Husaynxon Yahyo Abdulmajid Xofizi qur'on 02 Iyun 2023
Ochilmas ko'ylak, kiyilmas to'n
Ayrim xatti-harakatlar borki, ular urfga kirib ketgani bois sizu bizga binoyidek ish tuyuladi. Biroq, uni tashqaridan kuzatgan kishigina bu ishning naqadar xunuk ekanini his qila oladi. Ba'zi oddiy, tilga olishga yaramaydigandek tuyuladigan holatlar, urf-odatlar borki, ularning natijasi anchagina noxushliklarga olib keladi. O'shanday odatlarning xalq orasida tarqalganlaridan biri hozirda biz so'z yuritmoqchi bo'lgan mavzudir. Men bu mavzuda ilmiy bahs qilmoqchi emasman, balki, mantiqiy bir mulohaza yuritmoqchiman, xolos. Siz mavzu sarlavhasini ko'rib, hayron bo'lgandirsiz. «Ochilmas ko'ylak yoki kiyilmas to'n bo'lishi mumkinmi, axir?» degan xayolga ham borgandirsiz. Yoki bu ko'chma ma'nodagi bir ramziy ifoda bo'lsa kerak, deyishingiz mumkin. Yo'q! Bu ayni voqe'likdagi bir haqiqatdir. «Ochilmaydigan ko'ylak va kiyilmaydigan to'n qaerda bo'lishi mumkin?» - demoqchimisiz? Andijonda bor. «Unday narsa kimga kerak?» desangiz... izdihomchiga kerak. «Undan kimga manfaat bor?» - deysizmi? Bozorchi ayollarga manfaat bor.
Keling, gapning po'st kallasini aytaqolay. Xalqimizda turli munosabatlar bilan har xil izdihomlar, yig'inlar, to'y-ma'rakalar bo'lib turadi. Ularning ba'zilari yaxshi odatlar bo'lsa, ba'zilari bid'at-xurofotdan iborat. Ko'pincha izdihomlarning yakunida mehmonlarga ommatan yoki xossatan ko'rinishda hadyalar tortiladi. O'sha hadyalarning deyarli barchasi to'n yoki ko'ylak bo'ladi. Biz aytmoqchi bo'lgan to'n va ko'ylaklar o'shalardir.
Balkim siz: «To'n hadya qilsa, ko'ylak tortiq qilsa, yomonmi?» - dersiz? Yo'q, hamma gap – o'sha hadyadan ko'zlangan maqsad nima ekanidadir.
Birovga hadya berishda ikki maqsaddan biri ko'zlanadi. Birinchisi: muhtoj kishiga, uning ehtiyojini qondirish maqsadida, ikkinchisi: muhtoj bo'lmagan kishiga, uning ko'nglini olish niyatida hadya beriladi. Avvalgisi rahm-shafqat, muruvvatning ramzi bo'ladi, keyingisi esa izzat-ikromning, sharaflashning ramzi hisoblanadi.
Biroq, izdihomlardagi biz aytmoqchi bo'lgan «hadya»lardan maqsad nima ekanini tushunib bo'lmaydi. Chunki ularda berilgan ko'ylaklarni kiyish u yoqda tursin, ayrimlarini ochishning ham iloji yo'q. Chunki qutining ichida ko'ylakning old tomoni ko'rsatib taxlangan. Ochib qarasangiz, orqasida hech narsa yo'q. Yoki ko'ylak shaklidagi kiyim bo'lsa ham, shu qadar abgorki, qo'pol qilib aytganda, kafanlikka ham yaramaydi.
To'nlarning holati ham undan oshib tushadi. Matosi yarim asr oldin ishlab chiqarilgan. Tikilganiga ham chorak asr bo'lib qolgan. Uzoq vaqt mobaynida kichrayib ketganmi yoki o'zi shunaqa andozada bichilganmi, haligi to'n olti-etti yoshli bolaning qomatiga to'g'ri keladi. Kiydirsangiz, yechilmaydi, yechsangiz, qayta kiydirib bo'lmaydi. «Birorta norasida bolani topib, «kiydirib» tashlayin, aldagani bola yaxshi» desangiz, unga norasidalar ham aldanmaydi.
Bu so'zlar mubolag'a emas, ayni haqiqatdir. To'g'ri, ulardan tuzukroq to'n-ko'ylaklar ham bor. Lekin ular ham birovga hadya qilish tugul, o'zingiz uchun kiyishga ham arzimaydi.
Tarixdan ma'lumki, bir kishi haqida «falonchi pistonchiga to'n kiydirib yubordi» deyilsa, to'n kiydiruvchi shaxsning to'n kiygan kishiga nisbatan eng yuqori darajadagi hurmat va izzat-ikrom ko'rsatganini bildiradi. «Pistonchi falonchiga hadya beribdi» deyilsa, o'sha odamning hadya oluvchiga nisbatan o'z muhabbati va yaqinligini izhor qilgani tushuniladi.
Ammo yuqorida aytilgan vasfdagi uvunto'da matolarni birovga hadya qilishni nima deb qabul qilish mumkin? Birinchi navdan desangiz, bu narsalar hojatga yaramaydi. Mehmonlar ham kiyimsiz qolgan bechoralar emas. Ikkinchi navdan desangiz, ular e'zoz timsoli emas, haqoratlash alomati bo'lishi mumkin.
Endi o'sha narsalarni o'zingizning taklifingizga binoan xonadoningizga tashrif buyurgan aziz mehmonga, sizning xursandchiligingizga sherik bo'lish, muborakbod etish uchun kelgan yoki musibatingizda ta'ziya bildirish, yoningizda dalda bo'lib turish maqsadida tashrifi qudum qilgan qadrdoningiz, qo'ni-qo'shningizga, xususan, ilmli, hurmatli insonga bersangiz, buni qanday tushunish mumkin?!
Axir, bu o'sha insonga nisbatan tahqir-ku! «Sen shunga loyiqsan» degani emasmi? O'zingiz o'ylab ko'ring, o'sha narsani o'zingiz kiyish uchun sotib olarmidingiz? Yo'q, aslo. O'ziga ravo ko'rmaganni o'zgaga ravo ko'rish musulmon kishiga to'g'ri kelmaydi. Suyukli Rasulimiz: «O'zing uchun yoqtirganingni birodaring uchun ham yoqtirmaguningcha mo''min bo'lmassan», deganlar.
O'sha narsani otangizga: «Otajon, mana bu mendan sizga hadya» deb tortiq qila olasizmi? Yo'q, hargiz, u holda duoyi badga qolasiz. «Mehmon – otangdan ulug'», - deydi dono xalqimiz. Payg'ambarimiz: «Kim Parvardigorga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, mehmonini ikrom qilsin», - deganlar.
Qanchadan-qancha hurmatli, qadrli kishilarni to'plab, izzat-ikrom ko'rsatib ziyofatlar berib, oxirida ularni tahqirlab kuzatishning nima ma'nosi bor?
To'g'ri, Payg'ambarimiz: «Ey muslima ayollar! Biror qo'shni ayol qo'shni ayolga nisbatan (hadyasini) past sanamasin, agarchi qo'y tuyog'i bo'lsa ham», - deganlar. Lekin bu oz bo'lsa ham bir-birlaringizga hadya ulashib turing, katta narsa topganda qilaman deb aloqalar uzilib ketmasin, bir kishi ko'ngildan chiqarib bir narsa bersa, uni tahqirlab hadya berganning ko'nglini sindirib qo'ymang, degan maqsadda aytilgan. Xalqimizning «ko'p berma, ko'ngil qo'yma», - degani ham shu ma'noda. Qolaversa, qo'yning tuyog'i oz narsa bo'lsa ham, foydali, yaroqli narsadir.
Ammo biz hikoya qilayotgan matolar yaroqli narsalar emas. Uni berayotganlar esa yo'qchilik sababli shunga majbur bo'layotganlari yo'q. Yozgan dasturxonlari ham bundan darak berib turibdi. Aslini olganda esa, o'sha narsani berish ham shart emas. O'shani bermasa birov xafa bo'lmaydi ham. Ular faqat ko'r-ko'rona urf-odat yoki tuban riyokorlik yuzasidan berilishi mumkin, xolos. Undan ko'ra bitta yangi paypoq bersa-yu, o'shani birov kiysa, shu yaxshiroq emasmi?
Payg'ambarimiz: «Bir-birlaringizga hadya ulashing, bir-birlaringizga muhabbatli bo'lasiz», deganlar. Demak, hadya muhabbatni uyg'otadigan, o'zaro aloqalarni mustahkamlaydigan, olgan kishi bergan kishini yaxshi ko'rib qolishiga olib keladigan darajada ardoqli, yaroqli bo'lishi kerak ekan.
Boshqa bir hadislarida: «Hadya ko'ngildagi g'illu g'ashlikni ketkazadi», deganlar. Binobarin, hadya insonni xushnud qiladigan, hattoki, birovdan yetgan xafachilikni dildan aritib tashlaydigan holatda bo'lishi lozim, insonni xafa qiladigan, ko'nglini tushiradigan darajada emas.
Agar Parvardigorning roziligini istab hadya berilayotgan bo'lsa, unda ish yana-da ahamiyatli bo'ladi, jiddiylashadi. U zot O'z Kalomida aytadi: «Ey, iymon keltirganlar! Kasb qilgan narsalaringizning pokizalaridan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalardan nafaqa qilinglar. Nafaqa qilganingizda nopokni ko'zlamang. Holbuki, uni o'zingiz ham oluvchimassiz, magar undan ko'z yumsangizgina. Va bilingki, albatta, Alloh behojat va maqtovga loyiqdir. Shayton sizga faqirlikni va'da qiladir va fahshga buyuradir. Alloh sizga O'zidan mag'firat va fazlni va'da qiladir. Va Alloh keng qamrovli va bilimdondir.
Hadya berish qo'shimcha bir solih amal. Hech bir kishiga biror narsani hadya qilish vojib emas. Buni, faqat, savob istagan odam o'z xohishi bilan, chin ko'ngildan qilishi kerak. Kimdir libos beradi, kimdir kitob, yana birov boshqa narsa berishi mumkin. Hadya berishda, imkon qadar, eng kerakli, savobi ko'proq narsani ixtiyor qilgan afzal.
Endi savol tug'iladi: «Yillar mobaynida izdihomlarda berilayotgan bunday matohlarning oqibati nima bilan tugaydi?»
Javob quyidagicha: Ularning oqibati salbiy ma'noda «bor tovog'im, kel tovog'im, o'rtamizda sin tovog'im» degan matalga ko'ra bo'ladi. Ya'ni, uni izdihomchi bozordagi yoymachi ayollardan sotib oladi. Mehmonlariga tarqatadi. Bir necha izdihomga borganingizdan so'ng uyingizda o'shanaqa narsalar to'planib qoladi. Ularni kiyishning ham, birovga kiydirishning ham imkoni yo'q. Chunki ularni berish uchun izdihom qilish kerak. Boshqachasiga o'tmaydi. Bir g'aram bo'lib to'plangan matohlarni uyda ivirsib turmasin deb, bozorchi ayollarga arzimas pulga bo'lsa-da, sotasiz. Ular ham haligi narsalarni olib, ustiga biroz foyda qo'yib, yana yangi izdihom qilmoqchi bo'lganlarga sotishadi. Shu tariqa haligiday qiymatsiz to'n-ko'ylaklar xalq orasida izzat-hurmatda «qo'lma-qo'l» bo'lib yuraveradi. Oxiri kimningdir qo'lida titilib tugaydi. To'plab yoqib yuboray desangiz, ko'zingiz qiymaydi, «harna», deysiz-da. Kiyib yuboray desangiz, egningizga rahmingiz keladi.
Ko'pchilik hollarda ayollar birovni yo'qlab borish ma'nosida ham o'shanday to'n-ko'ylaklarni ishlatishadi. Bu ham insonni kalaka qilishning bir namunasi.
Urf-odatga ko'r-ko'rona ergashishning bir ko'rinishini sizga aytib beray. O'zim uchun ham qadrdon, ham qarindosh bo'lgan bir kishi to'yga aytdi. O'sha kuni bir sabab bo'lib izdihomga aytilgan vaqtda bora olmadim. Ancha vaqt keyin bo'lsa ham «hechdan ko'ra kech» deb, ularning uylariga bordim. To'yxonada izdihom sohiblaridan boshqa odam qolmagan. Bir-ikki soat maroqli suhbat bo'ldi. Suhbat asnosida uy sohiblari aynan hozirda biz ko'targan masala haqida so'z yuritib qolishdi. Biri olib, biri qo'yib, rosa tanqid qilishdi. Men ham, takliflariga binoan, o'zimdagi fikr-mulohazalardan ancha-muncha so'zladim. Suhbat yakun bo'lib, xayrlashib chiqdim. Tashqariga chiqqanimda qo'limga benazir takalluf bilan bir hadya-tugun tutishdi. Uyga kelib qarasam, «hadya» ularning suhbatlariga mavzu bo'lgan ko'ylakdan iborat ekan. Mana sizga johilona taqlid insonning aqlini qay darajada ko'r qilib qo'yishiga bir jonli misol.
Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, behuda urflarga qarshi turishga kuchi yetmay, oqimga qarshi suza olmay yurganlar ham oz emas. Shu bilan birga, urf-odatlar oqimining to'lqinlarini yo'naltiruvchi shamol, asosan, ayollar tarafidan esishi ham doimiy qoidadir. Yuqoridagi misol ham shundan dalolat bo'lsa, ajab emas.
Lekin bu degani hamma shunday qiladi, degani emas. Farosatli, bilim va amalli ba'zi kishilar ma'noli ishlarni ham qiladilar. Biroq, hanuzgacha biz aytgan surat aksariyatni tashkil etib kelmoqda.
Shuningdek, bu urf faqat Andijonga xos emas. Boshqa joylarda ham shunga o'xshash holatlar kuzatiladi. Ammo Andijonda bu narsa keng tarqalgan illatga aylangan. Bu hodisa tashqari yurtdan kelgan kishilarning oldida Andijon xalqiga nisbatan tanqid va dashnomlar yog'ilishiga sabab bo'lmoqda. Kimlarningdir bu yurt xalqini ongsizlikda ayblashiga zamin yaratmoqda.
Men o'zim andijonlik bo'lganim bois, xalqimning sha'nidagi so'z o'zimning sha'nimga tekkanini his qilganimdan bu gaplarni kuyunchaklik bilan aytmoqdaman. Agar kimningdir ko'ngliga og'ir botgan bo'lsa, meni afv etishlarini so'rayman. Ammo, kimdir gapirmasa, jamiyatdagi odatlarni isloh qilmasa, xalq o'z-o'zini o'nglashi mushkul.
Xulosa sifatida savol tug'iladi: «U holda nima qilish kerak? Ziyofatlarda hadya ulashishni yo'qotish kerakmi?» Yo'q, albatta. Balki holatni isloh qilish kerak. Ushbu xalqning hoziri ham, avvalda bo'lganidek, o'z muqaddas diniga amal qilish bilan isloh bo'lishi muqarrar. Binobarin, o'sha muborak ta'limotga murojaat qilish, uni o'rganib, unga ixlos bilan amal qilish lozim bo'ladi. Demak, masalaning yechimi quyidagicha:
Parvardigor O'zining muqaddas Kalomida shunday marhamat qiladi:
«O'zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmassiz. Nimaiki nafaqa qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir».
Sevimli Payg'ambarimiz aytadilar:
«Bir-birlaringizga hadya ulashing, bir-birlaringizga muhabbatli bo'lasiz».
«Odamlarga o'zing uchun yaxshi ko'rgan narsani yaxshi ko'rgin, musulmon bo'lasan».
Binobarin, musulmonlarning o'zaro bir-birlariga hadya berishlari izdihomlarga yoki maxsus munosabatlarga bog'lanib qolmasligi, balki, har qanday holatda, har qanday vaqtda davomiy tarzda, takallufsiz, samimiy bo'lishi lozim.
Muallif Husaynxon Yahyo
- 4400
Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi 02 Iyun 2023
Maqtov (madh)
Maqtov kimsalarning qilgan ishlari yoki fe'llarini til bilan boshqalarga bildirishdir. Aslida barcha maqtov Alloh taologa xosdir va Uning Payg'ambariga (sollallohu alayhi va sallam) munosibdir. Shuning uchun doimo Allohga hamd-sanolar aytamiz. Shu bois, sahobalardan Abbos, Hasson, Ka'b va boshqalar Rasulullohni maqtab she'rlar yozishgan. Maqtovga loyiq kishilarni maqtash jamiyatda fazilat va komillik ortishiga sabab bo'lgani uchun shariatimiz bundan qaytarmaydi. Shuning uchun mubolag'a va yolg'on so'zlardan saqlangan holda kishida bor bo'lgan sifatlar bilangina maqtash joiz. Lekin maqtovga loyiq bo'lmagan kimsalarni, kishining mansabi, boyligi yo obro'-shuhrati uchun maqtash haqiqat va axloqqa zid bo'lgani uchun yomon ish sanaladi.
Kishini yuziga maqtashning foydasi ham, xatari ham bor: agar maqtalayotgan kishi komil imonli, ishonchli, riyozatli, ma'rifatli bo'lsa va maqtovdan fitnalanmasa yoki g'ururga ketmasa, maqtov harom ham, makruh ham bo'lmaydi. Aksincha bo'lsa, kishini yuziga maqtash qattiq makruh bo'ladi.
Abu Muso Ash'ariydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kishini ko'klarga ko'tarib maqtashayotganini eshitib: "Uni halok qildinglar-ku!" (yoki belini sindirdinglar), deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Maqtovchi (maddoh) biror mansab yoki manfaat ilinjida odamlarni yuziga maqtovchi, asli yo'q, haqiqatga zid va botil narsalarni targ'ib qiluvchidir. Hadisda kelishicha, bir kishi Usmonni (roziyallohu anhu) maqtaganida sahoba Miqdod ibn Asvad (roziyallohu anhu) uning yuziga tuproq sochib yuborgan. Usmon: "Bu nima qilganingiz?" deb so'raganida, Miqdod bunday degan: "Rasuli akram "Agar maddohlarni (maqtovchilarni) ko'rsangiz, yuziga tuproq sochinglar", deganlarini eshitganman" (Imom Muslim rivoyati). Ayrim ulamolar "yuzga tuproq sochish"ni "maddohning ovozini o'chirish" deb sharhlashgan.
Sunnatga ko'ra, agar bir kishini maqtashga to'g'ri kelib qolsa, "u shunday fazilatlarga ega bo'lsa kerak, deb o'ylayman, agar u shu sifatlarga ega bo'lsa, "uning kifoyachisi Allohdir, Alloh oldida biror kishi aybsiz emas" deyish kerak.
Odamlar darajalariga qarab maqtovni turlicha qabul qilishadi. Avom kishilar maqtovdan yayrab, xursand bo'lishadi, maddoh aytayotgan fazilatlar o'zlarida mavjudligidan faxrlanib, kibrlanishadi, maqtovchini o'zlariga do'st tutishadi. Obidlar maqtovni eshitib, undan iloji boricha qochishadi, u egallab qolmasligi uchun qalblarini ihotalab olishadi. Oriflar esa bunday hollarda "agar Alloh ayblarimni berkitmaganida odamlar faqat fazilatlarimni ko'rib, meni maqtashmasdi, demak, bu maqtovlar Allohga tegishlidir" deb fikrlaydi va barcha maqtovlarni Parvardigoriga havola etadi.
Abulqosim az-Zamaxshariy: "O'zi sazovor bo'lmagan hamdu sano va maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir", degan. Qayyum Nosiriy aytibdi: "Birov seni o'zingda yo'q sifatlar bilan madh etsa, unday odamga ishonma. Chunki u senda yo'q yomon sifatlar bilan boshqa yerda seni yomonlashga qodir".
Fosiq va bid'atchini maqtash, madhda haqiqatni aytmay riyo va yolg'on qo'shish, maqtalgan kishi bundan kibr yo g'ururga ketishi, maqtov orqali biror manfaatni ko'zlash dinimizda qoralangandir. Agar maqtov bu xususiyatlardan xoli bo'lsa, maqtash ham, maqtovga rozi bo'lish ham mumkin.
Maqtovning aksi zam (yomonlash), ya'ni bir kishiga nisbatan yomon so'zlar gapirish, holatini fosh etishdir. Har qanday insonni nohaq yomonlash haromdir.
Muallif Ahmad MUHAMMAD
- 4602
Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi 02 Iyun 2023
Kambag'allik ayb emas
Azaldan faqirlar maqtaladi. Chunki insonlar kambag'allarni yaxshi ko'rishga buyurilgan, Alloh uchun eng yaxshi odamlar kambag'allardir, deyilgan. Barcha payg'ambarlar ham kambag'allik bilan imtihon qilingan. Faqir-kambag'allarni sevishda Nabiyni sevish bor. Ammo faqir odam qanoatli bo'lsa, xalqdan biror narsa tama' qilmasa, ularning qo'lidagi narsadan umidvor bo'lmasa, qanday yo'l bilan bo'lmasin mol-dunyo orttirishga intilmasa yoki haris bo'lmasa, shundagina u maqtaluvchi faqir hisoblanadi. Xabarda aytilganidek, «Boylarning uyiga kamroq kiringlar, aks holda Allohning sizlarga bergan ne'matlarini pisand qilmagan bo'lasizlar». Yana faqirlarni juda katta ajr-mukofotlardan, savoblardan to'sadigan bir illat borki, bu ularning kibridir. Faqirning kibri boylarnikidan yomon bo'ladi, sababi boy mol-davlatidan faxrlanib kibr qilsa, kambag'al hech narsaga ega bo'lmasdan turib kibr qiladi. Ana shu kibr ortidan u hamma ishda boyga tenglashishga intiladi, o'zini boy ko'rsatish uchun har qanday aldov va nayranglarga boradi, bu bilan taqdirga isyon qilgan hisoblanadi.
Xabarda aytilganki: «Uch kimsaga qiyomat kunida Alloh taolo gapirmaydi va qaramaydi ham, ularga qattiq, alamli azob bo'ladi: ular – zino qiluvchi keksa, yolg'onchi podshoh va kibrli faqir kishilardir»; «Alloh mutakabbirni yomon ko'radi, mutakabbir faqirni undan ham yomon ko'radi».
Haq yo'ldan yiroq bo'lgan inson uchun faqirlikning mash'um xatarlari bor. Ba'zi ma'naviy ojiz odamlar uchun faqirlik, uning ortidan keladigan qiyinchilik-mashaqqatlar kufrga ketish uchun bir vosita bo'lib qolishi mumkin. Chunki sabr va qanoat kabi ulug' ne'matlardan bebahra insonlar faqirlik imtihonining qiynoqlariga dosh berolmay, har kuni Yaratgandan norozi bo'lib, shirku isyon bayrog'ini ko'tarishga odatlanib qolishadi. O'zini kamsitilgan his etishadi yoki ilohiy adolat buzilganmikin, degan kufrona gumonlarga borishadi.
Ba'zan faqirlikda, kambag'allikda yashayotgan odamlarni kuzatsangiz, ularning go'yo faqirliklariga o'zlari aybdorday, o'ksinib, boshqalar oldida xijolat chekib, noqulay holatga tushishlarini ko'p ko'rgansiz. Yoki «Nima qilaylik, peshonamiz sho'r ekan, Xudo bizni faqir qilib, nochor qilib yaratib qo'ygan bo'lsa!» deb zorlanishganini eshitgansiz. Ayrimlari o'zlarining faqirliklaridan uyalib, sal o'ziga to'qroq qarindoshlar bilan bordi-keldini ham yig'ishtirib qo'yishadi. Ba'zilar kambag'allikdan shunchalik orlanishadiki, tarkidunyo qilgan rohib kabi odamlardan butunlay o'zlarini tortishadi. Mahalla-ko'y, to'y-marosimlarga aralashishdan ham voz kechishadi. Nima, kambag'allik ayrimlar o'ylaganiday, shunchalik aybmi, kamchilikmi, peshonaning sho'rimi, Allohning jazosimi yoki taqdirning shumligimi?
Yo'q va yana yo'q. Agar inson faqirlik orqasidan o'ziga qanday ulug' marhamat, ajr-mukofotlar borligini, u faqirlik bilan sinalayotgan ekan, bundan sabr, shukr orqali sharaf bilan o'ta olsa, uni boqiy dunyoda qanday ulkan ne'matlar va mukofotlar kutayotganini tasavvur ham qila olmaydi. Bejizga o'tmishdagi so'fiylar: «Agar hukmdorlar bizdagi ruhiy xotirjamlikning sababini bilib qolishsa, egnimizdagi jandalarni tortib olgan bo'lishar edi», deyishmagan. Shunday ekan, siz faqirlik kelganida xafa bo'lish o'rniga sevining, kambag'alligingizni qo'rqmay, uyalmay tan oling, o'zingizni kambag'allikka tayyorlang. Zakot yeyishdan uyalmang, shuni bilingki agar siz kabi kambag'allar bo'lmasa, boylar zakotini bergani odam topolmay, Allohning farzini bajara olmay qolishardi-ku!
Faqirona hayotning ruhiy va ma'naviy sakinati, qalb xotirjamligini hech narsaga tenglab bo'lmaydi. Mol-dunyosi bo'lmagan odam uni tasarruf qilish, ko'paytirish, foyda olish, asrash, aldanish xavfi kabi qanchalab ofat-xatarlardan omonda, xotirjam yashaydi. Dunyoning tashvishi va hisob-kitobi miyasini band qilmagani uchun ibodatlarida halovat, rohatlanish bor. Boqiy dunyoda hisobga tortilmasligining o'zi va buning ortidagi qalb halovatini uncha-buncha narsa bilan o'lchab bo'lmaydi. Kambag'alning boylardan besh yuz yil avval jannatga kirishi bashorati hamma boyliklardan ustun mukofot emasmi? Xabarlarda aytilganiday: «Odamlarning oldidan aylanib yurganida bir va ikki luqma yoki bitta va ikkita xurmo bersang, olib ketadigan kishi haqiqiy miskin emas. Haqiqiy miskin o'zini behojat qiladigan narsa topa olmasa va sadaqa berish uchun uning ahvolidan boshqalarning xabarlari bo'lmasa hamda o'zi ham tilanib yurmaydigan kishidir»; «Har bir narsaning kaliti bor, jannatning kaliti miskin-faqirlarni sevishdir».
Faqir sahobiylar oralaridan bir kishini vakil qilib Payg'ambar alayhissalom huzurlariga yuborishdi. Vakil u zotga bunday dedi: «Meni ashobingizning faqirlari huzuringizga yuborishdi». U zot: «Senga va seni yuborganlarga marhabo! Ular men sevgan kishilardir», dedilar. Kelgan vakil istaklarini shunday bayon qildi: «Boylar mollari bo'lgani uchun haj qilishyapti. Juda ko'p xayrli ishlarni qilishyapti. Biz esa faqirlik orqasidan bularni uddalay olmayapmiz. Shuning uchun oxiratdagi mukofotimiz, xayrli amallarimiz oz bo'lib qoladimi, deb o'ylayapmiz. Meni sizga yuborgan faqirlar «bizning holimiz nima bo'ladi», deb so'rashdi. Faxri koinot bunday dedilar: «Faqirlarga mendan shuni yetkazginki, oxiratda erishadigan mukofotlarini o'ylab, bu dunyodagi mahrumiyat hollariga sabr qilsinlar. Chunki faqirlarning boylardan afzal uchta jihatlari bor:
1. Ularga bu dunyoda chekkan mashaqqat-qiyinchiliklari, dunyo ne'matlaridan bebahraliklari evaziga jannatda shunday ko'shk-par beriladiki, boshqalar u ko'shklarga dunyoda eng porloq yulduzlarga qaragandek mahliyo bo'lib qarashadi. Bu ko'shklar payg'ambarlar, shahidlar va faqir musulmonlar uchundir.
2. Faqirlarning hisoblari oson bo'ladi va ular boylardan oldinroq jannatga kirishadi.
3. Boy kishi sadaqa berib erishadigan savobga faqirlar: «Subhanallohi val hamdulillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar», deb erisha olishadi. Faqirlar bu kabi zikr va tasbehlarni boylardan ko'proq aytishsa, boylarning pul va mollari bilan qozongan savoblariga shu aytgan zikrlari bilan erisha olishadi».
Zunnun Misriy deydiki: «Bir kambag'al do'stim bor edi, olamdan o'tdi. Bir kuni tushimga kirdi. Undan: «Alloh sen bilan qanday yo'l tutdi?» deb so'radim. U shunday javob qaytardi: «Alloh: «Pastkash boyvachchalar uzatgan nonni olmaganing uchun gunohlaringni mag'firat etdim», dedi». Shu zotning yana bunday so'zi bor: «Ilm ahlidan bo'lmish har bir er ilmi ziyoda bo'lgani sayin mol-dunyoga nafrati kuchayib, uni tark etardi. Endi-chi? Bugun ilmi ko'paygani sari mol-dunyo muhabbati va talabi kuchaymoqda. Ilgari olim odam molini ilm yo'lida sarf etardi. Bugun-chi? U ilmi orqali mol-dunyo to'playdi. Ilgari ilm oluvchining botini va zohiri kuchga to'lardi. Hozir-chi? Uning botini ham, zohiri ham fasoddir».
Bishr Xofiy aytadi: «Faqirlar uch toifa bo'lishadi: birinchisi so'ramaydi, bersang olmaydi ham, bu toifa ruhoniyati oliy odamlardir, ular Allohdan so'rashsa Alloh beradi, Allohga qasam keltirishsa qabul bo'ladi. Ikkinchi toifa so'ramaydi, bersang oladi, bular o'rta qavm, Allohga tavakkul qilib yashashadi, bularga jannatda dasturxonlar yoziladi. Uchinchi toifa sabrni o'ziga qalqon qilganki, boshga hojat kelsa Allohga murojaat qiladi, O'zi singarilar yoniga chiqadi, haqiqatgo'yligi uning xizmatkoridir». Shu zotning mana bunday gaplari ham bor: «Shunday zamonlar keladiki, qoplab dunyo tentaklar qo'liga o'tib ketadi». Ishonmasangiz, atrofingizga bir nazar soling: behisob mol-dunyoga ega bo'lganlar aqlli, dono, taqvodor odamlarmi yoki aksinchami?
Abul Hasan Siriy bunday deganlar: «Hech kimdan hech narsa so'rama, hech kimdan hech nima olma, shunda birovga berishga hech nimang bo'lmaydi. Dunyoning turgan-bitgani ortiqchadir, lekin besh narsa bundan mustasno: non, suv, kiyim, uy va manfaatli ilm».
Shaqiq Balxiy faqirlikni yoqlab o'tgan shayxlardan. U aytadiki, «Dunyoga intilib o'lishdan saqlan, xotirjam bo'lginki, senga yozilgan rizq sendan o'zgaga berilmaydi. Banda faqirlikni ixtiyor etib, boylikdan qo'rqishi qanday bilinadi? U badavlat odam kambag'al bo'lib qolishdan qo'rqqanidek boyib qolishdan qo'rqadi va faqirlik holatini qo'rquv bilan saqlaydi. Faqirlikni saqlash faqirlikni Yaratganning in'omi deb tushunishdir. Boylardan chetda yur, chunki qalbingni ularga bog'lasang, ular bilan hamtovoq bo'lsang, ular itoatiga tushib qolib, Rabbingdan yuz o'girasan».
Muhammad ibn Bahrin ash-Shajiniy bunday degan edi: «Mol-mulkim ko'pligiga qaramay, faqirlikdan juda qo'rqar edim. Kunlardan bir kuni Abu Hafs Haddod menga: «Agar peshonangga faqirlik yozilgan bo'lsa, hech kim seni boy qila olmaydi», dedi. Bu gapni eshitganim zahoti faqirlik qo'rquvi qalbimni tark etdi».
Ba'zi kimsalarning kambag'allarni qo'l uchida ko'rsatishi, ularni nazarga ilmasligi, ular huzurida boyligi bilan kerilishi yoki kibrlanishi, insoniy munosabatlarda kambag'allardan ustunlik da'vo qilishi nodonlikdan, johillikdan boshqa narsa emas.
Mana shunday noxush holatlarga kelin olishda, qiz chiqarishda ayniqsa ko'proq duch kelinadi. Kelin axtarganlar boyroq xonadondan qiz olsam, o'g'limning kelajagi ta'minlanadi, qaynotasi yoki qaynonasi turmushda yosh oilani qo'llab turadi, degan bema'ni xayollarga borishadi. Qiz uzatadiganlar badavlat xonadonga uzatsam, yegani oldida, yemagani ketida, hech narsadan muhtojlik ko'rmay yuradi, degan rejalar tuzishadi. Bilishmaydiki, Alloh taoloning rizq taqsimlashda alohida hikmati, irodasi bor, birovga ko'proq, birovga ozroq rizq beradi.
«Nega kambag'alga qiz bermaysiz, bitta aybi goho och qoladi-da», deb so'radi bir dono kishi mahalladoshlaridan. Ularning chehrasida tasdiq ishorasini ko'rgach afsuslanib xitob qildi: «Yo'q, aksincha boyning xonadonida och qoladi. Qizingiz yurgan yo'lida yesa boy «nega turib yeyapsan», deb ko'z ochirmaydi, o'tirib yesa «nega o'tirvolib yeyverasan», deb tinchlik bermaydi. Ishonmasangiz, tekshirib ko'ring, barcha boylarning kelini oriq… Kambag'al esa faqirligim sezilib qolmasin, deya hali sinashta bo'lmagan kelinga nuqul ovqat tiqishtiradi».
Aksariyat badavlat kishilarning qizlari to'kinchilikda, farovonlikda, erka bo'lib ulg'aygani uchun ko'p hollarda oddiy, kamtarona yashaydigan xonadonlarga munosib kelin bo'lolmaydi. Sababi, odatda ularning qo'lini sovuq suvga urdirishmaydi, aytganini hamisha muhayyo qilishadi, qilini egri deyishmaydi, xullasi hamma aybu nuqsonlarini qilingan mo'l-ko'l seplar, shohona to'y marosimlari yopib ketadi, deb o'ylashadi. Aksincha, kambag'alroq oiladan kelin bo'lib tushgan qizlar esli-hushli, «oilam, erim, ro'zg'orim» deydigan, borgan joyiga toshday cho'kadigan, hammaning xizmatini qilib ko'nglini oladigan epli bo'lishadi. Faqat ularning kamxarjligini, qo'li kaltaligini betiga solmasangiz, arzimas mayda-chuyda deb izzat-nafsini koyitmasangiz, bo'ldi.
Shu o'rinda Hazrati Umarning sutchi ayolning halol qizini kelin qilganlari haqidagi go'zal bir rivoyatni keltirish o'rinlidir: Umar ibn Xattob Madina ko'chalarini aylanib yurganlarida bir voqeaning guvohi bo'ladilar. Bir xonadonda sutchi ayol bugun suti odatdagidan kamroq ko'ringani uchun unga biroz suv qo'shmoqchi bo'lar, uning qizi esa «Allohdan qo'rqmaysizmi?» deb uni bu gunoh ishdan qaytarar edi. Voqedan voqif bo'lgan Hazrati Umar ertasiga ertalab o'sha xonadonga borib, Allohdan qo'rquvchi, go'zal axloqli, yaxshi fazilatli va iffatli qizni o'g'liga xotinlikka so'radi. Butun musulmon olamining amiri o'g'lini faqir qizga, oddiy sutchining qiziga uylantirdi. O'sha pokiza kelindan shunday farzandlar dunyoga keldiki, ulardan biri bobosi kabi adolatni sevuvchi, Allohdan qo'rqadigan, tarixda «Ikkinchi Umar» nomini olgan, xalifalik qilgan yillari «eng saodatli va adolatli davr» sifatida tarixga kirgan Umar ibn Abdulaziz edi…
«Tazkirat ul-avliyo»da shunday naql qilingan: Shayx Hotami Asom Balx shayxlarining ulug'laridan edi. Bir kuni Hotam ayolidan:
– Men to'rt oylik safarga ketyapman. Shu to'rt oylik muddatga qancha nafaqa qoldirishimni istaysan? – deb so'radi. Ayoli bunday javob qildi:
– Tirik qolishimga yetgulik nafaqa qoldiring.
– Tirikliging va o'liming aslo mening qo'limda emas, Haq taoloning qo'lidadir, – dedi Hotam.
– Unday bo'lsa, mening rizqim ham sizning qo'lingizda emas, janobi Haqning qo'lidadir, – dedi xotin.
Hotamga bu so'z ma'qul keldi va xotinini duo qildi. Qo'shni xotinlar kelib ayolga: «Hotamdan nechun nafaqa so'ramading?» deyishdi. Xotin bunga javoban:
– U kishi ham men kabi rizq yeyuvchidir, berguvchi emasdir, – dedi.
Hofiz ibn Rajab ushbu voqeani qozi Abu Bakr Muhammad ibn Abdulboqiydan naql qiladi: «Men Makka shahrida faqirona hayot kechirar edim. Bir kuni ko'chada hamyon topib oldim. Uyga kelib ochib qarasam, ichidan bir shoda marvarid chiqdi. Bunaqasini umrimda ko'rmagan edim.
Qaytib ko'chaga chiqdim. Bir odam: «Men hamyonimni yo'qotib qo'ydim, kim topib olib qaytarib bersa, besh yuz dinor beraman», deb yurgan ekan. Shunda men: qornim och, hojatmandman, hamyonni berib evaziga pulni olamanu undan foydalanaman, deb o'yladim.
O'sha odamni chaqirdim. U uyimga kirgach, hamyonning va undagi marvaridning belgilarini so'radim, aniq aytib berdi, shunda unga hamyonini topshirdim. U besh yuz dinor pulni uzatdi, ammo men olmadim, to'g'rirog'i olishni ep ko'rmadim.
Oradan ancha vaqt o'tib, dengiz safariga chiqdim. Nogahon kemamiz halokatga uchrab, hamma suvga g'arq bo'ldi. Alloh taoloning irodasi bilan yolg'iz mengina bir parcha taxtaga yopishib, jon saqlab qoldim. Keyin bir orolga chiqib oldim va o'sha yerdagi masjiddan panoh topdim. Qur'onni chiroyli o'qishimni eshitib, odamlar oldimga kela boshlashdi. «Yozuvni ham bilasanmi?» deb so'rashdi. «Ha», dedim. Ular bola-chaqalari bilan kelib, mendan o'qish-yozishni o'rgana boshlashdi. Moddiy yordamlari tufayli men ham o'zimni tiklab oldim. Bir yetim qizlari bor ekan, bir kuni ular meni uylantirib qo'ymoqchi bo'lishdi. Avvaliga rozi bo'lmadim, qistayverishgach ko'nishga majbur bo'ldim.
To'y kuni…qizning bo'ynidagi marvaridga ko'zim tushib, hayratda qotib qoldim. U o'sha men topib olgan marvarid edi. Odamlar mening ahvolimga hayron… Ularga boshimdan o'tgan voqeani aytib berdim. Odamlar takbir aytib yuborishdi. So'ng bu qizning otasi o'sha hamyonini yo'qotgan kishi ekanini, u umrining oxirigacha: «Dunyoda hamyonimni qaytarib bergan yigitga o'xshagan sofdil kishini boshqa ko'rmadim, ey Alloh, meni yana o'sha yigitga ro'baro' qil, qizimni unga nikohlab beray», deb duo qilganlarini aytib berishdi…».
Muallif Ahmad MUHAMMAD
- 4381
Odinaxon Muhammad Yusuf olima 27 May 2023
Tashna ko'ngillarga murojaat...
Ey ayol, ey nozik xilqat..
Ushbu muborak kechalarni yig'lab o'tkizyapsan. Tonggacha yostig'ing xo'l bo'ladi har gal. Sababi sen bevasan! Ering vafot etib ketgan. Undan senga nima qoldi? Peshonangga “beva” deb bosilgan tamg'a, yetimlar va bir dunyo dardu alam!
Senchi, ko'ngli yarim? Ne umidlarda turmush qurgan eding? Endi nima bo'ldi? To'lg'onyapsan yana tong sahar? Kecha kunduz seni bebaxt qilgan insongga hayollaringda achchiq achchiq gapirsang ham xumoringdan chiqmaysan. Qaytib kelib o'z uyingga sig'mayapsan. Lekin sendan ham holi xarobroqlar bor, huv ana, ko'zlariga uyqu kelmayotgan dugonangga qara, ikkinchi turmushi ham bo'lmadi.
Ha, dugonajon?! Bir o'zingni ayblaysan, bir uni, bir undan avvalgisini. Seni hozir ko'proq odamlarning gap so'zi xijolat qilyapti. Ikki erdan ham chiqqan bo'lib qoldim deysan, avvalgi turmushim ustimdan kuladi deysan. Dunyo ko'zingga qorong'u ko'rinyapti. Qora kigiz, oq kigiz, hammasi bir go'r. O'zingni qo'ygani joy topa olmaysan.
Senchi? Shu kundosh balosi seni hech o'z holingga qo'ymadida?! Bir ering bilan urishasan, bir kundoshing bilan. Savollar ketma ket quyilib kelaveradi. Nega nega... hayoling shundan xoli emas, kamiga tushlaringda ko'rasan. Unga aytasan dardingni, bunga aytasan, lekin dard o'lgur tugamaydi, nihoyasi ko'rinmaydi. Ertayu kech o'sha ofatdan qanday qutulishni o'ylaysan.
Ha, gulim, sening musibating balki boshqalarnikiga qaraganda yengilroqdir? Ha, hali turmush qurmading. Boshqa uyqusizlarga qaraganda sening qayg'uing kichikroq. Lekin bu o'zingga bilinmaydi. Nazaringda eng bebaxt ayol sensan. Oynaga uzoq termulib o'zingdan shubha qilasan. O'zingga o'zing xunik ko'rinasan va baxting ochilmaganining sababini shundan ko'rasan.
Tasavvur qiling, shunday bedor ayollar kechalarini chiroqni yoqib o'tkazishsa, kechaning yorug'i kunduznikidan ziyoda bo'lar edi.
Dugonajonlar, men sizlar bilan birga yashayman. Dardlaringizni tinglayman. Holingizdan xabarim bor. Sizlar haqingizda o'ylayman. Kechalari Robbimning rahmatidan umidvor bo'lib ko'kka boqqanimda, yongan chiroqlaringizni ko'raman.
Kechalarining tengi yo'q, kunduzlarining misli yo'q bu muborak oyda, keling sizlarga bir nasihat qilay, tashna bo'lgan ko'ngillaringizga tasalli beray.
Avvalam bor azizalarim, baxt deganda nimani tushunasiz?
Ha, ayol kishi uchun erlik bo'lish, farzandlik bo'lish baxtdir. Lekin asosiy va yagona baxt shumi? Haqiqiy baxt Allohni tanish va davomli itoatu ibodatda bo'lib, solih banda bo'lish emasmi? Taqdirga iymon keltirmaymizmi? Allohning bizga bergan ne'matlariga shukr qilmaymizmi?
Senga baxtni erkak emas, balki uni yaratgan Zot beradi. Sen baxtni undan emas, Xoliqingddan kutgin.
Oila deganda faqat erni tushuniladimi? Ota onangchi, aka ukalaring va opa singillaringchi? Farzandalaringchi?
Bilginki, erkakning ayolga, ayolning erkakka talpinishi, aslida zurriyot qoldirishga bo'lgan turtkidan o'zga narsa emas. Bu Buyuk Zotning hikmatidir.
Ha, sen bevasan, tinmay noliysan. Lekin bevaning Alloh huzuridagi darojotini bilasanmi? Unga yaxshilik qilish, yetimga yaxshilik qilish bilan barobar ekanligini bilasanmi? Sabr qilsang, qancha ajrga erishishing mumkinligini bilasanmi? Bevalik aslida sen uchun bir oliy maqom ekanligidan xabaring bormi?
Qayg'urishdan ne foyda? Farzandingni tarbiyasi bilan shug'ullan. Bilasanmi, qanchadan qancha ulamolar, ulug' insonlar yetim bo'lishgan, otasiz o'sishgan, ularga onalari ham ona ham ota bo'lganlar. Farzandlarini ulug' insonlar qilib yetishtirganlar.
Ammo senchi? Ajrashdingmi, mayli, undan avval ham usiz yashagansan, undan keyin ham yashaysan. Shoyad undan ajrashishingdan xayr va hikmat bo'lsa? Balki hali birga yashayotgan bo'lsang, hayoting jahannamga aylanishi mumkin edi. Bu narsa yaxshi ayollarning boshidan ham o'tgan, ulug' ayollarning boshidan ham o'tgan, hatto Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari ham bundan salomat qolmagan.
Dugonajon, ikkita turmushing ham barbod bo'ldimi? Mayli, Allohning rahmatidan noumid bo'lma. Boriga shukr qil. Hayot tugadi degani emas bu. Balki ikkinchi bor turmush qurganingda yaxshi niyat qilmagandirsan. Balki u to'g'ri niyat qilmagandir. Sen ko'nglimga qaraydi, bolalarim boshini silaydi degandirsan. U esa, tayyorgina, og'irligini menga solmaydi degandir. Alloh uchun deyilmagandir. Allohning roziligi uchun deyilmagandir.
Adolat istayotgan ayol! Kundoshingni ham eringni ham o'z hollariga qo'y. Qiyomat kuni ular uchun sen javob bermaysan. Haqsizlik qilishayotgan bo'lsa, o'zlari javob berishadi. Sen o'zing nima deb javob berishingni o'yla. Hali unga hali bunga shikoyat qilishni bas qilib, hamma ish O'z qo'lida bo'lgan Robbingga shikoyat qilgin, qadariga rozi bo'lgin, ne'matiga shukr qilgin. Menga teng qildi ya deb kuyaverma. Faqatgina Allohga tengdosh qilib bo'lmasligini esingda tutgin.
Ha, gulim?! Alloh bandalaring suratiyu jamoliga emas, qalblari va amallariga nazar solishidan bexabarmisan? O'zingni tuzab, birortasiga yoqarmikinman, deysanu, Robbingni rozi qilishga urunib ko'rasanmi hech? Balki sening shu holating, sen havas qilgan ko'pgina dugonalaringning holatidan ko'ra afzaldir? Ular turmush qurib, ibodatga ko'p ham bo'sha olmayotgandirlar, taqvolar susaygandir. Senda ularga qaraganda, ibodatga fursat ancha keng!
Keling azizalarim, Ramazonni g'animat bilaylik. Ko'ngillar tashnaligini Alloh bandasining muhabbati bilan emas, Allohning muhabati ila serob qilaylik. Vujudimizdagi bo'shliqni Allohning ishqi va Rasulining ishqi ila to'ldiraylik. Kechalari baxtsizligingizni o'ylab yig'lamang, Allohdan qo'rqib yig'lang. Keraksiz o'y fikr, hayollarni deb bedor bo'lmang, ibodat uchun bedor bo'ling. Kunduzi ro'zador bo'lib, g'iybatchilik, noshukrchilik qilmang, zikr qiluvchi, shukr qiluchi bo'ling. Ramazonning har daqiqasidan foydalaning. Ming kechadan xayrli kechani qo'ldan qochirmang.
Kunduzlari ro'zador bo'lar ekansiz, tilovat qilar ekansiz, kechalari qoim bo'lib ibodat qilar ekansiz, sizni ulug'lagan Allohni ulug'lang. O'zidan umid qiling, O'zigagina yolboring, O'zidangina so'rang.
Ayollarni erkalagan, ummatlarining erkaklariga ularga yaxshilik qilishni vasiyat qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar aytishdan erinmang.
Biror ayolning eri vafot etsa, yoki ajrashsa, iddasi tugashi bilan eshiga oldida nafslari uchun emas, savob umidida sovchilikda navbat bo'lib turadigan sahobai kiromlarga ham salovotu salomlar yuboring.
Uyida erkak bo'lmas, ko'chaga chiqarib qo'ygan chelaklariga suv to'ldirib kelib bergan mard erkaklarning haqqiga duo qiling va farzandingizni xuddi shunday tarbiya qiling.
Siz mo'minlar onalaridan, sahobiyalardan o'rnak olib, ular tutgan yo'lni tutinki, sizlarga ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari ila xulqlangan, sahobalarga o'xshash erkaklar nasib qilsin.
Agar siz shu aytilgan narsalarga amal qilsangiz, sizning g'amu anduhlaringizga shohid bo'ladigan chiroqlarga hojat qolmaydi. Balki ularning o'rniga ulardan afzal bo'lgan, yana ham yorqin bo'lgan Rahmoniy nur paydo bo'ladi va sizlar tomon nazar solgan insu jinlar:”Bechora baxtsizlar” deb emas, “Eng baxtli mo'minalar”, deya havas ila qaraydi.
Muallif: Odinaxon Muhammad Yusuf
- 4656
Nozimjon Hoshimjon Voiz, Tarjimon 23 Avg 2022
Baxt kalitlari
Er erta tongda uyqudan turdi. Nonushtani qilib bo'lgach, kiyimlarini kiyib, ishga jo'nashga chog'landi. Ofisning kalitini olish uchun o'zining kitoblari turadigan xonasiga kirdi. Qarasa, stolning va kompyuter turadigan xonning usti qalin chang bilan qoplangan ekan.
Ohistalik bilan u yerdan chiqdi va xotiniga: “Ayolim, sevgilim, xonamga kirib, stol ustidan kalitlarimni olib chiqib ber” dedi. Ayol kalitlarni olish uchun haligi xonaga kirdi.
Kalitlarni olib, endi chiqmoqchi edi, xon ustidagi changning o'rtasiga barmoq bilan: “Xonimim, seni sevaman. Ey umrimning yo'ldoshi, seni juda ham sevaman” deb yozib qo'yilibdi. Ortga qayrilib, xonadan chiqmoqchi edi, kompyuter turadigan xonning ustidagi changning
o'rtasiga ham barmoq bilan: “Xonimim, seni sevaman. Ey umrimning yo'ldoshi, seni juda ham sevaman” deb yozib qo'yilibdi.
Ayol xonadan chiqib, kalitlarni eriga uzatar ekan, yuzida tabassum ko'rinardi. Go'yoki, u erining nima demoqchiligini tushungandek, bundan keyin uyining tozaligiga jiddiy e'tibor berishga qasd qilgandek edi. Ha, bu hodisa xato qilgan ayoliga yomon muomala qilmasdan, balki uning xatosini go'zal shaklda tushuntirib, noqulay va ko'ngilsiz vaziyatni hursandchilikka aylantirgan aqlli erning uyida sodir bo'lgan. Mana shu haqiqiy muhabbat, haqiqiy baxtiyor oiladir. Zero, oilaparvar dinimiz islom ham bizlarni ana shunday muloyimlikka, og'ir vaziyatlarni ham yumshoqlik bilan hal etishga chorlaydi. Alloh taolo yurtimizdagi barcha oilalarni baxtiyor oilalardan qilsin, omin!
Nozimjon Hoshimjon
- 4104
Husaynxon Yahyo Abdulmajid Xofizi qur'on 23 Iyun 2022
Bobom so'zin tushungim kelar...
Maqolamiz qahramoni bir katta shaharda hokim bo'lgan, ulkan mamlakatda bosh vazir vazifasida ishlagan buyuk shaxs. U – hayotini halq manfaati uchun bag'ishlagan fidokor. U – o'nlab madrasalar qurgan, yuzlab masjidlar barpo qilgan, el uchun anhor-ariqlar qazdirgan ixlosli mansabdor. U – kunduzlarini xalq xizmatida, tunlarini Haq ibodatida o'tkizgan obid banda. Zotan u to'qqiz yoshda Qur'oni Karimni to'la yod olgan, balog'at yoshiga yetib-yetmasdanoq zo'r mullo, komil musulmon bo'lib yetishgan, olim, fozil inson, Qur'oni Karim, tafsir, fiqh, hadis, balog'at, she'riyat, adabiyot, tilshunoslik, falsafa va boshqa ilmlarni egallagan zabardast alloma. Siz qahramonimizni yaxshi tasavvur qilib oldingiz-a? Endi u inson haqida uni tanimagan yoki tanib, o'zini tanimaslikka olgan kishi tomonidan «U aroqxo'r odam ekan, boz ustiga bir qizga xushtor bo'lib qolib, aqlidan ayrilay debdi. Yoshi oltmishga borib
qolganiga qaramay, qirq yildan buyon o'sha ma'shuqasini maqtar, unga yetisholmay, bor-budini xazon qilgan ekan» degan gapni eshitsangiz, bunga qalbingiz ishonadimi? Aqlingiz bovar qiladimi?! Yo'q, albatta!
Qahramonimiz ismi sharifi Alisher. Ixlosli, fazilatli musulmon oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidanoq o'ziga «Navoiy» degan taxallusni ixtiyor qilgan. Keling, endi maqsadga o'taylik.
Navoiyning she'rlari besh-olti yoshimdayoq qalbimni o'ziga rom etgan edi. Yoshim ulg'ayib, aqlim to'lib, bilimim ortgan sayin Navoiyning ijodi bilan ko'proq tanishishga, uning maqsadlarini tushunishga bo'lgan ishtiyoqim va imkoniyatim ortib borardi. Ba'zan o'ylab qolar edim: «Nahotki, shunday buyuk shaxs bir qizning ishqida shuncha devonlar, dostonlar yozib yuborgan bo'lsa?! Shahvatparastlik hech qachon inson farzandiga sharaf olib kelgan emas. Navoiyning so'zlarida o'ziga xos bir atamalar, majoziy me'yorlar bo'lishi kerak.
Nafs istaklarini qondirishni birlamchi g'oyaga aylantirib olgan hozirgi kishilar oldida ham birorta shoir ayollarni yoki ichkilikni maqtash bilan obro' topgani yo'q. Islomiy tasavvuf gurkirab yashnagan, axloqiy me'yorlar bosh qonun bo'lgan davrda butun xalq orasida, olimu
fozillar, podshohu vazirlar, ahli tasavvuf va zohidlar qoshida qandaydir shilqimona oldi-qochdilar bilan beqiyos hurmatga sazovor bo'lish mumkinmi?! Yo'q! Aslo mumkin emas! Navoiy boshqa narsani nazarda tutgan bo'lsa kerak. Uning o'ziga xos uslubi bo'lishi kerak».
Bunday fikr faqat mening emas, menimcha, har qanday oddiy aql sohibining xotiriga kelgan. Qolaversa, ustozlarimizdan biri aytganidek, hozir ham agar biror vazir o'zi haqida «falon vazir falon qizga xushtor bo'lib qolibdi» degan gapni eshitsa, bu gap rost bo'lgan taqdirda ham, o'sha gapni aytgan odamni, kerak bo'lsa, o'limga hukm qiladi. Aslida bir mamlakatning vaziri bo'lib turgan, tasarrufida hisobsiz boylik qalashib yotgan erkak uchun bitta qizni o'zining xohishiga yurgiza olmaslik aqlga ham, voqe'likka ham to'g'ri kelmaydi.
Demak, bu yerda boshqa gap bor. Xo'sh, nima qilish kerak?
Navoiyni tushunish uchun Navoiyning davriga qaytish kerak, albatta. Ma'lumki, Alisher Navoiy davrida boshqa ilmlar qatori tasavvuf ilmi ham rivojlangan edi. Alisher Navoiy ham naqshbandiya tariqati soliklaridan edi. Binobarin, Navoiyni tushunish uchun islomiy ilmlarni, jumladan tasavvuf ilmini ham bilish lozim bo'ladi. Har bir ilmning o'ziga yarasha atamalari bo'lganidek, tasavvufning ham o'ziga xos
atamalari bo'lishi tabiiy. Ibn Sinoning so'zlarini tushunish uchun tabobat atamalarini, Forobiyning fikrlarini ilg'ash uchun falsafiy iboralarni, muhaddislarning so'zlarini anglash uchun hadis ilmi istilohlarini bilish lozim bo'lganidek, tasavvuf ahlining so'z-iboralarini to'g'ri tushunish uchun ham ularning o'zlariga yarasha atamalarini tushunish kerak bo'ladi.
Masalan, «sahih» degan so'z lug'atda «sog'lom, to'g'ri», fiqh ilmida «to'g'ri, xato emas», hadis ilmida «ishonchli», sarf ilmida «illat harflardan xoli so'z», tabiblarda «sog'-salomat» degan ma'noda tushuniladi. Binobarin, «sahih» so'zini qaysi ma'noda tushinish bu
so'zning qaysi ilmga oid kitobda kelayotganiga qarab ta'yin topadi. Yana bir misol uchun «vazn» so'zini olaylik. Bu so'z umumiy holatda «og'irlik» ma'nosini bildiradi. «Falon narsaning vazni faloncha gramm», deganga o'xshash. Ammo bu so'z she'riyatda kelsa, ma'lum ritmga ega ma'lum bo'g'inlar yig'indisi tushuniladi. Sarf, ya'ni morfologiyada esa bu atama so'zlarning «fa», «'ayn», «lam» muqobilidagi holatini ifodalaydi. «Vazn» so'zining istilohiy ma'nolaridan bexabar odamdan «Navoiy» qaysi vaznda?» deb so'ralsa, hech narsani
tushunmay turishi turgan gap. Sarf istilohidan xabardor kishigina bu savolga «Fa'oliy vaznida», deb javob berishi mumkin. Aruz istilohlarini bilgan inson esa «fa'ulun» vaznida deb javob qiladi. Xuddi shuningdek, tasavvufga doir so'z va asarlarni ham tasavvuf
istilohlarisiz tushunish imkonsiz.
Har bir ilmning atamalarini o'sha ilmning mutaxassislaridan o'rganilganidek, tasavvuf ahlining istilohlarini ham o'shalarning
o'zlaridan o'rganish kerak. Bu o'rinda taxmin bilan ish ko'rish, o'zboshimcha «ijodiy» yondashuv, bu ilmdan xabarsiz holatda og'ziga kelganini gapirish yoki «o'tmishni hozirga moslab talqin qilish» qabiliga o'tish yaramaydi. Kamina shu maqsadda Islom ulamolarining turli islomiy atamalarni, xususan tasavvufiy istilohlarni yoritgan asarlariga murojaat qildim. Shundan keyingina men uchun mushkul bo'lib turgan bir qancha savollarga o'zimda javob topgandek bo'ldim.
Tasavvuf ilmi ham, boshqa islomiy ilmlar kabi, Islomning ilk davrlarida alohida ilm sifatida shakllangan emas edi. Balki musulmonlar bilgan Qur'on va sunnat ilmlarining ichida umumiy tarzda o'rganilar edi. Vaqt o'tishi bilan Qur'on va Sunnatdan olingan ilmlar
turli sohalarga ajralib, alohida-alohida ilm sifatida shakllana bordi. Har bir sohaning o'ziga yarasha mutaxassislari yetishib chiqa boshladi. Shu qatori Islomda insonning axloqiga, qalbiga, ruhiy tarbiyasiga oid ilmlar ham bir to'plam bo'lib ajralib chiqdi. Bu ilmga doir
bilimlarni jamlab, alohida rivojalantirish uchun maxsus ulamolar yetishib chiqdi. Ular o'zlarining sahobai kiomlar va tobeinlardan olgan ilmlari hamda hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan bilimlarni alohida kitoblarga tushirishga kirishishdi. Keyin bu ilmga «tasavvuf» deb nom berildi. Musulmonlarning orasida ushbu ilmga alohida berilgan, asosan qalbga doir ilmlar bilan shug'ullanadigan, zamona fitnalaridan o'zini uzoqroqqa olib qochadigan, toat-ibodat, taqvo va qalb islohiga hammadan ham ko'proq harakat qiladigan
kishilar paydo bo'ldi. Ana o'sha kishilar «zohidlar», «obidlar», keyinroq «so'fiylar» deb nom oldi.
So'fiylarning ba'zilarida o'zlaridagi ruhiy o'zgarishlar, ma'naviy kamolot bosqichlari, qalbalarida hosil bo'layotgan kechinmalarni sir tuta olmay, aytib yuborish holatlari yuzaga keldi. Bunday botiniy holatlarni hammaga ham aytish ravo bo'lmasligini bilgan ba'zi kishilar o'zlariga xos atamalarni o'ylab topishdi. Ular bu bilan o'z kechinmalarini faqatgina o'zlariga o'xshagan holatdagi kishilar tushunadigan tarzda bayon qilishni iroda qilishgan edi. Buning uchun so'zlarni omma ishlatib yurganidan boshqa ma'nolarda ishlatish kerak edi. Qolaversa, agar ular o'zlarining ichki holatlarini namoyon qilib qo'yishsa, tushunmagan, ularning holatini his qila olmaydigan ayrim insonlar ularga ta'na qilishi ham muqarrar edi.
Ular ana shu majoz yo'li bilan ham o'zlaridagi holatni izhor qilishga va ayni paytda maxfiy tutishga erishdilar. Qalb dardini to'kish bilan birga riyodan ham saqlana oldilar. O'zlariga ergashganlar uchun ibrat yaratish bilan bir vaqtda ularni inkor etuvchilardan o'zlarini to'sa oldilar. Shu bilan birga, o'sha his va kechinmalarni majoz bilan ifodalashda o'ziga yarasha zavq hamda balog'at va fasohatning namoyishi ham bor. Balki ularning ruhiy olamlarida ro'y berayotgan holatlarni jo'n so'z bilan ifoda qilishning imkoni ham yo'q edi. Abdurrahmon Jomiyning aytishicha, bunday yo'lni birinchi bo'lib tutgan shaxs, Zunnun Misriy bo'lgan.
Har qanday murakkab va keng ilmning ham boshlanish nuqtasi kichik va sodda bo'lgani kabi, tasavvuf atamalari ham ilgargi holatida uncha ko'p bo'lmagan. Ammo vaqt o'tishi bilan bu maydon ham kengayib ketdi. Tasavvufiy istilohlar ikki qismga: haqiqiy va
majoziylarga bo'lindi. Haqiqiy ma'nodagi istilohlarga misol tariqasida «tavba», «riyo», «uzlat», «ixlos», «muhabbat» kabi so'zlarni keltirish mumkin. Majoziy istilohlarga «fano», «baqo», «ishq», «hijron», «zulm», «ahdga vafo», «yor», «dildor» kabi so'zlarni keltirish
mumkin. Avvalgi qismning aksari Qur'on, Sunnat va salafi solihlarning so'zlaridan olingan bo'lsa, keyingi qism atamalar, yuqorida aytib o'tganimizdek, o'z holatini ommadan yashirish maqsadida paydo bo'lgan. Ehtimol, ular hali kelajakda jinsiy maylni hayotning bosh maqsadi qilib oladigan hozirgidek jamiyatlarning kelishini tasavvur ham qila olmagandirlar.
«So'fiylar istilohi» deganda «so'fiyning ilohiy visolga yetishish yo'lida qilgan poklanish, xulqlanish va yetishishdan iborat uch bosqichli ruhoniy safari asnosidagi zavqiy tajribalarini aks ettiruvchi tushunchalarni ifodalovchi so'zlar» nazarda tutiladi.
Tasavvuf istilohlarining shakllanishi va boyib borishida Qur'oni Karim, Sunnati nabaviyya, salafi solihlarning hikmatlari katta o'rin egallagan bo'lsa, shu bilan birga boshqa ilmlarning, jumladan falsafaning ham ta'siri katta bo'lgan. So'fiylarning istilohlari boshqa
ilmlardagi istilohlardan shunisi bilan farq qiladiki, bu istilohlar muayyan bir ma'noga bog'lanib qolmay, bir necha irfoniy ma'nolarda ishlatilishi mumkin. Ularning qaysi ma'noda qo'llanilganini atrofidagi boshqa so'zlardan chiqarib olinadi. Masalan, «yor» deganda Alloh
taoloni tushunish ham mumkin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoki pirni tushunish ham mumkin, shuningdek, g'aybiy mushohada nazarda tutilishi ham mumkin. Tasavvuf ahlining namoyandalaridan bo'lgan Alisher Navoiyning asralari ham, tabiiyki, o'sha istilohiy ma'nolar asosida talqin qilinishi shart. Aks holda, shunday ulug' shaxsiyatga til tekkizgan, uning omonatiga ham, tarixga ham, ilmga ham xiyonat qilgan bo'lamiz. To'g'ri, yaqin vaqtlardan beri Navoiyning ayrim she'rlarini tasavvufiy sharhlash ham uchrab turibdi. Ammo ular ko'plari birlamchi o'rinda o'zlarining g'ayriislomiy tasavvurlari bilan, ta'bir joiz bo'lsa, havoyi nafslariga muvofiq tarzda sharhlashi kuzatilyapti. Tasavvufiy sharh qilmoqchi bo'lganlar ham muqarrar ilmiy asosga, chin tasavvufiy istilohga tayanmagan. Balki bu sharhlarning aksari mavhum talqinlar, tushunarsiz, gajakdor iboralar, hissiz ta'bir, taxminiy tasavvurlardan boshqa narsa bo'lmay qolgan. Buning ustiga ba'zi bir jur'atli qalamkashlar o'shanday tasavvufiy g'azallarga muxammas bog'lashga ham qo'l tekkizishgan.
Tabiiyki, natija «qovunga qovoqni payvand qilgandek» bo'lgan.
«Ilm har qanday murakkab narsani soddalashtirib beradi» degan qoidaga muvofiq, agar biz o'sha irfoniy she'rlarni muallif nazarda tutgan istilohlar bilan tushunishni yo'lga qo'ysak, o'zimizni ham qiynamaymiz, o'zgalarni ham adashtirmaymiz. Misol uchun birgina baytni sharh qilib ko'raylik:
Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab,
Xiromi sur'atidin gul uza haydin gulob aylab.
Nasriy bayon:
Oqshom tunda o'sha gulyuzli yor kulbamga shitob bilan kirib
keldi. Yurishi tezligidan gul yuzidan terlar gulob bo'lib quyilardi.
Ma'lumki, Alisher Navoiy uylanmay o'tgan. Agar kechqurun Navoiyning huzuriga hamma g'aflatdalik paytda u kishining sevgan qizi kelgan bo'lsa, bu sir tutilishi kerak. Agar biz baytni mana shu qabilda, boshqacha qilib aytganda, «zamonaviy» tushunadigan bo'lsak, bu bilan Navoiyga faqat isnod keltirishimiz muqarrar. Navoiydek buyuk insonni qo'ying, har qanday o'zini hurmat qilgan odam ham, bunday ish ro'y bergan bo'lsa, uni boshqalardan yashirishi turgan gap. Demak, Navoiy boshqa narsani ko'zda tutgan. Navoiyning maqsadini tushunish uchun u kishining istilohlarini tushunishga urinamiz. Keling, bu baytda ishlatilgan so'zlarni tasavvufiy istilohlar asosida sharh qilib ko'raylik. Bu borada Muhammad Aliy Tahonaviyning «Kashshaf istilahat al-funun», Abdurrazzoq Koshoniyning «Istilahat as-Sufiyya», Dokor Rafiq Ajamning «Mavsu'at mustalahat at-tasavvuf al-islamiy» asarlari bizlarga asos bo'ladi:
Kulba – solikning qalbi;
(solik tariqat yo'lini tanlagan shaxs)
Gulrux (gulyuz) – shuhud olami, ya'ni Alloh taoloning
zotini mushohada qilish holati;
Gul uza hay (yuzdan oqqan ter) – g'aybiy ilhom.
Endi ushbu
izohlar asosida baytning nasriy bayonini ko'raylik:
«Hamma yoqni jaholat zulmati qoplab
turgan bir paytda qalbimda Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati yuz berdi. Bu mushohada shu qadar tez ro'y berdiki, uning tezligidan menga g'aybiy ilhomlar hosil bo'ldi». Endi o'zingiz xolis o'ylab ko'ring, Navoiyga nisbatan avvalgi uyatli ma'noni iroda qilish
aqlga to'g'riroq keladimi yoki mana bu irfoniy ma'nolarnimi? Qaysi biri voqe'likka va mantiqqa to'g'ri keladi? Bir tafakkurni ishlatib ko'ring,
Navoiy ahli junun zumrasig'a kirdi, Ilohiy,
Chu aylading ani majnun, O'zingni qil anga Laylo.
To'rt unsur qaydidin to chiqmag'aysen, naf' emas,
Osmoniy to'rt daftarni tutaykim yod bil.
Besha sherin gar zabun qilsang shijoatdin emas,
Nafs itin qilsang zabun, olamda yo'q sendek shujo'.
degan insonga qaysi ma'no munosibroq?!
Keling, yana bir misolni ko'raylik. «Xazoiynul-ma'oniy»ning birinchi g'azalida
Navoiy shunday deydi:
G'ayr naqshidin ko'ngil jomida bo'lsa zangi g'am,
Yo'qtur, ey soqiy, mayi
vahdat masallik g'amzudo.
Bu bayt anchagina ravshan.
G'ayr – Allohdan o'zga barcha narsa;
Ko'ngil jomi – qalb oyinasi, unda Alloh taoloning nuri tajalliy qiladi.
G'am – mone'lik, to'siq;
Soqiy – murshidi komil, insonlarga ruhiy tarbiya beruvchi ustoz.
Mayi vahdat – tavhid zavqi.
Endi baytni mazkur istilohlar asosida nasriy bayon qilib ko'ramiz:
«Ey murshid! Qalb oyinasida unga Alloh taolo tomonidan yetadigan nurning aks etishini to'sadigan zang, ya'ni
Allohdan boshqa biror narsaning naqshi – ta'siri bo'lsa, tavhid zavqichalik uni arituvchi,
tozalovchi narsa – «g'amzudo» topilmaydi».
«Tavhid» deganda qalb tubidan Alloh taoloni barcha jihatdan yagona, mutlaq tanho deb e'tiqod qilish, faqat Allohni rioya qilish, faqat
uni o'ylash nazarda tutiladi. Shuningdek, «vahdat mayi» deganda tavhid kalimasini ham tushunish mumkin.
Hazrat Navoiy uning aytgan so'zlarini maqsaddan buradigan, noto'g'ri talqin qiladigan kishilar ham uning asarlarini o'qib, tashviq qilishlari mumkinligini sezgani uchun devonining eng birinchi g'azalidayoq bu nuktaga alohida tanbeh berib qo'ygan. Yuqorida biz
birgina baytini o'qib o'tgan «Ashraqat» deb boshlanuvchi g'azalida yana shunday bayt bor:
Sen gumon qilgandin o'zga jomu may mavjud erur,
Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.
«Ey tasavvuf ahlining istilohlaridan bexabar zohirparast! Sen o'ylayotgan mast qiluvchi, aqlni ketkazuvchi, insonni xor qiluvchi sharob va o'sha harom narsa quyiladigan idishdan boshqa ham shartli ravishda «jom» va «may» bor. Bu mayxonani – oriflarning botiniy olami
vakillarini (yoki murshid xonaqosi ahlini) bilmasdan inkor qilib yurma!»
Xulosa qilib aytganda, Navoiyni tushunish uchun Navoiy bilgan va foydalangan bilimlarni, ya'ni Qur'on, Sunnat, shariat, tariqat, tasavvuf va boshqa ilmlarni bilish, o'rganish kerak bo'ladi. O'rganganda ham asl manbalardan o'rganish darkor. Buning uchun, albatta, o'sha davr Islom olamida ilmiy muomalada bo'lgan tillarni yaxshi o'zlashtirib, manbalarni begonalarning tarjima yoki tavsiflari asosida emas, asl holatida o'rganish talab qilinadi. Binobarin, navoiyshunos bo'lishni istagan kishi avvalo islom olimi, tasavvuf bilimdoni bo'lishi, bu
ilmlarni bilibgina qo'ymay, ularni o'z hayotida tatbiq etib, zikr qilingan darajalarni o'zida joriy qilgan bo'lishi lozim. Shundagina u Navoiyni to'la tushungan, u kishining shaxsiyatini to'g'ri anglagan, so'zlarini yaxshi his qilgan bo'ladi. Menimcha, bugungi navoiyshunoslikning
oldida turgan eng katta muammolardan biri shu bo'lsa, ajab emas.
Ulug' bobokalonimizning meroslarini to'la va to'g'ri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga yetkazish biz farzandlarning burchimizdir. Bunday ulkan vazifani sharaf bilan ado qilish baxtini hozirgi ilm va ma'rifat kishilariga, alalxusus, Alisher Navoiyga o'zini avlod deb bilgan sizu bizlarga nasib qilishini Alloh taolodan so'rab qolaman.
Muallif Husaynxon Yahyo
- 5163
Hasanxon Yahyo Abdulmajid Xofizi qur'on 20 Iyun 2022
«Iyd Azho» odoblari
Bizda «Qurbon hayiti» yoki «Kichik hayit» deb nomlanadigan kun diniy manba'larimizda «Iyd al-Azha» deb yuritiladi. «Iyd» so'zi arab tilida «qayta-qayta takrorlanish», «foyda-manfaat» ma'nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va unda
Allohning ne'matlari bandalariga serob bo'lgani uchun uni «iyd» deb nomlangan. «alAzha» esa «qurbonlik qilish», degan ma'noni anglatadi.
Tilshunos mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, «hayit» so'zi ham asli «iyd» so'zidan olingan ekan. («O'zbek tilining izohli lug'ati», 676-bet. Moskva. 1981 yil.). O'g'uzlar (qadimgi turklar) ayrim hollarda so'z boshidagi unli oldiga «h» qo'shib talaffuz qilishgan ekan. («Devonu lug'atit turk», 135-bet. Mahmud Qashg'ariy. Toshkent. 1961 yil. O'z.SSR Fanlar Akademiyasi nashryoti.) Ana shundoq qilib, «iyd» so'zi bizda keyinchalik «hayit» shaklini olgan ekan. Qurbon hayiti kunining tarixi Ibrohim alayhissalomning davrlariga borib taqaladi. «Sharhul Viqoya» va bir qancha tafsir kitoblarda kelishicha, Ibrohim alayhissalom tushlarida o'g'illari Ismoil alayhissalomni
qurbonlik qilayotganlarini Zulhijjaning sakkizinchi kuni ko'radilar. Bu tushning haqiqiqiy yoki haqiqiymasligi haqida o'ylab, tafakkur qilib qoladilar.
Shu bois, bu kun «Tarviya kuni kuni» deb nomlanib qolgan. Ertasiga o'sha tushni takror ko'radilar va endi tushning haqiqatda
Alloh taolo tomonidan ekanini biladilar. Shuning uchun bu kun «Arfa» - «bilish» deb nomlanadi. Ertasiga, ya'ni Zulhijjaning o'ninchi kuni Ibrohim alayhissalom o'z o'g'illari Ismoil alayhissalomni Alloh uchun so'yish, qurbonlik qilish uchun olib chiqadilar. Shu sababdan bu kun «Nahr kuni», ya'ni «So'yish kuni» deb ataladi. Alloh taolo vaqti kelib, Ibrohim alayhissalomning millatiga - diniga ergashadigan, u zotning haqiqiy izdoshlari bo'lgan musulmonlarga mazkur kunni bayram qilib berdi va o'sha kunlarda Ibrohim alayhissalom qilgan amal - qurbonlik so'yishni musumlonlardan qodir bo'lganlarga vojib qildi.
«Iyd Azho» bayrami haj ibodatlarining yakuni munosabati bilan hamda Alloh taolo uchun har qanday qurbon berishga tayyorlikni izhor qilish ma'nosida shariatga kiritilgan. Musulmonlar Alloh taolo yo'lida jonliqlarni qurbon qilishni ana shunday buyuk bayram
o'laroq nishonlaydilar. Islomda Qurbonlik kunini bayram qilib belgilanishi hijriy ikkinchi asrda joriy bo'lgan. Bu haqda muhaddislarimiz quyidagicha rivoyat qiladilar: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (Madinalik)larning ikki kuni bo'lib, ular o'sha kunlarida o'yin-kulgi qilshar
edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu ikki kun qandoq kun?», – deb so'radilar.
Ular:
«Biz johiliyatda shu kunlarda o'yin-kulgi qilar edik», – deyishdi.
Shunda Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o'rniga ulardan ko'ra yaxshiroq
– Azho kuni va Fitr kunini berdi», – dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilgan.
Azho kuni –
Qurbon hayiti, Fitr kuni – Ramazon hayiti kunidir.
Demak, bu ikki hayit kunlarini siz bilan biz mo'min-musulmonlarga bevosita Alloh taoloning O'zi bayram qilib bergan ekan.
Ularni odamlar o'zlari o'ylab topgan yoki olimlar joriy qilgan emas, balki ilohiy iroda shuni ixtiyor qilgan ekan. Ana shu e'tibordan, ushbu kunlarni bayram qilishning o'zi alohida ibodat hisoblanadi. Madina ahli Islomdan oldin yilning ikkita kunini – bahorda shamsiy
yilning boshlanish kunini, kuzda Mehrijon kunini bayram qilishar edi. O'sha kunlarni ular turli o'yin-kulgilar bilan o'tkazishar edi. Alloh taolo ularga o'sha ikki kunning o'rniga boshqa ikki kunni bayram qilib nishollashni Islom shariatida joriy qilib berdi. Shunday qilib,
Islom arkon – asoslaridan hisoblangan ikki buyuk ibodat – ro'za va haj ibodatlarining yakuni musulmonlar uchun eng ulug' bayram etib tayinlandi. Ana shundan buyon mo'min-musulmonlar bu kunlarni bayram qilib keladilar. Ularni o'ziga xos go'zal suratda, ibodat, xayru saxovatlar bilan, axloq-odob me'yorlari asosida nishonlaydilar. Bu kunlar doimo ezgulik, xayru baraka, mehr-oqibat ramzi hisoblanib kelgan. Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo'lgan kundan boshlab Qurrbon hayitini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o'qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig'ilgan. Namozdan so'ng beva-bechoralar
holidan xabar olish, faqiru kambag'allarga moddiy yordam ko'rsatish, bolalarga hayitllik sovg'alari ulashish xalqimiz ichida an'anaga aylangan. Qurbon hayiti Zulhijja oyining o'ninchi kuni bo'ladi. Binobarin, uning qachon bo'lishi ham, Ramazon hayiti kabi, oyni ko'rish
bilan aniqlanadi. Undan keyingi uch kun, ya'ni Zulhijjaning 11-13 kunlari «Tashriq kunlari» deyiladi. «Tashriq» arab tilida quyoshga qo'yish, quyoshda toblash degan ma'noni anglatadi. Bu kunlarning bunday nomlanishiga sabab, arablar qurbonlik go'shtlarini shu
kunlarda oftobga qo'yib, quritishar edi. Keyinroq bu kunlarni «Tashriq - quyoshga tutish kuni» deb nomlaydigan bo'lishdi. Shu bilan birga, bu kunlar haj amallari bajariladigan kunlar o'laroq alohida ehtirom qilinadi.
Diniy manba'larimizda hayit kunlariga doir odob va ahkomlar batafsil bayon qilingan. Biz hozir faqat Qurbon hayitiga tegishli odob va
ahkomlar haqida so'z yuritamiz.
Qurbon hayiti kuniga eson-omon yetib kelgan har bir musulmon kishi quyidagi amallarni bajaradi:
1. Takbir aytish. Takbir aytish deganda, «Allohu akbar», deyish tushuniladi. Ammo bu kunlarda takbirning to'liq shakli aytilish mustahab sanaladi. Ibn Abu Shayba o'z «Musannaf»ida Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, u kishi tashriq kunlari quyidagi takbirni aytar ekanlar: «Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaaha illalloh! Vallohu akbar! Allohu akbar! Va lillaahil hamd».
Ma'nosi: «Alloh ulug'dir! Alloh ulug'dir! Allohdan o'zga iloh yo'q! Va Alloh ulug'dir! Alloh ulug'dir! Allohga hamdlar bo'lsin!».
Bu kunlarda takbir aytishga Qur'oni Karimdan ham buyruq bor. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Allohni sanoqli kunlarda eslang», degan (203-oyat). Ibn Abbos roziyallohu anhumo ushbu oyatdadagi sanoqli kunlarni nahr va tashriq kunlari deb tafsir qilganlar. U zotning shogirdlari Ikrima roziyallohu anhu esa oyatdagi «eslang» kalimasini «takbir ayting» degani, deb tushuntirganlar.
Ulamolarimiz ushbu dalillardan kelib chiqib, bu kunlarda takbirni ko'p aytish kerak, deyishgan. Shu bois, uyda ham, namozga ketishda ham takbirni ovoz chiqarib aytib boriladi. Shu bilan birga, farz namozlar so'ngidan ham takbir aytish alohida ta'kidlangan. U arafa kuni Bomdoddan boshlab,uchinchi tashriq kunining Asrigacha har farz namoz ortidan aytiladi. Bu takbir namozni jamoat bilan o'qigan kishilarga vojib, yolg'iz o'qiguvchiga mustahab sanaladi. Agar imom aytmasa ham, muqtadiy aytaveradi. Uni bevosita
farz namozidan keyin aytiladi. Oraga namozni buzadigan amallar tushmasligi lozim.
Ibn Abu Shayba imom Zuhriydan rivoyat qiladi:
«Odamlar manzillaridan chiqqandan boshlab, to nomozgohgacha, hatto imom chiqgunicha takbir aytishar edi. Imom chiqqach, jim bo'lishar va u takbir aytganda takbir aytishar edi».
2. Iyd kechasini ibodat bilan o'tkazish. Iydga o'tar kechaning ham o'ziga yarasha fazilati bor. Uni butunlay yoki bir qismini, xususan kechasining uchinchi qismini Qur'on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor o'tkazish ko'plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo'ladi. Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat
qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob
umidida qoim qilsa, qalblar o'ladigan kunda uning qalbi o'lmas», – dedilar».
Ibn Moja va Tobaroniy rivoyat qilgan.
3. Hayit namozi uchun g'usl qilish. Islom poklik dini. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarining bir hadislarida: «Poklik iymonning yarmidir», deganlar. Xususan, mana shunday ibodatlar oldidan, ko'pchilik jamoat to'planadigan joylarga borishdan oldin g'usl qilish dinimizda alohida ta'kidlangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni g'usl qilar ekanlar.
Fokih ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr, Azho va Arafa kunlari g'usl qilar edilar». Ibn Moja rivoyat qilgan.
4. Tishlarni misvok yoki tish pastalari yordamida tozalab olish. Tishni toza tutishga Islom dinichalik e'tibor bergan birorta din yoki ta'limot yo'q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ummatimga mashaqqat bo'lishidan qo'rqmaganimda, ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan bo'lar edim», deganlar.
Shu bois, har namoz oldidan misvok qilish sunnat amal hisoblanadi. Hayit namozi uchun esa, bu narsa yanada ta'kidliroqdir.
5. Iyd uchun yasanish. Musulmon kishi hayitga eng yaxshi kiyimlarini kiyishi, iloji bo'lsa, yangi kiyim sotib olishi mustahab. Bu ham bo'lsa, Alloh bayram qilib bergan kunni nishonlash, uni qadrlash ramzi hisoblanadi. Bu ish Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki iydda hibara chopon kiyar edilar».
«Hibara» – Yamanning mashhur kiyimi.
O'sha davrda Yamanda sanoat rivojlangan edi. Yaman kiyimlari eng yaxshi kiyimlar hisoblanardi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham juma va ikki iyd kunlari xutbaga chiqqanlarida Yamandan keltirilgan hibara degan chiroyli to'nlarini kiyib olardilar. Shunga binoan, iydga eng yaxshi kiyimlarni kiyish musulmonlar ichida keng tarqalgan. Sahobai kiromlar ham ushbu sunnatga doimo amal qilganlar. Xalqimiz qadimdan ushbu sunnatni go'zal tarzda amalga oshirib kelgan. Hayit arafalarida kiyim-kechak bozorlarimizda savdo-sotiq qizg'in avjiga chiqishi ham shundan. Bu ishda Alloh taolo bergan ne'matlarga shukr qilish bor.
Ammo shuni ham unutmaslik lozimki, ayollarning ziynatlanishlari shariat doirasida va mahramlar davrasida bo'lishi kerak.
6. Hushbo'ylik surtish. Bu ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan. U zot alayhissalom asli xushbo'y edilar. Shu bilan birga, doimo xushbo'ylik surtib yurar edilar va: «Menga dunyoyingizdan xo'shbo'ylik mahbub ko'rsatildi», deb qo'yar edilar. Jamoatchilik joyga kirishda xushbo'ylik surtib olish yuksak odob namularidan biri bo'lib, ko'plab noqulayliklarning oldini oladi.
Yuqorida o'tgan odoblarga erkagu ayol barobar amal qilishi lozim.
7. Namozni ado etib bo'lguncha biror narsa yemaslik. Qurbon hayitida, Ramazon hayitidan farqli o'laroq,hayit namozini ado etib
bo'lguncha biror narsa yemaslik sunnat hisoblanadi: Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni biror narsa yemay turib chiqmas, Nahr kuni esa qaytib kelguncha hech narsa yemas edilar, o'z qurbonliklaridan yer edilar».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ammo bunda hayvonning jigari yo boshqa bir maxsus joyidan yeyish qayd qilinmagan. Muhimi, o'z qurbonligidan yeyishdir.
8. Hayit namoziga chiqish. Iyd namozi har bir balog'atga yetgan, sog'-salomat va o'z yurtida muqim bo'lgan mo'min-musulmon er kishiga vojibdir. U, hayit kungi eng asosiy, muhim amal hisoblanadi. Hayit kunining asosiy fazilati ham Iyd namozini o'qish bilan ro'yobga chiqadi. Iyd Azha namozining vojibligiga Qur'on va Sunnatda dalillar mavjud.
Alloh taolo aytadi:
«Bas, Robbing uchun namoz o'qi va qurbonlik so'y» («Kavsar» surasi, 2-oyat).
Ushbu oyati karimada namoz o'qish bilan birga qurbonlik qilish zikr qilinishidan, ulamolarimiz unda Qurbon hayiti namozini
o'qilish vojibligiga dalil bor, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit namozini tark qilmaganlar va hatto uzrli ayollarni ham, namoz o'qimasalar-da, namozgohga
hozir bo'lishga, ammo namozga qatnashmay bir chetda turishga amr qilganlar. U zotdan keyin roshid xalifalar, sahobai kiromlar va salafi solihlarning barchasi Iyd namoziga alohida ahamiyat berganlar. Islom ummati bugunga qadar Hayit namozlarini qoldirmay ado etib kelmoqda. Iyd namozining vaqti kun chiqqandan taqriban 15-20 daqiyqa o'tgandan boshlab, to asr vaqtigachadir. Uning qazosi yo'q, omma jamoat bilan o'qish shart. Iyd uch kun davom etadi. Shu kunlarda iyd namozini o'qish mumkin.
Iyd namozi ikki rak'atdir. Unga azon va iqoma aytilmaydi. Hanafiy mazhabiga ko'ra, har ikki rak'atida qo'shimcha uchtadan takbir aytiladi va har takbir aytilganda, takbiri tahrimadagi kabi, qo'llar quloq barobariga olib kelinadi.
Bu takbirlar birinchi rak'atda sanodan keyin, ikkinchi rak'atda zammi suradan so'ng, ruku'ga ketishdan oldin aytiladi.
Iyd namozining birinchi rak'atiga «A'laa» surasini, ikkinchi rak'atga «G'oshiya» surasini zammi sura qilish mustahab sanaladi.
Nu'man ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda va jum'ada «Sabbihisma Robbikal a'laa» va «Hal ataaka hadiisul G'oshiya»ni o'qir edilar». Muslim rivoyat qilgan.
Iyd namozi o'qilgandan so'ng imom minbarga chiqib xutba qiladi. Xutbada kishilarni ushbu kunlarda takbirni ko'paytirishga targ'ib qiladi va takbir aytishga doir ahkomlarni ularga ta'lim beradi. Iyd xutbasiga o'tirgan kishilar uni jim turib tinglashlari vojib.
Iyd namozi haj kunlari sharafiga, ushbu kunlarning fazilatlari shukronasiga o'qiladi. Iyd namozi dinimizning buyukligi va oliyjanobligining nishonasi, mo'min-musulmonlarning Allohga bo'lgan bandaliklari izhori, ularning ittifoqliklari, birliklari ramzi hisoblanadi. Hayit namoziga to'plangan jamoatga Alloh taoloning rahmati yog'iladi, Alloh ularning gunohlarini kechiradi, duolarini qabul qiladi.
Iyd namozini o'qishda, umuman, Iyd kunini bayram qilishda oddiy urf-odat yoki qandaydir ko'nikma ma'nosida emas, balki, Allohdan savob umidida, va'da qilingan yaxshiliklarni qasd qilgan holda, iymonu ixlos bilan bo'lishimiz, ana shu ruhda ish tutishimiz darkor. Ana shunda ko'zlagan maqsadga yeta olamiz.
9. Iyd namoziga ertaroq, piyoda, viqor bilan, takbir aytgan holda borish. Namozga qancha erta borib, qancha ko'p intizor bo'linsa, savobi shuncha ko'p bo'ladi. Agar yo'l uzoq bo'lmasa, imkoni bor kishi piyoda borgani yaxshi.
Imom Termiziy qilgan rivoyatda hazrati Ali roziyallohu anhu:
«Iydga piyoda chiqish sunnatdir»,- deganlar.
10. Hayit namozga bir yo'l bilan borib, boshqasidan qaytish. Bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hisoblanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam iyd kuni bir yo'l ila chiqsalar, boshqasi ila qaytar edilar».
Termiziy, Abu Dovud va Buxoriylar rivoyat qilgan.
Ulamolarimiz ushbu sunnatning bir qancha hikmatlari borligini ta'kidlaganlar. Jumladan, qilingan yaxshi amalga Qiyomat kuni
guvohlik beradigan narsalarni ko'paytirish, zero, yer o'z ustida qilingan yaxshiyu yomon amallarga guvohlik beradi. Shuningdek, bunda iydni olqishlash, Islomning makonatini, barakasini ko'rsatish ham bor. Qolaversa, musulmonlarning ko'proq qismini hayit bilan
tabriklash, ulardan hol so'rash uchun ham bordi-keldi yo'lni boshqa qilishning ahamiyati katta.
11. Qurbonlik qilish. Qurbon hayitining nomidan ham ma'lumki, bu bayramda asosiy amalga oshirilishi lozim bo'lgan ish Alloh yo'lida jonliq so'yishdir. Qurbonlik qilish o'z yurtida muqim bo'lgan, ayni vaqtda zakot nisobidagi mulkka ega bo'lgan har bir mo'minmusulmon erkagu ayolga vojib hisoblanadi. Uning vaqti hayit namozi o'qilgandan so'ng boshlanib, uchinchi hayit
kuni quyosh botishidan oldin tugaydi.
Qurbonlikkaso'yiladigan havon mol, qo'tos, tuya, qo'y va echki bo'lishi mumkin. Bitta mol, qo'tos yoki tuyani yetti kishi nomidan so'ysa ham joiz. Sharti, sheriklarning hammasi qurbonlikni, sadaqani niyat qilishi lozim. Bu hayvonlarning erkagi
ham, urg'ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlikka yaraydi. Ulardan boshqa
hayvonlar qurbonlikka o'tmaydi.Shu bilan birga, qurbonlikka atalgan hayvon jiddiy aybli
bo'lmasligi kerak, qanchalik sog'lom va ko'rkam bo'lsa, shuncha yaxshi, savobi ko'p bo'ladi.
Qurbonlikning vojibligiga quyidagi oyat va hadislar dalil bo'ladi.
Alloh taolo «Kavsar» surasida shunday marhamat etadi:
«Albatta, Biz Senga Kavsarni berdik. Bas, Robbing uchun namoz o'qi va qurbonlik so'y» (1-, 2-oyatlar).
Mixnaf ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning:
«Ey odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik lozimdir», - deganlarini eshitdim».
«Sunan» egalari rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayiti kunlari o'zlari ham qurbonlik qilganlar va bunda o'z ummatlariga qanchalar mushfiq
ekanlarini yana bir bor ko'rsatganlar.
Jobir roziyallohu anhu aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda «Qurbon» namoziga hozir bo'ldim. U zot xutbalarini tugatgach, minbarlaridan tushdilarda, bir qo'chqor olib kelib, uni o'z qo'llari bilan so'ydilar va: «Bismillahi va billahi (Allohning nomi bilan va Alloh uchun).Allohim,
bu mendan va ummatimning qurbonlik qilmaganlaridan», - dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Huzayfa ibn Usayd roziyallohu anhu aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkita olachupor qo'chqor keltirar va ularning birini so'yar ekanlar: «Allohim, bu Muhammad va Muhammadning oilasi nomidan» der, ikkinchisini keltirib: «Allohim, bu ummatimdan Sening birligingga va mening omonatni yetkazganligimiga guvohlik berganlar nomidan», der edilar».
Imom Hokim rivoyat qilgan. Qurbonlik qilish Alloh taologa bandalik nishonasi, fidokorlik ramzi, juda ham fazilatli va savobli amal hisoblanadi. Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhu aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga:
«Turib borib qurbonligingga shohid bo'l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o'tgan gunohlaring mag'firat qilinur», – dedilar.
«Ey, Allohning Rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki bizga va musulmonlarga umumiymi?», – dedi Fotima.
U zot: «Yo'q. Balki, musulmonlarga umumiydir», – dedilar».
Qurbonlik qilingan hayvonning go'shtyog'i, teri va boshqa joylarini sotib bo'lmaydi, ularni berish yoki o'zi o'z oilasi uchun ishlatish mumkin. Qo'li yupqa, serfarzand kishilar ko'proq o'z oilalarini ta'minlaganlari yaxshi.O'zi qilgan qurbonlikning go'shtidan yeyish mustahabdir.
Alloh taolo aytadi:
«Bas, ulardan yenglar, bechora va faqirlarga ham yegizinglar. So'ngra o'zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va «Baytul'atiq»ni tavof qilsinlar» («Haj» surasi, 28-29-oyatlar).
Hazrati Jobir roziyallohu anhu vidolashuv haji haqidagi mashhur hadislarida, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Keyin burilib qurbonlik so'yadigan joyga bordilarda, oltmish uchta(qurbonlik)ni qo'llari bilan so'ydilar. Keyin Ali topshirgandilar, u qolganini so'ydi. Ul zot uni qurbonliklariga sherik qildilar. So'ngra har bir tuyadan bir parchadan go'sht keltirishga buyurdilar. Ularni qozonga solib pishirildi. Ikkovlari uning go'shtidan yeb, sho'rvasidan ichdilar».
Muslim rivoyat qilgan.
12. Xonadon ahliga kengchilik, serobchilikka sharoit yaratish. Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Uyga
qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji bo'lsa, ularga sovg'a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi bo'ladi. Bunda hadyalarni qo'ni-qo'shni va boshqa musulmonlarga ham berilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«O'zaro hadya berishinglar, bir-biringizga muhabbatingiz bo'ladi», – deganlar».
Bayhaqiy va boshqlar rivoyat qilgan.
13. Qarindosh-urug', qo'ni-qo'shnilarni ziyorat qilish, beva-bechoralarning holidan xabar olish, ularga xursandchilik ulashish. Hayit munosabati bilan ustoz va olim kishilarni ziyorat qilish ham juda katta savobli ishlardan hisoblanadi. Shuningdek, bemor ko'rish, yo'qsil, qambag'allar holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga ko'maklashish ayni savob ish bo'ladi.
Hayit kunlari sila rahm qilish, qarindosh-urug', quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham ko'ra ta'kidlangan bo'lib, savobi ko'proq bo'ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kimni rizqini kengaytirilishi va ajalini ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai raqm qilsin», – dedilar».
Uchovlari rivoyat qilishgan.
Shuningdek, uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do'st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib
olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki musulmon birodariga gina qilgan kishilarga faziylatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak. Bunday holatlarda hayitliklar berish ham oradagi kuduratni ko'tarilishiga
sabab bo'ladi. Ibn Abuddunyo «Makaarimul axlaaq» nomli kitobida quyidagi hadisni keltiradi:
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Hadyalar berishing, chunki hadya, oz bo'lsin yo ko'p bo'lsin, kek-adovatni ketkazadi va mehr o'yg'otadi», – dedilar.
14. Bolajonlarga hayitlik berish, ularga ushbu bayramning shukuhini ko'rsata bilish. Bolalarga munosib hadya va sovg'alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo'ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo'ladi. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadryatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg'usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo'lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir qavmning o'z bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir», deganlar. Demak, biz bu kunlarni ana shunday ko'taringi ruhda o'tkazishmiz lozim.
15. Tanish-bilish, yoru do'st va har bir ko'ringan musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish. Hayit munosabati bilan tabriklash jamiyatda aka-ukachilik, birodarlik rishtalarini mustahkamlaydi, musulmonlarning bir-birlariga bo'lgan muhabbatlarini ziyoda qiladi, o'zaro aloqalarini mustahkamlaydi. Xususan, berilgan va maktub orqali kelgan tabriklarga javob qaytarishni unutmaslik lozim. Sahobai kiromlar hayit kuni bir-birlari bilan uchrashganlarida «Alloh bizdan ham, sizdan ham yaxshi amallarimizni qabul aylasin», deb qo'yishar ekan. Bundan tashqari, «Hayitingiz muborak», «Hayitingiz qutlug' bo'lsin» kabi iboralar ham tabriklashning bir ko'rinishidir. Tabrik va tilaklarni izhor qilishda zamonaviy imkoniyatlardan foydalanilish ham mumkin. Masalan, telefon qilish yoki telefonda maktub jo'natish, elektron pochta orqali yozishmalar qilish kabi.
16. Hayit kuni odob doirasida, harom va man' qilingan narsalarni aralashtirmagan holda ayrim ko'ngilxushi ma'nosidagi
o'yin-kulgilar ham qilish mumkin. Ajdodlarimiz bundan ming yillar muqaddam hayit kunini «bayram» deb ham atashgan ekan. Bu so'zning asli «bazram» bo'lib, «o'yin-kulgi qilinadigan, shodiyona kun» degan ma'noni anglatar ekan. Ular hayit kunlari o'yin-kulgi qilib, shodlik, xursandchilik izhor qilish joizligiga dalolat qiluvchi shar'iy ma'lumotlardan kelib chiqib, hayit kunlarini «bayram» deb atashgan bo'lsa, ajab emas. O'sha ma'lumotlardan ayrimlarini imom Buxoriy o'z «Sahih»larida keltirganlar:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Abu Bakr kirganida oldimda ansoriylarning qizlaridan ikki qizcha Buos kuni ansorlar aytishgan narsani qo'shiq qilib aytayotgan edilar. Ikkovlari qo'shiqchi emasdilar. Shunda Abu Bakr: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida shaytonning nag'masi
bo'layaptimi?!», – dedi. Bu, iyd kuni bo'lgandi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Abu Bakr, har bir qavmning bayrami bor. Bu bizning bayramimizdir», – dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Abu Bakr u(Oisha)ning oldiga Mino kunlarida kirganida uning huzurida ikki qizcha qo'shiq aytar va duff (doira) chalar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ki¬yimlariga burkanib yotar edilar. Abu Bakr ikkovi(qiz)ni jirkib to'xtatdi. Shunda
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini ochib: «Tek qo'y ularni, ey Abu Bakr, bu kunlar iyd kunlaridir», – dedilar», deyilgan.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan. Buos Madina yaqinidagi bir joyning nomi bo'lib, u yerda Avs va Xazraj qabilalari orasida qattiq
urush bo'lgan va o'sha kun «Buos kuni» deb nomlanib qolgan. Arablarning odati bo'yicha, o'sha Buos urushida ikki taraf ham faxr ma'nosida, o'zlarini shijoatlantirish uchun turli mazmunda baytlar aytishgan. O'sha baytlar odamlar orasida tarqab, xalq qo'shig'iga aylanib ketgan. Ushbu rivoyatda aytilayotgan ikki qizcha ham o'sha baytlarni qo'shiq qilib aytishgan ekan. Bunga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ijozat bergan ekanlar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Iyd kuni edi. Qoralar qalqon va nayzalarni o'ynashar edi. Yoki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'radim, yoki u zot:
«Tomosha qilishni xohlaysanmi?», – dedilar. Men:
«Ha», – dedim.
U kishi meni orqalariga turg'izdilar. Yanoqim u zotning yanoqlariga tegib turardi. U zot bo'lsalar:
«Ey Bani Arfidalar, davom etaveringlar», – derdilar».
Nihoyat, men malollanganimda:
«Bo'ldingmi?», – dedilar.
«Ha», – dedim.
«Ketaver», – dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Habashlar kelib, iyd kuni masjidda
sakrab raqs tusha boshladilar. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni chaqirdilar. Men boshimni u zotning yelkalariga qo'yib, ularning o'yinlariga nazar sola boshladim. Nihoyat, o'zim ularga nazar solishdan qaytdim», deyilgan.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan.
Demak, hayit kunlari zikr ma'nosidagi, yaxshilik, shijoat, mardlik, xalqsearlik, axloq-odobga targ'ib qiladigan qo'shiqlarni tinglash hamda dovyuraklik, polvonlik o'yinlarini tomosha qilish kabi shariatda ruxsat berilgan o'yin-kulgilar bilan mashg'ul bo'lish ham joiz ekan. Bunday ishlar bolalarni topqirlikka, ziyraklikka o'rgatadigan, kishilarni ilm-ma'rifatini oshirishga xizmat qiladigan turli tadbir, musobaqalar shaklida o'tkazilsa, yanada yaxshi bo'ladi.
Men o'zim musulmon malakatlaridan birida xizmat safarida bo'lgan chog'imda ana shunday tadbirlarda ishtirok etib, ularning shariat asoslarida o'tkazilishi bilan birga, juda ham ko'ngilochar, xuzurbaxsh bo'lganini ko'rib, qoyil qolgan edim. O'shanda biz bilan bir nechta yetuk olimlari ham birga qatnashishgan edi. Shuningdek, hayit kunlari adabiy, ilmiy anjumanlar o'tkazish, ma'lum maqsadlarga qaratilgan bayram ziyofatlari uyushtirish ham yaxshi natijalar beradi.
Hayit kuniga doir odoblar to'la-to'kis bo'lishi uchun, ushbu kunda qilish durust bo'lmagan ayrim narsalar haqida ham to'xtalib o'tish darkor. Iyd kuni quyidagi ishlardan saqlanish lozim:
1. Ro'za tutish. Hayit kuni bayram bo'lgani, hamma musulmonlar turli uslub va amallar bilan bu kunni nishonlashi e'tiboridan, bu kunda ro'za tutishdan qaytarilgan. Qurbon hayiti kuni va undan keyingi uch kunda ro'za tutish makruh hisoblanadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar.
Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kunning – Fitr kuni va Nahr kuni ro'zasidan qaytardilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sa'd roziyallohu anhu aytadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: «Tur, tashriq kunlari yebichish kunlari ekani va ularda ro'za tutilmasligini aytib odamlar ichida jar sol», - dedilar».
Imom Nasaiy rivoyat qilgan.
2. Iyd namozidan oldin yoki keyin nafl o'qish. Odatda Iyd namozi kun yoyilishi bilan o'qilgani bois, aslida undan oldin namoz o'qish o'zi shundoq ham makruhligi hammaga ma'lum. Ammo Iyd namozi agar keyinroq o'qilgan taqdirda ham undan oldin namoz o'qib bo'lmaydi. Shuningdek, Iyd namozidan so'ng ham namoz o'qilmaydi. Ibn abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Iyd kuni ikki rak'at namoz o'qidilar, undan oldin ham, undan keyin ham
namoz o'qimadilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
3. Gunoh sodir qilish. Hayit kuni qilingan yaxshi amallarning savobi ko'p bo'lgani kabi, bu kunda qilingan gunohlarning iqobi ham qattiq bo'ladi. Shu bois, hayit ekan deb, bo'lar-bo'lmas ishlarni qilib, shunday ulug' kunda gunohga o'tib ketmaslik kerak. Fisq-fujurga, axloqsizlikka undaydigan, shahvoniy hirsni qo'zg'aydiagan qo'shiq va o'yin-kulgilardan ehtiyot bo'lish lozim. Zero, Islomda «bayram kuni nima qilsa bo'laveradi» degan fasafa yo'q. Balki har qanday sharoitda ham ezgulik, yaxshilik, Alloh taologa itoat ruhida bo'lish ta'kidlangan. Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Alloh taologa osiylik qilmagan har bir kunimiz biz uchun hayitdir», degan ekanlar.
4. Hayit kunlari ayollarning qabristonlarga borishi yaxshi emas. Dinimizda aynan hayit kuni qabristonga borish haqida ko'rsatmalar yo'q. Xususan, ayrim joylarda erkaklar Iyd namozidan qaytadigan vaqtda ayollarning qabristonga qatnashi natijasida jud ham ko'p noqulayliklar kelib chiqayotganiga guvoh bo'lganmiz. Qabr ziyoratiga Islom nuqtai nazaridan qaraladigan bo'lsa, avvalo qabrni ibrat uchun, oxiratni eslash maqsadida ziyorat qilinishi lozimligi ta'kidlanadi. Shu bois, dinimizda qabrlarni ziyorat qilish ma'lum kun yo soatga belgilangan emas. Balki tez-tez, xususan, qalb g'aflati ortganini sezgan chog'da qabristonlarni ziyorat qilish tavsiya etiladi.
5. Hayit kunlarini azaga aylantirib olish. Ikki iyd kunlari mo'min-musulmonlarning eng ulug' bayramlari hisoblanadi. Diniy manba'larimizda bu kunlarni xursandchilik, shodlik ruhida, bayram kayfiyatida o'tkazilishi kerakligi ta'kidlangan. Ammo hayit kunlari fotihaxonlik qilish haqida ko'rsatmalar yo'q. Bugungi kunda bu odat musiybat ahillariga ham ko'plab qiynchiliklar tug'dirayotgani hech kimga sir emas. Ba'zan bu narsa azadorlarning yarasini yangilash, mashaqqatlari ustiga yana mashaqqat tug'dirish bo'layotganining
ham guvohi bo'lmoqdamiz. Shuning uchun ham ulamolarimiz uch kundan keyin ta'ziya bildirish uzoqdagi kishilar uchun, boshqalarning mazkur muddatdan keyin ta'ziya bildirishi musiybatni yangilash bo'ladi, bu esa musiybat ahliga og'ir keladi, ko'zlangan maqsadga zid ish bo'ladi, deb aytganlar.
To'g'ri, musiybatga uchragan ayrim ko'ngil yaqin kishilarni hayit munosabati bilan yo'qlash mumkin. Ammo bu ham aza tutish kayfiyatida qilinmaydi. Ehtimol, ana shunday ko'ngilovlash shaklida yo'lga qo'yilgan ish keyinchalik fotihaxonlikka aylanib ketgandir. Shu
bois, hayit kunlarini azaga aylantirib olish to'g'ri bo'lmaydi.Ushbu ko'rsatmalardan ham ma'lum bo'ladiki, musulmonlarning bayram nishonlashi o'ziga xos tarzda bo'ladi. Avvalo ular ushbu kunlarga yetkazganining shukronasi ma'nosida Alloh taologa bandalik izhor qilishadi – jamoat bo'lib, hamalari bir bo'lib namoz o'qishadi, Alloh taologa iltijolar qilishadi, bergan ne'matlari uchun U Zotga hadu shukrlar aytishadi. Keyin bir-birlarini hayit bilan qutlab, ziyoratlar qilishadi. Beva-bechoralar, bemorlar holidan xabar olishadi, qarindosh-
urug', qo'ni-qo'shnilar bilan o'zaro bordi-keldilar qilishadi. O'yin-kulgilarini ham axloq-odob doirasida, Alloh taologa osiy bo'lmagan holda olib borishadi. Ana shundoq qilib, hayit kunlarini faqat yaxshilik bilan, ezgu amallar bilan o'tkazishadi. Shuning uchun, ularning
bayramlarida turli tartibsizliklar, har xil noxushliklar yuz bermaydi, balki holatlari yanada go'zallashadi. Zotan, mo'min bandaning hayiti – Allohga bog'liqligi go'zal bo'lgan kunidir.
Dinmizda hayit kunlarini nishonlashga doir kerakli ta'limotlar batafsil bayon qilingan. Biz ularning asosiylari bilan bir qator tanishib chiqqan ham bo'ldik. Mo'min-musulmonlar ushbu ko'rsatmalarga rioya qilishlari lozim. Ularning hayit kunlarini qarshilashda boshqa xalqlarning bayram nishonlashdagi urf-odatlariga taqlid qilishga hojatlari yo'q, bunday qilishlari durust ham emas. Aks holda, axloq-odobga, shari'at ko'rsatmalariga, Islom aqiydalariga zid bo'lgan holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Iyd kunlari
Alloh taolo ulug' qilgan kunlardir, Islomning nishonalari, shiorlaridandir. Binobarin, ularni nishonlashda mana shu ruh doimo balqib turishi lozim.Qurbon hayiti bayramini mazkur odoblarga rioya qilgan holda o'tkazsak, ushbu ulug' kunni munosib nishonlagan bo'lamiz, ko'plab yaxshiliklarga, ajru savoblarga ega bo'lamiz, xalqimiz orasida ezgulik, mehr-oqibat bardavom bo'lishiga hissa qo'shgan bo'lamiz, eng muhimi, ushbu kunlarni bizga bayram qilib bergan Robbimizning roziligiga musharraf bo'lamiz. Siz bilan biz musulmonlarning baxtimiz shundaki, hayit kunlarini bayram qilib nishonlash bilan Alloh taologa itoat qilgan bo'lamiz, U Zotga ibodat qilgan bo'lamiz, dunyou oxirat yaxshiligiga masharraf bo'lamiz. Mana shu haqiqatni ututmasligimiz lozim.
Hammalaringizga kirib kelayotgan Qurbon hayiti muborak bo'lsin!
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
05.11.2011
- 5241