Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Abror Muxtor Aliy al-Hanafiy
Abror Muxtor Aliy al-Hanafiy Faxriy doktor, voiz - 23 Iyun 2022

Javrobga mas'h tortamizmi yoki paypoqqami?

img

Bizlarga Islomni din deb tanlagan, Islomni esa poklik ustiga bino qilgan Alloh taologa hamdlar bo'lsin!

Olamlarga rahmat qilib yuborilgan, Habibimiz Muhammad solallohu alayhi vasallamga salotu salomlar yog'ilsin! U Zotning oilalari va shogirdlaridan Robbimizning o'zi rozi bo'lsin! Ammo ba'du:

Musulmonning har bir ishi ilmiy dalil asosidadir. Islom dini qo'ygan ilmiy asosni tarixda ham, xozir ham hech kim qo'ya olgani yo'q. Ko'r-ko'ronalik ilmning ziddidir. Bugungi kundagi odatiy paypoqqa mas'h tortishlik masalasi ochiq-oydin ilm bilan bo'lmayotganga o'xshab ko'rinadi. Shu sababli ushbu masalada ba'zi izlanishlar qilishga harakat qildik. Kamchiliklarimiz ko'rsatilsa xolis qabul qilamiz. Biz har qanday munozara ilmiy asosda bo'lishligi tarafdorimiz.

Nabiy solallohu alayhi vasallam davrlaridagi javrob bugungi kundagi odatiy paypoqdan farq qiladi. Shuning uchun maqola sarlavhasini “Javrobga mas'h tortamizmi yoki paypoqqami?”, deb qo'ydik. Aslida har qanday so'zning lug'aviy va istilohiy ma'nosi bo'lib, Islom ulamolari dastlab ushbu ta'rifni aniqlab olgach, keyin u xususda o'z xulosalarini bildirishadi.

Abul Fayz Murtazo Zubaydiy shunday deydi:

“Lug'atda javrob deb oyoqni o'rab turuvchi narsaga aytiladi. Javrob arab tiliga forschadan kirgan bo'lib, uning asli “go'ri po”, ya'ni “oyoqning qabri” ma'nosidadir”[1].

Shuning uchun arabchada javrob so'zining ko'plik shakliga “ho” harfi qo'shib, ya'ni “javaribah” deb, uning chetdan kirganligini bildirib qo'yiladi. Imom az-Zarkashiy:[2]

“U oyoqni issitish uchun jundan qilingan qoplamadir”, degan.

At-Tibiy shunday deydi:[3]

“Javrob terini o'rab turuvchi narsadir”. Xuddi shu ta'rif “Majma' al-Bihar”da ham keltirilgan.

Muhammad ibn ash-Shavkoniy[4] shunday deydi:

“Xuf, ya'ni maxsi teridan bo'lib, ikki qadamni o'rab turadi. Jurmuq, ya'ni choriq undan kattaroqdir. Javrob esa jurmuqdan ham kattaroq bo'ladi”[5].

Shayx Abdulhaq ad-Dehlaviy[6] shunday yozadilar:

“Javrob maxsining ustidan sovuqda to'fiqqacha kiyiladigan maxsidir. Uni avvalgi maxsining ostini kir bo'lib, yuvilishidan saqlash 
maqsadida kiyiladi”.[7]

Ibn al-Arabiy al-Molikiy[8] shunday deydi:

“Javrob sovuqni to'sish uchun jundan qilingan qadamni o'rab turadigan (oyoq) kiyimidir”.[9]

Ibn Taymiya[10] o'zining “Fatovo”sida:

“Javrob bilan kavushning farqi, javrob jundan, kavush esa teridan qilinganligidadir”, degan.

Badriddin Ayniy[11] aytadi:

“Javrob Shom shahri odamlari qattiq sovuqda kiyadigan narsa bo'lib, uni titilgan jundan yigirib qilinadi. Javrobni qadamga 
to'fiqning ustigacha kiyiladi”.

Javrob tukdan ham qilinadi.

Xolid ibn Sa'ddan rivoyat qilinadi:

“Ibn Mas'ud roziyallohu anhu tukdan bo'lgan ikki javroblariga va kavushlariga mas'h tortar edilar”.[12]

Majduddin Fayruz Obodiy[13] o'zining tafsirida javrobga umumiy shomil ma'noni aytib shunday degan:

“Teridan, jundan, tukdan yoki boshqa har qanday narsalardan nafis yoki qalin holda to'qilgan oyoqni o'rab turuvchi narsaga javrob deyiladi. Balki javrob to'qilgan va to'qilmagan narsalarga ham shomildir”.

Al-Halabiy[14]Majduddin zikr qilgan ta'rifdan keyin quyidagilarni aytadi:

“Tafsirdagi javrobning ta'rifi lug'at e'tiboridandir. Lekin urfda tikilmagan bo'lsa ham (oyoqni) o'rab turuvchi narsaga javrob 
deyiladi. Javrob tikilgan va tikilmagan bo'lsa ham maxsiga o'xshab kiyiladigan narsadir”.
[15]

Tibiy, Shavkoniy va shayx Abdulhaq o'z tafsirlarida, javrob deb teridan qilingan, maxsidan kattaroq, maxsining turidan bo'lgan narsaga aytiladi, deyishgan.

Ibn al-Arabiy, Ibn Taymiya va Ayniylarning tafsirlarida, javrob jundan qilingan oyoq kiyimi, deyiladi.

Hanafiylarlarning buyuk imomlaridan Shamsul Aimma al-Halvoniy[16] shunday deydi:

“Javrob besh xil narsadan qilinadi.

1- Mir'iziydan;

2- G'ozldan;

3- Qildan;

4- Yupqa teridan;

5- Kirbosdan.

Ibn Nujaym[17]Shamsul Aimmadan rivoyat qilib, ushbu besh narsani ta'riflab, jumladan:

“Mir'iziy echkining yungi ostidagi mayin tukdir. G'ozl jundan yigirilgan ipdir. Kirbos paxtaning ipidan to'qilgan matodir”, degan.[18]

Ibrohiym Muhammad ibn Ibrohiym al-Halabiy aytadi:

“Kirbos har qanday ip turidan bo'lgan narsaga aytilaveradi. Kanop, ibrisim ya'ni ipak kabilarning ham kirbos deyish mumkin”.

“Baxrur Roiq”ning xoshiyasida javrobning ta'rifidagi ixtilof ikki jihatdandir:

1- U nimadan qilinishi to'g'risidagi ixtilof;

2- Uning miqdori to'g'risidagi ixtilof, deyilgan.

Alloma Abu Tiyb Shamsul Haq[19] ushbu ikki turdagi ixtilofni zikr qilib o'tgach, quyidagilarni aytadi:

“Ushbu ixtilof, yana Alloh o'zi bilguvchiroq, lug'atshunoslarning javrobni turli izohlashlari sababli yoki javrobning turli diyorlarda ko'rinishi va yasalishi turli xil bo'lganligi sababli paydo bo'lgan. Ba'zi joylarda javrob teridan qilingan va ba'zi o'lkalarda jundan yasalgan bo'lsa, 
yana boshqa o'rinlarda har qanday turdagi matodan tayyorlangan. Kim javrobga ta'rif aytsa, o'z yurtidagi javrobning ko'rinishini ta'riflagan. Har kim o'zida borini, ko'rganini aytgan”.[20]

Muborakfuriy[21] aytadi:

“Ushbu turli xil izoh va tushuntirishlarni jamlash mumkin. Javrob “Qomus”ning sohiblari aytganidek nimadan bo'lishidan qat'iy nazar oyoqni o'rab turadigan narsadir. Lekin javrobni teridan, jundan, tukdan yoki boshqa narsadan bo'lishi to'g'risidagi so'zlar har kimning o'z yurti hunarmandchiligi e'tiboridandir. Vallohu A'lam”.[22]

Yana Muborakfuriy javrobning istelohiy ma'nosi xususida so'z yuritib, shunday deydi:

“Mazhablar o'rtasida javrobga mas'h tortish bo'yicha rang-barang qarashlar mavjud. Mening nazdimda eng kuchli so'z imom Tahoviyning “Sharhul Osor”da aytgan so'zidir:

“Biz, javrob agar qalin bo'lsa, unga mas'h tortishning zarari yo'q, deymiz. Batahqiq, Abu Yusuf va Muhammad rohmatullohi 
alayhimlar ham xuddi ushbu so'zni aytishgan. Ammo Abu Hanifa rohmatullohi alayh, javrobga mas'h tortish uchun uni qalin bo'lishi bilan birga, teridan ishlangan bo'lishini ham shart qilganlar. Shunda javrob go'yo maxsi kabi bo'ladi, degan.[23]

Hanafiylarning kitoblaridan bo'lmish “Sharhul Viqoya”da:

“Javrobning ikkisi ham zich to'qilgan bo'lishi, ya'ni uni bog'lab olmasa ham to'fiqda o'zi turishi kerak. Yana kavush qismi teridan bo'lishi lozim. Agar javrob zich to'qilgan bo'lib, kavush qismi teridan bo'lmasa Abu Hanifaning nazdlarida unga mas'h tortish joiz emas. Lekin ikki shogirdlari javrob zich to'qilgan bo'lishining o'zi mas'h tortishga kifoya qiladi deyishgan. Abu Hanifa ikki shogirdlarining gapiga qaytgan va fatvo ham shungadir”, deyilgan.

Yana “Sharhul Viqoya”da shunday deyilgan:

“??????” al-Muna'al “ ???????” 
at-Tan'ildan olingan bo'lib, javrob qadamining ostiga xuddi kovushga o'xshatib teri qo'yishga aytiladi.

“??????” al-Mujallad “???????” at-Tajliddan olingan bo'lib, javrobning yuqori va quyi qismini teri bilan qoplashga aytiladi”.

Hanafiy mazhabining javrob xususidagi umumiy qarashlari quyidagicha:

Agar ikki javrobning osti teridan bo'lsa yoki mutlaq teridan bo'lsa, unga mas'h tortish to'g'risida barcha ittifoq qiladi. Agar ikki javrobning osti teridan bo'lmasa yoki mutlaq teridan bo'lmasa, unga mas'h tortish to'g'risida ixtilof qilishadi. Abu Hanifa rohimahullohi alayh avvalgi so'zlarida, uning osti yoki mutlaq o'zi teridan bo'lmasa unda doim yurish imkoni yo'q, degan xulosa bilan mas'h tortishni man qiladilar. Bu suratda javrobning maxsiga o'xshash jihati yo'qoladi. U zotning ikki sohiblari Abu Yusuf va Muhammadlar agar javrob qalin va mustahkam matodan bo'lsa, unda bemalol yurish mumkin. Bas shu jihatdan u maxsiga o'xshaydi, deb unga mas'h tortishlik ijozatini beradilar. Agar javrob qalin va mustahkam matodan bo'lmasa, bu ikki shogirdning nazdida ham bilittifoq unga mas'h 
tortishlik joiz emas. Ushbu ma'lumot Abdulhay Laknaviyning[24] “Sharhul Viqoya” ga yozgan “Umda ar-rioya” nomli xoshiyasida ham keltirlgan.

Alloma Kosoniy[25] rohimahulloh “Badoe'us sanoe'” kitobida shunday yozadilar:

“Ulamolarning ittifoqiga ko'ra, paypoqlarning matosi suv sizib o'tadigan darajada yupqa bo'lsa, ularga mas'h tortish mumkin emas”.

Alloma ibn Nujaym rohimahulloh ham shunday deydilar:

“Ip yoki jundan qilingan paypoqlarga mas'h tortish mumkin emas”. Bu borada hech qanday ixtilof yo'q. Kiyilgan paypoq bir farsaxdan (uch mildan ya'ni 5760 metrdan) ortiq yo'l yursa bo'ladigan darajada qalin bo'lsagina, ulamolarning fikrida biroz farq uchrashi mumkin. (“Al-Bahrur-Roiq”).

Javrob xususida molikiylarning mazhabi Abu Hanifaning avvalgi so'zi bilan bir xildir. Ya'ni, ular ham javrobga mas'h tortishlik uchun unda eng kamida ikki shart topilishligi lozim, deydilar.

1- Javrob mutlaq teridan bo'lishi;

2- Yoki eng kamida kavush qismi teridan bo'lishi lozim. Shofe'iy va Hanbaliylar ijtihodini imom Termiziy zikr qiladi:

“Agar javrob qalin va mustahkam matodan bo'lsa, uning ostiga teri qoplanmagan bo'lsa ham unga mas'h tortish joizdir”.

Bunga ko'ra Abu Hanifaning keyingi so'zlari, ikki shogirdlarining so'zi, imom Shofe'iy va imom Ahmad ibn Hanbalning so'zlari bir xildir. Ya'ni, agar javrob qalin va mustahkam matodan bo'lsa, uning ostiga teri qoplanmagan bo'lsa ham unga mas'h tortishlik joizdir.

Imom Shofe'iydan Abu Hanifa rohmatullohi alayhning avvalgi so'ziga o'xshash so'z ham naql qilingan. Ibn Qudoma[26] “Mug'niy” nomli kitobida shunday deydi:

“Abu Hanifa, Molik, Avzoiy, Mujohid, Amr ibn Diynor, Hasan ibn Muslim va Shofe'iy rohmatullohi alayhimlar 
agar ikki javrobning ostiga teri qoplanmagan bo'lsa, ularga mas'h tortish joiz emas. Chunki 
unda yurish imkoni yo'qdir. Nafis javrobga mas'h tortish joiz bo'lmaganidek, ostiga teri 
qoplanmagan javrobga ham mas'h tortib bo'lmaydi, deyishadi”.

Ibn al-Arabiy “Oriza”da shunday deydi:

“Ulamolar javrobga mas'h tortish xususida uch xil fikrni oldinga surishadi:

1- Agar javrob to'fiqqacha teridan qilingan bo'lsa, unga mas'h tortishlik durust bo'ladi. Imom 
Shofe'iy va bizning ba'zi sohiblarimiz ham ushbu so'zni aytishgan.

2- Agar javrob qalin bo'lib, mutlaq teridan bo'lmasada, lekin ostiga teri qoplangan bo'lsa, unga mas'h tortishlik 
joizdir. Shofe'iylarning ba'zi sohiblari o'z mazhablarida ushbu so'zni tasdiq qilishgan. Abu 
Hanifa rohmatullohi alayh ham mana shu fikrni quvvatlagan. Shofe'iyning as'hoblari buni 
imom Molikdan rivoyat qilib keltirishgan.

3- Agar javrobning ostiga teri qoplanmagan va yoki mutlaq teridan bo'lmasa ham, unga mas'h tortishlik joiz bo'ladi. Bu so'zni Ahmad ibn Hanbal aytganlar.

- Birinchi fikrni qo'llaganlar shunday deyishadi:

“Javrob to'g'risidagi hadislar zaifdir. Agar javrob teridan bo'lsa, uning hukmi maxsiga o'xshab qoladi va shunda u maxsi 
to'g'risida kelgan hadislar taxtiga doxil bo'ladi”.

- Ikkinchi fikrni qo'llaganlar shunday deyishadi:

“Albatta, agar javrob qalin va mustahkam matodan bo'lib, u oyoqni to'fiqqacha berkitsa, u bilan yurishlik imkoniyati bo'ladi. Demak unda yurish imkoniyati bo'lgandan keyin u maxsi kabidir. Maxsiga esa mas'h tortishlik bilittifoq joizdir”.

- Uchinchi fikrni qo'llaganlar shunday deyishadi:

“Hadisning zohirida mutlaq javrob deyilgan. Agar hadis sahih bo'lsa, javrobga mas'h tortishlik asl bo'ladi”.[27]

Shofe'iylardan bo'lgan ibn Roslan[28] Abu Dovudning “Sunan”lariga yozgan o'zining sharhida shunday deydi:

“Imom Shofe'iy “Umm”da quyidagi matnni keltiradi:

“Javrobga, uning qalin va ostiga teri qoplanganlik sharti bilan mas'h tortishlik joizdir”.

Shofe'iylarning ulkan jamoasi ushbu so'zni quvvatlaydi.

Qozi Abu Tiyb shunday deydi:

“Mas'h tortishning farz o'rnidan boshqa joyida yurishlik mumkin bo'lgan javrobga mas'h tortishlik joizdir”[29].

Shofe'iy mazhabidagi eng to'g'ri so'z shudir”.

Muborakfuriy shunday deydi:

“Agar siz, javrob lafzi hadisda hech qanday qaydlarsiz, mutlaq kelgan, nima sababdan unga mas'h tortishlik uchun fuqaholarning barchasi ma'lum shartlarni qo'yishmoqda. Ya'ni ba'zilar teridan bo'lishligini, ba'zilar esa ostiga teri qoplangan bo'lmoqligini, yana ba'zilar qalin va mustahkam matodan bo'lishini aytishmoqda, desangiz, unga quyidagi javobni beramiz:

“Qur'oni Karimdagi oyatning ochiq-oydin dalolati oyoqni yuvmoqlikdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Ey, iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo'lsangiz, yuzlaringizni va qo'llaringizni chig'anoqlari ila yuvinglar. 
Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to'piqlari ila yuvinglar”.[30]

Oyatdagi “yuvinglar”, degan ochiq-oydin dalolatni, faqatgina sahihligida muhaddislar ittifoq qilgan, mutavotir hadis bo'lsagina tark qilish mumkin bo'ladi. Maxsiga mas'h tortishlik to'g'risidagi hadislar ana shunday mutavotir hadislar jumlasidandir. Hatto bu borada imom Abu Haniyfa rohmatullohi alayh shunday deganlar:

“Mahsiga mas'h tortish masalasida kelgan dalillar menga kunday ravshan bo'lmaguncha ruxsat bermaganman”.

Ya'ni maxsiga mas'h tortishlik to'g'risidagi hadislar mutavotir darajada ekanligini aniqlanmaguncha, fuqaholar maxsiga mas'h 
tortishlikka ijozat berishmagan.

Imom Abu Yusuf rohmatullohi alayhi shunday yozadilar:

“Qur'onning buyrug'ini Sunnat bilan istisno qilish mumkin, biroq buning uchun sunnat maxsiga mas'h tortishlik mavzusidagi kabi tavotur yoki istifoda darajasiga yetishi shart”.

Shuning uchun oyatdagi oyoqni yuvishlik amalining o'rniga sunnatdagi maxsiga mas'h tortishlik amalini qilish borasida ixtilof yo'q. Lekin javrobga mas'h tortishlik to'g'risida bor yo'g'i uchta hadis vorid bo'lgan va ularning ikkitasini sanadi zaifligiga ittifoq qilishgan.

Endi, qanday qilib oyatdagi ochiq-oydin yuvishlik ma'nosini qo'yib, ulamolar sahihligida ixtilof qilgan hadisni dalil qilib oldinga suramiz!? Mana shunga ishora qilib imom Muslim shunday degan edi:

“Qur'onning ochiq-oydin oyati Abu Qays va Huzayl kabilarning so'zi bilan tark qilinmaydi”.

Shu sababdan javrobga mas'h tortish uchun fuqaholar qo'ygan yuqoridagi qaydlarni shart qilish lozim bo'ladi. Ushbu shartlar bilan javrob maxsiga o'xshab qoladi va unga mas'h tortish esa xuddi maxsiga mas'h tortish hadisiga amal qilish hisoblanadi. Natijada 
ehtimoliy dalildan aniq dalilga amal qilgan bo'linadi. Fuqaholar nazdida agar javrob teridan yoki uning osti teridan bo'lsa, yohud bu ikki shart topilmay qalin va mustahkam matodan bo'lsa, u xuddi maxsi kabidir. Undan boshqasiga mas'h tortmaslik ehtiyotliroqdir”.[31]

Muborakfuriy shunday deydi:

“Agar siz:

“Nima uchun, imom Ahmad ibn Hanbal rohmatullohi alayh javrobga mas'h tortish hadisini zaif deyish bilan birga, o'zlari unga mas'h tortish uchun hech bir qaydlarni qo'ymaganlar? Ibn al-Arabiyning so'zlarida buni ko'rish mumkin-ku?”, degan 
savolni o'rtaga tashlasangiz unga quyidagicha javob beramiz:

“Aslida imom Ahmad rohmatullohi alayh ham javrobga mas'h tortish uchun uning shaffof bo'lmasligini ya'ni qalin 
va mustahkam matodan bo'lishini shart qilib qo'yganlar. Imom Termiziy rohmatullohi alayh 
buni ochiq bayon qiladilar. Ibn Qudoma “Mug'niy”da shunday deydi:

“Batahqiq Ahmad ibn Hanbal mutlaq javrobga mas'h tortishga ijozat bermagan. Agar javrob qalin bo'lib, bo'shashmasdan 
oyoqda xuddi maxsi kabi tik tursa, unga mas'h tortish uchun ijozat berganlar. Kishilar 
javrobni maxsi o'rnida ko'rganlari uchun unga mas'h tortar edilar. Ular javrobni kiyib olib, 
u bilan bemalol ko'chalarda yurishardi”.

Ibn Qudoma bundan oldin ushbuni keltirgan edi:

“Ahmad ibn Hanbaldan yirtiq javrobga mas'h tortishlik to'g'risida so'raldi. Bas u kishi buni xush ko'rmasligini bildirdi. G'olibo, imom Ahmadning nazdida bu yengil sanashdir. Chunki javrobning yolg'iz o'ziga mas'h tortish hadisida sobit bo'lmagan. (Balki uning yonida kavush ham zikr qilingan). Ushbu hadis quyidagicha:

Mug'iyra ibn Shu'badan rivoyat qilinadi:

“Albatta, Nabiy solallohu alayhi vasallam ikki javrob va ikki kavushga mas'h tortar edilar”.[32]

Yana ibn Qudoma davom ettirib:

“Agar javrob kavush bilan sobit bo'lsa, unga mas'h tortadi. Qachonki kavushni yechsa tahorat sinadi. Ya'ni javrobning o'zi hadisda sobit bo'lmagan, balki unga mas'h tortish uchun uning yonida kavush bo'lishi ham lozim. Shunda uning ustiga mas'h tortishlik muboh 
bo'ladi va agar kavushni yechsa, tahorat sinadi. Chunki javrobning sobitligi mas'hning joizligi uchun lozim bo'lgan ikki shartdan biridir. Kavushning kiyilishi bilan u komil bo'ladi. Demak kavushni yechsa, bitta shart yo'qolib, xuddi qadam ko'rinib qolganidek tahorat botil bo'ladi”, deydi.

Shunga ko'ra imom Ahmad ibn Hanbal rohmatullohi alayh javrob hadisiga suyanmay, balki sahobalardan kelgan asarlarga suyanmoqda. Hofiz ibn Qayyim[33] shunday deydi:

“Batahqiq imom Ahmad javrobga mas'h tortishlikning joizligiga dalil keltirib, unga Abu Qaysning rivoyatini illat qiladi. Bu u kishinig insofli va adolatli ekanligidandir. Ushbu masalada imom Ahmadning e'timodi ana o'sha sahobalar va ochiq-oydin qiyosdir. Zero javrob 
bilan maxsining orasida aytarli farq yo'qdir. Shunday ekan javrobga maxsining hukmini joriy qilish to'g'ri bo'ladi”.[34]

Muborakfuriy shunday deydi:

Ibn Qayyimning, zero javrob bilan maxsining orasida aytarli farq yo'qdir, degan so'zida mulohaza bor. Agar javrob 
teridan bo'lmasada, lekin qalin va mustahkam matodan bo'lib, puxta to'qilganligidan oyoqda 
bog'ichsiz o'zi tik tursa va uning o'zi bilan yurish mumkin bo'lsa, shubhasiz bunday javrob bilan 
maxsi o'rtasida aytarli farq bo'lmaydi. Albatta, bu javrobning hukmi maxsining hukmi 
kabidir. Ammo javrob orqasi ko'rinadigan darajada yupqa bo'lib, bog'ichsiz oyoqda turmasa, 
uning o'zi bilan yerda yurib bo'lmasa, bunday javrobni qanday qilib maxsiga 
tenglashtiramiz?!Demak hukmda maxsiga tenglashadigan javrobning fuqaholar keltirganidek 
shartlari bo'lishi lozim. Maxsi bilan yupqa javrobni qiyoslash, ikki farqli narsani 
qiyoslashdir. Buning noto'g'ri ekanligini tushunish qiyin emas. Garchi, farazan maxsi bilan 
yupqa javrobning o'rtasida deyarli farq yo'q, deyilsada, aniqki yupqa javrob maxsi to'g'risida 
kelgan hadislar taxtiga doxil bo'la olmaydi. Chunki javrob maxsi turidan emasdir. Shunday 
ekan maxsiga va yupqa javrobga mas'h tortishlik yolg'iz qiyos bilan sobit bulmokda. Qur'onning 
ochiq-oydin oyati qiyos bilan tark qilinmasligi barcha ittifoq qilgan qoidadir.

Agar siz Muslimning:

“Qur'onning ochiq-oydin dalolati Abu Qays va Huzaylga o'xshaganlarning so'zi 
bilan tark qilinmaydi”, degan so'ziga Hofiz ibn Qayyimning bergan ikki xil javobini 
keltirsangiz. U javob quyidagicha edi:

- “Birinchidan:

Albatta Qur'onning ochiq-oydin 
dalolati javrobga mas'h tortishlikni man qilsa, unda ushbu man qilishlik maxsiga mas'h 
tortmoqlikka ham tegishli bo'lishi lozim. Shunda ijmo' masalasiga berilgan javobni, 
ixtilof masalasiga ham berish to'g'ri bo'ladi.

- Ikkinchidan:

Sahobalar Qur'onni Nabiy solallohu alayhi vasallamning o'zlaridan eshitishgan, uning ta'vilini bilib, javrobga mas'h 
tortishgan. Vaholanki ular Qur'onning zohirini, Allohning bundan ko'zlagan maqsadini 
ummat ichida eng biluvchirog'i edilar”.[35]

Bu ikki javobda ham mulohaza bor, deymiz.


Birinchi javobdagi mulohaza:

Maxsiga mas'h tortishlik to'g'risida muhaddislar sahihligida ittifoq qilgan bir necha hadislar vorid bo'lgan. Sahobalar ushbu sahih hadislar sababidan 
Qur'onning ochiq-oydin dalolatini tark qilib, o'sha hadislarga amal qilishgan. Ammo 
javrobga mas'h tortishlik to'g'risida muhaddislar sahihligida ittifoq qilgan hadislar vorid 
bo'lmagan. Bu hadislarni o'rganib chiqsangiz, ular to'g'risida turli so'zlarni ko'rasiz. Qanday 
qilib Qur'onning ochiq-oydin dalolatini tark etib, ma'lul hadisga amal qilinadi?!


Ikkinchi javobdagi mulohaza:

Sahoba roziyallohu anhumlar mas'h tortgan javrobning orqasi 
ko'rinadigan darajada yupqa bo'lganligi, bog'ichsiz oyoqda turmaydigan va u bilan yurib 
bo'lmaydiganligi ochiq-oydin sobit bo'lmagan. Lekin ular mas'h tortgan javrobning qalin va 
mustahkam matodan bo'lganligi va u bilan yurish mumkinligi to'g'risidagi ma'nolar ehtimoli 
kuchliroqdir. Sahobalar javroblarini maxsi sifatida ko'rishgan va ularga mas'h tortishda 
maxsiga mas'h tortishlik ma'nosidagi hadislarga amal qilgandek amal qilishgan. Imom 
Ahmadning ushbu so'zlari bunga dalolat qilib turibdi:

“Kishilar javrobni maxsi o'rnida ko'rganlari uchun unga mas'h tortar edilar. Ular javrobni kiyib olib bemalol ko'chalarda 
yurishardi”.[36]

Sahobalar javrobga mas'h tortishgan, deyishlik, mutlaq, qalin yoki yupqa bo'lsin 
har qanday javrobga mas'h tortishgan degan ma'noni bildirmaydi. Alloma Abu Tiyb Shamsul 
Haq rohmatulohi alayh “G'oyatul maqsud” da mazhablarning javrobga mas'h tortishlik 
to'g'risidagi fikrlarini keltirgandan keyin quyidagilarni yozadi:

“Siz bilasizki, javrob teridan, jundan va yana shuningdek paxtadan ham qilinadi. Bularning barchasini javrob deb 
nomlanadi. Ushbu umumiy javroblar ichida fuqaholar ruxsat bergani Nabiy solallohu alayhi 
vasallam mas'h tortgan jundan bo'lgan javrobdir. U javrobning osti teridan yoki o'zi qalin va 
mustahkam matodan bo'lishi qat'iy sobit bo'lmagan. Nima uchun fuqaholar mas'h uchun 
javrobning teridan bo'lishligini tayin qilishmoqda? Chunki javrob teridan bo'lsa, u maxsiga 
o'xshab qoladi. Zero maxsi faqat teridan qilinadi. Agar hadis Nabiy solallohu alayhi 
vasallamning qovliy hadislaridan bo'lib, unda:

“Javroblaringga mas'h tortinglar”, degan so'zlari bo'lganida edi, shu so'zdan javrobni hech qanday qaydlarsiz umumiy tushunish mumkin 
bo'lardi. Zero bunday qovliy hadis yo'qmi, demak javrobni umumiy tushunish ham yo'q”.

Yana siz:

“Nima uchun javrob aynan jundan bo'lishligi kerak. Ehtimol Nabiy solallohu alayhi vasallam 
mas'h tortgan javrob jundan bo'lmay paxtadan ham bo'lishi mumkin-ku? Roviy buni 
ochiqlamagan”, desangiz, unga quyidagicha javob beramiz:

“Ha to'g'ri! Bu yerda ikki tomonning 
ehtimoli barobar. Javrob jundan bo'lganidek, paxtadan ham bo'lgan bo'lishi mumkin. Lekin bu 
ikki ehtimolning o'rtasida yana bir kuchli ehtimol bor. Bu – uning teridan bo'lish ehtimoli. 
Agar javrob teridan bo'lsa, u maxsi ma'nosidagi hadislarga muvofiq keladi. Unga mas'h 
tortishlik hech qanday ixtilofsiz joiz bo'laveradi. Ammo teridan boshqa narsadan bo'lsa, 
bunda kishi xotirjam bo'ladigan darajada aniqlik bo'lmay, balki turli xil shubhali 
ehtimollar yuzaga chiqadi.

“Abu Muhammad Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumodan 
rivoyat qilinadi. U kishi shunday dedi:

“Men Rasululloh solallohu alayhi vasallamdan:

“Seni shubhaga solgan narsani tark qilib, seni shubhaga solmagan narsaga o'tgin. Bas, albatta sidq 
xotirjamlikdir, kizb shubhadir”, deganlarini yodlaganman”.[37]

Demak to'g'riligi aniq bo'lgan yo'l turganda, to'g'riligi ehtimolliy yo'lni tanlash noo'rindir.

Javrobga u qalin yoki yupqa bo'lsin, mutlaq mas'h tortish mumkin deydiganlar, imom Ahmadning “Musnad”larida kelgan 
ushbu hadisni ham dalil qilib keltiradilar. U kishi shunday deydi:

“Bizga Yahyo ibn Said Savrdan, u Roshid ibn Sa'ddan, u esa Savbondan rivoyat qiladi. Savbon roziyallohu anhu 
shunday dedi:

“Rasululloh solallohu alayhi vasallam sariya jo'natganlarida, ularga sovuq 
yetdi. Nabiy solallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytishgach, ularga yetgan sovuqdan 
shikoyat qilishdi. U zot solallohu alayhi vasallam “asoib” va “tasoxiyn”lariga mas'h tortishni 
buyurdilar”.[38]

Ibn Asir “Nihoya”da:

“Asoib” sallalardir. Chunki u bilan bosh bog'lanadi. 
(Asaba deb arab tilida boshni bog'laydigan narsaga aytiladi). “Tasoxiyn” deb qadamni isitib 
turadigan maxsi, javrob va shu kabi har qanday narsaga aytiladi. Bu lug'at ko'plik shaklida 
bo'lib, uning birligi yo'qdir. Ushbu hadis sanadidagi kishilarning barchasi ishonchli va rozi 
bo'linganlardir”.

Aslida bu hadisni dalil uchun keltirish to'g'ri emas. Chunki roviylar 
o'rtasida uzilish bor. Roshid ibn Sa'd bu hadisni Savbondan eshitmagan. Hofiz ibn Abu Xotim 
shunday deydi:

“Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal menga yozgan narsasida shunday dedi:

“Ahmad ya'ni ibn Hanbal:

“Roshid ibn Sa'd bu hadisni Savbondan eshitmagan”, dedi.[39]

Hofiz ibn Hajar shunday dedi:

“Abu Xotim:

“Al-Xarbiy Savbondan eshitmagan”, degan.

Al-Xollal Ahmad 
(ibn Hanbal)dan rivoyat qilib:

“Undan eshitishligi mumkin emas”, dedi.[40]

Hofiz Abul Abbos 
o'zining “Fatavo”sida shunday deydi:

“Agar javrobning o'zi bilan yurilsa, unga mas'h tortishlik joizdir. Uning teridan bo'lish bo'lmasligining farqi yo'q. Bu ulamolarning sahih so'zidir. “Sunan”da Nabiy s.a.v ikki javrob va kavushlariga mas'h tortar edilar, degan ma'lumot kelgan. Garchi bu hadisning sahihligi sobit bo'lmasa ham, lekin qiyos unga amal qilishlikni taqozo etadi. Chunki javrob bilan kavushning o'rtasidagi farq, birining jundan boshqasining esa teridan bo'lishligidadir. Ma'lumki shariatda bu kabi farqning ta'siri yo'qdir. Uning teridan, paxtadan, kanopdan yoki jundan bo'lishi, xuddi ehromning oq yoki qora bo'lishi kabidir. Teri jundan biroz pishiqroq xolos. Shuningdek teridan bo'lgan maxsiga mas'h tortishlikdagi ehtiyoj, jundan bo'lgan javrobga mas'h tortishlikdagi hikmat va ehtiyoj bilan barobardir. Bularning o'rtasini farqlash ikki o'xshash narsaning o'rtasini farqlash kabidir. Bu esa adolatdan emas. Eng to'g'risi Kitob va Sunnatda kelgan narsadir. Alloh taolo eng to'g'risini kitoblarida nozil qildi va payg'ambarlarini o'sha bilan jo'natdi”.

Muborakfuriy Abul Abbosning ushbu so'zlariga “Tuxfa al-Axfaziy” da shunday deydi:

“Hofiz ibn Taymiyaning (ya'ni Abul Abbosning) bu so'zi bizning “javrob qalin va mustahkam matodan bo'lib, uning o'zi bilan yurish mumkin bo'lsagina, unga mas'h tortishlik joiz”, degan so'zimizga qarshi emas. Chunki u kishi: “Agar javrobning o'zi bilan yurilsa, unga mas'h tortishlik joizdir”, demoqda. Ma'lumki, javrob qalin va mustahkam matodan bo'lsagina uning o'zi bilan yurishlik mumkin 
bo'ladi. Ammo ibn Taymiyaning: “Shuningdek teridan bo'lgan maxsiga mas'h tortishlikdagi ehtiyoj, jundan bo'lgan javrobga mas'h tortishlikdagi hikmat va ehtiyoj bilan barobardir. Bularning o'rtasini farqlash ikki o'xshash narsaning o'rtasini farqlash kabidir”, degan so'zi, agar javrob qalin bo'lib, uning o'zi bilan yurilsa, to'g'ri bo'ladi. Lekin javrob yupqa bo'lib, uning o'zi bilan yurib bo'lmasa, ibn Taymiyaning so'zi to'g'ri bo'lmaydi. Chunki yupqa javrobni maxsiga qiyos qilish ikki turli narsani bir-biriga taqqoslashdir. Bu esa bilganingizdek noto'g'ri qiyos hisoblanadi”.[41]

Fuqaholar o'rtasida umumiy ilmiy qarashlarni diqqat nazari bilan o'rganib chiqsak, biz bugungi kunda kiyib yurgan shaffof paypoqlarga mas'h tortishlikning yorqin dalilini ko'rmaymiz. O'zi umuman olganda kishi ibodat masalasida ehtiyotliroq bo'lgani ma'qul. Javrobga mas'h tortishlik xususida barcha fuqaholar ittifoq qilishgan, lekin javrobning sifati to'g'risida turli xil fikr oldinga surilgan. Bu 
fikrlarni ham o'rganib chiqilsa, bugungi kunning shaffof paypoqlariga mas'h tortib bo'lmasligiga ularning ittifoqini ko'rish mumkin.

Barchamizni Alloh taolo haq yo'lga hidoyat qilsin. Zero asl haqiqatni yolg'iz Uning O'zi biladi. U hidoyat qilsa, adashtirguvchi yo'q. Agar 
adashtirsa, hidoyat qilguvchi yo'q. 1431hijriy 23 jumodul avval Juma. Soat 01:33.

Abror Muxtor Aliy al-Hanafiy

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Qur'on Karim.
2. “Sunan Abu Dovud”. Imom Abu Dovud as-Sijistoniy.
3. “Sunan Termiziy”. Imom Termiziy.
4. “Musnad”. Ahmad ibn Hanbal.
5. “Tuhfatul Ahfaziy sharxi Sunan Termiziy”.Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurrahiym Muborakfuriy.
6. “Kitabul marosil”. Hofiz ibn Abu Xotim.
7. “Tahzib at-tahzib”. Hofiz ibn Hajar.
8. “Nihoya”. Ibn Asir.
9. “Al-Mug'niy”.Abdulloh ibn Ahmad ibn Qudoma al-Maqdisiy.
10. “Naylul Avtor”.Muhammad ibn ash-Shavkoniy.
11. “Lama'atut Tanqih sharh Mirqotul Masobih”.Alloma shayx Abdulhaq ad-Dehlaviy.
12. “Orizatul Ahvaziy sharxi Sunani Termiziy”. Imom Hofiz Qozi Abu Bakr ibn al-Arabiy al-Molikiy.
13. “ Fatavo”. Ahmad ibn Abdulhalim Abdussalom Ibn Taymiya.
14. “G'uniyyatul Mustamlo”.Ibrohiym Muhammad ibn Ibrohiym al-Halabiy.
15. “Bahrur Roiq sharhi Kanzud Daqoiq”.Najmuddin az-ZohidiyIbn Nujaym.
16. “G'oyatul Maqsud”. Alloma Abu Tiyb Shamsul Haq.
17. “Umda ar-Rioya”.Shayx Abulhasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy.
18. “Sharhi Osor”. Imom Tahoviy.
19. “Badoe'us sanoe'”. Alouddin ibn Mas'ud al-Kosoniy.
20. “Al-Qomusul Muhit”. Majduddin Fayruz Obodiy.
21. “Tojul Uruz”. Abul Fayz Murtazo Zubaydiy.
22. Maktaba ash-Shomila.

[1]Abul Fayz Murtazo Zubaydiy “Tojul Uruz”.
[2]Imom Abu Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh az-Zarkashiy, hijriy 794 da vafot topgan.
[3]Hasan ibn Muhammad at-Tibiy, hijriy 743 yili vafot topgan.
[4]Muhammad ibn ash-Shavkoniy1172-1255 hijriyda yashab ijod qilgan.
[5]Muhammad ibn ash-Shavkoniyning “Naylul Avtor” nomli kitobidan.
[6]Alloma shayx Abdulhaq ad-Dehlaviy. Hind muhaddislaridan, 958-1052 hijriyda yashab ijod qilgan.
[7]Alloma shayx Abdulhaq ad-Dehlaviyning “Lama'atut Tanqih sharh Mirqotul Masobih” nomli kitobidan.
[8]Imom Hofiz Qozi Abu Bakr ibn al-Arabiy al-Molikiy.
[9]Imom Hofiz Qozi Abu Bakr ibn al-Arabiy al-Molikiyning “Sunani Termiziy” ga yozgan “Orizatul Ahvaziy” nomli kitobidan.
[10]Ahmad ibn Abdulhalim Abdussalom Ibn Taymiya. Hijriy 728 da vafot topgan.
[11]Badriddin Ayniy, hijriy 762-855 da yashab ijod qilgan.
[12]Abdurrazzoq rivoyati.
[13]Majduddin Fayruz Obodiy, lug'atshunos, “Al-Qomusul Muhit”ning sohibi, hijriy 852 da vafot topgan.
[14]Ibrohiym Muhammad ibn Ibrohiym al-Halabiy hijriy 956 vafot topgan.
[15]“G'uniyyatul Mustamlo”.Ibrohiym Muhammad ibn Ibrohiym al-Halabiy.
[16]Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr al-Halvoniy. Shamsul Aimma nomi bilan mashhur.Hijriy 448 da vafot topgan.
[17]Ibn Nujaym nomi bilan mashhur alloma Najmuddin az-Zohidiy. Hijriy 758 da vafot topgan.
[18]Bahrur Roiq sharhi Kanzud Daqoiq. 2-juz. 211-sahifa.
[19]Alloma Abu Tiyb Shamsul Haq, hijriy 1273-1329da yashab ijod etgan.
[20]“G'oyatul Maqsud” kitobi.
[21]Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurrahiym Muborakfuriy , hijriy 1353 da vafot topgan.
[22]“Tuhfatul Ahfaziy” 1-juz, 424-sahifa.
[23]Imom Tahoviy, 229-321 hijriyda yashab ijod qilgan. “Sharhi Osor”, 1jild, 995 sahifa.
[24]Shayx Abulhasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy.1264 -1304 hijriyda yashab o'tgan.
[25]Alouddin ibn Mas'ud al-Kosoniy. Hijriy 587 da vafot topgan.
[26]Abdulloh ibn Ahmad ibn Qudoma al-Maqdisiy. 541-620 hijriyda yashab o'tgan.
[27]Ya'ni, aslida mutlaqni qayd qilmay, uni mutlaqligicha joriy qilinadi.
[28]Sirojiddin ibn Roslan al-Balqiniy al-Misriy ash-Shofe'iy. Hijriy 805 da vafot topgan.
[29]Ya'ni mas'h tortishning farz o'rni oyoqning usti tarafidir. Demak javrobning osti tarafi yurishga yaraydigan darajada bo'lishini mas'h tortish uchun Qozi Abu Tiyb shart qilib qo'ymoqda.
[30]Moida surasi, 6-oyat.
[31]“Tuhfatul Ahfaziy”.
[32]Imom Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyati.
[33]Ibn Qayyim al-Javziya nomi bilan mashhur Hofiz Shamsiddin Muhammad ibn Abu Bakr. Hijriy 751da vafot topgan.
[34]Ibn Qayyim al-Javziyaning “Sunan Abu Dovud”ga yozgan xoshiyasidan. Tahorat kitobi, 1-juz, 189-sahifa.
[35]Ibn Qayyim al-Javziyaning “Sunan Abu Dovud”ga yozgan xoshiyasidan. Tahorat kitobi, 1-juz, 190-sahifa.
[36]Ibn Qudoma. “Al-Mug'niy”.
[37]Imom Termiziy rivoyati. U, bu hadis sahihdir, degan.
[38]Abu Dovud rivoyati.
[39]“Kitabul marosil”ning 22-sahifasi.
[40]Hofiz ibn Hajar “Tahzib at-tahzib”
[41]“Tuhfatul Ahfaziy sharxi Sunan Termiziy”. 1-juz, 434-sahifa).