Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Odinaxon Muhammad Yusuf
Odinaxon Muhammad Yusuf olima - 27 May 2023

Tashna ko'ngillarga murojaat...

img

Ey ayol, ey nozik xilqat..
Ushbu muborak kechalarni yig'lab o'tkizyapsan. Tonggacha yostig'ing xo'l bo'ladi har gal. Sababi sen bevasan! Ering vafot etib ketgan. Undan senga nima qoldi? Peshonangga “beva” deb bosilgan tamg'a, yetimlar va bir dunyo dardu alam!
Senchi, ko'ngli yarim? Ne umidlarda turmush qurgan eding? Endi nima bo'ldi? To'lg'onyapsan yana tong sahar? Kecha kunduz seni bebaxt qilgan insongga hayollaringda achchiq achchiq gapirsang ham xumoringdan chiqmaysan. Qaytib kelib o'z uyingga sig'mayapsan. Lekin sendan ham holi xarobroqlar bor, huv ana, ko'zlariga uyqu kelmayotgan dugonangga qara, ikkinchi turmushi ham bo'lmadi.

Ha, dugonajon?! Bir o'zingni ayblaysan, bir uni, bir undan avvalgisini. Seni hozir ko'proq odamlarning gap so'zi xijolat qilyapti. Ikki erdan ham chiqqan bo'lib qoldim deysan, avvalgi turmushim ustimdan kuladi deysan. Dunyo ko'zingga qorong'u ko'rinyapti. Qora kigiz, oq kigiz, hammasi bir go'r. O'zingni qo'ygani joy topa olmaysan.
Senchi? Shu kundosh balosi seni hech o'z holingga qo'ymadida?! Bir ering bilan urishasan, bir kundoshing bilan. Savollar ketma ket quyilib kelaveradi. Nega nega... hayoling shundan xoli emas, kamiga tushlaringda ko'rasan. Unga aytasan dardingni, bunga aytasan, lekin dard o'lgur tugamaydi, nihoyasi ko'rinmaydi. Ertayu kech o'sha ofatdan qanday qutulishni o'ylaysan.
Ha, gulim, sening musibating balki boshqalarnikiga qaraganda yengilroqdir? Ha, hali turmush qurmading. Boshqa uyqusizlarga qaraganda sening qayg'uing kichikroq. Lekin bu o'zingga bilinmaydi. Nazaringda eng bebaxt ayol sensan. Oynaga uzoq termulib o'zingdan shubha qilasan. O'zingga o'zing xunik ko'rinasan va baxting ochilmaganining sababini shundan ko'rasan.
Tasavvur qiling, shunday bedor ayollar kechalarini chiroqni yoqib o'tkazishsa, kechaning yorug'i kunduznikidan ziyoda bo'lar edi.
Dugonajonlar, men sizlar bilan birga yashayman. Dardlaringizni tinglayman. Holingizdan xabarim bor. Sizlar haqingizda o'ylayman. Kechalari Robbimning rahmatidan umidvor bo'lib ko'kka boqqanimda, yongan chiroqlaringizni ko'raman.
Kechalarining tengi yo'q, kunduzlarining misli yo'q bu muborak oyda, keling sizlarga bir nasihat qilay, tashna bo'lgan ko'ngillaringizga tasalli beray.
Avvalam bor azizalarim, baxt deganda nimani tushunasiz?
Ha, ayol kishi uchun erlik bo'lish, farzandlik bo'lish baxtdir. Lekin asosiy va yagona baxt shumi? Haqiqiy baxt Allohni tanish va davomli itoatu ibodatda bo'lib, solih banda bo'lish emasmi? Taqdirga iymon keltirmaymizmi? Allohning bizga bergan ne'matlariga shukr qilmaymizmi?
Senga baxtni erkak emas, balki uni yaratgan Zot beradi. Sen baxtni undan emas, Xoliqingddan kutgin.
Oila deganda faqat erni tushuniladimi? Ota onangchi, aka ukalaring va opa singillaringchi? Farzandalaringchi?
Bilginki, erkakning ayolga, ayolning erkakka talpinishi, aslida zurriyot qoldirishga bo'lgan turtkidan o'zga narsa emas. Bu Buyuk Zotning hikmatidir.
Ha, sen bevasan, tinmay noliysan. Lekin bevaning Alloh huzuridagi darojotini bilasanmi? Unga yaxshilik qilish, yetimga yaxshilik qilish bilan barobar ekanligini bilasanmi? Sabr qilsang, qancha ajrga erishishing mumkinligini bilasanmi? Bevalik aslida sen uchun bir oliy maqom ekanligidan xabaring bormi?
Qayg'urishdan ne foyda? Farzandingni tarbiyasi bilan shug'ullan. Bilasanmi, qanchadan qancha ulamolar, ulug' insonlar yetim bo'lishgan, otasiz o'sishgan, ularga onalari ham ona ham ota bo'lganlar. Farzandlarini ulug' insonlar qilib yetishtirganlar.
Ammo senchi? Ajrashdingmi, mayli, undan avval ham usiz yashagansan, undan keyin ham yashaysan. Shoyad undan ajrashishingdan xayr va hikmat bo'lsa? Balki hali birga yashayotgan bo'lsang, hayoting jahannamga aylanishi mumkin edi. Bu narsa yaxshi ayollarning boshidan ham o'tgan, ulug' ayollarning boshidan ham o'tgan, hatto Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari ham bundan salomat qolmagan.
Dugonajon, ikkita turmushing ham barbod bo'ldimi? Mayli, Allohning rahmatidan noumid bo'lma. Boriga shukr qil. Hayot tugadi degani emas bu. Balki ikkinchi bor turmush qurganingda yaxshi niyat qilmagandirsan. Balki u to'g'ri niyat qilmagandir. Sen ko'nglimga qaraydi, bolalarim boshini silaydi degandirsan. U esa, tayyorgina, og'irligini menga solmaydi degandir. Alloh uchun deyilmagandir. Allohning roziligi uchun deyilmagandir.
Adolat istayotgan ayol! Kundoshingni ham eringni ham o'z hollariga qo'y. Qiyomat kuni ular uchun sen javob bermaysan. Haqsizlik qilishayotgan bo'lsa, o'zlari javob berishadi. Sen o'zing nima deb javob berishingni o'yla. Hali unga hali bunga shikoyat qilishni bas qilib, hamma ish O'z qo'lida bo'lgan Robbingga shikoyat qilgin, qadariga rozi bo'lgin, ne'matiga shukr qilgin. Menga teng qildi ya deb kuyaverma. Faqatgina Allohga tengdosh qilib bo'lmasligini esingda tutgin.
Ha, gulim?! Alloh bandalaring suratiyu jamoliga emas, qalblari va amallariga nazar solishidan bexabarmisan? O'zingni tuzab, birortasiga yoqarmikinman, deysanu, Robbingni rozi qilishga urunib ko'rasanmi hech? Balki sening shu holating, sen havas qilgan ko'pgina dugonalaringning holatidan ko'ra afzaldir? Ular turmush qurib, ibodatga ko'p ham bo'sha olmayotgandirlar, taqvolar susaygandir. Senda ularga qaraganda, ibodatga fursat ancha keng!

Keling azizalarim, Ramazonni g'animat bilaylik. Ko'ngillar tashnaligini Alloh bandasining muhabbati bilan emas, Allohning muhabati ila serob qilaylik. Vujudimizdagi bo'shliqni Allohning ishqi va Rasulining ishqi ila to'ldiraylik. Kechalari baxtsizligingizni o'ylab yig'lamang, Allohdan qo'rqib yig'lang. Keraksiz o'y fikr, hayollarni deb bedor bo'lmang, ibodat uchun bedor bo'ling. Kunduzi ro'zador bo'lib, g'iybatchilik, noshukrchilik qilmang, zikr qiluvchi, shukr qiluchi bo'ling. Ramazonning har daqiqasidan foydalaning. Ming kechadan xayrli kechani qo'ldan qochirmang.
Kunduzlari ro'zador bo'lar ekansiz, tilovat qilar ekansiz, kechalari qoim bo'lib ibodat qilar ekansiz, sizni ulug'lagan Allohni ulug'lang. O'zidan umid qiling, O'zigagina yolboring, O'zidangina so'rang.
Ayollarni erkalagan, ummatlarining erkaklariga ularga yaxshilik qilishni vasiyat qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar aytishdan erinmang.
Biror ayolning eri vafot etsa, yoki ajrashsa, iddasi tugashi bilan eshiga oldida nafslari uchun emas, savob umidida sovchilikda navbat bo'lib turadigan sahobai kiromlarga ham salovotu salomlar yuboring.
Uyida erkak bo'lmas, ko'chaga chiqarib qo'ygan chelaklariga suv to'ldirib kelib bergan mard erkaklarning haqqiga duo qiling va farzandingizni xuddi shunday tarbiya qiling.
Siz mo'minlar onalaridan, sahobiyalardan o'rnak olib, ular tutgan yo'lni tutinki, sizlarga ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari ila xulqlangan, sahobalarga o'xshash erkaklar nasib qilsin.
Agar siz shu aytilgan narsalarga amal qilsangiz, sizning g'amu anduhlaringizga shohid bo'ladigan chiroqlarga hojat qolmaydi. Balki ularning o'rniga ulardan afzal bo'lgan, yana ham yorqin bo'lgan Rahmoniy nur paydo bo'ladi va sizlar tomon nazar solgan insu jinlar:”Bechora baxtsizlar” deb emas, “Eng baxtli mo'minalar”, deya havas ila qaraydi.

Muallif: Odinaxon Muhammad Yusuf