Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Hasanxon Yahyo Abdulmajid Xofizi qur'on - 20 Iyun 2022

«Iyd Azho» odoblari

img

Bizda «Qurbon hayiti» yoki «Kichik hayit» deb nomlanadigan kun diniy manba'larimizda «Iyd al-Azha» deb yuritiladi. «Iyd» so'zi arab tilida «qayta-qayta takrorlanish», «foyda-manfaat» ma'nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va unda 
Allohning ne'matlari bandalariga serob bo'lgani uchun uni «iyd» deb nomlangan. «al­Azha» esa «qurbonlik qilish», degan ma'noni anglatadi.

Tilshunos mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, «hayit» so'zi ham asli «iyd» so'zidan olingan ekan. («O'zbek tilining izohli lug'ati», 676-bet. Moskva. 1981 yil.). O'g'uzlar (qadimgi turklar) ayrim hollarda so'z boshidagi unli oldiga «h» qo'shib talaffuz qilishgan ekan. («Devonu lug'atit turk», 135-bet. Mahmud Qashg'ariy. Toshkent. 1961 yil. O'z.SSR Fanlar Akademiyasi nashryoti.) Ana shundoq qilib, «iyd» so'zi bizda keyinchalik «hayit» shaklini olgan ekan. Qurbon hayiti kunining tarixi Ibrohim alayhissalomning davrlariga borib taqaladi. «Sharhul Viqoya» va bir qancha tafsir  kitoblarda kelishicha, Ibrohim alayhissalom tushlarida o'g'illari Ismoil alayhissalomni 
qurbonlik qilayotganlarini Zulhijjaning sakkizinchi kuni ko'radilar. Bu tushning haqiqiqiy yoki haqiqiymasligi haqida o'ylab, tafakkur qilib qoladilar.

Shu bois, bu kun «Tarviya kuni kuni» deb nomlanib qolgan. Ertasiga o'sha tushni takror ko'radilar va endi tushning haqiqatda 
Alloh taolo tomonidan ekanini biladilar. Shuning uchun bu kun «Arfa» - «bilish» deb nomlanadi. Ertasiga, ya'ni Zulhijjaning o'ninchi kuni Ibrohim alayhissalom o'z o'g'illari Ismoil alayhissalomni Alloh uchun so'yish, qurbonlik qilish uchun olib chiqadilar. Shu sababdan bu kun «Nahr kuni», ya'ni «So'yish kuni»  deb ataladi. Alloh taolo vaqti kelib, Ibrohim alayhissalomning millatiga - diniga ergashadigan, u zotning haqiqiy izdoshlari bo'lgan musulmonlarga mazkur kunni bayram qilib berdi va o'sha kunlarda Ibrohim alayhissalom qilgan amal - qurbonlik so'yishni musumlonlardan qodir bo'lganlarga vojib qildi. 
«Iyd Azho» bayrami haj ibodatlarining yakuni munosabati bilan hamda Alloh taolo uchun har qanday qurbon berishga tayyorlikni izhor qilish ma'nosida shariatga kiritilgan. Musulmonlar Alloh taolo yo'lida jonliqlarni qurbon qilishni ana shunday buyuk bayram 
o'laroq nishonlaydilar. Islomda Qurbonlik kunini bayram qilib belgilanishi hijriy ikkinchi asrda joriy bo'lgan. Bu haqda muhaddislarimiz quyidagicha rivoyat qiladilar: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (Madinalik)larning ikki kuni bo'lib, ular o'sha kunlarida o'yin-kulgi qilshar 
edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu ikki kun qandoq kun?», – deb so'radilar. 
Ular:
«Biz johiliyatda shu kunlarda o'yin-kulgi qilar edik», – deyishdi.
Shunda Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam: 
«Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o'rniga ulardan ko'ra yaxshiroq 
–  Azho kuni va Fitr kunini berdi», – dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilgan.
Azho kuni – 
Qurbon hayiti, Fitr kuni – Ramazon hayiti kunidir.
Demak, bu ikki hayit kunlarini siz bilan biz mo'min-musulmonlarga bevosita Alloh taoloning O'zi bayram qilib bergan ekan. 
Ularni odamlar o'zlari o'ylab topgan yoki olimlar joriy qilgan emas, balki ilohiy iroda shuni ixtiyor qilgan ekan. Ana shu e'tibordan, ushbu kunlarni bayram qilishning o'zi alohida ibodat hisoblanadi. Madina ahli Islomdan oldin yilning ikkita kunini – bahorda shamsiy 
yilning boshlanish kunini, kuzda Mehrijon kunini bayram qilishar edi. O'sha kunlarni ular turli o'yin-kulgilar bilan o'tkazishar edi. Alloh taolo ularga o'sha ikki kunning o'rniga boshqa ikki kunni bayram qilib nishollashni Islom shariatida joriy qilib berdi. Shunday qilib, 
Islom arkon – asoslaridan hisoblangan ikki buyuk ibodat – ro'za va haj ibodatlarining yakuni musulmonlar uchun eng ulug' bayram etib tayinlandi. Ana shundan buyon mo'min-musulmonlar bu kunlarni bayram qilib keladilar. Ularni o'ziga xos go'zal suratda, ibodat, xayru saxovatlar bilan, axloq-odob me'yorlari asosida nishonlaydilar. Bu kunlar doimo ezgulik, xayru baraka, mehr-oqibat ramzi hisoblanib kelgan. Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo'lgan kundan boshlab Qurrbon hayitini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan.  Iyd  namozini o'qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig'ilgan. Namozdan so'ng beva-bechoralar 
holidan xabar olish, faqiru kambag'allarga moddiy yordam ko'rsatish, bolalarga hayitllik sovg'alari ulashish xalqimiz ichida an'anaga aylangan. Qurbon hayiti Zulhijja oyining o'ninchi kuni bo'ladi. Binobarin, uning qachon bo'lishi ham, Ramazon hayiti kabi, oyni ko'rish 
bilan aniqlanadi. Undan keyingi uch kun, ya'ni Zulhijjaning 11-13 kunlari «Tashriq kunlari» deyiladi. «Tashriq» arab tilida quyoshga qo'yish, quyoshda toblash degan ma'noni anglatadi. Bu kunlarning bunday nomlanishiga sabab, arablar qurbonlik go'shtlarini shu 
kunlarda oftobga qo'yib, quritishar edi. Keyinroq bu kunlarni «Tashriq - quyoshga tutish kuni» deb nomlaydigan bo'lishdi. Shu bilan birga, bu kunlar haj amallari bajariladigan kunlar o'laroq alohida ehtirom qilinadi.
Diniy manba'larimizda hayit kunlariga doir odob va ahkomlar batafsil bayon qilingan. Biz hozir faqat Qurbon hayitiga tegishli odob va 
ahkomlar haqida so'z yuritamiz.

Qurbon hayiti kuniga eson-omon yetib kelgan har bir musulmon kishi quyidagi amallarni bajaradi: 

1. Takbir aytish. Takbir aytish deganda, «Allohu akbar», deyish tushuniladi. Ammo bu kunlarda takbirning to'liq shakli aytilish mustahab sanaladi. Ibn Abu Shayba o'z «Musannaf»ida Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha,  u kishi tashriq kunlari quyidagi takbirni aytar ekanlar: «Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaaha illalloh! Vallohu akbar! Allohu akbar! Va lillaahil hamd».
Ma'nosi: «Alloh ulug'dir! Alloh ulug'dir! Allohdan o'zga iloh yo'q! Va Alloh ulug'dir! Alloh ulug'dir! Allohga hamdlar bo'lsin!».
Bu kunlarda takbir aytishga Qur'oni Karimdan ham buyruq bor. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Allohni sanoqli kunlarda eslang», degan (203-oyat). Ibn Abbos roziyallohu anhumo ushbu oyatdadagi sanoqli kunlarni nahr va tashriq kunlari deb tafsir qilganlar. U zotning shogirdlari Ikrima roziyallohu anhu esa oyatdagi «eslang» kalimasini «takbir ayting»  degani, deb tushuntirganlar.
Ulamolarimiz ushbu dalillardan kelib chiqib, bu kunlarda takbirni ko'p aytish kerak, deyishgan. Shu bois, uyda ham, namozga ketishda ham takbirni ovoz chiqarib aytib boriladi. Shu bilan birga, farz namozlar so'ngidan ham takbir aytish alohida ta'kidlangan. U arafa kuni Bomdoddan boshlab,uchinchi tashriq kunining Asrigacha har farz namoz ortidan aytiladi. Bu takbir namozni jamoat bilan o'qigan kishilarga vojib, yolg'iz o'qiguvchiga mustahab sanaladi. Agar imom aytmasa ham, muqtadiy aytaveradi. Uni bevosita 
farz namozidan keyin aytiladi. Oraga namozni buzadigan amallar tushmasligi lozim.
Ibn Abu  Shayba imom Zuhriydan rivoyat qiladi:
«Odamlar manzillaridan chiqqandan boshlab, to nomozgohgacha, hatto imom chiqgunicha takbir aytishar edi. Imom chiqqach, jim bo'lishar va u takbir aytganda takbir aytishar edi».

2. Iyd kechasini ibodat bilan o'tkazish. Iydga o'tar kechaning ham o'ziga yarasha fazilati bor. Uni butunlay yoki bir qismini, xususan kechasining uchinchi qismini Qur'on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor o'tkazish ko'plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo'ladi. Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat 
qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob 
umidida qoim qilsa, qalblar o'ladigan kunda uning qalbi o'lmas», – dedilar».
Ibn Moja va Tobaroniy rivoyat qilgan.

3. Hayit namozi uchun g'usl qilish. Islom poklik dini. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarining bir hadislarida: «Poklik iymonning yarmidir», deganlar. Xususan, mana shunday ibodatlar oldidan, ko'pchilik jamoat to'planadigan joylarga borishdan oldin g'usl qilish dinimizda alohida ta'kidlangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni g'usl qilar ekanlar.
Fokih ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr, Azho va Arafa kunlari g'usl qilar edilar». Ibn Moja rivoyat qilgan.

4. Tishlarni misvok yoki tish pastalari yordamida tozalab olish. Tishni toza tutishga Islom dinichalik e'tibor bergan birorta din yoki ta'limot yo'q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ummatimga mashaqqat bo'lishidan qo'rqmaganimda, ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan bo'lar edim», deganlar.
Shu bois, har namoz oldidan misvok qilish sunnat amal hisoblanadi. Hayit namozi uchun esa, bu narsa yanada ta'kidliroqdir.

5. Iyd uchun yasanish. Musulmon kishi hayitga eng yaxshi kiyimlarini kiyishi, iloji bo'lsa, yangi kiyim sotib olishi mustahab. Bu ham bo'lsa, Alloh bayram qilib bergan kunni nishonlash, uni qadrlash ramzi hisoblanadi. Bu ish Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir. 
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki iydda hibara chopon kiyar edilar».
«Hibara» – Yamanning mashhur kiyimi.
O'sha davrda Yamanda sanoat rivojlangan edi. Yaman kiyimlari eng yaxshi kiyimlar hisoblanardi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham juma va ikki iyd kunlari xutbaga chiqqanlarida Yamandan keltirilgan hibara degan chiroyli to'nlarini kiyib olardilar. Shunga binoan, iydga eng yaxshi kiyimlarni kiyish musulmonlar ichida keng tarqalgan. Sahobai kiromlar ham ushbu sunnatga doimo amal qilganlar. Xalqimiz qadimdan ushbu sunnatni go'zal tarzda amalga oshirib kelgan. Hayit arafalarida kiyim-kechak bozorlarimizda savdo-sotiq qizg'in avjiga chiqishi ham shundan. Bu ishda Alloh taolo bergan ne'matlarga shukr qilish bor.
Ammo shuni ham unutmaslik lozimki, ayollarning ziynatlanishlari shariat doirasida va mahramlar davrasida bo'lishi kerak.

6. Hushbo'ylik surtish. Bu ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan. U zot alayhissalom asli xushbo'y edilar. Shu bilan birga, doimo xushbo'ylik surtib yurar edilar va: «Menga dunyoyingizdan xo'shbo'ylik mahbub ko'rsatildi», deb qo'yar edilar. Jamoatchilik joyga kirishda xushbo'ylik surtib olish yuksak odob namularidan biri bo'lib, ko'plab noqulayliklarning oldini oladi. 
Yuqorida o'tgan odoblarga erkagu ayol barobar amal qilishi lozim.

7. Namozni ado etib bo'lguncha biror narsa yemaslik. Qurbon hayitida, Ramazon hayitidan farqli o'laroq,hayit namozini ado etib 
bo'lguncha biror narsa yemaslik sunnat hisoblanadi: Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni biror narsa yemay turib chiqmas, Nahr kuni esa qaytib kelguncha hech narsa yemas edilar, o'z qurbonliklaridan yer edilar».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ammo bunda hayvonning jigari yo boshqa bir maxsus joyidan yeyish qayd qilinmagan. Muhimi, o'z qurbonligidan yeyishdir.

8. Hayit namoziga chiqish. Iyd namozi har bir balog'atga yetgan, sog'-salomat va o'z yurtida muqim bo'lgan mo'min-musulmon er kishiga vojibdir. U, hayit kungi eng asosiy, muhim amal hisoblanadi. Hayit kunining asosiy fazilati ham Iyd namozini o'qish bilan ro'yobga chiqadi. Iyd Azha namozining vojibligiga Qur'on va Sunnatda dalillar mavjud.
Alloh taolo aytadi:
«Bas, Robbing uchun namoz o'qi va qurbonlik so'y» («Kavsar» surasi, 2-oyat).
Ushbu oyati karimada namoz o'qish bilan birga qurbonlik qilish zikr qilinishidan, ulamolarimiz unda Qurbon hayiti namozini 
o'qilish vojibligiga dalil bor, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit namozini tark qilmaganlar va hatto uzrli ayollarni ham, namoz o'qimasalar-da, namozgohga 
hozir bo'lishga, ammo namozga qatnashmay bir chetda turishga amr qilganlar. U zotdan keyin roshid xalifalar, sahobai kiromlar va salafi solihlarning barchasi Iyd namoziga alohida ahamiyat berganlar. Islom ummati bugunga qadar Hayit namozlarini qoldirmay ado etib kelmoqda. Iyd namozining vaqti kun chiqqandan taqriban 15-20 daqiyqa o'tgandan boshlab, to asr vaqtigachadir. Uning qazosi yo'q, omma jamoat bilan o'qish shart. Iyd uch kun davom etadi. Shu kunlarda iyd namozini o'qish mumkin. 
Iyd namozi ikki rak'atdir. Unga azon va iqoma aytilmaydi. Hanafiy mazhabiga ko'ra, har ikki rak'atida qo'shimcha uchtadan takbir aytiladi va har takbir aytilganda, takbiri tahrimadagi kabi, qo'llar quloq barobariga olib kelinadi. 
Bu takbirlar birinchi rak'atda sanodan keyin, ikkinchi rak'atda zammi suradan so'ng, ruku'ga ketishdan oldin aytiladi.
Iyd namozining birinchi rak'atiga «A'laa» surasini, ikkinchi rak'atga «G'oshiya» surasini zammi sura qilish mustahab sanaladi.
Nu'man ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda va jum'ada «Sabbihisma Robbikal a'laa» va «Hal ataaka hadiisul G'oshiya»ni o'qir edilar». Muslim rivoyat qilgan.
Iyd namozi o'qilgandan so'ng imom minbarga chiqib xutba qiladi. Xutbada kishilarni ushbu kunlarda takbirni ko'paytirishga targ'ib qiladi va takbir aytishga doir ahkomlarni ularga ta'lim beradi. Iyd xutbasiga o'tirgan kishilar uni jim turib tinglashlari vojib.
Iyd namozi haj kunlari sharafiga, ushbu kunlarning fazilatlari shukronasiga o'qiladi. Iyd namozi dinimizning buyukligi va oliyjanobligining nishonasi, mo'min-musulmonlarning Allohga bo'lgan bandaliklari izhori, ularning ittifoqliklari, birliklari ramzi hisoblanadi. Hayit namoziga to'plangan jamoatga Alloh taoloning rahmati yog'iladi, Alloh ularning gunohlarini kechiradi, duolarini qabul qiladi. 
Iyd namozini o'qishda, umuman, Iyd kunini bayram qilishda oddiy urf-odat yoki qandaydir ko'nikma ma'nosida emas, balki, Allohdan savob umidida, va'da qilingan yaxshiliklarni qasd qilgan holda, iymonu ixlos bilan bo'lishimiz, ana shu ruhda ish tutishimiz darkor. Ana shunda ko'zlagan maqsadga yeta olamiz.

9. Iyd namoziga ertaroq, piyoda, viqor bilan, takbir aytgan holda borish. Namozga qancha erta borib, qancha ko'p intizor bo'linsa, savobi shuncha ko'p bo'ladi. Agar yo'l uzoq bo'lmasa, imkoni bor kishi piyoda borgani yaxshi.
Imom Termiziy qilgan rivoyatda hazrati Ali roziyallohu anhu:
«Iydga piyoda chiqish sunnatdir»,- deganlar. 

10. Hayit namozga bir yo'l bilan borib, boshqasidan qaytish. Bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hisoblanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam iyd kuni bir yo'l ila chiqsalar, boshqasi ila qaytar edilar».
Termiziy, Abu Dovud va Buxoriylar rivoyat qilgan.
Ulamolarimiz ushbu sunnatning bir qancha hikmatlari borligini ta'kidlaganlar. Jumladan, qilingan yaxshi amalga Qiyomat kuni 
guvohlik beradigan narsalarni ko'paytirish, zero, yer o'z ustida qilingan yaxshiyu yomon amallarga guvohlik beradi. Shuningdek, bunda iydni olqishlash, Islomning makonatini, barakasini ko'rsatish ham bor. Qolaversa, musulmonlarning ko'proq qismini hayit bilan 
tabriklash, ulardan hol so'rash uchun ham bordi-keldi yo'lni boshqa qilishning ahamiyati katta.

11. Qurbonlik qilish. Qurbon hayitining nomidan ham ma'lumki, bu bayramda asosiy amalga oshirilishi lozim bo'lgan ish Alloh yo'lida jonliq so'yishdir. Qurbonlik qilish o'z yurtida muqim bo'lgan, ayni vaqtda zakot nisobidagi mulkka ega bo'lgan har bir mo'min­musulmon erkagu ayolga vojib hisoblanadi. Uning vaqti hayit namozi o'qilgandan so'ng boshlanib, uchinchi hayit 
kuni quyosh botishidan oldin tugaydi.
Qurbonlikkaso'yiladigan havon mol, qo'tos, tuya, qo'y va echki bo'lishi mumkin. Bitta mol, qo'tos yoki tuyani yetti kishi nomidan so'ysa ham joiz. Sharti, sheriklarning hammasi qurbonlikni, sadaqani niyat qilishi lozim. Bu hayvonlarning erkagi 
ham, urg'ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlikka yaraydi. Ulardan boshqa 
hayvonlar qurbonlikka o'tmaydi.Shu bilan birga, qurbonlikka atalgan hayvon jiddiy aybli 
bo'lmasligi kerak, qanchalik sog'lom va ko'rkam bo'lsa, shuncha yaxshi, savobi ko'p bo'ladi. 
Qurbonlikning vojibligiga quyidagi oyat va hadislar dalil bo'ladi.
Alloh taolo «Kavsar» surasida shunday marhamat etadi:
«Albatta, Biz Senga Kavsarni berdik. Bas, Robbing uchun namoz o'qi va qurbonlik so'y» (1-, 2-oyatlar).
Mixnaf ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning:
«Ey odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik lozimdir», - deganlarini eshitdim».
«Sunan» egalari rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayiti kunlari o'zlari ham qurbonlik qilganlar va bunda o'z ummatlariga qanchalar mushfiq 
ekanlarini yana bir bor ko'rsatganlar.
Jobir roziyallohu anhu aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda «Qurbon» namoziga hozir bo'ldim. U zot xutbalarini tugatgach, minbarlaridan tushdilar­da, bir qo'chqor olib kelib, uni o'z qo'llari bilan so'ydilar va: «Bismillahi va billahi (Allohning nomi bilan va Alloh uchun).Allohim, 
bu mendan va ummatimning qurbonlik qilmaganlaridan», - dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Huzayfa ibn Usayd roziyallohu anhu aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkita olachupor qo'chqor keltirar va ularning birini so'yar ekanlar: «Allohim, bu Muhammad va Muhammadning oilasi nomidan» der, ikkinchisini keltirib: «Allohim, bu ummatimdan Sening birligingga va mening omonatni yetkazganligimiga guvohlik berganlar nomidan», der edilar».
Imom Hokim rivoyat qilgan. Qurbonlik qilish Alloh taologa bandalik nishonasi, fidokorlik ramzi, juda ham fazilatli va savobli amal hisoblanadi. Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhu aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga:
«Turib borib qurbonligingga shohid bo'l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o'tgan gunohlaring mag'firat qilinur», – dedilar. 
«Ey, Allohning Rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki bizga va musulmonlarga umumiymi?», – dedi Fotima.
U zot: «Yo'q. Balki, musulmonlarga umumiydir», – dedilar».
Qurbonlik qilingan hayvonning go'sht­yog'i, teri  va boshqa joylarini sotib bo'lmaydi, ularni berish yoki o'zi o'z oilasi uchun ishlatish mumkin. Qo'li yupqa, serfarzand kishilar ko'proq o'z oilalarini ta'minlaganlari yaxshi.O'zi qilgan qurbonlikning go'shtidan yeyish mustahabdir.
Alloh taolo aytadi:
«Bas, ulardan yenglar, bechora va faqirlarga ham yegizinglar. So'ngra o'zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va «Baytul'atiq»ni tavof qilsinlar» («Haj» surasi, 28-29-oyatlar).
Hazrati Jobir roziyallohu anhu vidolashuv haji haqidagi mashhur hadislarida, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Keyin burilib qurbonlik so'yadigan joyga bordilar­da, oltmish uchta(qurbonlik)ni qo'llari bilan so'ydilar. Keyin Ali topshirgandilar, u qolganini so'ydi. Ul zot uni qurbonliklariga sherik qildilar. So'ngra har bir tuyadan bir parchadan go'sht keltirishga buyurdilar. Ularni qozonga solib pishirildi. Ikkovlari uning go'shtidan yeb, sho'rvasidan ichdilar». 
Muslim rivoyat qilgan.

12. Xonadon ahliga kengchilik, serobchilikka sharoit yaratish. Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Uyga 
qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji bo'lsa, ularga sovg'a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi bo'ladi. Bunda hadyalarni qo'ni-qo'shni va boshqa musulmonlarga ham berilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«O'zaro hadya berishinglar, bir-biringizga muhabbatingiz bo'ladi», – deganlar».
Bayhaqiy va boshqlar rivoyat qilgan.

13. Qarindosh-urug', qo'ni-qo'shnilarni ziyorat qilish, beva-bechoralarning holidan xabar olish, ularga xursandchilik ulashish. Hayit munosabati bilan ustoz va olim kishilarni ziyorat qilish ham juda katta savobli ishlardan hisoblanadi. Shuningdek, bemor ko'rish, yo'qsil, qambag'allar holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga ko'maklashish ayni savob ish bo'ladi. 
Hayit kunlari sila rahm qilish, qarindosh-urug', quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham ko'ra ta'kidlangan bo'lib, savobi ko'proq bo'ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kimni rizqini kengaytirilishi va ajalini ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai raqm qilsin», – dedilar».
Uchovlari rivoyat qilishgan.
Shuningdek, uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do'st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib 
olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki musulmon birodariga gina qilgan kishilarga faziylatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak. Bunday holatlarda hayitliklar berish ham oradagi kuduratni ko'tarilishiga 
sabab bo'ladi. Ibn Abuddunyo «Makaarimul axlaaq» nomli kitobida quyidagi hadisni keltiradi:
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Hadyalar berishing, chunki hadya, oz bo'lsin yo ko'p bo'lsin, kek-adovatni ketkazadi va mehr o'yg'otadi», – dedilar.

14. Bolajonlarga hayitlik berish, ularga ushbu bayramning shukuhini ko'rsata bilish. Bolalarga munosib hadya va sovg'alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo'ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo'ladi. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadryatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg'usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo'lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir qavmning o'z bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir», deganlar. Demak, biz bu kunlarni ana shunday ko'taringi ruhda o'tkazishmiz lozim.

15. Tanish-bilish, yoru do'st va har bir ko'ringan musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish. Hayit munosabati bilan tabriklash jamiyatda aka-ukachilik, birodarlik rishtalarini mustahkamlaydi, musulmonlarning bir-birlariga bo'lgan muhabbatlarini ziyoda qiladi, o'zaro aloqalarini mustahkamlaydi. Xususan, berilgan va maktub orqali kelgan tabriklarga javob qaytarishni unutmaslik lozim. Sahobai kiromlar hayit kuni bir-birlari bilan uchrashganlarida «Alloh bizdan ham, sizdan ham yaxshi amallarimizni qabul aylasin», deb qo'yishar ekan. Bundan tashqari, «Hayitingiz muborak», «Hayitingiz qutlug' bo'lsin» kabi iboralar ham tabriklashning bir ko'rinishidir.  Tabrik va tilaklarni izhor qilishda zamonaviy imkoniyatlardan foydalanilish ham mumkin. Masalan, telefon qilish yoki telefonda maktub jo'natish, elektron pochta orqali yozishmalar qilish kabi. 

16. Hayit kuni odob doirasida, harom va man' qilingan narsalarni aralashtirmagan holda ayrim ko'ngilxushi ma'nosidagi 
o'yin-kulgilar ham qilish mumkin. 
Ajdodlarimiz bundan ming yillar muqaddam hayit kunini «bayram» deb ham atashgan ekan. Bu so'zning asli «bazram» bo'lib, «o'yin-kulgi qilinadigan, shodiyona kun» degan ma'noni anglatar ekan. Ular hayit kunlari o'yin-kulgi qilib, shodlik, xursandchilik  izhor qilish joizligiga dalolat qiluvchi shar'iy ma'lumotlardan kelib chiqib, hayit kunlarini «bayram» deb atashgan bo'lsa, ajab emas. O'sha ma'lumotlardan ayrimlarini imom Buxoriy o'z «Sahih»larida keltirganlar:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: 
«Abu Bakr kirganida oldimda ansoriylarning qizlaridan ikki qizcha Buos kuni ansorlar aytishgan narsani qo'shiq qilib aytayotgan edilar. Ikkovlari qo'shiqchi emasdilar. Shunda Abu Bakr: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida shaytonning nag'masi 
bo'layaptimi?!», – dedi. Bu, iyd kuni bo'lgandi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Ey Abu Bakr, har bir qavmning bayrami bor. Bu bizning bayramimizdir», – dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Abu Bakr u(Oisha)ning oldiga Mino kunlarida kirganida uning huzurida ikki qizcha qo'shiq aytar va duff (doira) chalar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ki¬yimlariga burkanib yotar edilar. Abu Bakr ikkovi(qiz)ni jirkib to'xtatdi. Shunda 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini ochib: «Tek qo'y ularni, ey Abu Bakr, bu kunlar iyd kunlaridir», – dedilar», deyilgan.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan. Buos Madina yaqinidagi bir joyning nomi bo'lib, u yerda Avs va Xazraj qabilalari orasida qattiq 
urush bo'lgan va o'sha kun «Buos kuni» deb nomlanib qolgan. Arablarning odati bo'yicha, o'sha Buos urushida ikki taraf ham faxr ma'nosida, o'zlarini shijoatlantirish uchun turli mazmunda baytlar aytishgan. O'sha baytlar odamlar orasida tarqab, xalq qo'shig'iga aylanib ketgan. Ushbu rivoyatda aytilayotgan ikki qizcha ham o'sha baytlarni qo'shiq qilib aytishgan ekan. Bunga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ijozat bergan ekanlar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: 
«Iyd kuni edi. Qoralar qalqon va nayzalarni o'ynashar edi. Yoki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'radim, yoki u zot: 
«Tomosha qilishni xohlaysanmi?», – dedilar. Men: 
«Ha», – dedim. 
U kishi meni orqalariga turg'izdilar. Yanoqim u zotning yanoqlariga tegib turardi. U zot bo'lsalar: 
«Ey Bani Arfidalar, davom etaveringlar», – derdilar». 
Nihoyat, men malollanganimda: 
«Bo'ldingmi?», – dedilar.
«Ha», – dedim.
«Ketaver», – dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Habashlar kelib, iyd kuni masjidda 
sakrab raqs tusha boshladilar. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni chaqirdilar. Men boshimni u zotning yelkalariga qo'yib, ularning o'yinlariga nazar sola boshladim. Nihoyat, o'zim ularga nazar solishdan qaytdim», deyilgan.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan.
Demak, hayit kunlari zikr ma'nosidagi, yaxshilik, shijoat, mardlik, xalqsearlik, axloq-odobga targ'ib qiladigan qo'shiqlarni tinglash hamda dovyuraklik, polvonlik o'yinlarini tomosha qilish kabi shariatda ruxsat berilgan o'yin-kulgilar bilan mashg'ul bo'lish ham joiz ekan. Bunday ishlar bolalarni topqirlikka, ziyraklikka o'rgatadigan, kishilarni ilm-ma'rifatini oshirishga xizmat qiladigan turli tadbir, musobaqalar shaklida o'tkazilsa, yanada yaxshi bo'ladi. 
Men o'zim musulmon malakatlaridan birida xizmat safarida bo'lgan chog'imda ana shunday tadbirlarda ishtirok etib, ularning shariat asoslarida o'tkazilishi bilan birga, juda ham ko'ngilochar, xuzurbaxsh bo'lganini ko'rib, qoyil qolgan edim. O'shanda biz bilan bir nechta yetuk olimlari ham birga qatnashishgan edi. Shuningdek, hayit kunlari adabiy, ilmiy anjumanlar o'tkazish, ma'lum maqsadlarga qaratilgan bayram ziyofatlari uyushtirish ham yaxshi natijalar beradi.

Hayit kuniga doir odoblar to'la-to'kis bo'lishi uchun, ushbu kunda qilish durust bo'lmagan ayrim narsalar haqida ham to'xtalib o'tish darkor. Iyd kuni quyidagi ishlardan saqlanish lozim:


1. Ro'za tutish. Hayit kuni bayram bo'lgani, hamma musulmonlar turli uslub va amallar bilan bu kunni nishonlashi e'tiboridan, bu kunda ro'za tutishdan qaytarilgan.  Qurbon hayiti kuni va undan keyingi uch kunda ro'za tutish makruh hisoblanadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar.
Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kunning – Fitr kuni va Nahr kuni ro'zasidan qaytardilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sa'd roziyallohu anhu aytadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: «Tur, tashriq kunlari yeb­ichish kunlari ekani va ularda ro'za tutilmasligini aytib odamlar ichida jar sol», - dedilar».
Imom Nasaiy rivoyat qilgan.

2. Iyd namozidan oldin yoki keyin nafl o'qish. Odatda Iyd namozi kun yoyilishi bilan o'qilgani bois, aslida undan oldin namoz o'qish o'zi shundoq ham makruhligi hammaga ma'lum. Ammo Iyd namozi agar keyinroq o'qilgan taqdirda ham undan oldin namoz o'qib bo'lmaydi. Shuningdek, Iyd namozidan so'ng ham namoz o'qilmaydi. Ibn abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Iyd kuni ikki rak'at namoz o'qidilar, undan oldin ham, undan keyin ham 
namoz o'qimadilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.

3. Gunoh sodir qilish. Hayit kuni qilingan yaxshi amallarning savobi ko'p bo'lgani kabi, bu kunda qilingan gunohlarning iqobi ham qattiq bo'ladi. Shu bois, hayit ekan deb, bo'lar-bo'lmas ishlarni qilib, shunday ulug' kunda gunohga o'tib ketmaslik kerak. Fisq-fujurga, axloqsizlikka undaydigan, shahvoniy hirsni qo'zg'aydiagan qo'shiq va o'yin-kulgilardan ehtiyot bo'lish lozim. Zero, Islomda «bayram kuni nima qilsa bo'laveradi» degan fasafa yo'q. Balki har qanday sharoitda ham ezgulik, yaxshilik, Alloh taologa itoat ruhida bo'lish ta'kidlangan. Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Alloh taologa osiylik qilmagan har bir kunimiz biz uchun hayitdir», degan ekanlar.

4. Hayit kunlari ayollarning qabristonlarga borishi yaxshi emas. Dinimizda aynan hayit kuni qabristonga borish haqida ko'rsatmalar yo'q. Xususan, ayrim joylarda erkaklar Iyd namozidan qaytadigan vaqtda ayollarning qabristonga qatnashi natijasida jud ham ko'p noqulayliklar kelib chiqayotganiga guvoh bo'lganmiz. Qabr ziyoratiga Islom nuqtai nazaridan qaraladigan bo'lsa, avvalo qabrni ibrat uchun, oxiratni eslash maqsadida ziyorat qilinishi lozimligi ta'kidlanadi. Shu bois, dinimizda qabrlarni ziyorat qilish ma'lum kun yo soatga belgilangan emas. Balki tez-tez, xususan, qalb g'aflati ortganini sezgan chog'da qabristonlarni ziyorat qilish tavsiya etiladi.

5. Hayit kunlarini azaga aylantirib olish. Ikki iyd kunlari mo'min-musulmonlarning eng ulug' bayramlari hisoblanadi. Diniy manba'larimizda bu kunlarni xursandchilik, shodlik ruhida, bayram kayfiyatida o'tkazilishi kerakligi ta'kidlangan. Ammo hayit kunlari fotihaxonlik qilish haqida ko'rsatmalar yo'q. Bugungi kunda bu odat musiybat ahillariga ham ko'plab qiynchiliklar tug'dirayotgani hech kimga sir emas. Ba'zan bu narsa azadorlarning yarasini yangilash, mashaqqatlari ustiga yana mashaqqat tug'dirish bo'layotganining 
ham guvohi bo'lmoqdamiz. Shuning uchun ham ulamolarimiz uch kundan keyin ta'ziya bildirish uzoqdagi kishilar uchun, boshqalarning mazkur muddatdan keyin ta'ziya bildirishi musiybatni yangilash bo'ladi, bu esa musiybat ahliga og'ir keladi, ko'zlangan maqsadga zid ish bo'ladi, deb aytganlar.
To'g'ri, musiybatga uchragan ayrim ko'ngil yaqin kishilarni hayit munosabati bilan yo'qlash mumkin. Ammo bu ham aza tutish kayfiyatida qilinmaydi. Ehtimol, ana shunday ko'ngilovlash shaklida yo'lga qo'yilgan ish keyinchalik fotihaxonlikka aylanib ketgandir. Shu 
bois, hayit kunlarini azaga aylantirib olish to'g'ri bo'lmaydi.Ushbu ko'rsatmalardan ham ma'lum bo'ladiki, musulmonlarning bayram nishonlashi o'ziga xos tarzda bo'ladi. Avvalo ular ushbu kunlarga yetkazganining shukronasi ma'nosida Alloh taologa bandalik izhor qilishadi – jamoat bo'lib, hamalari bir bo'lib namoz o'qishadi, Alloh taologa iltijolar qilishadi, bergan ne'matlari uchun U Zotga hadu shukrlar aytishadi. Keyin bir-birlarini hayit bilan qutlab, ziyoratlar qilishadi. Beva-bechoralar, bemorlar holidan xabar olishadi, qarindosh-
urug', qo'ni-qo'shnilar bilan o'zaro bordi-keldilar qilishadi. O'yin-kulgilarini ham axloq-odob doirasida, Alloh taologa osiy bo'lmagan holda olib borishadi. Ana shundoq qilib, hayit kunlarini faqat yaxshilik bilan, ezgu amallar bilan o'tkazishadi. Shuning uchun, ularning 
bayramlarida turli tartibsizliklar, har xil noxushliklar yuz bermaydi, balki holatlari yanada go'zallashadi. Zotan, mo'min bandaning hayiti – Allohga bog'liqligi go'zal bo'lgan kunidir. 
Dinmizda hayit kunlarini nishonlashga doir kerakli ta'limotlar batafsil bayon qilingan. Biz ularning asosiylari bilan bir qator tanishib chiqqan ham bo'ldik. Mo'min-musulmonlar ushbu ko'rsatmalarga rioya qilishlari lozim. Ularning hayit kunlarini qarshilashda boshqa xalqlarning bayram nishonlashdagi urf-odatlariga taqlid qilishga hojatlari yo'q, bunday qilishlari durust ham emas. Aks holda, axloq-odobga, shari'at ko'rsatmalariga, Islom aqiydalariga zid bo'lgan holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Iyd kunlari 
Alloh taolo ulug' qilgan kunlardir, Islomning nishonalari, shiorlaridandir. Binobarin, ularni nishonlashda mana shu ruh doimo balqib turishi lozim.Qurbon hayiti bayramini mazkur odoblarga rioya qilgan holda o'tkazsak, ushbu ulug' kunni munosib nishonlagan bo'lamiz, ko'plab yaxshiliklarga, ajru savoblarga ega bo'lamiz, xalqimiz orasida ezgulik, mehr-oqibat bardavom bo'lishiga hissa qo'shgan bo'lamiz, eng muhimi, ushbu kunlarni bizga bayram qilib bergan Robbimizning roziligiga  musharraf bo'lamiz. Siz bilan biz musulmonlarning baxtimiz shundaki, hayit kunlarini bayram qilib nishonlash bilan Alloh taologa itoat qilgan bo'lamiz, U Zotga ibodat qilgan bo'lamiz, dunyou oxirat yaxshiligiga masharraf  bo'lamiz. Mana shu haqiqatni  ututmasligimiz lozim.

Hammalaringizga kirib kelayotgan Qurbon hayiti muborak bo'lsin!

Hasanxon Yahyo Abdulmajid    
05.11.2011