Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Alloma, mufassir, mujaddid, faqih, muhaddis, mufassir, mutafakkir, murshid - 20 Iyun 2022

Mualliflik huquqi to'g'risida

img

Turli narsalarning, masalan, kitob, maqola yozish, eshittirish, ko'rsatuv tayyorlash, ixtirolar qilish va shunga o'xshash narsalarlarning mualliflik huquqini-haqqini himoya qilish dunyo bo'yicha keng tarqalgan. Mana shu ma'noga Islomda qanday qaraladi?

MUALLIFLIK HUQUQI TO'G'RISIDA

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Bu savolga javob berishdan oldin shuni aytib o'tish kerakki, mualliflik haqqi, haqiyqatan, dunyo bo'yicha tan olingan haqq. Muallifning haqqini poymol qilishga hech kimning haqqi yo'q, balki bu narsa barcha davlatlarning qonuni bo'yicha 
jazoga tortiladigan jinoyat hisoblanadi. Islom diynida bunga qanday nazar bilan qaraladi? 
Javobni batafsil aytishdan oldin hozirgi kundagi ahvolimizga nazar solishimiz kerak. Ayniqsa, diynni mahkam tutishni da'vo qilayotgan, diyniy adabiyot va shunga o'xshagan narsalar bilan savdo qilayotgan jamoani, o'sha ishda ishtirok etadigan odamlarning holatini alohida ko'rish kerak bo'ladi. Chunki, bu sohada mualliflik haqqi nima ekanligini umuman e'tiborga olmaydigan odamlar 100 bo'lmasa ham 95 foizni tashkil qiladi. Ular: «Muallifning haqqi yo'q, kim qo'liga nima tushsa, shuni ko'paytirib sotsa, diynga xizmat qilayotgan bo'ladi», degan da'voni qilishadi. O'zlarini taqvodor qilib ko'rsatishadi, namoz o'qib, ro'za tutayotganlik da'vosini qilishadi, Xudoning yo'lida xizmat qilayotganlik da'vosini qilishadi, lekin o'zlaridan ko'proq Allohning yo'lida xizmat qilayotgan, kitob yozayotgan, kechalari uxlamasdan ko'zining nurini to'kib, yillar davomida yig'ib-terib, yozib, kitob holiga keltirib, bozorga qo'ygan yoki sotib o'z mehnatining samarasini biroz ko'rmoqchi bo'lgan kishilarning haqqini vahshiylarcha poymol etishadi. Qo'lga tushgan kitobni iloji boricha o'g'rilik yo'li bilan, suratini olib, ko'paytirib, sotishga harak'at qilishadi. Muallif bechora o'zi chop qildirgan kitobini sota olmay o'tiraveradi, ular o'g'irlikdan bo'lganligi va o'zlariga arzon yoki bepul tushganligi uchun, tezroq pul qilish maqsadida, xohlagan narxida sotib, muallifning haqqini poymol qilishadi.

Shuningdek, ovoz tasmalari, kompyuter disketlari va boshqalar savdosida ham mana shu holni ko'rish mumkin. Bularning hammasi juda ham noqulay bir holat, nihoyatda  og'ir musiybat hisoblanadi. Ana shu holat albatta musulmon ulamolarini ham tashvishga solgan 
va Makkai Mukarramadagi Islom Fiqhi akademiyasi mana shu masalani alohida ko'rib chiqishga majbur bo'lgan. Hozirgi kunimizning ko'zga ko'ringan katta ulamolari a'zo bo'lgan bu fiqh akademiyasida mualliflik haqqi to'laligicha, batafsil ko'rib chiqilganidan so'ng, musulmon ummatiga, mo'min-musulmonlarga qarata o'zlarining qarorlarini chiqarib, mualliflarning mualliflik haqqlari to'g'risidagi bayonotni berganlar. Ana shu bayonotda quyida biz so'zma-so'z tarjima qiladigan ma'nolar ifoda qilingan:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

«Ba'zi paytlarda muallif o'zining butun umrini bir foydali kitob ta'liyf qilishga sarflaydi. Va undan foyda ko'rish uchun nashr qiladi. Shunda boshqa bir odam kelib, haligi kitobdan bir nusxani oladi-da, hozirgi zamonda chiqqan oson vositalar orqali yo chop qiladi, yo suratga 
oldirib u ham sota boshlaydi. Uning sotishi, albatta, muallifning yo'lini to'sadi, unga qarshi bir odamga aylantiradi, ana shuning oqibatida haligi odam hech qanday ta'liyfga aralashmasdan, zahmatini chekmasdan, birovning mehnati samarasini ko'rishga o'tadi. Ba'zi 
birovlar bu kitobni bepul tarqatishlari ham mumkin. Lekin, ana shu bepul tarqatishi bilan u o'ziga shuhrat qozonadi, shuhrat qozonish yo'lida esa muallif bechoraning charchagani, horigani, qilgan mehnati, hatti-harak'atining hammasini zoega chiqaradi. Mana shu fikrni ixtiro qiluvchilar haqida ham aytish mumkin. Bunday narsalar bo'laverganidan keyin ilmli, zakovatli, kitob ta'liyf qilishga, ixtiro qilishga qudrati yetadigan odamlarning himmatlari pasayadi. Chunki, ular o'zlarining mehnatlari samarasini ko'rmaydilar, boshqalar uning mehnatini qo'lidan yulib, tortib oladilar va o'zlarining foydasiga ishlatadilar, tijorat qiladilar, muallifning yo'lini to'sadilar. Holbuki, u «tijoratchilar» bu kitobning yoki ixtironing dunyoga kelishida hech narsa sarflaganlari yo'q, buni xayollariga ham keltirmaganlar. Zamon o'zgarishi bilan, vaziyatlar ham o'zgardi, yangi-yangi narsalar chiqarildi, endilikda har kim o'zining qilgan mehnatining samarasini ko'rishi kerak. Muallif yoki ixtirochi ham o'zi ta'lif qilgan asari yoki ixtiro qilgan narsasining haqqdori bo'lishi vojibdir. Bu haqq ana shu muallifning shar'iy mulki hisoblanadi, biror kishi unga tajovuz qilmasligi kerak, uning iznisiz ko'chirmaslikga, chop qilmasligi, sotmasligi kerak. Ana shu narsalarning hammasi-kitob bo'lsin, boshqa bo'lsin, asosan, shariatga to'g'ri keladigan, zalolatga boshlamaydigan narsalar bo'lishi sharti bilan, albatta. Shuningdek, o'sha yozilgan narsani nashr qilgan noshir ham muallifning sherigi bo'la olmaydi, u faqat muallif nimaga ahdlashgan bo'lsa, shu ahdga haqqli xolos, boshqa narsaga haqqi yo'q. Muallifning iznisiz noshir kitobning mazmuniga o'zgartirish kiritishi mumkin emas yoki biron yerini boshqacha qilishga haqqi yo'q. Mualliflik haqqi meros bo'lib qoladi, ya'ni muallifning merosxo'rlariga haqq ham meros bo'lib qoladi. Ana shu narsalarning hammasi xalqaro shartnomalarda o'z aksini 
topgan, mana shu narsalarning hammasini mo'min-musulmonlar amalga oshirishlari kerak, shariatga xilof ishlarni qilmaslik lozim, bu narsalarning hammasini joyiga qo'yish vojib hisoblanadi».
Mana, mualliflik haqqi haqidagi Islom Fiqhi akademiyasi ulamolari chiqargan qaror. Bu qaror juda muhim bir hujjat hisoblanadi. Har bir mo'min-musulmon kimsa muallifning haqqini, ixtirochining haqqini hurmat qilishi kerak. Muallifning haqqini poymol qilish xuddi bir odamning bir joyga to'plab qo'ygan mol-mulkini o'g'irlash bilan barobar bo'ladi. Ana shuni o'g'irlab, olib chiqib sotib, pul qilgan odam qanchalik gunohkor bo'lsa, muallifning iznisiz undan berkitib, kitobini chop qilib yoki boshqa asarini boshqa uslub bilan ko'paytirib sotayotganlar birovning molini botil yo'l bilan yeyayotgan va Qiyomat kunida qorinlariga olovni yeydigan shaxslardan bo'ladi. Muallif iznisiz, o'g'irlikcha uning haqqini yulib olib, uning haqqini tortib olib savdo qilayotganlardan narsa sotib oladiganlar ham o'ylab qo'yishlari kerak. Chunki bizning shariatimizda o'g'irlangan, g'asb qilib tortib olingan mollarni sotib olishga ruxsat yo'q, ular harom bo'ladi.
Shuning uchun, ana shunday o'g'rilardan, muttahamlardan birovning haqqini tortib olganlarning mahsulotini sotib olishdan ham hazar qilish kerak. Balki asl nusxani, halol, ter to'kib, mehnat qilib, yillar davomida butun bilimini, aqlini, zakovatini, kuchini, qudratini sarflab asar yuzaga keltirgan insonning kitobini va boshqa mahsulotlarni sotib olib, o'shalardan foydalanilsa, savob yo'lida to'g'ri ish qilish baxtiga muyassar bo'linadi, hamma narsa halol-pok, yaxshi bir suratda amalga oshgan bo'ladi. Alloh subhanahu va taolo O'zi barchalarimizga insof-tafviq bersin, jumladan, mualliflarning, haqqdorlarning haqqini poymol qilib, o'zlariga oson mol, pul topish yo'liga kirib olganlarga ham insof bersin, hammamizni Allohning shariatiga amal qilib, halol, pok rizq bilan rizqlanib yurishimizda Alloh taoloning O'zi madadkor bo'lsin. Vallohu a'lam

Muallif Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf