Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Odinaxon Muhammad Yusuf
Odinaxon Muhammad Yusuf olima - 07 Fev 2023

Sunnatga muvofiq ziynatlanish

img

O'zining aziz kitobida bandalariga: «Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatlaringizni oling», deb xitob qilgan Alloh azza va jallaga bitmas tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
«Qachonki, Alloh senga molu dunyo berar ekan, Allohning senga bergan ne'matining va ikromining asari ko'rinsin!» deb marhamat qilgan Rasulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovatu durudlar bo'lsin.
Biz musulmonlar har bir ishda Allohning amriga itoat qilish uchun avvalo Qur'oni Karimga nazar solamiz, so'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishga intilamiz. Ziynat bobida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga murojaat qiladigan bo'lsak, bir qancha narsalarni topamiz.

Shundan birinchisi va eng muhim bo'lgani - poklikdir. Shar'iy, ayniqsa, fiqhiy kitoblarda ziynat haqida gap ketadigan bo'lsa, odatda poklikdan boshlanadi. Buning ajablanadigan yeri yo'q, ziynatning asli poklikdir, poklik bo'lmasa, har qancha ustiga bezanilsa ham foydasi yo'q. Madaniyat cho'qqisiga chiqqanlikni da'vo qilayotgan hozirgi ba'zi xalqlarning hayoliga yuvinish kelmagan, hammom nimaligini tasavvur qila olmagan bir davrda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z ummatlariga poklik bobida ham go'zal namuna ko'rsatdilar. Alloh taolo Qur'oni Karimda «Albatta Alloh ko'p tavba qiluvchi va poklanuvchilarni sevadi», deydi. E'tibor bersak, poklanuvchilar deyilyapti, poklar emas. Bundan poklanishga intiluvchi va harakat qilib shunga erishuvchilar nazarda tutilgani ayon bo'ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: O'n narsa fitratdandir: mo'ylabni qaychilash, soqolni o'stirish, misvok, burunga suv olib tozalash, tirnoqlarni qisqartish, badanning bukiladigan joylarini yaxshilab yuvish, qo'ltiqni yulish, qovuqni qirish, suv ila istinjo qilish, Mis'ab: «O'ninchisini unutdim, menimcha, og'izni suv bilan tozalash bo'lsa kerak, dedi».
Diniy kitoblarni mutolaa qilar ekanmiz, qizini erga berayotgan ona qiziga nasihat qilar ekan, ziynatlanish vositalarining eng afzali suv ekanligini uqtirayotganini bilamiz, bu bilan ona qiziga doimo ozoda yurish kerak ekanligini tayinlaydi. Shuningdek, biz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hushbo'ylikni sevganlarini, unga doim targ'ib qilganlarini, o'zlari ham doim uni ishlatganlarini va U zotning o'zlari o'ta hushbo'y bo'lganlarini bilamiz. Bu haqida rivoyatlar juda ko'pdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi xushbo'y narsani qaytarmas edi va Nabiy sollallohu alayhi vasallam hushbo'y narsani qaytarmas edilar, degan da'voni qilar edi».
Beshovlari rivoyat qilgan boshqa bir rivoyatda: «Kimga hushbo'y narsa taqdim qilinsa rad qilmasin, chunki uning hidi hushbo'ydir va vazni yengildir» deyilgan. 
Termiziyning rivoyatida: «Uch narsa qaytarilmas: bolishlar, hushbo'y narsa va sut», deyilgan. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari bilan tanishar ekanmiz, sochlarini parvarish qilganlari, ba'zida hinno bilan bo'yaganlari, uni moylaganlarini hamda sochni parvarish qilishga buyurganlarini bilib olamiz. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Kimning sochi bo'lsa, uni ikrom qilsin», deydilar, ya'ni parvarish qilib yaxshi qarasin, deganlaridir. Yana U zot sollallohu alayhi vasallamni surma qo'yishlari ham vorid bo'lgan. 
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning surmadonlari bor edi, U zot undan uxlashdan oldin har bir ko'zlariga uch martadan surma surar edilar».
Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarga ham ziynat haqida ko'p ta'limotlar berganlar, U zot sollallohu alayhi vasallam hayzdan poklanib g'usl qilishda, ayollarga suv ila sidr ishlatishni, misklangan paxtalarni ishlatishni tavsiya qilganlar. Sochlariga bee'tibor bo'lmasdan, vaqti vaqti bilan ularni parvarishlab, moylashni, hinnolash kerakligini o'qittirganlar. Ayol kishini ko'zida surmasiz, qo'lida hinnosiz ko'rishni yoqtirmasliklarini ham aytganlar. 
Har bir musulmon va muslima ibodat uchun ziynatlanish zarurligini Alloh azza va jallaning «Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatlaringizni oling» degan hitobiga itoat etgan holda, erkaklar ziynatlanishga ko'pchilik bilan jam bo'lishda, jamoat yerlarida hammaning o'ngida hay'atlari go'zal bo'lib, ko'pchilikka tanglik keltirmaslik maqsadida urg'u berishni doimo yodda tutishi lozim, shuning uchun biz ayollar doimo erkaklarga uydan chiqishlarida Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ziynatlanishlarida yordam berganlaridek, erkaklarimizga yordamlashib, ziynatlanishni unutib qo'ymasliklari payidan bo'lib turishimiz kerak, lekin biz, ayollarning ziynati asosan erlari uchun bo'lishini unutmasligimiz lozim va sollallohu taolo 'ala sayyidina Muhammadin va 'ala alihi va sohbihi ajma'iyn.

Odinaxon Muhammad Yusuf