Rasulullohning tug'ilishlariga bog'liq ajoyibotlar
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tug'ilganlarida Kisro[1] Anushirvonning mustahkam saroyi zilzila va momoqaldiroq tufayli yorilib o'n to'rtta ayvoni qulab tushgan, Fors imperiyasidagi majusiylarning ming yildan beri o'chmay kelayotgan “muqaddas olov”lari o'chib qolgan va Sova[2] ko'lining suvi yerga singib ketib, uning atrofidagi cherkovlar qulagan”, degan rivoyat bor. Bu rivoyatning isnodi haqida ulamolarimiz nima deyishadi?
Imom Zahabiy “As-siyratun nabaviya” kitobida (1/12) bu rivoyatni: “Munkar, g'arib”, degan.
Ibn Asokir: “Bu rivoyat g'aribdir, hujjatga yaramaydi”, degan.
Alloma Ibn Kasir “Al-bidoya van nihoya” kitobida (2/329): “Bu rivoyatning asli-asosi yo'q”, degan.
Shayx Abdul Fattoh Abu G'udda Mulla Ali Qorining “Al-masnu' fi ma'rifatil hadisil mavzu'” kitobi tahqiqida (18-bet) va doktor Abdul Mu'tiy Qal'ajiy Imom Bayhaqiyning “Daloilun nubuvvah” kitobi ta'liqi-izohida (1/129): “Bu rivoyat sahih emas”, deyishgan.
Doktor Mahdiy Rizqulloh “As-siyratun nabaviya fi zov'il masodiril asliya dirosatan tahliliya” kitobida (112-bet): “Bu rivoyat sahih yo'llar bilan sobit bo'lmagan”, deydi.
Shayx Xolid Abdu Rahmon imom Movardiyning “A'lomun nubuvvah” kitobi izohida (271-bet): “Kuchsiz-qoniqarsizdir, hujjatga yaramaydi”, degan.
Shayx Muhammad G'azzoliy: “Fiqhus siyra” kitobida: “Kuchsiz-qoniqarsiz”, deyish bilan mazkur ma'lumotni tasdiqlamagan.
Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy “Ar-rahiqul maxtum” kitobida (61-bet): “Bu rivoyatlarning birorta ham sobit isnodi yo'q. O'sha xalqlarda tarixnaveslik kuchli bo'lganiga qaramasdan, ularning tarixida bu voqealar tilga olinmagan”, deydi.
Doktor Akram Ziyo Umariy “As-siyratun nabaviya as-sahiha” kitobida: “Mazkur rivoyatning roviylari ichida Ya'lo ibn Imron Bajalliy va Maxzum ibn Honi' Maxzumiy kabi majhul-noma'lum shaxslar bor bo'lib, ularning tarjimai hollarini topa olmadim”, degan.
Abdul Azim ZIYOUDDIN