Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Husaynxon Yahyo Abdulmajid
Husaynxon Yahyo Abdulmajid Xofizi qur'on - 02 Iyun 2023

Ochilmas ko'ylak, kiyilmas to'n

img

Ayrim xatti-harakatlar borki, ular urfga kirib ketgani bois sizu bizga binoyidek ish tuyuladi. Biroq, uni tashqaridan kuzatgan kishigina bu ishning naqadar xunuk ekanini his qila oladi. Ba'zi oddiy, tilga olishga yaramaydigandek tuyuladigan holatlar, urf-odatlar borki, ularning natijasi anchagina noxushliklarga olib keladi. O'shanday odatlarning xalq orasida tarqalganlaridan biri hozirda biz so'z yuritmoqchi bo'lgan mavzudir. Men bu mavzuda ilmiy bahs qilmoqchi emasman, balki, mantiqiy bir mulohaza yuritmoqchiman, xolos. Siz mavzu sarlavhasini ko'rib, hayron bo'lgandirsiz. «Ochilmas ko'ylak yoki kiyilmas to'n bo'lishi mumkinmi, axir?» degan xayolga ham borgandirsiz. Yoki bu ko'chma ma'nodagi bir ramziy ifoda bo'lsa kerak, deyishingiz mumkin. Yo'q! Bu ayni voqe'likdagi bir haqiqatdir. «Ochilmaydigan ko'ylak va kiyilmaydigan to'n qaerda bo'lishi mumkin?» - demoqchimisiz? Andijonda bor. «Unday narsa kimga kerak?» desangiz... izdihomchiga kerak. «Undan kimga manfaat bor?» - deysizmi? Bozorchi ayollarga manfaat bor.

Keling, gapning po'st kallasini aytaqolay. Xalqimizda turli munosabatlar bilan har xil izdihomlar, yig'inlar, to'y-ma'rakalar bo'lib turadi. Ularning ba'zilari yaxshi odatlar bo'lsa, ba'zilari bid'at-xurofotdan iborat. Ko'pincha izdihomlarning yakunida mehmonlarga ommatan yoki xossatan ko'rinishda hadyalar tortiladi. O'sha hadyalarning deyarli barchasi to'n yoki ko'ylak bo'ladi. Biz aytmoqchi bo'lgan to'n va ko'ylaklar o'shalardir.
Balkim siz: «To'n hadya qilsa, ko'ylak tortiq qilsa, yomonmi?» - dersiz? Yo'q, hamma gap – o'sha hadyadan ko'zlangan maqsad nima ekanidadir.
Birovga hadya berishda ikki maqsaddan biri ko'zlanadi. Birinchisi: muhtoj kishiga, uning ehtiyojini qondirish maqsadida, ikkinchisi: muhtoj bo'lmagan kishiga, uning ko'nglini olish niyatida hadya beriladi. Avvalgisi rahm-shafqat, muruvvatning ramzi bo'ladi, keyingisi esa izzat-ikromning, sharaflashning ramzi hisoblanadi.
Biroq, izdihomlardagi biz aytmoqchi bo'lgan «hadya»lardan maqsad nima ekanini tushunib bo'lmaydi. Chunki ularda berilgan ko'ylaklarni kiyish u yoqda tursin, ayrimlarini ochishning ham iloji yo'q. Chunki qutining ichida ko'ylakning old tomoni ko'rsatib taxlangan. Ochib qarasangiz, orqasida hech narsa yo'q. Yoki ko'ylak shaklidagi kiyim bo'lsa ham, shu qadar abgorki, qo'pol qilib aytganda, kafanlikka ham yaramaydi. 
To'nlarning holati ham undan oshib tushadi. Matosi yarim asr oldin ishlab chiqarilgan. Tikilganiga ham chorak asr bo'lib qolgan. Uzoq vaqt mobaynida kichrayib ketganmi yoki o'zi shunaqa andozada bichilganmi, haligi to'n olti-etti yoshli bolaning qomatiga to'g'ri keladi. Kiydirsangiz, yechilmaydi, yechsangiz, qayta kiydirib bo'lmaydi. «Birorta norasida bolani topib, «kiydirib» tashlayin, aldagani bola yaxshi» desangiz, unga norasidalar ham aldanmaydi.
Bu so'zlar mubolag'a emas, ayni haqiqatdir. To'g'ri, ulardan tuzukroq to'n-ko'ylaklar ham bor. Lekin ular ham birovga hadya qilish tugul, o'zingiz uchun kiyishga ham arzimaydi.
Tarixdan ma'lumki, bir kishi haqida «falonchi pistonchiga to'n kiydirib yubordi» deyilsa, to'n kiydiruvchi shaxsning to'n kiygan kishiga nisbatan eng yuqori darajadagi hurmat va izzat-ikrom ko'rsatganini bildiradi. «Pistonchi falonchiga hadya beribdi» deyilsa, o'sha odamning hadya oluvchiga nisbatan o'z muhabbati va yaqinligini izhor qilgani tushuniladi.
Ammo yuqorida aytilgan vasfdagi uvunto'da matolarni birovga hadya qilishni nima deb qabul qilish mumkin? Birinchi navdan desangiz, bu narsalar hojatga yaramaydi. Mehmonlar ham kiyimsiz qolgan bechoralar emas. Ikkinchi navdan desangiz, ular e'zoz timsoli emas, haqoratlash alomati bo'lishi mumkin.
Endi o'sha narsalarni o'zingizning taklifingizga binoan xonadoningizga tashrif buyurgan aziz mehmonga, sizning xursandchiligingizga sherik bo'lish, muborakbod etish uchun kelgan yoki musibatingizda ta'ziya bildirish, yoningizda dalda bo'lib turish maqsadida tashrifi qudum qilgan qadrdoningiz, qo'ni-qo'shningizga, xususan, ilmli, hurmatli insonga bersangiz, buni qanday tushunish mumkin?! 
Axir, bu o'sha insonga nisbatan tahqir-ku! «Sen shunga loyiqsan» degani emasmi? O'zingiz o'ylab ko'ring, o'sha narsani o'zingiz kiyish uchun sotib olarmidingiz? Yo'q, aslo. O'ziga ravo ko'rmaganni o'zgaga ravo ko'rish musulmon kishiga to'g'ri kelmaydi. Suyukli Rasulimiz: «O'zing uchun yoqtirganingni birodaring uchun ham yoqtirmaguningcha mo''min bo'lmassan», deganlar.
O'sha narsani otangizga: «Otajon, mana bu mendan sizga hadya» deb tortiq qila olasizmi? Yo'q, hargiz, u holda duoyi badga qolasiz. «Mehmon – otangdan ulug'», - deydi dono xalqimiz. Payg'ambarimiz: «Kim Parvardigorga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, mehmonini ikrom qilsin», - deganlar.
Qanchadan-qancha hurmatli, qadrli kishilarni to'plab, izzat-ikrom ko'rsatib ziyofatlar berib, oxirida ularni tahqirlab kuzatishning nima ma'nosi bor?
To'g'ri, Payg'ambarimiz: «Ey muslima ayollar! Biror qo'shni ayol qo'shni ayolga nisbatan (hadyasini) past sanamasin, agarchi qo'y tuyog'i bo'lsa ham», - deganlar. Lekin bu oz bo'lsa ham bir-birlaringizga hadya ulashib turing, katta narsa topganda qilaman deb aloqalar uzilib ketmasin, bir kishi ko'ngildan chiqarib bir narsa bersa, uni tahqirlab hadya berganning ko'nglini sindirib qo'ymang, degan maqsadda aytilgan. Xalqimizning «ko'p berma, ko'ngil qo'yma», - degani ham shu ma'noda. Qolaversa, qo'yning tuyog'i oz narsa bo'lsa ham, foydali, yaroqli narsadir.
Ammo biz hikoya qilayotgan matolar yaroqli narsalar emas. Uni berayotganlar esa yo'qchilik sababli shunga majbur bo'layotganlari yo'q. Yozgan dasturxonlari ham bundan darak berib turibdi. Aslini olganda esa, o'sha narsani berish ham shart emas. O'shani bermasa birov xafa bo'lmaydi ham. Ular faqat ko'r-ko'rona urf-odat yoki tuban riyokorlik yuzasidan berilishi mumkin, xolos. Undan ko'ra bitta yangi paypoq bersa-yu, o'shani birov kiysa, shu yaxshiroq emasmi? 
Payg'ambarimiz: «Bir-birlaringizga hadya ulashing, bir-birlaringizga muhabbatli bo'lasiz», deganlar. Demak, hadya muhabbatni uyg'otadigan, o'zaro aloqalarni mustahkamlaydigan, olgan kishi bergan kishini yaxshi ko'rib qolishiga olib keladigan darajada ardoqli, yaroqli bo'lishi kerak ekan. 
Boshqa bir hadislarida: «Hadya ko'ngildagi g'illu g'ashlikni ketkazadi», deganlar. Binobarin, hadya insonni xushnud qiladigan, hattoki, birovdan yetgan xafachilikni dildan aritib tashlaydigan holatda bo'lishi lozim, insonni xafa qiladigan, ko'nglini tushiradigan darajada emas.
Agar Parvardigorning roziligini istab hadya berilayotgan bo'lsa, unda ish yana-da ahamiyatli bo'ladi, jiddiylashadi. U zot O'z Kalomida aytadi: «Ey, iymon keltirganlar! Kasb qilgan narsalaringizning pokizalaridan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalardan nafaqa qilinglar. Nafaqa qilganingizda nopokni ko'zlamang. Holbuki, uni o'zingiz ham oluvchimassiz, magar undan ko'z yumsangizgina. Va bilingki, albatta, Alloh behojat va maqtovga loyiqdir. Shayton sizga faqirlikni va'da qiladir va fahshga buyuradir. Alloh sizga O'zidan mag'firat va fazlni va'da qiladir. Va Alloh keng qamrovli va bilimdondir.
Hadya berish qo'shimcha bir solih amal. Hech bir kishiga biror narsani hadya qilish vojib emas. Buni, faqat, savob istagan odam o'z xohishi bilan, chin ko'ngildan qilishi kerak. Kimdir libos beradi, kimdir kitob, yana birov boshqa narsa berishi mumkin. Hadya berishda, imkon qadar, eng kerakli, savobi ko'proq narsani ixtiyor qilgan afzal.
Endi savol tug'iladi: «Yillar mobaynida izdihomlarda berilayotgan bunday matohlarning oqibati nima bilan tugaydi?»
Javob quyidagicha: Ularning oqibati salbiy ma'noda «bor tovog'im, kel tovog'im, o'rtamizda sin tovog'im» degan matalga ko'ra bo'ladi. Ya'ni, uni izdihomchi bozordagi yoymachi ayollardan sotib oladi. Mehmonlariga tarqatadi. Bir necha izdihomga borganingizdan so'ng uyingizda o'shanaqa narsalar to'planib qoladi. Ularni kiyishning ham, birovga kiydirishning ham imkoni yo'q. Chunki ularni berish uchun izdihom qilish kerak. Boshqachasiga o'tmaydi. Bir g'aram bo'lib to'plangan matohlarni uyda ivirsib turmasin deb, bozorchi ayollarga arzimas pulga bo'lsa-da, sotasiz. Ular ham haligi narsalarni olib, ustiga biroz foyda qo'yib, yana yangi izdihom qilmoqchi bo'lganlarga sotishadi. Shu tariqa haligiday qiymatsiz to'n-ko'ylaklar xalq orasida izzat-hurmatda «qo'lma-qo'l» bo'lib yuraveradi. Oxiri kimningdir qo'lida titilib tugaydi. To'plab yoqib yuboray desangiz, ko'zingiz qiymaydi, «harna», deysiz-da. Kiyib yuboray desangiz, egningizga rahmingiz keladi.
Ko'pchilik hollarda ayollar birovni yo'qlab borish ma'nosida ham o'shanday to'n-ko'ylaklarni ishlatishadi. Bu ham insonni kalaka qilishning bir namunasi. 
Urf-odatga ko'r-ko'rona ergashishning bir ko'rinishini sizga aytib beray. O'zim uchun ham qadrdon, ham qarindosh bo'lgan bir kishi to'yga aytdi. O'sha kuni bir sabab bo'lib izdihomga aytilgan vaqtda bora olmadim. Ancha vaqt keyin bo'lsa ham «hechdan ko'ra kech» deb, ularning uylariga bordim. To'yxonada izdihom sohiblaridan boshqa odam qolmagan. Bir-ikki soat maroqli suhbat bo'ldi. Suhbat asnosida uy sohiblari aynan hozirda biz ko'targan masala haqida so'z yuritib qolishdi. Biri olib, biri qo'yib, rosa tanqid qilishdi. Men ham, takliflariga binoan, o'zimdagi fikr-mulohazalardan ancha-muncha so'zladim. Suhbat yakun bo'lib, xayrlashib chiqdim. Tashqariga chiqqanimda qo'limga benazir takalluf bilan bir hadya-tugun tutishdi. Uyga kelib qarasam, «hadya» ularning suhbatlariga mavzu bo'lgan ko'ylakdan iborat ekan. Mana sizga johilona taqlid insonning aqlini qay darajada ko'r qilib qo'yishiga bir jonli misol.
Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, behuda urflarga qarshi turishga kuchi yetmay, oqimga qarshi suza olmay yurganlar ham oz emas. Shu bilan birga, urf-odatlar oqimining to'lqinlarini yo'naltiruvchi shamol, asosan, ayollar tarafidan esishi ham doimiy qoidadir. Yuqoridagi misol ham shundan dalolat bo'lsa, ajab emas.
Lekin bu degani hamma shunday qiladi, degani emas. Farosatli, bilim va amalli ba'zi kishilar ma'noli ishlarni ham qiladilar. Biroq, hanuzgacha biz aytgan surat aksariyatni tashkil etib kelmoqda.
Shuningdek, bu urf faqat Andijonga xos emas. Boshqa joylarda ham shunga o'xshash holatlar kuzatiladi. Ammo Andijonda bu narsa keng tarqalgan illatga aylangan. Bu hodisa tashqari yurtdan kelgan kishilarning oldida Andijon xalqiga nisbatan tanqid va dashnomlar yog'ilishiga sabab bo'lmoqda. Kimlarningdir bu yurt xalqini ongsizlikda ayblashiga zamin yaratmoqda.
Men o'zim andijonlik bo'lganim bois, xalqimning sha'nidagi so'z o'zimning sha'nimga tekkanini his qilganimdan bu gaplarni kuyunchaklik bilan aytmoqdaman. Agar kimningdir ko'ngliga og'ir botgan bo'lsa, meni afv etishlarini so'rayman. Ammo, kimdir gapirmasa, jamiyatdagi odatlarni isloh qilmasa, xalq o'z-o'zini o'nglashi mushkul. 
Xulosa sifatida savol tug'iladi: «U holda nima qilish kerak? Ziyofatlarda hadya ulashishni yo'qotish kerakmi?» Yo'q, albatta. Balki holatni isloh qilish kerak. Ushbu xalqning hoziri ham, avvalda bo'lganidek, o'z muqaddas diniga amal qilish bilan isloh bo'lishi muqarrar. Binobarin, o'sha muborak ta'limotga murojaat qilish, uni o'rganib, unga ixlos bilan amal qilish lozim bo'ladi. Demak, masalaning yechimi quyidagicha:
Parvardigor O'zining muqaddas Kalomida shunday marhamat qiladi:
«O'zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmassiz. Nimaiki nafaqa qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir». 
Sevimli Payg'ambarimiz aytadilar: 
«Bir-birlaringizga hadya ulashing, bir-birlaringizga muhabbatli bo'lasiz». 
«Odamlarga o'zing uchun yaxshi ko'rgan narsani yaxshi ko'rgin, musulmon bo'lasan».
Binobarin, musulmonlarning o'zaro bir-birlariga hadya berishlari izdihomlarga yoki maxsus munosabatlarga bog'lanib qolmasligi, balki, har qanday holatda, har qanday vaqtda davomiy tarzda, takallufsiz, samimiy bo'lishi lozim.

Muallif Husaynxon Yahyo