Duo, bashorat va tush
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men bobom Ibrohimning duosiman, Iso ibn Maryamning bashoratiman va onamning tushiman”, deganlar.[1]
Payg'ambarimizning “Men bobom Ibrohimning duosiman” deganlaridan murod, Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalom bilan birgalikda Ka'bani qurar ekanlar, duo qilganlar: “Ey Rabbimiz, ularga o'zlaridan bo'lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'ambarni yubor! Albatta, Sen O'zing Aziz va Hakimsan”[2].
Payg'ambarimizning “Iso ibn Maryamning bashoratiman” deganlaridan murod – “Iso ibn Maryam: “Ey Isroil avlodi, albatta, men Allohning sizlarga (yuborgan) Payg'ambariman. (Men) o'zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keladigan Ahmad ismli Payg'ambar haqida bashorat beruvchiman”, degan edi”[3].
Payg'ambarimizning “onamning tushiman” deganlari esa: “Onam o'zlaridan nur chiqqanini ko'rganlar va bu nur tufayli Shom qasrlari yorishib ketgan”.
“Omina onamiz tushlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tug'ayotganlarida ikki oyoqlari orasidan bir nur chiqadi va uning yorug'ligidan Shom o'lkasidagi qasrlar yorishib ketadi”.
Mazkur rivoyatni Imom Buxoriy “At-tarixul kabir” va “At-tarixus sag'ir”da, Abu Dovud, Ahmad ibn Hanbal, Abu Bakr Bazzor, Abu Ya'lo Muvsiliy va Ibn Rohavayhlar o'zlarining “Musnad”larida, Ibn Hibbon “As-siqot”da, Dorimiy “Sunan”da, Tabaroniy “Al-mu'jamul kabir”da, Bayhaqiy “Shu'abul iymon”, “Daloilun nubuvvah”da, Abu Nuaym “Al-huliya”da, Bag'aviy “Sharhus sunna”da, Ibn Adiy “Al-komil”da, imom Tabriziy “Mishkotul masobih”da, Ibn Sa'd “At-tabaqotul kubro”da, Ibn Ishoq, Ibn Hishom va Ibn Asokirlar “As-siyratun nabaviya” kitoblarida hamda Abdulloh ibn Muborak va Abu Bakr ibn Mardavayhlar rivoyat qilishgan.
Hokim “Al-mustadrak 'alas sahihayn” kitobida: “Imom Muslimning shartiga ko'ra sahihdir”, degan.
Imom Zahabiy “At-talxis”da va Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”da: “Sahih”, deyishgan.
Shuayb Arnaut “Musnadi Ahmad” va “Sahihi ibn Hibbon” taxrijida: “Sahihun li g'oyrih”, deydi.
Hofiz Nuriddin Haysamiy “Majma'uz zavoid”da va Ahmad ibn Abu Bakr Busoyriy “Ithoful xiyaratil mahara” kitobida: “Isnodi hasan”, deyishgan.
Hofiz Zayniddin ibn Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Dimashqiy[4]: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilayotganlarida bu muborak nurning chiqishi insoniyatni to'g'ri yo'lga boshlagan va shirk zulmatini yo'q qilgan hidoyat nuriga ishoradir”, degan[5].
Alloma Ibn Kasir: “Bu muborak nur chiqib, Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgani islom dinining Shom diyoriga o'rnashib, mustahkam bo'lishiga ishora. Shuning uchun ham, oxirzamonda Shom diyori islom dini va musulmonlar uchun mustahkam qal'aga aylanadi. Iso alayhissalom Shom diyoriga, aniqrog'i Damashqning sharqiy oq minorasi joylashgan yerga tushadilar”, degan.[6]
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu davrida birinchi bo'lib Shom o'lkasi sulh ila fath qilingan.
[1] Hokim “Al-mustadrak 'alas sahihayn”da rivoyat qilgan, imom Zahabiy “sahih” degan.
[2] Baqara surasi 129-oyat.
[3] Saff surasi, 6-oyat.
[4] Hijriy 736 yil tug'ilib, 795 yil vafot etgan.
[5] “Latoiful ma'orif”.
[6] Baqara surasi 129-oyat tafsiri.
Abdul Azim ZIYOUDDIN