Rasulullohning bizga ibrat sifatlari
Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Rabiul avval oyining o'n ikkinchisi, dushanba kuni tavallud topdilar. Otalarining ismi Abdulloh, onalarining ismi Omina bo'lib, ular Rasulullohning yoshlik vaqtlarida vafot etishgan, bobolari Abdulmuttallib, keyinchalik amakilari Abu Tolib tarbiyasida kamolga yetdilar.
Rasululloh tug'ilgan vaqtlarida bir qancha g'ayri-oddiy ishlar ro'y bergan. Ka'badagi butsanamlar yiqilgan, Eron shohi Xusravning saroyi tebranib, butlar yiqilib yerga tushib singan. Otashparastlarning ming yildan beri yonib turgan o'tlari o'chdi, Sova ko'li toshib, o'sha
mamlakatda suv toshqini bo'lgan. Bu alomatlar islom dinining kelishidan yer yuzidagi gumroh xalqlarni ogoh qilmoq uchun Haq taolo yuborgan mo''jizalar edi aslida.
Tangri taoloning amri bilan, barcha buyuk payg'ambarlarning eng oliy sifatlari, ya'ni – Odam Atoning yaxshi xulq-atvori, Shisning ilmu donishi, Nuhning jasorati, Ibrohimning shafqati, Ismoilning fasohati, Is'hoqning kamtarligi, Mutning farosati, Ya'qubning top- qirligi va epchilligi, Yusufning husn-jamoli, Musoning salobati va sabot-matonati, Yunusning halimligi, Isha'yyo- ning ustuvorligi, Dovudning xayrixohligi, Doniyolning mehri va qalbi, Ilyosning olijanobligi, Yahyoning musaffoligi, Iysoning taqvodorligi bu buyuk zotda mujassam
bo'lgan. Alloh taolo payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga hech kimga bermagan bu dunyo va oxiratning kamolotlarini ato etgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshlik paytlaridan go'zal odob-axloqda voyaga yetdilar. U zotning eng chiroyli ilohiy odob-axloqda tarbiya topganlari haqida Alloh taoloning O'zi xabar berib bunday deydi: “Albatta, Siz buyuk
xulq uzradirsiz”! Darhaqiqat, oliy va go'zal xulqda bo'lish barcha payg'ambarlarga va shu jumladan, oxirgi zamon payg'ambari Hazrati Rasuli akramga berilgan ilohiy ne'matlardan bo'lib hisoblanadi.
Hadisi sharifda ham quyidagicha vorid bo'lgan:
“Meni Parvardigorim tarbiya qildi va tarbiyamni mukammal etib go'zal qildi”.
Darhaqiqat, buyuk zot bo'lgan Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga ergashish, u zotni chin dildan sevish, ta'limotlariga amal qilib, dunyo va oxirat saodatini topish yo'lida harakat qilishimiz, qiyomat kunida shafoatlaridan umidvor bo'lishimiz lozimligini quyidagi oyati karima ta'kidlaydi:
“Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir. Ayting: Alloh va Payg'ambarga itoat etingiz! Agar yuz o'girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas”.
Demak, Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni chin dildan sevish, u zotga haqiqiy ummat bo'lishga harakat qilish Alloh taolo muhabbatiga, gunohlarni mag'firat qilishiga olib kelar ekan. Chunki, u zoti sharif barchaga barobar oxirgi zamon payg'ambari qilib
yuborilgandirlar. Zero, Haq taboraka va taolo O'zining irodasi va qudrati bilan Janobi Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oxirgi elchisi etib butun insoniyatga, barcha olamlarga rahmat Payg'ambari qilib yuborganini bayon qilib, bunday deydi:
“(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” Imom Nasoiy, Ahmad, Bayhaqiylar Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan hadisda: “ Sahobayi kiromlar Rasulullohdan dushanba kunida ro'za tutish haqida so'raganlarida
Payg'ambar alayhissalom bunday deganlar:
“Shu kunda men tavallud topdim, shu kunda menga payg'ambarlik yuborildi yoki shu kunda menga vahiy nozil bo'ldi”.
Insondagi ulug'lik va kamolot fazilatlari ikki turlidir: birinchisi, dunyoviy xislati, zaruriya bo'lib, u inson tabiati va yashash ehtiyojidan kelib chiqadi, ikkinchisi, diniy xislati qasbiya bo'lib, bu sifatga erishganlar maqtovga sazovor va Allohga yaqinlashganlar jumlasiga kiradi. Dunyoviy xislati zaruriya kasbiy bo'lmaydi, u insonning ixtiyoriga bog'liq ham emas. Masalan: payg'ambar alayhissalomning yaratilishlaridagi tabiiy kamolotlari, husndagi go'zalliklari, aqliy zakovatlari, idroklarining yuksakligi, tillarining fasohatliligi, his-tuyg'u va
badanlarining kuchliligi, harakatlarining mo''tadilligi, nasablarining tozaligi, qavmlari va yurtlarining mo''tabarligi kabi xislatlar bo'lib, yashash zarurati taqozo etadigan ovqat, uyqu, kiyim-kechak, turar-joy, mol-mulk va obro'-e'tibor kabilar shu jumlaga mansubdir; din,
ilm, muloyimlik, sabr, shukr, adolat, haqqoniylik, ta'madan yiroqlik, kamtarlik, kechirimlilik, iffat, saxiylik, shijoat, hayo, odamgarchilik, kamgaplik, tamkinlik, og'ir-bosiqlik, mehr-shafqat, husnixulq, yaxshi muomala kabi yuksak axloq-odobning barchasi oxiratga
mansub xislati kasbiya sanalib, bular go'zal axloq deb ataladi. Insonda mavjud tabiiy yo'sindagi g'ayrikasbiy kamolot xususiyatlarining barchasi payg'ambar alayhissalomning vujudlarida mavjud edi.Mustaqil va aziz yurtimiz taraqqiyoti va obodligi, xalqimizning
tinch va osoyishtaligi yo'lida barakali mehnat qilishimizda, barcha oilalar mustahkam va farovon bo'lishida, sevimli farzandlarimiz har tomonlama barkamol tarbiya topishlarida Janobi Payg'ambarimizning yo'l-yo'riqlari, go'zal odob-axloqlari va siyrati sharifalari
hamisha ilhom berishi va ruhlantirib turishi kerak. Payg'ambar alayhissalomning rang ro'ylari benihoya chiroyli, gavda tuzilishi va a'zolarining mutanosibligi rivoyatlarda bunday tasvirlanadi: Payg'ambar alayhissalomning yuzlari oppoq, nuroniy, ko'zlari katta,
qorachig'lari timqora, oqi qizg'ishga moyil, kipriklari quyuq, qoshlari uzun, ingichka, qirra burunlarining uchi xiyol egilgan, tishlari guruch donasidek oppoq, orasi ochiqroq, peshonalari keng, yuzlari dumaloq, soqollari quyuq, ko'kraklari keng, gavdali, bilaklari uzun, kaftlari,
oyoqlarining tovoni keng, o'rta bo'y, miqtidan kelgan, jundor odam edilar; ko'kraklarida pastga qarab o'sgan mayin yollari bor edi, kulganlarida tishlari xuddi marvarid donalaridek yarqirab ketardi, gapirganlarida shulalanib, og'izlaridan nur taralayotgandek bo'lardi,
bo'yinlari ham gavdalariga g'oyat mos edi.
Baro ibn Ozib: "Umrimda qora sochlari quloqlarini bosib tushgan, qizil to'nli payg'ambar alayhissalomdan kelishganroq odamni ko'rgan emasman", deydi.
Abu Hurayra: "Men rasulullohdan ko'ra chiroyli odamni ko'rmaganman. Quyosh xuddi u kishining yuzidan balqigandek tuyulardi, kulganida yuzidan nur yog'ilib, shulasi devorlarga tushardi", deb eslaydi. Ibn Abu Holaning hadisida: "Payg'ambar alayhissalomning yuzi xuddi o'n to'rt kunlik oydek nurlanib turardi", deyilgan. Hazrati Ali rasululloh haqida gapirib: "Payg'ambar alayhissalomdastlab ko'rgan odamga vajohatli tuyulardi, yaqindan bilgandan keyin esa eng suyukli kishisiga aylanib qolardi. Men rasulullohdek odamni avval ham, keyin ham ko'rmadim", deydi.
Payg'ambar alayhissalom tozalikda, xushbo'ylikda, ifloslik va najosatdan yiroqlikda alohida xususiyatlarga ega edilarki, bunday fazilatlar u zoti muborakdan boshqa kishida topilmasdi. Alloh taolo rasulullohni shariatining pokizaligi bilan yanada yuksak kamolotga erishtirdi.
Payg'ambar alayhissalom: "Islom dini pokizalik asosiga qurilgan", deya marhamat qilganlar. Anas: "Payg'ambar alaihissalomdagi xushbo'y hid men hidlab ko'rgan anbarlarning, iforning va boshqa mushku anbarlarning atridan yoqimliroq edi", degan. Jobir esa "Payg'ambar alayhissalomyuzimni silab qo'ygan edi, u kishining qo'lidan xuddi attor (atr sotuvchi)ning qutisidan taralgandek dimog'imga gup etib xushbo'y is urildi", deydi. Ko'plarning ta'kidlashicha, sarvari olam xushbo'y narsalarni iste'mol qilsalar ham, qilmasalar ham u kishi bilan ko'rishgan odamning qo'lidan kechgacha yoqimli hid kelib turarkan. Agar rasululloh, biron bolaning boshini silab qo'ysalar, kechgacha o'rtoqlari uning yonidan ketolmay qolisharkan.
Imom Buxoriy katta tarixida Jobirdan rivoyat qilishicha, mushk-anbar ufurib turgan ko'chadan yurgan odam bu yerdan shubhasiz rasululloh o'tganlarini bilar ekan.Payg'ambar alayhissalom aqlda komilliklari, zehnlari o'tkirligi, hissiyotlarining kuchliligi, tillarining biyronligi, harakatlarining chaqqonligi, ahloqlarining go'zalligiga qaraganda u zoti muborakni hech shubhasiz eng aqlli va eng hushyor inson deb e'tirof etish kerak. Sarvari olam ilgari o'qib, xat-savod chiqarmagan, maxsus saboq olmagan, dunyoviy va diniy kitoblarni ko'rmagan, bo'lishlariga qaramay odamlarga juda ko'p ilmlarni o'rgatdilar, shariatni barpo etdilar, odamlarning shaxsiy va jamoat ishlarini boshqarishlari, xalqqa qo'llagan siyosatlari, betakror xulq-atvorlari va ajoyib turmush tarzlari u kishi aql-zakovatda komil, idroklari teran zot ekanliklarini isbotlab turibdi. Payg'ambar alayhissalomnamoz o'qiyotganlarida orqadagi narsalarni ham xuddi oldilaridagidek aniq-tiniq ko'rardilar.
Payg'ambar alayhissalomning tili benihoya fasohatli va chuqur ma'noli edi. Gaplari sun'iylikdan xoli, ravon, jumlalari lo'nda, qisqa, tushunarli, fikri aniq, mazmunli, takallufsiz va chuqur ma'noli edi. U kishi arab tilining lahjalarini, hikmatli so'zlarini ko'p bilardilar..
Haq taolo barchamizni ikki olam sarvari Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga chin ummat bo'lishga muyassar etib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!
Muallif Rahmatulloh qori