Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Abdul Azim Ziyouddin
Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos - 25 May 2023

Rasulullohning tug'ilishlariga xursand bo'lishning mukofoti

img

Rasulullohning tug'ilishlariga xursand bo'lishning mukofoti

Urva ibn Zubayr aytadi: “Suvayba Abu Lahabning cho'risi edi, Abu Lahab uni ozod qildi. Suvayba Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamni emizgan. Abu Lahab o'lganidan so'ng, oila a'zolaridan biri (ota bir, ona boshqa ukasi Abbos roziyallohu anhu) tushida Abu Lahabni juda yomon bir ahvolda ko'rdi va: “(O'limdan so'ng) nima topding?” dedi. Abu Lahab: “Sizlardan keyin (rohat-farog'at) topmadim, faqat Suvaybani ozod qilganim uchun menga mana bunda suv berildi”, deb qo'lining bosh barmog'i bilan ko'rsatgich barmog'i orasidagi chuqurchaga ishora qildi”[1]. Suhayliy aytadi: «Abbos roziyallohu anhu: “Abu Lahab o'lganidan bir yil o'tib, tushimda uni yomon ahvolda ko'rdim”, dedi. Abu Lahab: “Sizlardan keyin rohat topmadim, faqat har dushanba kuni mendan azob yengillatilyapti-ozaytirilyapti, xolos”, dedi”. Buning sababi, Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam dushanba kuni tug'ilganlar va Suvayba Abu Lahabga jiyanli bo'lgani haqida xushxabar keltirganida, suyunchisiga uni ozod qilib yuborgan edi»[2].

Bu ikkala rivoyatda kofir kishining yaxshi ishi oxiratda foyda berishiga ishora bor. Lekin Urva ibn Zubayrning rivoyati “mursal” (sanadidan sahoba tushirib qoldirilgan), ya'ni, Urva rahmatullohi alayh tobeinlardan bo'lib, mazkur hadisni aytib bergan sahobani zikr qilmasdan, to'g'ridan-to'g'ri Payg'ambarimizdan rivoyat qilgan. Xo'p, “mavsul”[3] bo'lgan taqdirda ham hadisdagi xabar tushdir, qolaversa, tush ko'ruvchi o'sha paytda hali musulmon bo'lmagan bo'lish ehtimoli ham bor[4].
Qolaversa, bu ikkala rivoyat ham Qur'oni karim oyatlarining zohiriga to'g'ri kelmaydi. Masalan: Alloh taolo aytadi:
“Biz (kofirlar) qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to'zon (kabi) qilib qo'ygandirmiz”[5];
“Kofir bo'lgan kimsalar uchun jahannam olovi bordirki, na ularga (ikkinchi bor o'lish) hukm qilinib, o'la olurlar va na ulardan (jahannam) azobi yengillatilur. Biz har bir kofirni mana shunday jazolarmiz”[6];
“Do'zaxdagi kimsalar jahannam qo'riqchilariga: “Parvardigorlaringga duo qilinglar, bizlardan biron kunlik azobni yengillatsin”, deb yolvorganlarida, ular aytdilar: “Axir sizlarga payg'ambarlaringiz ochiq hujjatlar bilan kelmaganmidilar?!” Ular: “Ha, (kelgan edilar, lekin biz ularni yolg'onchi qilgan edik)”, dedilar. (Shunda farishtalar ularga) aytdilar: “U holda o'zlaringiz duo-iltijo qilaveringlar. Kofirlarning duo-iltijolari faqat zalolatdadir (ya'ni, befoydadir)”[7].
Ushbu oyatlar bilan yuqoridagi rivoyatlarni bir-biriga qanday bog'laymiz?
Mazkur oyatlardagi hukmlar umumiy bo'lib, barcha kofirlarga tegishlidir. Payg'ambarimizning amakilari Abu Tolib bilan Abu Lahablardan azobning yengillatilishi esa, Payg'ambarimizning o'zlariga xos bo'lib, bu imtiyoz u zotning shafoatlari va sharofatlaridandir.
Ma'lumki, Payg'ambarimizning xos shafoatlari tufayli amakilari Abu Tolib do'zaxning chuqur-tubidan sayoz joyiga olib chiqilgani va kufrdan boshqa gunohlari uchun beriladigan azobning yengillatilgani, haqidagi rivoyat ma'lum va mashhurdir[8].
Mana shu sahih dalil Abu Lahab haqidagi rivoyatlarga qiyos bo'lib, ularni qo'llab-quvvatlaydi.
Modomiki, Abu Tolib Payg'ambarimizga yordam bergan va u zotni himoya qilgan ekan, unga gunohlari uchun beriladigan azob Abu Lahabnikiga qaraganda yengilroq bo'lishi rivoyatlardan ma'lum![9]

[1] “Sahihul Buxoriy”, 3-juz, “Nikoh” kitobi, 20-bob, 5101-hadis ta'liqi-izohi.
[2] Abdu Rahmon Suhayliy, “Ar-ravzul unf fi sharhis siyratin nabaviya li Ibni Hishom” (5/123); Badriddin Ayniy, “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (29/242); Ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy” (9/256).
[3] “Mavsul” – sanadi boshidan oxirigacha bir-biriga bog'langan rivoyat.
[4] “Fatovo va istishorotul islom al-yavm” (13/504). Payg'ambarning tushi bo'lsa yoki azon masalasi kabi sahobaning Payg'ambarimiz tasdiqlagan tushi bo'lsa, boshqa gap.
[5] Furqon surasi 23-oyat.
[6] Fotir surasi 36-oyat.
[7] G'ofir surasi 49 – 50-oyatlar.
[8] “Sahihul Buxoriy” (3670, 3672, 5855, 6196 va 6203-hadislar); “Sahihi Muslim” (357 va 360-hadislar).
[9] Badriddin Ayniy Hanafiy, “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (29/240-242); Ibn Hajar Asqaloniy Shofe'iy, “Fathul Boriy sharhu sahihil Buxoriy” (9/256-259); Ibn Kasir, “Al-bidoya van nihoya”(2/53); Shayx Sulaymon ibn Muhammad Hanbaliy, “Iyqozul afhom fi sharhi umdatil ahkom” (6/27).

Abdul Azim ZIYOUDDIN