Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Odinaxon Muhammad Yusuf
Odinaxon Muhammad Yusuf olima - 06 Fev 2023

Siyrat xotiralaridan

img

Bismillahir rohmanir rohim

Muhammad sollallohu alayhi vasallamni insoniyat uchun eng go'zal o'rnak qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin!
Bashariyat ichra eng buyuk siyrat sohibi bo'lgan Habibimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo'lsin!

Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yodga olmagan kunimiz yo'q. Mavlid oyi esa biz ummat uchun ulug' bir bayram oyidir.

Alloh taologa behad shukrlar bo'lsinkim, mavlid oyida turar ekanmiz, har kuni u zoti bobarokatga sonsiz sanoqsiz salavotu salomlar yuborilayotgani, ishqu muhabbat izhor qilinayotganining guvohi bo'lib turibmiz. Ayniqsa, qardoshlarimizning Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini, buyuk hayot yo'llarini o'qib o'rganishga, qayta yodga olishga bo'lgan shavqu zavqlari har qanday musulmonni xursand qiladi. Bu holatni ko'rar ekanman, hayotimdagi eng yorqin xotiralarim beixtiyor yodimga tushdi. Bu xotiralar qalbimga muhrlanib qolgan siyrat darslari edi.

Oltin davr ‒ talabalik yillari. Milodiy 1996-1997 yillar. Vatandan yiroqda, Yurtdan firoqda yashagan yillarim. Libiya. «Islomiy da'vat» kulliyasi birinchi kursi. Dunyoning har tarafidan yig'ilgan talabalar, turli millat vakillari. Odatda o'qish yilining boshi talabalar uchun qiyin kechadi: yangi fanlar, yangi kitoblar, talabalar uchun hali tanish bo'lmagan ustozlar.

Birinchi kurs fanlari ichida tarix ham bor. Tarixdan siyrat va umaviylar davlati tarixi darslik qilib belgilangan. Darslar boshlandi. Tarix fanidan tayinlangan ustozimiz xonaga kirib keldilar. O'rta yoshdagi, oddiy, jaydari bir inson. Dars boshlandi…

Ustoz ovozi jarangdor, sof arab tilida gapiradigan, nutqi chiroyli, fasohatli kishi edi. Darsning asosiy qismi ustozning ma'ruzalari bilan o'tar edi. Dars johiliyat davri tarixidan boshlanib, keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga o'tdi. Bir tarafdan benazir siyrat jozibasi, ikkinchi tarafdan ustozning mahoratli nutqi barcha talabalarni darsga jalb qilar, hammamiz darsni jon quloq bo'lib tinglar edik.

Barchaning ko'zu qulog'i ustozda, u yoq bu yoqqa alanglash ham, darsdan tashqari biror nimani xayol qilish ham yo'q. O'zim arab tilini hali yaxshi o'zlashtirmaganim sababli, darslarni yaxshi tushuna olmasmikinman, degan xavfda yurar edim. Ne ajabki, barcha so'z, hamma fikr men uchun to'la tushunarli bo'ldi, mutlaqo qiyinchilik bo'lmadi, subhonalloh. Gaplar nafaqat tinglanar, balki, ba'zi iboralar butunicha so'zma so'z yod bo'lib qolar edi.

Ilgargi arablar oyatlarni, hadis va she'rlarni bir martada yod olishar edi, degan gapga hayron bo'lar edim. Lekin inson o'zi mushtoq bo'lib turgan, diqqat bilan tinglagan gaplarini vujudiga darhol singdirishi mumkinligiga amin bo'ldim. Ustoz shunday gapirar ediki, gaplariga quloq solar ekanman, men o'sha davrda yashay boshladim. Har bir voqea ko'z o'ngimda gavdalanar edi.

Suhbatga berilib ketganimdan bora bora «ustoz o'sha davrdagi odamlarga o'xshasa kerak», «o'sha davrdagi odamlar, sahobalar shu ustoz singari kishilar bo'lgan bo'lsa kerak», degan o'y fikrlar ham keldi. Bir kuni ustozimiz oyoqlaridagi ajabtovur kovushni ko'rib, o'sha davrdagi kavushlar ham shunaqa bo'lgan bo'lsa kerak, deb o'ylabman.

Xullas, talabalar uchun eng sevimli dars, siyrat darsi bo'lib qoldi. Bu darsda hamma qatnashar, talabalar birorta ham qolmay kelishar edi. Beboshroq talabalar ham insofga kelib, darsga oshiqadigan, sho'xroq yoshlar ham bu damni intizorlik bilan kutadigan bo'lib qolgan edi. Darsda nafaqat jismlarimiz, balki qalbu ongimiz, butun borlig'imiz bilan qatnashar edik.

Shunday qilib, Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarini ilmiy asosda o'rgana boshladik. Har bir voqeani, har bir tarixiy lavhani hayojon ila qabul qilib oldik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug'ilishlari, bolaliklari, yetim qolishlari, o'sib, ulg'ayishlari, risolatning boshlanishi, da'vat mashaqqatlari...

Ayanchli holatlar zikr qilinganida, behosdan ohu nola tovushlari eshitilar, ayrimlar chidamasdan kofir va munofiqlarni duoibad qilib yuborar edi. Muvaffaqiyat damlari zikr qilinganida, takbir aytib yuborilar edi. Salavotning keti uzilmas, tinglovchilar ich ichlaridan «Alloh, Alloh» deb yuborishar edi. Bir necha marta yig'i ovozlari ham kelgan. Ishonavering, agar o'sha suhbat o'rniga Payg'ambarimiz haqlarida biror bir film qo'yilganida ham, shunchalik ta'sirli bo'lmas edi. Zotan har kimning o'ziga xos tasavvuri, shuuri bo'ladi, bundan har bir qalbda alohida tasvir aks etadi. 

Ayniqsa, Mu'ta jangi hodisasi hikoya qilinganida hech kim o'zini tutib tura olmadi: Musulmonlarning amiri Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan berilgan bayroqni baland ko'targan holida dushmanga qarshi bahodirona jang qildilar. Jang davomida u kishi shahid bo'ldilar. Keyin bayroqni, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilganlaridek, Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu oldilar.

Ja'far roziyallohu anhuning otlari yiqilib tushgan edi, otni so'yib yuborib, piyoda yurib jang qildilar. O'ng qo'llari kesildi. Bayroqni chap qo'llari bilan ko'tardilar. Chap qo'llarini ham kesib tashlashdi, shunda u kishi bayroqni ikki kesilgan qo'lning qolgan qismi bilan ko'tardilar. Oxiri shahid bo'ldilar. O'shanda Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu o'ttiz uch yoshda edilar.

Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu shahid bo'lganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayinlaganlaridek, bayroqni Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu olib, olg'a tashlandi. So'ngra Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu ham shahidlar safiga qo'shildilar. Nihoyat, Xolid ibn Valid bayroqdorligida Alloh musulmonlarga nusratni ato etdi.

Darsdan hamma his-tuyg'uga berilgan, vujudlar go'yo erigan holda chiqar edi. Siyrat mavzusidagi suhbatlar darsdan keyin ham davom etar edi. Biz uchun eng og'ir dars Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlari haqidagi dars bo'ldi.

Masalan, bir manzara: Jumla olam sarvari, oxirgi ilohiy Kitobni Robbul olamindan qabul qilib, ummatga omonat bilan yetkazgan, o'sha mo''jiz Kitobni o'z hayotlarida tadbiq qilib ko'rsatgan zot omonatni ado etib, risolatni yetkazib bo'lgan ekanlar, vazifalari tamomiga yetib, oxirat safari vaqti keldi.

Vujudlarini bemorlik egallagan, kichik bir hujrada sokin yotar edilar. U zoti bobarakotning muborak yuzlarini ko'rgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu chidab tura olmay, yig'lab yubordilar. Engashib, peshonalaridan, yuzlaridan bo'sa oldilar. «Otam sizga fido bo'lsin, ey Allohning Rasuli!» dedilar. 

Boshqa imtihonlarda qo'rquv va hayajonga to'ladigan qalblar siyrat imtihoniga kelganda muhabbatga to'lgan edi. Imtihon topshirar ekanmiz, ehtiroslar jumbushga kelib, qalamlar javlon urardi.

Men uchun o'z Rasulimni haqiqiy tanish aynan o'sha darslarda bo'lgan edi. Bundan avval Saudiya Arabistonida yashaganimda ham bu ilmga, u zotni haqiqiy tanishga musharraf bo'lmagan ekanman. 

2000 yil o'qishni bitirib, shahodat olgan bo'lsam, Allohning marhamati ila 2001 yil padaribuzukvorim bilan haj ibodatini amalga oshirish nasib etdi. Biz o'sha yili haj mavsumida Robitatul alamil islamiyaning mehmonlari bo'ldik. Mehmonlar oddiy odamlar emasdi, ular turli yurtlardan kelgan yirik ulamolar edi. Bu safar men ushbu muborak diyorga qadam qo'yar ekanman, unga umuman boshqa nazar ila qaradim. 

Garchi ilgariroq bu yerlarda bir yildan ortiq istiqomat qilgan bo'lsam ham, yoshligim va ilmsizligim tufayli ushbu aziz diyorning qadrini tushunmagan ekanman. Meni tahsilni tugatishim bilan bu yerlarga yo'llab, O'zining eng ulug' ibodatiga muyassar qilib qo'yishi Allohning menga cheksiz lutfi karami bo'lgan edi. Yana kimlar hamrohligida? Dunyoning har chetidan kelgan ulug' ulamolar hamrohligida. Allohga hamdlar bo'lsin!

Makkada yurar ekanman, Rasulullohni eslashim bilan, siyrat darslarimiz, siyrat ustozi yodga tushar edi. Mana, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tug'ilib o'sgan diyor, ko'chalarida da'vat qilib kezgan yurtlari, hijrat qilganlaridan keyin, qalblari mushtoq bo'lib sog'ingan vatanlari. Mana, dastlab Qur'on oyatlari ingan joylar. Bu yurt Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning zafar quchib, fath qilgan yurtlari. Quloqlarim tagida ustozimizning ovozlari jaranglay boshladi: «Kim Abu Sufyonning hovlisiga kirsa, u omonlikdadir...»

Katta bir avtoulovda Madinaga qarab borar ekanmiz, ulamolar tinmay oyat, hadislar aytishar, siyratdan gapirishar edi. Xurmozorlar ko'rindi. «Tushimda Makkadan xurmoli yerga hijrat qilganimni ko'rdim. Xayolim Yamoma yoki Hajarga ketdi. Qarasam, u Yasrib shahri ekan»

Madinai Munavvaraga kelganimizdan keyin, ziyorat qilib yurar ekanmiz, xotiramga siyratdagi gaplar kelaverdi. Mana Qubo… «Albatta birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqliroqdir».

Qiblatayn... «Bas, albatta, seni o'zing rozi bo'lgan qiblaga qaraturmiz».

Uhud... «Duchor bo'lmasingizdan oldin o'limni orzu qilgan edingiz. Endi uni ko'rib, nazar solib turibsiz».

Shahidlarning sayyidi Hamza roziyallohu anhuning halok bo'lgan yerlari. O'z qavmining eng boyi va erkasi bo'lgan Mus'ab ibn Umayr Uhud jangidan keyin dafn qilinar ekan, jasadini yopishga yetarli kafan topilmagan edi. 

Avtoulovda o'tirar ekanmiz, yodimga kelgan oyat, hadis, va siyratdagi matnlar bexosdan tilimga kelaverar edi, qiblagohim yonimda: «To'g'ri, to'g'ri», deya tasdiqlab qo'yar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ravzalari qarshisida turar ekanman, zabonim so'zlagan ilk nido «Yo Rasululloh, naqadar poksiz!» bo'ldi. «Yo Alloh, mendek faqir bandangni kechir! Yo Rasululloh, mendek haqir ummatingizni kechiring!»

Alloh menga bitgan musofirlik nima ekanini tushunmagan ekanman. Sizdan sunnat bo'lib qolgan safar menga ham nasib qilganini bilmagan ekanman.

Allohim, ne baxtki, meni musulmonlardan qilding! Ne saodatki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan etding! Bashariyat Sayyidining hayotini o'rganishga muvaffaq qilganing uchun Senga behad behad hamdlar bo'lsin! U zot qadam bosgan diyorlarni ziyorat qilishni nasib qilganing uchun hisobsiz shukrlar bo'lsin! 

Allohim! Sendan yana bir o'tinchim shuki, shariat ilmlarini olishimga, xossatan, Payg'ambarim sollallohu alayhi vasallamni tanishimga, u kishining sunnatlari, hayotlarini o'rganishimda, u zotga qilinishi lozim bo'lgan iqtido, itoat va muhabbatning chin ma'nosini anglab yetishimda sababchi bo'lgan, bugunga kelib musiybatga uchrab turgan aziz diyorni ham omon qilgin. 

Biz uchun qadrli va qadrdon bo'lgan bu yurtni, uch yildan buyon porakanda qilinayotgan diyorni O'z qudrating va marhamating bilan tinchlikka, kengchilikka qaytargin. Sening yo'lingda sa'y harakat qilgan, yillar davomida Shayx Hazratlari kabi qanchadan qancha ahli ilmlarga ta'lim bergan azizlarimiz va ustozlarimizdan o'tib ketganlarini o'z rahmatingga olgin! Hayotda qolganlarini o'zing salomat saqla! Musibatlarini aritgin, mushkullariga kushoyish bergin.

Yo Robbim, O'zing har ishga Qodir Zotsan!

8 Rabiul avval, 1435/10 yanvar, 2014

Odinaxon Muhammad Yusuf