Rasulullohni emizgan ayollar
Ba'zi manbalarda Omina, Suvayba, Xavla binti Munzir, Ummu Ayman, Banu culaymlik uch ayol, Ummu Farva, Banu ca'dlik bir ayol va Halimai Sa'diyalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tartib ila emizishgani aytilgan[1]. Mazkur onalarning qaysi biri haqiqatan Payg'ambarimizni emizgan?
Bu boradagi aniq javob faqat Omina onamiz, Suvayba, Banu ca'dlik bir ayol va Halimai Sa'diyalarning emizganlaridir[2].
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni birinchi bo'lib onalari Omina emizgan. Suti yetmagach, amakilari Abu Lahabning ozod qilgan cho'risi Suvayba bir necha kun[3] emizadi. O'sha paytda uning Masruh ismli chaqalog'i bo'lgan. Suvayba bungacha Hamza ibn Abdulmuttalib bilan Abu Salama ibn Abdulasad Maxzumiylarni ham emizgan edi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Suvaybaning xizmatini qadrlar, Xadicha onamiz ham unga ehtirom ko'rsatar, kiyim-kechaklar yuborib turar edilar. Madinaga hijrat qilganlaridan keyin ham xabar olib turdilar. Makka fath qilinganida Payg'ambarimiz Suvayba bilan o'g'li Masruh haqlarida so'raganlarida, ona-bolaning olamdan o'tganini aytishdi. Suvayba hijratning yettinchi yili, Makka fathidan bir yil oldin, o'g'li Masruh esa sal oldinroq olamdan o'tgan edilar. Keyin Suvaybaning qarindoshlari haqida so'radilar, ulardan ham birontasini tirik topmadilar. Hofiz Ibn Mandah[4]dan boshqa barcha olimlar Suvaybaning musulmon bo'lmaganini aytishgan[5].
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Hamza roziyallohu anhu Banu Sa'd qabilasida bo'lganlarida Hamza roziyallohu anhuni emizayotgan Banu sa'dlik ayol Payg'ambarimizni ham bir marta emizgan[6].
Payg'ambarimizni to'liq ikki yil emizgan ayol Halimai Sa'diya ekani ma'lum va mashhurdir. Darvoqe, Halima ona keyinchalik Payg'ambarimiz Xadicha roziyallohu anhoga uylanganlaridan so'ng Makkaga keladi va u zotga qurg'oqchikdan shikoyat qiladi. Payg'ambarimiz uning ahvoli haqida Xadicha onamizga so'zlaganlarida, onamiz qirqta qo'y berib yuboradi. Halima ona nubuvvatdan keyin eri bilan kelib, musulmon bo'lishadi. Halima ona Makka fathidan keyin Hunayn g'azoti kuni ham Payg'ambarimizning huzurlariga keladi. Payg'ambarimiz o'rinlaridan turib, ridolarini yerga to'shaydilar va unga o'tqazadilar. Halima ona Payg'ambarimizdan hadis rivoyat qilgan, undan Abdulloh ibn Ja'far ibn Abu Tolib rivoyat qilgan. Hijriy sakkizinchi yildan keyin vafot etgan.[7]
Ummu Ayman esa, asli habashistonlik bo'lib, Payg'ambarimizning otalari Abdullohning cho'risi bo'lgan. Abdulloh olamdan o'tganidan so'ng Payg'ambarimiz katta bo'lgunlariga qadar enagalik qilgan, ammo emizmagan[8]. Payg'ambarimiz uni ozod etganlar va u Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuga turmushga chiqqan. Ummu Ayman Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan besh oy keyin olamdan o'tgan[9].
Xavla binti Munzir Payg'ambarimizni emas, kenja o'g'illari Ibrohimni emizgan edi[10].
Ummu Farva bilan Banu sulaymlik uchta ayolning Payg'ambarimizni emizganlari haqidagi ma'lumotlar tasdig'ini topgan emas.
[1] Ibn Asokir, “Tarixu Dimashq” (3/97).
[2] Ali ibn Burhoniddin Halabiy, “As-siyratul halabiya” (1/185); Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy, “Ar-rahiyqul-maxtum”; Doktor Solih ibn Avvod Mag'omisiy, “Al-ayyomun nazira vas siyratul atira li Rasulina” (1/18); Izzuddin ibn Jamoa Kattoniy, “Al-muxtasarul kabir fi siyratir Rasul” (1/8); Shayx Hasan ibn Umar, “Al-muqtafo min siyratil mustafo” (1/5); Muhammad ibn Yusuf Shomiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (1/6).
[3] Buxoriy rivoyati, “Fathul Boriy” (9/124).
[4] U – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ishoq ibn Muhammad ibn Yahyo ibn Mandah Isfahoniy (hijriy 310-395 yil).
[5] Badriddin Ayniy Hanafiy, “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (29/237); Ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy” (9/145); Abdu Rahmon Suhayliy, “Ar-ravzul unf fi sharhis siyratin nabaviya li Ibni Hishom” (2/102, 5/123); Ali ibn Burhoniddin Halabiy, “As-siyratul halabiya” (1/188); Izzuddin ibn Jamoa Kattoniy, “Al-muxtasarul kabir fi siyratir Rasul” (1/7); Muhammad ibn Yusuf Shomiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (1/375).
[6] “Fatovosh shabakatil islomiya” (9/7451); Muhammad ibn Sa'd, “At-tabaqotul kubro”; Ibn Qayyim Javziya, “Zodul ma'od”.
[7] Alloma Xayriddin ibn Mahmud Zirikliy Dimashqiy (hijriy 1310-1396, milodiy 1893-1976), “Al-a'lom” (2/271).
[8] “Fatovosh shabakatil islomiya” (9/7689); Ali ibn Burhoniddin Halabiy, “As-siyratul halabiya” (1/190); Muhammad Toyyib Najjor, “Al-qovlul mubin fi siyrati sayyidil mursalin” (1/87).
[9] Muslim rivoyati (5/162).
[10] Muhammad Toyyib Najjor, “Al-qovlul mubin fi siyrati sayyidil mursalin” (1/87).
Abdul Azim ZIYOUDDIN