Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Ahmad Muhammad Tursun
Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi - 02 Iyun 2023

Maqtov (madh)

img

Maqtov kimsalarning qilgan ishlari yoki fe'llarini til bilan boshqalarga bildirishdir. Aslida barcha maqtov Alloh taologa xosdir va Uning Payg'ambariga (sollallohu alayhi va sallam) munosibdir. Shuning uchun doimo Allohga hamd-sanolar aytamiz. Shu bois, sahobalardan Abbos, Hasson, Ka'b va boshqalar Rasulullohni maqtab she'rlar yozishgan. Maqtovga loyiq kishilarni maqtash jamiyatda fazilat va komillik ortishiga sabab bo'lgani uchun shariatimiz bundan qaytarmaydi. Shuning uchun mubolag'a va yolg'on so'zlardan saqlangan holda kishida bor bo'lgan sifatlar bilangina maqtash joiz. Lekin maqtovga loyiq bo'lmagan kimsalarni, kishining mansabi, boyligi yo obro'-shuhrati uchun maqtash haqiqat va axloqqa zid bo'lgani uchun yomon ish sanaladi.
Kishini yuziga maqtashning foydasi ham, xatari ham bor: agar maqtalayotgan kishi komil imonli, ishonchli, riyozatli, ma'rifatli bo'lsa va maqtovdan fitnalanmasa yoki g'ururga ketmasa, maqtov harom ham, makruh ham bo'lmaydi. Aksincha bo'lsa, kishini yuziga maqtash qattiq makruh bo'ladi.

Abu Muso Ash'ariydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kishini ko'klarga ko'tarib maqtashayotganini eshitib: "Uni halok qildinglar-ku!" (yoki belini sindirdinglar), deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Maqtovchi (maddoh) biror mansab yoki manfaat ilinjida odamlarni yuziga maqtovchi, asli yo'q, haqiqatga zid va botil narsalarni targ'ib qiluvchidir. Hadisda kelishicha, bir kishi Usmonni (roziyallohu anhu) maqtaganida sahoba Miqdod ibn Asvad (roziyallohu anhu) uning yuziga tuproq sochib yuborgan. Usmon: "Bu nima qilganingiz?" deb so'raganida, Miqdod bunday degan: "Rasuli akram "Agar maddohlarni (maqtovchilarni) ko'rsangiz, yuziga tuproq sochinglar", deganlarini eshitganman" (Imom Muslim rivoyati). Ayrim ulamolar "yuzga tuproq sochish"ni "maddohning ovozini o'chirish" deb sharhlashgan.
Sunnatga ko'ra, agar bir kishini maqtashga to'g'ri kelib qolsa, "u shunday fazilatlarga ega bo'lsa kerak, deb o'ylayman, agar u shu sifatlarga ega bo'lsa, "uning kifoyachisi Allohdir, Alloh oldida biror kishi aybsiz emas" deyish kerak. 
Odamlar darajalariga qarab maqtovni turlicha qabul qilishadi. Avom kishilar maqtovdan yayrab, xursand bo'lishadi, maddoh aytayotgan fazilatlar o'zlarida mavjudligidan faxrlanib, kibrlanishadi, maqtovchini o'zlariga do'st tutishadi. Obidlar maqtovni eshitib, undan iloji boricha qochishadi, u egallab qolmasligi uchun qalblarini ihotalab olishadi. Oriflar esa bunday hollarda "agar Alloh ayblarimni berkitmaganida odamlar faqat fazilatlarimni ko'rib, meni maqtashmasdi, demak, bu maqtovlar Allohga tegishlidir" deb fikrlaydi va barcha maqtovlarni Parvardigoriga havola etadi.
Abulqosim az-Zamaxshariy: "O'zi sazovor bo'lmagan hamdu sano va maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir", degan. Qayyum Nosiriy aytibdi: "Birov seni o'zingda yo'q sifatlar bilan madh etsa, unday odamga ishonma. Chunki u senda yo'q yomon sifatlar bilan boshqa yerda seni yomonlashga qodir".
Fosiq va bid'atchini maqtash, madhda haqiqatni aytmay riyo va yolg'on qo'shish, maqtalgan kishi bundan kibr yo g'ururga ketishi, maqtov orqali biror manfaatni ko'zlash dinimizda qoralangandir. Agar maqtov bu xususiyatlardan xoli bo'lsa, maqtash ham, maqtovga rozi bo'lish ham mumkin. 
Maqtovning aksi zam (yomonlash), ya'ni bir kishiga nisbatan yomon so'zlar gapirish, holatini fosh etishdir. Har qanday insonni nohaq yomonlash haromdir.

Muallif Ahmad MUHAMMAD