Tarix va siyrat kitoblarida u kishining ma'nodor, hikmatli she'rlaridan ko'plab namuna keltirilgan.
Amr ibn Oss (roziyallohu anhu) sakson yoshdan oshib, 43 hijriy yili Ramazon hayiti kuni vafot qildi. Hayit namoziga kelgan jamoat uning janozasida ishtirok etdi. Janozasini o'g'li Abdulloh o'qidi va Muqattam qabristoniga dafn etildi. Alloh taolo Amr ibn Ossdan rozi bo'lsin!

Muallif Ahmad Muhammad


  • 3517
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 25 May 2023


Rasulullohning tug'ilishlariga xursand bo'lishning mukofoti

img

Rasulullohning tug'ilishlariga xursand bo'lishning mukofoti

Urva ibn Zubayr aytadi: “Suvayba Abu Lahabning cho'risi edi, Abu Lahab uni ozod qildi. Suvayba Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamni emizgan. Abu Lahab o'lganidan so'ng, oila a'zolaridan biri (ota bir, ona boshqa ukasi Abbos roziyallohu anhu) tushida Abu Lahabni juda yomon bir ahvolda ko'rdi va: “(O'limdan so'ng) nima topding?” dedi. Abu Lahab: “Sizlardan keyin (rohat-farog'at) topmadim, faqat Suvaybani ozod qilganim uchun menga mana bunda suv berildi”, deb qo'lining bosh barmog'i bilan ko'rsatgich barmog'i orasidagi chuqurchaga ishora qildi”[1]. Suhayliy aytadi: «Abbos roziyallohu anhu: “Abu Lahab o'lganidan bir yil o'tib, tushimda uni yomon ahvolda ko'rdim”, dedi. Abu Lahab: “Sizlardan keyin rohat topmadim, faqat har dushanba kuni mendan azob yengillatilyapti-ozaytirilyapti, xolos”, dedi”. Buning sababi, Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam dushanba kuni tug'ilganlar va Suvayba Abu Lahabga jiyanli bo'lgani haqida xushxabar keltirganida, suyunchisiga uni ozod qilib yuborgan edi»[2].

Bu ikkala rivoyatda kofir kishining yaxshi ishi oxiratda foyda berishiga ishora bor. Lekin Urva ibn Zubayrning rivoyati “mursal” (sanadidan sahoba tushirib qoldirilgan), ya'ni, Urva rahmatullohi alayh tobeinlardan bo'lib, mazkur hadisni aytib bergan sahobani zikr qilmasdan, to'g'ridan-to'g'ri Payg'ambarimizdan rivoyat qilgan. Xo'p, “mavsul”[3] bo'lgan taqdirda ham hadisdagi xabar tushdir, qolaversa, tush ko'ruvchi o'sha paytda hali musulmon bo'lmagan bo'lish ehtimoli ham bor[4].
Qolaversa, bu ikkala rivoyat ham Qur'oni karim oyatlarining zohiriga to'g'ri kelmaydi. Masalan: Alloh taolo aytadi:
“Biz (kofirlar) qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to'zon (kabi) qilib qo'ygandirmiz”[5];
“Kofir bo'lgan kimsalar uchun jahannam olovi bordirki, na ularga (ikkinchi bor o'lish) hukm qilinib, o'la olurlar va na ulardan (jahannam) azobi yengillatilur. Biz har bir kofirni mana shunday jazolarmiz”[6];
“Do'zaxdagi kimsalar jahannam qo'riqchilariga: “Parvardigorlaringga duo qilinglar, bizlardan biron kunlik azobni yengillatsin”, deb yolvorganlarida, ular aytdilar: “Axir sizlarga payg'ambarlaringiz ochiq hujjatlar bilan kelmaganmidilar?!” Ular: “Ha, (kelgan edilar, lekin biz ularni yolg'onchi qilgan edik)”, dedilar. (Shunda farishtalar ularga) aytdilar: “U holda o'zlaringiz duo-iltijo qilaveringlar. Kofirlarning duo-iltijolari faqat zalolatdadir (ya'ni, befoydadir)”[7].
Ushbu oyatlar bilan yuqoridagi rivoyatlarni bir-biriga qanday bog'laymiz?
Mazkur oyatlardagi hukmlar umumiy bo'lib, barcha kofirlarga tegishlidir. Payg'ambarimizning amakilari Abu Tolib bilan Abu Lahablardan azobning yengillatilishi esa, Payg'ambarimizning o'zlariga xos bo'lib, bu imtiyoz u zotning shafoatlari va sharofatlaridandir.
Ma'lumki, Payg'ambarimizning xos shafoatlari tufayli amakilari Abu Tolib do'zaxning chuqur-tubidan sayoz joyiga olib chiqilgani va kufrdan boshqa gunohlari uchun beriladigan azobning yengillatilgani, haqidagi rivoyat ma'lum va mashhurdir[8].
Mana shu sahih dalil Abu Lahab haqidagi rivoyatlarga qiyos bo'lib, ularni qo'llab-quvvatlaydi.
Modomiki, Abu Tolib Payg'ambarimizga yordam bergan va u zotni himoya qilgan ekan, unga gunohlari uchun beriladigan azob Abu Lahabnikiga qaraganda yengilroq bo'lishi rivoyatlardan ma'lum![9]

[1] “Sahihul Buxoriy”, 3-juz, “Nikoh” kitobi, 20-bob, 5101-hadis ta'liqi-izohi.
[2] Abdu Rahmon Suhayliy, “Ar-ravzul unf fi sharhis siyratin nabaviya li Ibni Hishom” (5/123); Badriddin Ayniy, “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (29/242); Ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy” (9/256).
[3] “Mavsul” – sanadi boshidan oxirigacha bir-biriga bog'langan rivoyat.
[4] “Fatovo va istishorotul islom al-yavm” (13/504). Payg'ambarning tushi bo'lsa yoki azon masalasi kabi sahobaning Payg'ambarimiz tasdiqlagan tushi bo'lsa, boshqa gap.
[5] Furqon surasi 23-oyat.
[6] Fotir surasi 36-oyat.
[7] G'ofir surasi 49 – 50-oyatlar.
[8] “Sahihul Buxoriy” (3670, 3672, 5855, 6196 va 6203-hadislar); “Sahihi Muslim” (357 va 360-hadislar).
[9] Badriddin Ayniy Hanafiy, “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (29/240-242); Ibn Hajar Asqaloniy Shofe'iy, “Fathul Boriy sharhu sahihil Buxoriy” (9/256-259); Ibn Kasir, “Al-bidoya van nihoya”(2/53); Shayx Sulaymon ibn Muhammad Hanbaliy, “Iyqozul afhom fi sharhi umdatil ahkom” (6/27).

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 3650
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 25 May 2023


Rasulullohning tug'ilishlariga bog'liq ajoyibotlar

img

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tug'ilganlarida Kisro[1] Anushirvonning mustahkam saroyi zilzila va momoqaldiroq tufayli yorilib o'n to'rtta ayvoni qulab tushgan, Fors imperiyasidagi majusiylarning ming yildan beri o'chmay kelayotgan “muqaddas olov”lari o'chib qolgan va Sova[2] ko'lining suvi yerga singib ketib, uning atrofidagi cherkovlar qulagan”, degan rivoyat bor. Bu rivoyatning isnodi haqida ulamolarimiz nima deyishadi?
Imom Zahabiy “As-siyratun nabaviya” kitobida (1/12) bu rivoyatni: “Munkar, g'arib”, degan.
Ibn Asokir: “Bu rivoyat g'aribdir, hujjatga yaramaydi”, degan.
Alloma Ibn Kasir “Al-bidoya van nihoya” kitobida (2/329): “Bu rivoyatning asli-asosi yo'q”, degan.

Shayx Abdul Fattoh Abu G'udda Mulla Ali Qorining “Al-masnu' fi ma'rifatil hadisil mavzu'” kitobi tahqiqida (18-bet) va doktor Abdul Mu'tiy Qal'ajiy Imom Bayhaqiyning “Daloilun nubuvvah” kitobi ta'liqi-izohida (1/129): “Bu rivoyat sahih emas”, deyishgan.
Doktor Mahdiy Rizqulloh “As-siyratun nabaviya fi zov'il masodiril asliya dirosatan tahliliya” kitobida (112-bet): “Bu rivoyat sahih yo'llar bilan sobit bo'lmagan”, deydi.
Shayx Xolid Abdu Rahmon imom Movardiyning “A'lomun nubuvvah” kitobi izohida (271-bet): “Kuchsiz-qoniqarsizdir, hujjatga yaramaydi”, degan.
Shayx Muhammad G'azzoliy: “Fiqhus siyra” kitobida: “Kuchsiz-qoniqarsiz”, deyish bilan mazkur ma'lumotni tasdiqlamagan.
Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy “Ar-rahiqul maxtum” kitobida (61-bet): “Bu rivoyatlarning birorta ham sobit isnodi yo'q. O'sha xalqlarda tarixnaveslik kuchli bo'lganiga qaramasdan, ularning tarixida bu voqealar tilga olinmagan”, deydi.
Doktor Akram Ziyo Umariy “As-siyratun nabaviya as-sahiha” kitobida: “Mazkur rivoyatning roviylari ichida Ya'lo ibn Imron Bajalliy va Maxzum ibn Honi' Maxzumiy kabi majhul-noma'lum shaxslar bor bo'lib, ularning tarjimai hollarini topa olmadim”, degan.

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 4119
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 25 May 2023


Rasulullohni emizgan ayollar

img

Ba'zi manbalarda Omina, Suvayba, Xavla binti Munzir, Ummu Ayman, Banu culaymlik uch ayol, Ummu Farva, Banu ca'dlik bir ayol va Halimai Sa'diyalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tartib ila emizishgani aytilgan[1]. Mazkur onalarning qaysi biri haqiqatan Payg'ambarimizni emizgan?
Bu boradagi aniq javob faqat Omina onamiz, Suvayba, Banu ca'dlik bir ayol va Halimai Sa'diyalarning emizganlaridir[2].
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni birinchi bo'lib onalari Omina emizgan. Suti yetmagach, amakilari Abu Lahabning ozod qilgan cho'risi Suvayba bir necha kun[3] emizadi. O'sha paytda uning Masruh ismli chaqalog'i bo'lgan. Suvayba bungacha Hamza ibn Abdulmuttalib bilan Abu Salama ibn Abdulasad Maxzumiylarni ham emizgan edi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Suvaybaning xizmatini qadrlar, Xadicha onamiz ham unga ehtirom ko'rsatar, kiyim-kechaklar yuborib turar edilar. Madinaga hijrat qilganlaridan keyin ham xabar olib turdilar. Makka fath qilinganida Payg'ambarimiz Suvayba bilan o'g'li Masruh haqlarida so'raganlarida, ona-bolaning olamdan o'tganini aytishdi. Suvayba hijratning yettinchi yili, Makka fathidan bir yil oldin, o'g'li Masruh esa sal oldinroq olamdan o'tgan edilar. Keyin Suvaybaning qarindoshlari haqida so'radilar, ulardan ham birontasini tirik topmadilar. Hofiz Ibn Mandah[4]dan boshqa barcha olimlar Suvaybaning musulmon bo'lmaganini aytishgan[5].
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Hamza roziyallohu anhu Banu Sa'd qabilasida bo'lganlarida Hamza roziyallohu anhuni emizayotgan Banu sa'dlik ayol Payg'ambarimizni ham bir marta emizgan[6].
Payg'ambarimizni to'liq ikki yil emizgan ayol Halimai Sa'diya ekani ma'lum va mashhurdir. Darvoqe, Halima ona keyinchalik Payg'ambarimiz Xadicha roziyallohu anhoga uylanganlaridan so'ng Makkaga keladi va u zotga qurg'oqchikdan shikoyat qiladi. Payg'ambarimiz uning ahvoli haqida Xadicha onamizga so'zlaganlarida, onamiz qirqta qo'y berib yuboradi. Halima ona nubuvvatdan keyin eri bilan kelib, musulmon bo'lishadi. Halima ona Makka fathidan keyin Hunayn g'azoti kuni ham Payg'ambarimizning huzurlariga keladi. Payg'ambarimiz o'rinlaridan turib, ridolarini yerga to'shaydilar va unga o'tqazadilar. Halima ona Payg'ambarimizdan hadis rivoyat qilgan, undan Abdulloh ibn Ja'far ibn Abu Tolib rivoyat qilgan. Hijriy sakkizinchi yildan keyin vafot etgan.[7]
Ummu Ayman esa, asli habashistonlik bo'lib, Payg'ambarimizning otalari Abdullohning cho'risi bo'lgan. Abdulloh olamdan o'tganidan so'ng Payg'ambarimiz katta bo'lgunlariga qadar enagalik qilgan, ammo emizmagan[8]. Payg'ambarimiz uni ozod etganlar va u Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuga turmushga chiqqan. Ummu Ayman Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan besh oy keyin olamdan o'tgan[9].
Xavla binti Munzir Payg'ambarimizni emas, kenja o'g'illari Ibrohimni emizgan edi[10].
Ummu Farva bilan Banu sulaymlik uchta ayolning Payg'ambarimizni emizganlari haqidagi ma'lumotlar tasdig'ini topgan emas.

[1] Ibn Asokir, “Tarixu Dimashq” (3/97).
[2] Ali ibn Burhoniddin Halabiy, “As-siyratul halabiya” (1/185); Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy, “Ar-rahiyqul-maxtum”; Doktor Solih ibn Avvod Mag'omisiy, “Al-ayyomun nazira vas siyratul atira li Rasulina” (1/18); Izzuddin ibn Jamoa Kattoniy, “Al-muxtasarul kabir fi siyratir Rasul” (1/8); Shayx Hasan ibn Umar, “Al-muqtafo min siyratil mustafo” (1/5); Muhammad ibn Yusuf Shomiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (1/6).
[3] Buxoriy rivoyati, “Fathul Boriy” (9/124).
[4] U – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ishoq ibn Muhammad ibn Yahyo ibn Mandah Isfahoniy (hijriy 310-395 yil).
[5] Badriddin Ayniy Hanafiy, “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (29/237); Ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy” (9/145); Abdu Rahmon Suhayliy, “Ar-ravzul unf fi sharhis siyratin nabaviya li Ibni Hishom” (2/102, 5/123); Ali ibn Burhoniddin Halabiy, “As-siyratul halabiya” (1/188); Izzuddin ibn Jamoa Kattoniy, “Al-muxtasarul kabir fi siyratir Rasul” (1/7); Muhammad ibn Yusuf Shomiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (1/375).
[6] “Fatovosh shabakatil islomiya” (9/7451); Muhammad ibn Sa'd, “At-tabaqotul kubro”; Ibn Qayyim Javziya, “Zodul ma'od”.
[7] Alloma Xayriddin ibn Mahmud Zirikliy Dimashqiy (hijriy 1310-1396, milodiy 1893-1976), “Al-a'lom” (2/271).
[8] “Fatovosh shabakatil islomiya” (9/7689); Ali ibn Burhoniddin Halabiy, “As-siyratul halabiya” (1/190); Muhammad Toyyib Najjor, “Al-qovlul mubin fi siyrati sayyidil mursalin” (1/87).
[9] Muslim rivoyati (5/162).
[10] Muhammad Toyyib Najjor, “Al-qovlul mubin fi siyrati sayyidil mursalin” (1/87).

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 10044
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 21 May 2023


Omina onamizning doyasi

img

Payg'ambarimizga bo'lgan muhabbat tufayli u zotning atroflarida turgan har bir kishini bilgimiz, tanigimiz keladi. Xo'sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilayotganlarida Omina onamizga kim doyalik qilgan edi?
Ayrim rivoyatlarda Iyso alayhissalomning onalari pokdomon Maryam bilan zolim Fir'avnning qo'lida Muso alayhissalomni ulg'aytirgan Osiyodek mukarrama zotlarning hozir bo'lganlari aytilgan. Ammo “Maryam va Osiyo onalarimizning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilayotgan paytda hozir bo'lganlari” haqidagi rivoyatni imom Suyutiy “Al-xasoisul kubro” kitobida (1/47): “Juda ham munkar”, degan.

Haq gap esa, Omina onamizga Shifo roziyallohu anhoning doyalik qilganlaridir.[1] Onasining ismi Salmo, erining ismi Avf, o'g'illari Abdurahmon roziyallohu anhu va Asvad roziyallohu anhu, qizi Otika roziyallohu anholardir .
Olamlar sarvarining yorug' dunyoga tashrifida istiqbollariga chiqqan, bo'lajak payg'ambarni ilk kutib olish sharafiga muyassar bo'lgan Shifo binti Avf roziyallohu anhoni Alloh taolo keyinchalik ham ko'p yaxshiliklar ila siyladi. Shifo haq din kelganida uni qabul etdi, bay'atda qatnashdi, boshqa musulmonlar qatorida hijrat qildi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayotlik davrlarida vafot etdi va o'g'li Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu jannati ekaniga bashorat oldi.[2]

[1] Ibn Kasir, “Al-bidoya van nihoya” (2/264), “As-siyratun nabaviya”(1/207); Shayx Muhammad Xuzariy, “Nurul yaqin fi siyrati sayyidil mursalin” (1/5); Shayx Ali ibn Noyif Shahhud, “Mavsu'atul xutabil minbariya” (2/107); Muarrix Hasan ibn Umar, “Al-muqtafo min siyratil mustafo” (1/3); Muhammad ibn Yusuf Shomiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (1/341); Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxonto'ra), “Nurul basar”; Hasan ibn Muhammad Mashshot, “Inoratud dujo fi mag'oziy xoyril varo” (2/75); Ibrohim Ibyoriy, “Al-mavsu'atul Qur'oniya” (1/25).
[2] Muhammad ibn Sa'd, “at-Tabaqotul-kubro” (8/248).

Abdul Azim ZIYOUDDIN

 


  • 4565
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 21 May 2023


Isro va Me'roj hodisasi qachon yuz bergan?

img

“Isro” (الإسراء) Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni kechaning bir bo'lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.
“Me'roj” (المعراج) esa, Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya'ni, O'zining Huzuriga ko'tarishidir.
Ma'lumki, butun olamlarning Parvardigori Alloh taolo hamma narsadan oliy, ustun va yuksakdir.

Isro va Me'roj hodisasining hikmati

Bu mo''jizaviy safarning hikmatlari ko'p bo'lib, eng buyugi va lo'ndasi Alloh taolo: (لِنُرِيَهُ مِنْ أَيَاتِنَا) “...unga (ya'ni, Muhammad alayhissalomga) O'z mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun...”[1] deb, aytgan oyatidir. Shunday ham bo'ldi: (لَقَدْ رَأَى مِنْ أَيَاتِ رَبِّهِ الْكُبْرَى) “Darhaqiqat, u (Muhammad alayhissalom) Parvardigorining buyuk mo''jizalarini ko'rdi”[2].
Allohning huzurida “mehmon” bo'lish mushriklarning aziyatlari cho'qqisiga chiqqan paytda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga katta tasalli bo'ldi, bu ish tufayli u zotning ko'ngillaridan tushkun kayfiyat aridi, umid niholi gurkiradi.
Ayni choqda, bu voqea musulmonu kofir uchun sinov-imtihon ham bo'ldi. Bu imtihondan barcha sahobalar o'tishdi, kofir-mushriklar esa, yana dog'da qolishdi.

Tafsiloti

Jumhur ahli sunna va jamoa ulamolari Isro va Me'roj hodisasining Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg'ambar bo'lganlaridan keyin, Makka davrida, hijratdan sal oldin, islom da'vati quvg'in bilan muvaffaqiyat o'rtasida turgan bir paytda, uyg'oq hollarida, ruh va tanalari bilan, Jabroil farishta hamrohligida, Buroq nomli mo''jizaviy ulovda, kechaning bir bo'lagida, bir marta yuz berganiga ittifoq qilishgan.
Besh vaqt namoz Isro kechasi Me'rojda farz qilinganiga barcha ulamolar yakdildirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Madinaga hijratlari payg'ambarlikning 14-yili, rabiul avval oyining boshida, u zot qamariy hisobda 53 yoshga to'lganlarida (milodiy 622 yil sentyabr oyi o'rtalarida) bo'lganiga ham barcha ulamolar ittifoq qilishgan.

Vaqti

Isro va Me'roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo'q. Ammo qachon sodir bo'lgani haqida turlicha qarashlar bor. Quyida ularni birma-bir ko'rib chiqamiz:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar bo'lishlaridan oldin (bu rivoyat shozz[3] bo'lib, Sharik ibn Abu Namir tarafidan sodir etilgan xato ekaniga barcha muhaddislar ittifoq qilishgan[4]);
– payg'ambarlikning birinchi yili (imom Tabariy ixtiyor qilgan);
– payg'ambarlik kelganidan bir yilu olti oy keyin (imom Zahabiyning ushbu qavli haqida Abu Umar ibn Abdul Barr: “Men Zahabiydan boshqa bu gapni aytgan birorta siyrat olimini bilmayman”, degan[5]);
– payg'ambarlik kelganidan besh yil o'tib (qozi Iyoz naqli);
– payg'ambarlik kelganidan yetti yil keyin (Zuhriyning bir qavli);
– payg'ambarlikning o'ninchi yili (Muhammad Sulaymon Mansurfuriy ixtiyor qilgan);
– hijratdan uch yil oldin (Ibn Asiyr naqli);
– hijratdan bir yilu olti oy oldin, ramazon oyida (Voqidiy rivoyati);
– hijratdan bir yilu besh oy oldin, shavvol oyida (Movardiy qavli hamda, Suddiydan Tabariy va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan);
– hijratdan bir yilu to'rt oy oldin, zulqa'da oyida (Suddiy va Muqotillarning bir qavli);
– hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida (Ibn Foris naqli);
– hijratdan bir yilu ikki oy oldin, muharram oyida (Ibn Abdul Barr naqli);
– hijratdan bir yil oldin, rabiul avval oyida (ko'pchilik roviylar rivoyati, jumladan: Ibn Abbos, Ibn Mas'ud, Ibn Umar, Anas, Jobir, Oisha, Ummu Salama, Ummu Honilardan rivoyat qilingan (Alloh hammalaridan rozi bo'lsin). Qatoda, Urva ibn Zubayr, Muso ibn Uqba, Ibn Qutayba, Bayhaqiy, Ibn Sa'd, Ibn Asokir, Ibn Mardavayh, Hofiz Ibrohim Harbiylar rivoyat qilishgan (Alloh hammalarini rahmatiga olsin). Muqotil va Zuhriylarning bir qavli);
– hijratdan sakkiz oy oldin, rajab oyida (Abul Faraj ibn Javziy naqli);
– hijratdan olti oy oldin, ramazon oyida (Hofiz Abu Rabi' ibn Solim naqli).

Qaysi kunda ro'y bergani xususidagi fikrlar ham xilma-xildir

– 12-rabiul avval (Jobir va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumlar qavli);
– 17-rabiul avval (Ibn Umar, Oisha, Ummu Salama va Ummu Honi roziyallohu anhumlar qavli);
– 27-rabiul avval (Hofiz Ibrohim Harbiy qavli);
– Rajab oyining birinchi juma kechasi[6] (roviyi noma'lum);
– 10-rajab (Qays ibn Abbod rivoyati);
– 25-rajab (roviyi noma'lum);
– 27-rajab (Qosim ibn Muhammad rivoyati);
– 17-ramazon (Ibn Sayyidin nas naqli);
– 29-ramazon (roviyi noma'lum).

Tahqiq (haqiqatini aniqlash)

Isro va Me'roj hodisasining qachon yuz bergani haqida birorta ham sahih hadis yoki sahobalardan sahih asar yo'qligini, shu sababli muhaqqiq ulamolarimiz ko'p va xo'b bahslar olib borishganini, natijada, ma'lumotlarni “tarjih”[7] qilishganini (ya'ni, haqiqatga yaqinini aniqlashganini) aytib o'tmoqchimiz.
Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy: “Sahih qavlga ko'ra[8] Abu Tolib payg'ambarlikning o'ninchi yili rajab oyida, Xadicha roziyallohu anho ham shu yili ramazon oyida vafot etishgan. Bu paytda hali besh vaqt namoz farz qilinmagan edi. Islom ummati besh vaqt namoz Isro kechasi farz qilingani xususida ijmo' qilgan. Isro surasining siyoqi-oqimi Isro hodisasining juda kech (ya'ni, Makka davrining oxirgi yillarida) yuz berganiga dalolat qiladi. Natijada, biz Isro hodisasi (payg'ambarlikning 12-yili, haj mavsumida bo'lib o'tgan) “Birinchi aqaba bay'ati”dan sal oldinroq bo'lgan yoki (birinchi aqaba bay'ati bilan payg'ambarlikning 13-yili, haj mavsumida bo'lgan) “Ikkinchi aqaba bay'ati” orasida bo'lgan, degan fikrga keldik, yana Alloh biluvchiroq”, degan[9].
Hofiz Ibn Foris Asbihoniy Isro voqeasining hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida bo'lganiga jazm qilgan (ishonch hosil qilgan va bir to'xtamga kelgan edi)[10].
Shayx Muhammad Abu Zahra: “Isro va Me'roj hodisasi yigirma yettinchi rajabda bo'lgan, degan fikr sahih bo'lmagan xabar ila kelgan bo'lib, bu oy-kunni ba'zi odamlar ushlashganining guvohi bo'ldik. Biz ham buni aniq ishonch hosil qilmagan va bir to'xtamga kelmagan holda qabul qilamiz. Sababi, roviylar yana Isro va Me'roj hodisasining hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lganiga ittifoq qilishgan", deydi.[11]
Imom Navaviy bu xususda ikki xil fikrni keltirgan. “Ravzatut tolibin” kitobida: “Isro va Me'roj hodisasi rajab oyining yigirma yettinchi kechasi bo'lgan”, desa, “Fatovo” kitobida[12]: “Rabiul avval oyida bo'lgan”, deydi.
Rajab oyining yigirma yettinchi kechasi bo'lgani haqidagi rivoyatni Abdul G'aniy Maqdisiy ixtiyor qilgan. Ammo hofiz Abu Ishoq Ibrohim Harbiy uni inkor etgandir[13], qolaversa, barcha muhaddis ulamolar rivoyatning sahih emasligini bir ovozdan ta'kidlashgan.
Alloma Abu Shoma Maqdisiy[14], imom Abul Xattob Umar ibn Dihya[15] kabi olimlar: “Isro va Me'roj hodisasi rajab oyida bo'lgani haqidagi rivoyat ta'dil va tajrih ulamolari nazdida kizbdir”, deyishgan.
Rajab oyining birinchi juma kechasi bo'lgani haqidagi rivoyatni alloma Ibn Kasir: “Asli-asosi yo'q”, degan[16].

Xulosa

Jobir bilan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhum: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rabiul avval oyining dushanba kuni ham tug'ilganlar, ham vahiy u zotga rost tush orqali kela boshlagan, ham Me'rojga chiqqanlar, ham Madinaga hijrat qilganlar, ham vafot etganlar”, deyishgan[17].
“Ibn Asiyr Jazariy: “Isro voqeasining dushanba kuni bo'lgani mening nazarimda sahihdir”, degan. Ibn Munir ushbu gapni ixtiyor qilgandir”[18].
Abul Barakot Nasafiy: “Isro hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo'lgan”, deydi[19].
Shayx Alouddin Mansur: “Isro Payg'ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilishlaridan bir yil ilgari voqe bo'lgan”, deydi[20].
Doktor Ahmad Abu Zayd[21] bilan doktor Abdul Aziz Usmon Tuvayjiriy[22]: “Arjah (haqiqatga yaqinroq) so'zga ko'ra, besh vaqt namoz hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) Isro va Me'roj kechasi farz qilingan”, deyishadi.
Mulla Ali qori ibn Muhammad Sulton Hanafiy: «Isro hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Ibn Asiyr: “Mana shu sahihdir”, degan», deydi[23].
Shayx Ali Noyif Shahhud: “Isro va Me'roj hodisasi ko'pchilik va muhaqqiq ulamolarning so'zlariga ko'ra, hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Tadqiqot va mushohada qilinsa ham, Isro va Me'roj hodisasi rabiul avvalda bo'lganiga ishonsa bo'ladi”, deydi[24].
Qozi Iyoz: “Bir emas, bir qancha olim Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) yuz berganini aytgan”, deydi[25].
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: “Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Bu ko'pchilik ulamolarning so'zidir. Hatto Ibn Hazm bu borada mubolag'a qilib, ijmo'ni naql qilgan”, deydi[26].
Imom Bag'aviy: “Me'roj hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo'lganiga ilm ahli ittifoq qilgan”, deydi[27].
Demak, Isro va Me'roj voqeasi hijratdan bir yil oldin, ya'ni, payg'ambarlikning 13-yili rabiul avval oyida, dushanba kuni bo'lgani “rojih” (ya'ni, haqiqatga yaqin)dir. Bu vaqt milodiy 621 yilning sentyabr yoki oktyabr oyiga to'g'ri keladi.
O'shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qamariy 52 yoshga to'lgan edilar.
Alloh taolo O'zining buyuk hikmati ila bu hodisaning aniq vaqtini xuddi Qadr kechasi kabi unuttirdi!
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: “Isro kechasida “rag'oib” namozini o'qish o'ylab topilgan bo'lib, uning asli-asosi yo'qdir”, deydi[28].
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari: “Isro kechasi to'planib, ilmiy suhbatlar o'tkazish keyingi davrlarda yuzaga chiqqan. Ba'zi ahli ilmlar mazkur ulug' hodisani yodga olish bilan birga ko'pchilikka uning ahamiyatini eslatish va dinu diyonat yo'lida va'zlar qilishni musulmonlar uchun foydali deb bu ishni o'tkazishgan.
Isro kechasidagi alohida namozlar va boshqa narsalar hujjatsiz ishlardir”, deydilar[29].

Abdul Azim ZIYOUDDIN
(muallif varianti)


[1] Isro surasi 1-oyat.
[2] Najm surasi 18-oyat.
[3] Abu Ya'lo Xaliliy “shozz” so'ziga quyidagicha ta'rif bergan: “Shozz” rivoyatning bor-yo'g'i bitta isnodi bo'lib, roviyi ishonchli bo'ladimi, bo'lmaydimi farqi yo'q. Agar ishonchsiz bo'lsa, rivoyati “matruk” bo'lib, qabul qilinmaydi. Roviyi ishonchli bo'lsa, o'zida to'xtaydi va rivoyati hujjatga yaramaydi” (Shayx Abdul Karim ibn Abdulloh Xuzayr, “Sharhun nuxba” 1/56).
[4] Abu Hayyon Andalusiy, “Al-bahrul muhit” (6/2); Alouddin Bag'dodiy, “Tafsirul Xozin” (4/134).
[5] «At-tamhid lima fil muvattoi minal ma'oniy val asonid” (8/48).
[6] Bu kechani “Rag'oib kechasi” deyishadi.
[7] “Tarjih” – ma'lumotlar ichidan kuchli, vazni og'ir, ehtimoli ko'p va haqiqatga yaqinini aniqlash.
[8] Olusiy tafsiri, (23/46).
[9] “Ar-rahiqul maxtum”.
[10] “Tafsiri Olusiy”, (Alaq surasi tafsiri).
[11] “Xotamun nabiyyin” (2/94), “Zuhratut tafosir” (1/4322).
[12] Ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy”, 7-juz; Muhammad Sayyid Tantoviy, “At-tafsirul vasit” (1/2590); Muhammad ibn Yusuf Solihiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (3/65).
[13] Hofiz ibn Rajab, “Latoiful ma'orif”, (233).
[14] “An-nofe'ul bo'is”, 116.
[15] “Adou ma vajab min bayoni vaz'il vazzo'iyna fi rajab” (53-bet).
[16] “Al-bidoya van nihoya”, 3/107.
[17] Abu Bakr ibn Abu Shayba rivoyati; Ibn Kasir, “Al-bidoya van nihoya” (3/107).
[18] Olusiy tafsiri (10/357).
[19] “Tafsirun Nasafiy” (Isro surasi 1-oyat tafsiri).
[20] “Qur'oni karim – o'zbekcha izohli tarjima”, Isro surasi 1-oyat izohi.
[21] “As-siyratun nabaviya” (1/73).
[22] “As-siyratun nabaviya” (1/56).
[23] “Sharhun nuqoya” (1/180).
[24] “As-siyratun nabaviya durusun va 'ibarun” (1/461).
[25] “Ash-shifo bi ta'rifi huquqil Mustafo” (1/180).
[26] “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy”, “Me'roj” bobi.
[27] “Tafsirul Bag'aviy” (5/64).
[28] “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (6/115).
[29] “Zikr ahlidan so'rang”, 7-son.

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 6031
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 21 May 2023


Duo, bashorat va tush

img

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men bobom Ibrohimning duosiman, Iso ibn Maryamning bashoratiman va onamning tushiman”, deganlar.[1]
Payg'ambarimizning “Men bobom Ibrohimning duosiman” deganlaridan murod, Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalom bilan birgalikda Ka'bani qurar ekanlar, duo qilganlar: “Ey Rabbimiz, ularga o'zlaridan bo'lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'ambarni yubor! Albatta, Sen O'zing Aziz va Hakimsan”[2].
Payg'ambarimizning “Iso ibn Maryamning bashoratiman” deganlaridan murod – “Iso ibn Maryam: “Ey Isroil avlodi, albatta, men Allohning sizlarga (yuborgan) Payg'ambariman. (Men) o'zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keladigan Ahmad ismli Payg'ambar haqida bashorat beruvchiman”, degan edi”[3].

Payg'ambarimizning “onamning tushiman” deganlari esa: “Onam o'zlaridan nur chiqqanini ko'rganlar va bu nur tufayli Shom qasrlari yorishib ketgan”.
“Omina onamiz tushlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tug'ayotganlarida ikki oyoqlari orasidan bir nur chiqadi va uning yorug'ligidan Shom o'lkasidagi qasrlar yorishib ketadi”.
Mazkur rivoyatni Imom Buxoriy “At-tarixul kabir” va “At-tarixus sag'ir”da, Abu Dovud, Ahmad ibn Hanbal, Abu Bakr Bazzor, Abu Ya'lo Muvsiliy va Ibn Rohavayhlar o'zlarining “Musnad”larida, Ibn Hibbon “As-siqot”da, Dorimiy “Sunan”da, Tabaroniy “Al-mu'jamul kabir”da, Bayhaqiy “Shu'abul iymon”, “Daloilun nubuvvah”da, Abu Nuaym “Al-huliya”da, Bag'aviy “Sharhus sunna”da, Ibn Adiy “Al-komil”da, imom Tabriziy “Mishkotul masobih”da, Ibn Sa'd “At-tabaqotul kubro”da, Ibn Ishoq, Ibn Hishom va Ibn Asokirlar “As-siyratun nabaviya” kitoblarida hamda Abdulloh ibn Muborak va Abu Bakr ibn Mardavayhlar rivoyat qilishgan.
Hokim “Al-mustadrak 'alas sahihayn” kitobida: “Imom Muslimning shartiga ko'ra sahihdir”, degan.
Imom Zahabiy “At-talxis”da va Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”da: “Sahih”, deyishgan.
Shuayb Arnaut “Musnadi Ahmad” va “Sahihi ibn Hibbon” taxrijida: “Sahihun li g'oyrih”, deydi.
Hofiz Nuriddin Haysamiy “Majma'uz zavoid”da va Ahmad ibn Abu Bakr Busoyriy “Ithoful xiyaratil mahara” kitobida: “Isnodi hasan”, deyishgan.
Hofiz Zayniddin ibn Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Dimashqiy[4]: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilayotganlarida bu muborak nurning chiqishi insoniyatni to'g'ri yo'lga boshlagan va shirk zulmatini yo'q qilgan hidoyat nuriga ishoradir”, degan[5].
Alloma Ibn Kasir: “Bu muborak nur chiqib, Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgani islom dinining Shom diyoriga o'rnashib, mustahkam bo'lishiga ishora. Shuning uchun ham, oxirzamonda Shom diyori islom dini va musulmonlar uchun mustahkam qal'aga aylanadi. Iso alayhissalom Shom diyoriga, aniqrog'i Damashqning sharqiy oq minorasi joylashgan yerga tushadilar”, degan.[6]
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu davrida birinchi bo'lib Shom o'lkasi sulh ila fath qilingan.

[1] Hokim “Al-mustadrak 'alas sahihayn”da rivoyat qilgan, imom Zahabiy “sahih” degan.
[2] Baqara surasi 129-oyat.
[3] Saff surasi, 6-oyat.
[4] Hijriy 736 yil tug'ilib, 795 yil vafot etgan.
[5] “Latoiful ma'orif”.
[6] Baqara surasi 129-oyat tafsiri.

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 3095
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 21 May 2023


Arabiston yarim oroli

img

Islom dinining beshigi bo'lgan Arabiston yarim oroli arablarning ilk vatanidir. “Arab” kalimasining lug'aviy ma'nosi cho'llar, sahrolar, giyoh unmaydigan suvsiz, qurg'oq yerlar deganidir. Bu kalima qadim zamonlardan beri Arabiston yarim oroliga nisbatan ishlatilgan 
bo'lib, keyinchalik shu yerda yashagan va uni o'zlari uchun vatan qilib olgan xalqqa ham xuddi shu nom berilgan. Osiyo qit'asining janubi-g'arbida joylashgan bu zamin g'arbdan Qizil dengiz va Sinay yarim oroli bilan, sharqdan Fors va Ummon ko'rfazlari, janubdan Arab dengizi va Adan ko'rfazi bilan, shimoldan Iroqning katta qismi va Shom dashti bilan chegaralangan.

Jo'g'rofiya olimlari Arabiston yarim orolini tabiiy joylashishiga qarab, besh qismga bo'lganlar:
1) Tihoma (???????): Qizil dengiz sohillariga yondosh (parallel) holda joylashgan uzun pasttekislik bo'lib, shimolda Yanbu' shahridan to janubda Najrongachadir. Bu mintaqada issiq qattiq bo'lib, shamol esmagani uchun “Tihoma” deb nomlangan. Tihoma “jazirama issiq” 
ma'nosidagi (???) so'zidan olingan.
2) Saro tog' tizmasi (????? ???? ??????): Qizil dengiz sohillariga yondosh (parallel) balandliklar bo'lib, Tihoma pasttekisligining sharqiy tarafida joylashgan. Shimolda Aqaba ko'rfazidan to janubda Yamangacha cho'zilgan Arabiston yarim orolining umurtqasini tashkil qiluvchi bu tizma yarim orolni ikkiga – g'arbiy va sharqiy qismlarga bo'lib turadi. Tizmaning shimoliy qismi Madyan tog'lari, janubiy qismi Asir tog'lari, o'rtasi esa Hijoz deb nomlanadi. Hijozda Makka, Madina, Jidda, Toif, Tabuk kabi shaharlar bor. Bu hudud Tihoma pasttekisliklari bilan Najd tepaligi orasini to'sib-ajratib turgani uchun Hijoz (baland devor, to'siq) nomini olgan.
3) Najd tepaligi (???? ???): Najd o'lkasi Arabiston yarim orolining o'rtasidagi baland yerlardir. Shuning uchun bu yerga baland yassitog'lik ma'nosidagi “Najd” nomi berilgan. Janubda Yamangacha, shimolda Iroqqacha, sharqda esa Aruz mintaqasigacha bo'lgan katta hududdir.
4) Yaman (?????): Arabiston yarim orolining janubi-g'arbiy burchagida joylashgan tog'li mintaqa. Sharqda Hazramavt, Mahra va 
Ummon bilan bog'lanadi. Arabiston yarim orolidagi eng baland tog'lar aynan Yamanda joylashgan bo'lib, San'o shahrining janubi-g'arbida 3750 metrga yetadigan cho'qqilari bor.
5) Aruz (??????): Bu hudud Yamoma, Ummon va Bahrayn davlatlarini o'z ichiga oladi. Saraton doirasi ekvatorning shimoliy tarafida Arabiston yarim orolini 23,5 darajada kesib o'tgani tufayli, bu yerda issiq qattiq bo'ladi, ayniqsa, yoz faslida.
Hozir Arabiston yarim orolida yettita davlat mavjud. Ularni maydonining katta-kichikligi e'tiboriga ko'ra quyidagi tartibda bayon qilamiz:

1) Saudiya Arabistoni. Maydoni: 2,248,000km2.
2) Yaman jumhuriyati. Maydoni: 472,099km2.
3) Ummon sultonligi. Maydoni: 306,000km2.
4) Birlashgan arab amirliklari. Maydoni: 83,000km2.
5) Quvayt. Maydoni: 17,818km2.
6) Qatar. Maydoni: 11,437km2.
7) Bahrayn. Maydoni: 694km2.
Arabiston yarim orolining umumiy maydoni: 3,139,048km2.

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 1477
Odinaxon Muhammad Yusuf

Odinaxon Muhammad Yusuf olima 07 Fev 2023


Sunnatga muvofiq ziynatlanish

img

O'zining aziz kitobida bandalariga: «Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatlaringizni oling», deb xitob qilgan Alloh azza va jallaga bitmas tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
«Qachonki, Alloh senga molu dunyo berar ekan, Allohning senga bergan ne'matining va ikromining asari ko'rinsin!» deb marhamat qilgan Rasulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovatu durudlar bo'lsin.
Biz musulmonlar har bir ishda Allohning amriga itoat qilish uchun avvalo Qur'oni Karimga nazar solamiz, so'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishga intilamiz. Ziynat bobida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga murojaat qiladigan bo'lsak, bir qancha narsalarni topamiz.

Shundan birinchisi va eng muhim bo'lgani - poklikdir. Shar'iy, ayniqsa, fiqhiy kitoblarda ziynat haqida gap ketadigan bo'lsa, odatda poklikdan boshlanadi. Buning ajablanadigan yeri yo'q, ziynatning asli poklikdir, poklik bo'lmasa, har qancha ustiga bezanilsa ham foydasi yo'q. Madaniyat cho'qqisiga chiqqanlikni da'vo qilayotgan hozirgi ba'zi xalqlarning hayoliga yuvinish kelmagan, hammom nimaligini tasavvur qila olmagan bir davrda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z ummatlariga poklik bobida ham go'zal namuna ko'rsatdilar. Alloh taolo Qur'oni Karimda «Albatta Alloh ko'p tavba qiluvchi va poklanuvchilarni sevadi», deydi. E'tibor bersak, poklanuvchilar deyilyapti, poklar emas. Bundan poklanishga intiluvchi va harakat qilib shunga erishuvchilar nazarda tutilgani ayon bo'ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: O'n narsa fitratdandir: mo'ylabni qaychilash, soqolni o'stirish, misvok, burunga suv olib tozalash, tirnoqlarni qisqartish, badanning bukiladigan joylarini yaxshilab yuvish, qo'ltiqni yulish, qovuqni qirish, suv ila istinjo qilish, Mis'ab: «O'ninchisini unutdim, menimcha, og'izni suv bilan tozalash bo'lsa kerak, dedi».
Diniy kitoblarni mutolaa qilar ekanmiz, qizini erga berayotgan ona qiziga nasihat qilar ekan, ziynatlanish vositalarining eng afzali suv ekanligini uqtirayotganini bilamiz, bu bilan ona qiziga doimo ozoda yurish kerak ekanligini tayinlaydi. Shuningdek, biz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hushbo'ylikni sevganlarini, unga doim targ'ib qilganlarini, o'zlari ham doim uni ishlatganlarini va U zotning o'zlari o'ta hushbo'y bo'lganlarini bilamiz. Bu haqida rivoyatlar juda ko'pdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi xushbo'y narsani qaytarmas edi va Nabiy sollallohu alayhi vasallam hushbo'y narsani qaytarmas edilar, degan da'voni qilar edi».
Beshovlari rivoyat qilgan boshqa bir rivoyatda: «Kimga hushbo'y narsa taqdim qilinsa rad qilmasin, chunki uning hidi hushbo'ydir va vazni yengildir» deyilgan. 
Termiziyning rivoyatida: «Uch narsa qaytarilmas: bolishlar, hushbo'y narsa va sut», deyilgan. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari bilan tanishar ekanmiz, sochlarini parvarish qilganlari, ba'zida hinno bilan bo'yaganlari, uni moylaganlarini hamda sochni parvarish qilishga buyurganlarini bilib olamiz. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Kimning sochi bo'lsa, uni ikrom qilsin», deydilar, ya'ni parvarish qilib yaxshi qarasin, deganlaridir. Yana U zot sollallohu alayhi vasallamni surma qo'yishlari ham vorid bo'lgan. 
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning surmadonlari bor edi, U zot undan uxlashdan oldin har bir ko'zlariga uch martadan surma surar edilar».
Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarga ham ziynat haqida ko'p ta'limotlar berganlar, U zot sollallohu alayhi vasallam hayzdan poklanib g'usl qilishda, ayollarga suv ila sidr ishlatishni, misklangan paxtalarni ishlatishni tavsiya qilganlar. Sochlariga bee'tibor bo'lmasdan, vaqti vaqti bilan ularni parvarishlab, moylashni, hinnolash kerakligini o'qittirganlar. Ayol kishini ko'zida surmasiz, qo'lida hinnosiz ko'rishni yoqtirmasliklarini ham aytganlar. 
Har bir musulmon va muslima ibodat uchun ziynatlanish zarurligini Alloh azza va jallaning «Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatlaringizni oling» degan hitobiga itoat etgan holda, erkaklar ziynatlanishga ko'pchilik bilan jam bo'lishda, jamoat yerlarida hammaning o'ngida hay'atlari go'zal bo'lib, ko'pchilikka tanglik keltirmaslik maqsadida urg'u berishni doimo yodda tutishi lozim, shuning uchun biz ayollar doimo erkaklarga uydan chiqishlarida Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ziynatlanishlarida yordam berganlaridek, erkaklarimizga yordamlashib, ziynatlanishni unutib qo'ymasliklari payidan bo'lib turishimiz kerak, lekin biz, ayollarning ziynati asosan erlari uchun bo'lishini unutmasligimiz lozim va sollallohu taolo 'ala sayyidina Muhammadin va 'ala alihi va sohbihi ajma'iyn.

Odinaxon Muhammad Yusuf


  • 3006
Odinaxon Muhammad Yusuf

Odinaxon Muhammad Yusuf olima 06 Fev 2023


Siyrat xotiralaridan

img

Bismillahir rohmanir rohim

Muhammad sollallohu alayhi vasallamni insoniyat uchun eng go'zal o'rnak qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin!
Bashariyat ichra eng buyuk siyrat sohibi bo'lgan Habibimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo'lsin!

Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yodga olmagan kunimiz yo'q. Mavlid oyi esa biz ummat uchun ulug' bir bayram oyidir.

Alloh taologa behad shukrlar bo'lsinkim, mavlid oyida turar ekanmiz, har kuni u zoti bobarokatga sonsiz sanoqsiz salavotu salomlar yuborilayotgani, ishqu muhabbat izhor qilinayotganining guvohi bo'lib turibmiz. Ayniqsa, qardoshlarimizning Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini, buyuk hayot yo'llarini o'qib o'rganishga, qayta yodga olishga bo'lgan shavqu zavqlari har qanday musulmonni xursand qiladi. Bu holatni ko'rar ekanman, hayotimdagi eng yorqin xotiralarim beixtiyor yodimga tushdi. Bu xotiralar qalbimga muhrlanib qolgan siyrat darslari edi.

Oltin davr ‒ talabalik yillari. Milodiy 1996-1997 yillar. Vatandan yiroqda, Yurtdan firoqda yashagan yillarim. Libiya. «Islomiy da'vat» kulliyasi birinchi kursi. Dunyoning har tarafidan yig'ilgan talabalar, turli millat vakillari. Odatda o'qish yilining boshi talabalar uchun qiyin kechadi: yangi fanlar, yangi kitoblar, talabalar uchun hali tanish bo'lmagan ustozlar.

Birinchi kurs fanlari ichida tarix ham bor. Tarixdan siyrat va umaviylar davlati tarixi darslik qilib belgilangan. Darslar boshlandi. Tarix fanidan tayinlangan ustozimiz xonaga kirib keldilar. O'rta yoshdagi, oddiy, jaydari bir inson. Dars boshlandi…

Ustoz ovozi jarangdor, sof arab tilida gapiradigan, nutqi chiroyli, fasohatli kishi edi. Darsning asosiy qismi ustozning ma'ruzalari bilan o'tar edi. Dars johiliyat davri tarixidan boshlanib, keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga o'tdi. Bir tarafdan benazir siyrat jozibasi, ikkinchi tarafdan ustozning mahoratli nutqi barcha talabalarni darsga jalb qilar, hammamiz darsni jon quloq bo'lib tinglar edik.

Barchaning ko'zu qulog'i ustozda, u yoq bu yoqqa alanglash ham, darsdan tashqari biror nimani xayol qilish ham yo'q. O'zim arab tilini hali yaxshi o'zlashtirmaganim sababli, darslarni yaxshi tushuna olmasmikinman, degan xavfda yurar edim. Ne ajabki, barcha so'z, hamma fikr men uchun to'la tushunarli bo'ldi, mutlaqo qiyinchilik bo'lmadi, subhonalloh. Gaplar nafaqat tinglanar, balki, ba'zi iboralar butunicha so'zma so'z yod bo'lib qolar edi.

Ilgargi arablar oyatlarni, hadis va she'rlarni bir martada yod olishar edi, degan gapga hayron bo'lar edim. Lekin inson o'zi mushtoq bo'lib turgan, diqqat bilan tinglagan gaplarini vujudiga darhol singdirishi mumkinligiga amin bo'ldim. Ustoz shunday gapirar ediki, gaplariga quloq solar ekanman, men o'sha davrda yashay boshladim. Har bir voqea ko'z o'ngimda gavdalanar edi.

Suhbatga berilib ketganimdan bora bora «ustoz o'sha davrdagi odamlarga o'xshasa kerak», «o'sha davrdagi odamlar, sahobalar shu ustoz singari kishilar bo'lgan bo'lsa kerak», degan o'y fikrlar ham keldi. Bir kuni ustozimiz oyoqlaridagi ajabtovur kovushni ko'rib, o'sha davrdagi kavushlar ham shunaqa bo'lgan bo'lsa kerak, deb o'ylabman.

Xullas, talabalar uchun eng sevimli dars, siyrat darsi bo'lib qoldi. Bu darsda hamma qatnashar, talabalar birorta ham qolmay kelishar edi. Beboshroq talabalar ham insofga kelib, darsga oshiqadigan, sho'xroq yoshlar ham bu damni intizorlik bilan kutadigan bo'lib qolgan edi. Darsda nafaqat jismlarimiz, balki qalbu ongimiz, butun borlig'imiz bilan qatnashar edik.

Shunday qilib, Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarini ilmiy asosda o'rgana boshladik. Har bir voqeani, har bir tarixiy lavhani hayojon ila qabul qilib oldik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug'ilishlari, bolaliklari, yetim qolishlari, o'sib, ulg'ayishlari, risolatning boshlanishi, da'vat mashaqqatlari...

Ayanchli holatlar zikr qilinganida, behosdan ohu nola tovushlari eshitilar, ayrimlar chidamasdan kofir va munofiqlarni duoibad qilib yuborar edi. Muvaffaqiyat damlari zikr qilinganida, takbir aytib yuborilar edi. Salavotning keti uzilmas, tinglovchilar ich ichlaridan «Alloh, Alloh» deb yuborishar edi. Bir necha marta yig'i ovozlari ham kelgan. Ishonavering, agar o'sha suhbat o'rniga Payg'ambarimiz haqlarida biror bir film qo'yilganida ham, shunchalik ta'sirli bo'lmas edi. Zotan har kimning o'ziga xos tasavvuri, shuuri bo'ladi, bundan har bir qalbda alohida tasvir aks etadi. 

Ayniqsa, Mu'ta jangi hodisasi hikoya qilinganida hech kim o'zini tutib tura olmadi: Musulmonlarning amiri Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan berilgan bayroqni baland ko'targan holida dushmanga qarshi bahodirona jang qildilar. Jang davomida u kishi shahid bo'ldilar. Keyin bayroqni, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilganlaridek, Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu oldilar.

Ja'far roziyallohu anhuning otlari yiqilib tushgan edi, otni so'yib yuborib, piyoda yurib jang qildilar. O'ng qo'llari kesildi. Bayroqni chap qo'llari bilan ko'tardilar. Chap qo'llarini ham kesib tashlashdi, shunda u kishi bayroqni ikki kesilgan qo'lning qolgan qismi bilan ko'tardilar. Oxiri shahid bo'ldilar. O'shanda Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu o'ttiz uch yoshda edilar.

Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu shahid bo'lganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayinlaganlaridek, bayroqni Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu olib, olg'a tashlandi. So'ngra Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu ham shahidlar safiga qo'shildilar. Nihoyat, Xolid ibn Valid bayroqdorligida Alloh musulmonlarga nusratni ato etdi.

Darsdan hamma his-tuyg'uga berilgan, vujudlar go'yo erigan holda chiqar edi. Siyrat mavzusidagi suhbatlar darsdan keyin ham davom etar edi. Biz uchun eng og'ir dars Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlari haqidagi dars bo'ldi.

Masalan, bir manzara: Jumla olam sarvari, oxirgi ilohiy Kitobni Robbul olamindan qabul qilib, ummatga omonat bilan yetkazgan, o'sha mo''jiz Kitobni o'z hayotlarida tadbiq qilib ko'rsatgan zot omonatni ado etib, risolatni yetkazib bo'lgan ekanlar, vazifalari tamomiga yetib, oxirat safari vaqti keldi.

Vujudlarini bemorlik egallagan, kichik bir hujrada sokin yotar edilar. U zoti bobarakotning muborak yuzlarini ko'rgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu chidab tura olmay, yig'lab yubordilar. Engashib, peshonalaridan, yuzlaridan bo'sa oldilar. «Otam sizga fido bo'lsin, ey Allohning Rasuli!» dedilar. 

Boshqa imtihonlarda qo'rquv va hayajonga to'ladigan qalblar siyrat imtihoniga kelganda muhabbatga to'lgan edi. Imtihon topshirar ekanmiz, ehtiroslar jumbushga kelib, qalamlar javlon urardi.

Men uchun o'z Rasulimni haqiqiy tanish aynan o'sha darslarda bo'lgan edi. Bundan avval Saudiya Arabistonida yashaganimda ham bu ilmga, u zotni haqiqiy tanishga musharraf bo'lmagan ekanman. 

2000 yil o'qishni bitirib, shahodat olgan bo'lsam, Allohning marhamati ila 2001 yil padaribuzukvorim bilan haj ibodatini amalga oshirish nasib etdi. Biz o'sha yili haj mavsumida Robitatul alamil islamiyaning mehmonlari bo'ldik. Mehmonlar oddiy odamlar emasdi, ular turli yurtlardan kelgan yirik ulamolar edi. Bu safar men ushbu muborak diyorga qadam qo'yar ekanman, unga umuman boshqa nazar ila qaradim. 

Garchi ilgariroq bu yerlarda bir yildan ortiq istiqomat qilgan bo'lsam ham, yoshligim va ilmsizligim tufayli ushbu aziz diyorning qadrini tushunmagan ekanman. Meni tahsilni tugatishim bilan bu yerlarga yo'llab, O'zining eng ulug' ibodatiga muyassar qilib qo'yishi Allohning menga cheksiz lutfi karami bo'lgan edi. Yana kimlar hamrohligida? Dunyoning har chetidan kelgan ulug' ulamolar hamrohligida. Allohga hamdlar bo'lsin!

Makkada yurar ekanman, Rasulullohni eslashim bilan, siyrat darslarimiz, siyrat ustozi yodga tushar edi. Mana, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tug'ilib o'sgan diyor, ko'chalarida da'vat qilib kezgan yurtlari, hijrat qilganlaridan keyin, qalblari mushtoq bo'lib sog'ingan vatanlari. Mana, dastlab Qur'on oyatlari ingan joylar. Bu yurt Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning zafar quchib, fath qilgan yurtlari. Quloqlarim tagida ustozimizning ovozlari jaranglay boshladi: «Kim Abu Sufyonning hovlisiga kirsa, u omonlikdadir...»

Katta bir avtoulovda Madinaga qarab borar ekanmiz, ulamolar tinmay oyat, hadislar aytishar, siyratdan gapirishar edi. Xurmozorlar ko'rindi. «Tushimda Makkadan xurmoli yerga hijrat qilganimni ko'rdim. Xayolim Yamoma yoki Hajarga ketdi. Qarasam, u Yasrib shahri ekan»

Madinai Munavvaraga kelganimizdan keyin, ziyorat qilib yurar ekanmiz, xotiramga siyratdagi gaplar kelaverdi. Mana Qubo… «Albatta birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqliroqdir».

Qiblatayn... «Bas, albatta, seni o'zing rozi bo'lgan qiblaga qaraturmiz».

Uhud... «Duchor bo'lmasingizdan oldin o'limni orzu qilgan edingiz. Endi uni ko'rib, nazar solib turibsiz».

Shahidlarning sayyidi Hamza roziyallohu anhuning halok bo'lgan yerlari. O'z qavmining eng boyi va erkasi bo'lgan Mus'ab ibn Umayr Uhud jangidan keyin dafn qilinar ekan, jasadini yopishga yetarli kafan topilmagan edi. 

Avtoulovda o'tirar ekanmiz, yodimga kelgan oyat, hadis, va siyratdagi matnlar bexosdan tilimga kelaverar edi, qiblagohim yonimda: «To'g'ri, to'g'ri», deya tasdiqlab qo'yar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ravzalari qarshisida turar ekanman, zabonim so'zlagan ilk nido «Yo Rasululloh, naqadar poksiz!» bo'ldi. «Yo Alloh, mendek faqir bandangni kechir! Yo Rasululloh, mendek haqir ummatingizni kechiring!»

Alloh menga bitgan musofirlik nima ekanini tushunmagan ekanman. Sizdan sunnat bo'lib qolgan safar menga ham nasib qilganini bilmagan ekanman.

Allohim, ne baxtki, meni musulmonlardan qilding! Ne saodatki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan etding! Bashariyat Sayyidining hayotini o'rganishga muvaffaq qilganing uchun Senga behad behad hamdlar bo'lsin! U zot qadam bosgan diyorlarni ziyorat qilishni nasib qilganing uchun hisobsiz shukrlar bo'lsin! 

Allohim! Sendan yana bir o'tinchim shuki, shariat ilmlarini olishimga, xossatan, Payg'ambarim sollallohu alayhi vasallamni tanishimga, u kishining sunnatlari, hayotlarini o'rganishimda, u zotga qilinishi lozim bo'lgan iqtido, itoat va muhabbatning chin ma'nosini anglab yetishimda sababchi bo'lgan, bugunga kelib musiybatga uchrab turgan aziz diyorni ham omon qilgin. 

Biz uchun qadrli va qadrdon bo'lgan bu yurtni, uch yildan buyon porakanda qilinayotgan diyorni O'z qudrating va marhamating bilan tinchlikka, kengchilikka qaytargin. Sening yo'lingda sa'y harakat qilgan, yillar davomida Shayx Hazratlari kabi qanchadan qancha ahli ilmlarga ta'lim bergan azizlarimiz va ustozlarimizdan o'tib ketganlarini o'z rahmatingga olgin! Hayotda qolganlarini o'zing salomat saqla! Musibatlarini aritgin, mushkullariga kushoyish bergin.

Yo Robbim, O'zing har ishga Qodir Zotsan!

8 Rabiul avval, 1435/10 yanvar, 2014

Odinaxon Muhammad Yusuf


  • 2909
Rahmatulloh qori Sayfuddinov

Rahmatulloh qori Sayfuddinov imom, voiz 23 Iyun 2022


Rasulullohning bizga ibrat sifatlari

img

Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Rabiul avval oyining o'n ikkinchisi, dushanba kuni tavallud topdilar. Otalarining ismi Abdulloh, onalarining ismi Omina bo'lib, ular Rasulullohning yoshlik vaqtlarida vafot etishgan, bobolari Abdulmuttallib, keyinchalik amakilari Abu Tolib tarbiyasida kamolga yetdilar.

Rasululloh tug'ilgan vaqtlarida bir qancha g'ayri-oddiy ishlar ro'y bergan. Ka'badagi butsanamlar yiqilgan, Eron shohi Xusravning saroyi tebranib, butlar yiqilib yerga tushib singan. Otashparastlarning ming yildan beri yonib turgan o'tlari o'chdi, Sova ko'li toshib, o'sha 
mamlakatda suv toshqini bo'lgan. Bu alomatlar islom dinining kelishidan yer yuzidagi gumroh xalqlarni ogoh qilmoq uchun Haq taolo yuborgan mo''jizalar edi aslida.

Tangri taoloning amri bilan, barcha buyuk  payg'ambarlarning eng oliy sifatlari, ya'ni – Odam Atoning yaxshi xulq-atvori, Shisning ilmu donishi, Nuhning jasorati, Ibrohimning shafqati, Ismoilning fasohati, Is'hoqning kamtarligi, Mutning farosati, Ya'qubning top- qirligi va epchilligi, Yusufning husn-jamoli, Musoning salobati va sabot-matonati, Yunusning halimligi, Isha'yyo- ning ustuvorligi, Dovudning xayrixohligi, Doniyolning mehri va qalbi, Ilyosning olijanobligi, Yahyoning  musaffoligi, Iysoning taqvodorligi bu buyuk zotda mujassam 
bo'lgan. Alloh taolo payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga hech kimga bermagan bu dunyo va oxiratning kamolotlarini ato etgan. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshlik paytlaridan go'zal odob-axloqda voyaga yetdilar. U zotning eng chiroyli ilohiy odob-axloqda tarbiya topganlari haqida Alloh taoloning O'zi xabar berib bunday deydi: “Albatta, Siz buyuk 
xulq uzradirsiz”! Darhaqiqat, oliy va go'zal xulqda bo'lish barcha payg'ambarlarga va shu jumladan, oxirgi zamon payg'ambari Hazrati Rasuli akramga berilgan ilohiy ne'matlardan bo'lib hisoblanadi.
Hadisi sharifda ham quyidagicha vorid bo'lgan:
“Meni Parvardigorim tarbiya qildi va tarbiyamni mukammal etib go'zal qildi”.
Darhaqiqat, buyuk zot bo'lgan Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga ergashish, u zotni chin dildan sevish, ta'limotlariga amal qilib, dunyo va oxirat saodatini topish yo'lida harakat qilishimiz, qiyomat kunida shafoatlaridan umidvor bo'lishimiz lozimligini quyidagi oyati karima ta'kidlaydi: 
“Ayting (ey,  Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir. Ayting: Alloh va Payg'ambarga itoat etingiz! Agar yuz o'girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas”.
Demak, Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni chin dildan sevish, u zotga haqiqiy ummat bo'lishga harakat qilish Alloh taolo muhabbatiga, gunohlarni mag'firat qilishiga olib kelar ekan. Chunki, u zoti sharif barchaga barobar oxirgi zamon payg'ambari qilib 
yuborilgandirlar. Zero, Haq taboraka va taolo O'zining irodasi va qudrati bilan Janobi Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oxirgi elchisi etib butun insoniyatga, barcha olamlarga rahmat Payg'ambari qilib yuborganini bayon qilib, bunday deydi:
“(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” Imom Nasoiy, Ahmad, Bayhaqiylar Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan hadisda: “ Sahobayi kiromlar Rasulullohdan dushanba kunida  ro'za tutish haqida so'raganlarida 
Payg'ambar alayhissalom bunday deganlar:
“Shu kunda men tavallud topdim, shu kunda menga payg'ambarlik yuborildi yoki shu kunda menga vahiy nozil bo'ldi”. 
Insondagi ulug'lik va kamolot fazilatlari ikki turlidir: birinchisi, dunyoviy xislati, zaruriya bo'lib, u inson tabiati va yashash ehtiyojidan kelib chiqadi, ikkinchisi, diniy xislati qasbiya bo'lib, bu sifatga erishganlar maqtovga sazovor va Allohga yaqinlashganlar jumlasiga kiradi. Dunyoviy xislati zaruriya kasbiy bo'lmaydi, u insonning ixtiyoriga bog'liq ham emas. Masalan: payg'ambar alayhissalomning yaratilishlaridagi tabiiy kamolotlari, husndagi go'zalliklari, aqliy zakovatlari, idroklarining yuksakligi, tillarining fasohatliligi, his-tuyg'u va 
badanlarining kuchliligi, harakatlarining mo''tadilligi, nasablarining tozaligi, qavmlari va yurtlarining mo''tabarligi kabi xislatlar bo'lib, yashash zarurati taqozo etadigan ovqat, uyqu, kiyim-kechak, turar-joy, mol-mulk va obro'-e'tibor kabilar shu jumlaga mansubdir; din, 
ilm, muloyimlik, sabr, shukr, adolat, haqqoniylik, ta'madan yiroqlik, kamtarlik, kechirimlilik, iffat, saxiylik, shijoat, hayo, odamgarchilik, kamgaplik, tamkinlik, og'ir-bosiqlik, mehr-shafqat, husnixulq, yaxshi muomala kabi yuksak axloq-odobning barchasi oxiratga 
mansub xislati kasbiya sanalib, bular go'zal axloq deb ataladi. Insonda mavjud tabiiy yo'sindagi g'ayrikasbiy kamolot xususiyatlarining barchasi payg'ambar alayhissalomning vujudlarida mavjud edi.Mustaqil va aziz yurtimiz taraqqiyoti va obodligi, xalqimizning 
tinch va osoyishtaligi yo'lida barakali mehnat qilishimizda, barcha oilalar mustahkam va farovon bo'lishida, sevimli farzandlarimiz har tomonlama barkamol tarbiya topishlarida Janobi Payg'ambarimizning yo'l-yo'riqlari, go'zal odob-axloqlari  va siyrati sharifalari 
hamisha ilhom berishi va ruhlantirib turishi kerak. Payg'ambar alayhissalomning rang ro'ylari benihoya chiroyli, gavda tuzilishi va a'zolarining mutanosibligi rivoyatlarda bunday tasvirlanadi: Payg'ambar alayhissalomning yuzlari oppoq, nuroniy, ko'zlari katta, 
qorachig'lari timqora, oqi qizg'ishga moyil, kipriklari quyuq, qoshlari uzun, ingichka, qirra burunlarining uchi xiyol egilgan, tishlari guruch donasidek oppoq, orasi ochiqroq, peshonalari keng, yuzlari dumaloq, soqollari quyuq, ko'kraklari keng, gavdali, bilaklari uzun, kaftlari, 
oyoqlarining tovoni keng, o'rta bo'y, miqtidan kelgan, jundor odam edilar; ko'kraklarida pastga qarab o'sgan mayin yollari bor edi, kulganlarida tishlari xuddi marvarid donalaridek yarqirab ketardi, gapirganlarida shulalanib, og'izlaridan nur taralayotgandek bo'lardi, 
bo'yinlari ham gavdalariga g'oyat mos edi. 
Baro ibn Ozib: "Umrimda qora sochlari quloqlarini bosib tushgan, qizil to'nli payg'ambar alayhissalomdan kelishganroq odamni ko'rgan emasman", deydi. 
Abu Hurayra: "Men rasulullohdan ko'ra chiroyli odamni ko'rmaganman. Quyosh xuddi u kishining yuzidan balqigandek tuyulardi, kulganida yuzidan nur yog'ilib, shulasi devorlarga tushardi", deb eslaydi. Ibn Abu Holaning hadisida: "Payg'ambar alayhissalomning yuzi xuddi o'n to'rt kunlik oydek nurlanib turardi", deyilgan. Hazrati Ali rasululloh haqida gapirib: "Payg'ambar alayhissalomdastlab ko'rgan odamga vajohatli tuyulardi, yaqindan bilgandan keyin esa eng suyukli kishisiga aylanib qolardi. Men rasulullohdek odamni avval ham, keyin ham ko'rmadim", deydi.
Payg'ambar alayhissalom tozalikda, xushbo'ylikda, ifloslik va najosatdan yiroqlikda alohida xususiyatlarga ega edilarki, bunday fazilatlar u zoti muborakdan boshqa kishida topilmasdi. Alloh taolo rasulullohni shariatining pokizaligi bilan yanada yuksak kamolotga erishtirdi. 
Payg'ambar alayhissalom: "Islom dini pokizalik asosiga qurilgan", deya marhamat qilganlar. Anas: "Payg'ambar alaihissalomdagi xushbo'y hid men hidlab ko'rgan anbarlarning, iforning va boshqa mushku anbarlarning atridan yoqimliroq edi", degan. Jobir esa "Payg'ambar alayhissalomyuzimni silab qo'ygan edi, u kishining qo'lidan xuddi attor (atr sotuvchi)ning qutisidan taralgandek dimog'imga gup etib xushbo'y is urildi", deydi. Ko'plarning ta'kidlashicha, sarvari olam xushbo'y narsalarni iste'mol qilsalar ham, qilmasalar ham u kishi bilan ko'rishgan odamning qo'lidan kechgacha yoqimli hid kelib turarkan. Agar rasululloh, biron bolaning boshini silab qo'ysalar, kechgacha o'rtoqlari uning yonidan ketolmay qolisharkan. 
Imom Buxoriy katta tarixida Jobirdan rivoyat qilishicha, mushk-anbar ufurib turgan ko'chadan yurgan odam bu yerdan shubhasiz rasululloh o'tganlarini bilar ekan.Payg'ambar alayhissalom aqlda komilliklari, zehnlari o'tkirligi, hissiyotlarining kuchliligi, tillarining biyronligi, harakatlarining chaqqonligi, ahloqlarining go'zalligiga qaraganda u zoti muborakni hech shubhasiz eng aqlli va eng hushyor inson deb e'tirof etish kerak. Sarvari olam ilgari o'qib, xat-savod chiqarmagan, maxsus saboq olmagan, dunyoviy va diniy kitoblarni ko'rmagan, bo'lishlariga qaramay odamlarga juda ko'p ilmlarni o'rgatdilar, shariatni barpo etdilar, odamlarning shaxsiy va jamoat ishlarini boshqarishlari, xalqqa qo'llagan siyosatlari, betakror xulq-atvorlari va ajoyib turmush tarzlari u kishi aql-zakovatda komil, idroklari teran zot ekanliklarini isbotlab turibdi. Payg'ambar alayhissalomnamoz o'qiyotganlarida orqadagi narsalarni ham xuddi oldilaridagidek aniq-tiniq ko'rardilar. 
Payg'ambar alayhissalomning tili benihoya fasohatli va chuqur ma'noli edi. Gaplari sun'iylikdan xoli, ravon, jumlalari lo'nda, qisqa, tushunarli, fikri aniq, mazmunli, takallufsiz va chuqur ma'noli edi. U kishi arab tilining lahjalarini, hikmatli so'zlarini ko'p bilardilar..
Haq taolo barchamizni ikki olam sarvari Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga chin ummat bo'lishga muyassar etib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!

 Muallif Rahmatulloh qori


  • 5261
Abdul Azim Ziyouddin

Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos 23 Iyun 2022


Al faqru faxriy

img

Savol: “Xalq orasida tarqalgan “Al faqru faxriy” ya'ni, faqirlik mening faxrimdir, degan gap hadismi yoki yo'qmi?
Javob: Mazkur rivoyatning to'liq matni “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru”dir. Ya'ni, faqirlik (kambag'allik, qashshoqlik) mening faxrimdir va men u bilan faxrlanaman”. 
Muhaqqiq olim Mulla Ali Qori Hanafiy o'zlarining “Mirqotul mafotiyh sharhu Mishkotil masobiyh” nomli mashhur asarlarida (14-juz, 356-bet) shunday deganlar: “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru” rivoyati Payg'ambarimiz nomlaridan aytilgan. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy va boshqa olimlar aytganlaridek, bu rivoyatning isnodi “mavzu'” (soxta, to'qima) va “botil”dir”. Mazkur kitobning 15-juzi, 150-betida: “Hofiz Asqaloniy va boshqa hofizlik darajasiga yetgan olimlar ochiq-oydin (ravshan, aniq) bayon qilganlaridek, bu rivoyatning asli-asosi yo'q, botildir”, deyilgan.

Muhaqqiq mufassir Olusiy “Ruhul ma'oniy” tafsirida (7-juz, 267-bet): “Al faqru faxriy” xabari asli-asosi yo'q, kizb (yolg'on)dir”, degan. Mazkur tafsirning 20-juzi, 422-betida: “Xalq orasida tarqalgan bu rivoyatning asli-asosi yo'q”, deyilgan. Mazkur tafsirning yana 23-juzi, 13-betida: “Xalq orasida tarqalgan “Al faqru faxriy” rivoyati Ibn Hajar Asqaloniy aytganidek, isnodi “mavzu'” (soxta, to'qima), “botil”dir”, deyilgan.
Shayx Bakr Abu Zayd “Mo''jamul manohil lafziyya” kitobida (21-juz, 21-bet): “Xalq orasida tarqalayotgan “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru” lafzini Hofiz Iroqiy  va Hofiz Ibn Hajar Asqaloniylar: “Isnodi “mavzu'” (soxta, to'qima), “botil”dir”, deyishgan”, deydi.
“At talxiysul habiyr fiy taxriyji ahodiysir Rofe'iyyil-kabiyr” kitobida (4-juz, 156-bet): “Imom San'oniy mazkur hadisning “mavzu'” (soxta, to'qima) ekaniga jazm qilgan ya'ni, aniq ishonch hosil qilgan”, deyiladi. “Tafsiri Nisoburiy” muallifi (7-juz, 151-bet): “Agar bu rivoyat sahih bo'lganida edi, bu “faqirlik” boshqa ma'nodadir, masalan: “Alloh taologa bo'lgan muhtojlik” deb, ta'vil qilgan bo'lar edik”, deganlar.
Mazkur rivoyatning isnodi “mavzu'” bo'lishi bilan bir qatorda yana “botil” deyilishining sababi, bu rivoyat mazmun jihatidan quyidagi sahih hadisga ziddir. Abu Bakra (ra) aytadilar: “Payg'ambarimiz har namozdan so'ng: “Ey Alloh, men kufr, faqirlik va qabr azobidan panoh berishingni so'rab iltijo qilurman”, deb duo qilardilar” (Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad ibn Hanbal va Hokimlar rivoyati).
Muhaqqiq ulamolar aytadilar: “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru” rivoyati “kizb” (yolg'on), “mavzu'” (soxta, to'qima), asli yo'q bo'lib, hadis 
bilimdonlarining birortasi Payg'ambarimizdan rivoyat qilmagan. Qolaversa, ma'nosi ham botil. Zero, Payg'ambarimiz o'zlariga Alloh taolo tomonidan berilgan fazilatlar bilan aslo faxrlanmaganlar. Balki, ko'p hadislarida: “Men qiyomat kuni Odam bolalarining 
sayyidiman, ammo bundan faxrlanmayman. Qiyomat kuni birinchi bo'lib mening qabrim ochiladi, ammo bundan faxrlanmayman. Birinchi shafoat qiluvchi ham, birinchi shafoat qilinguvchi ham men bo'laman, ammo bundan faxrlanmayman. Qiyomat kunida menga "Livoul hamd" (maqtov bayrog'i) beriladi, ammo bundan faxrlanmayman. Jannatga ham birinchi bo'lib kiraman, ammo bundan faxrlanmayman...”, deganlar” (Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

Abdul Azim ZIYOUDDIN


  • 3515