Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Ahmad Muhammad Tursun
Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi - 02 Iyun 2023

Kambag'allik ayb emas

img

Azaldan faqirlar maqtaladi. Chunki insonlar kambag'allarni yaxshi ko'rishga buyurilgan, Alloh uchun eng yaxshi odamlar kambag'allardir, deyilgan. Barcha payg'ambarlar ham kambag'allik bilan imtihon qilingan. Faqir-kambag'allarni sevishda Nabiyni sevish bor. Ammo faqir odam qanoatli bo'lsa, xalqdan biror narsa tama' qilmasa, ularning qo'lidagi narsadan umidvor bo'lmasa, qanday yo'l bilan bo'lmasin mol-dunyo orttirishga intilmasa yoki haris bo'lmasa, shundagina u maqtaluvchi faqir hisoblanadi. Xabarda aytilganidek, «Boylarning uyiga kamroq kiringlar, aks holda Allohning sizlarga bergan ne'matlarini pisand qilmagan bo'lasizlar». Yana faqirlarni juda katta ajr-mukofotlardan, savoblardan to'sadigan bir illat borki, bu ularning kibridir. Faqirning kibri boylarnikidan yomon bo'ladi, sababi boy mol-davlatidan faxrlanib kibr qilsa, kambag'al hech narsaga ega bo'lmasdan turib kibr qiladi. Ana shu kibr ortidan u hamma ishda boyga tenglashishga intiladi, o'zini boy ko'rsatish uchun har qanday aldov va nayranglarga boradi, bu bilan taqdirga isyon qilgan hisoblanadi.

Xabarda aytilganki: «Uch kimsaga qiyomat kunida Alloh taolo gapirmaydi va qaramaydi ham, ularga qattiq, alamli azob bo'ladi: ular – zino qiluvchi keksa, yolg'onchi podshoh va kibrli faqir kishilardir»; «Alloh mutakabbirni yomon ko'radi, mutakabbir faqirni undan ham yomon ko'radi».

Haq yo'ldan yiroq bo'lgan inson uchun faqirlikning mash'um xatarlari bor. Ba'zi ma'naviy ojiz odamlar uchun faqirlik, uning ortidan keladigan qiyinchilik-mashaqqatlar kufrga ketish uchun bir vosita bo'lib qolishi mumkin. Chunki sabr va qanoat kabi ulug' ne'matlardan bebahra insonlar faqirlik imtihonining qiynoqlariga dosh berolmay, har kuni Yaratgandan norozi bo'lib, shirku isyon bayrog'ini ko'tarishga odatlanib qolishadi. O'zini kamsitilgan his etishadi yoki ilohiy adolat buzilganmikin, degan kufrona gumonlarga borishadi.
Ba'zan faqirlikda, kambag'allikda yashayotgan odamlarni kuzatsangiz, ularning go'yo faqirliklariga o'zlari aybdorday, o'ksinib, boshqalar oldida xijolat chekib, noqulay holatga tushishlarini ko'p ko'rgansiz. Yoki «Nima qilaylik, peshonamiz sho'r ekan, Xudo bizni faqir qilib, nochor qilib yaratib qo'ygan bo'lsa!» deb zorlanishganini eshitgansiz. Ayrimlari o'zlarining faqirliklaridan uyalib, sal o'ziga to'qroq qarindoshlar bilan bordi-keldini ham yig'ishtirib qo'yishadi. Ba'zilar kambag'allikdan shunchalik orlanishadiki, tarkidunyo qilgan rohib kabi odamlardan butunlay o'zlarini tortishadi. Mahalla-ko'y, to'y-marosimlarga aralashishdan ham voz kechishadi. Nima, kambag'allik ayrimlar o'ylaganiday, shunchalik aybmi, kamchilikmi, peshonaning sho'rimi, Allohning jazosimi yoki taqdirning shumligimi?
Yo'q va yana yo'q. Agar inson faqirlik orqasidan o'ziga qanday ulug' marhamat, ajr-mukofotlar borligini, u faqirlik bilan sinalayotgan ekan, bundan sabr, shukr orqali sharaf bilan o'ta olsa, uni boqiy dunyoda qanday ulkan ne'matlar va mukofotlar kutayotganini tasavvur ham qila olmaydi. Bejizga o'tmishdagi so'fiylar: «Agar hukmdorlar bizdagi ruhiy xotirjamlikning sababini bilib qolishsa, egnimizdagi jandalarni tortib olgan bo'lishar edi», deyishmagan. Shunday ekan, siz faqirlik kelganida xafa bo'lish o'rniga sevining, kambag'alligingizni qo'rqmay, uyalmay tan oling, o'zingizni kambag'allikka tayyorlang. Zakot yeyishdan uyalmang, shuni bilingki agar siz kabi kambag'allar bo'lmasa, boylar zakotini bergani odam topolmay, Allohning farzini bajara olmay qolishardi-ku! 
Faqirona hayotning ruhiy va ma'naviy sakinati, qalb xotirjamligini hech narsaga tenglab bo'lmaydi. Mol-dunyosi bo'lmagan odam uni tasarruf qilish, ko'paytirish, foyda olish, asrash, aldanish xavfi kabi qanchalab ofat-xatarlardan omonda, xotirjam yashaydi. Dunyoning tashvishi va hisob-kitobi miyasini band qilmagani uchun ibodatlarida halovat, rohatlanish bor. Boqiy dunyoda hisobga tortilmasligining o'zi va buning ortidagi qalb halovatini uncha-buncha narsa bilan o'lchab bo'lmaydi. Kambag'alning boylardan besh yuz yil avval jannatga kirishi bashorati hamma boyliklardan ustun mukofot emasmi? Xabarlarda aytilganiday: «Odamlarning oldidan aylanib yurganida bir va ikki luqma yoki bitta va ikkita xurmo bersang, olib ketadigan kishi haqiqiy miskin emas. Haqiqiy miskin o'zini behojat qiladigan narsa topa olmasa va sadaqa berish uchun uning ahvolidan boshqalarning xabarlari bo'lmasa hamda o'zi ham tilanib yurmaydigan kishidir»; «Har bir narsaning kaliti bor, jannatning kaliti miskin-faqirlarni sevishdir».
Faqir sahobiylar oralaridan bir kishini vakil qilib Payg'ambar alayhissalom huzurlariga yuborishdi. Vakil u zotga bunday dedi: «Meni ashobingizning faqirlari huzuringizga yuborishdi». U zot: «Senga va seni yuborganlarga marhabo! Ular men sevgan kishilardir», dedilar. Kelgan vakil istaklarini shunday bayon qildi: «Boylar mollari bo'lgani uchun haj qilishyapti. Juda ko'p xayrli ishlarni qilishyapti. Biz esa faqirlik orqasidan bularni uddalay olmayapmiz. Shuning uchun oxiratdagi mukofotimiz, xayrli amallarimiz oz bo'lib qoladimi, deb o'ylayapmiz. Meni sizga yuborgan faqirlar «bizning holimiz nima bo'ladi», deb so'rashdi. Faxri koinot bunday dedilar: «Faqirlarga mendan shuni yetkazginki, oxiratda erishadigan mukofotlarini o'ylab, bu dunyodagi mahrumiyat hollariga sabr qilsinlar. Chunki faqirlarning boylardan afzal uchta jihatlari bor:
1. Ularga bu dunyoda chekkan mashaqqat-qiyinchiliklari, dunyo ne'matlaridan bebahraliklari evaziga jannatda shunday ko'shk-par beriladiki, boshqalar u ko'shklarga dunyoda eng porloq yulduzlarga qaragandek mahliyo bo'lib qarashadi. Bu ko'shklar payg'ambarlar, shahidlar va faqir musulmonlar uchundir.
2. Faqirlarning hisoblari oson bo'ladi va ular boylardan oldinroq jannatga kirishadi.
3. Boy kishi sadaqa berib erishadigan savobga faqirlar: «Subhanallohi val hamdulillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar», deb erisha olishadi. Faqirlar bu kabi zikr va tasbehlarni boylardan ko'proq aytishsa, boylarning pul va mollari bilan qozongan savoblariga shu aytgan zikrlari bilan erisha olishadi». 
Zunnun Misriy deydiki: «Bir kambag'al do'stim bor edi, olamdan o'tdi. Bir kuni tushimga kirdi. Undan: «Alloh sen bilan qanday yo'l tutdi?» deb so'radim. U shunday javob qaytardi: «Alloh: «Pastkash boyvachchalar uzatgan nonni olmaganing uchun gunohlaringni mag'firat etdim», dedi». Shu zotning yana bunday so'zi bor: «Ilm ahlidan bo'lmish har bir er ilmi ziyoda bo'lgani sayin mol-dunyoga nafrati kuchayib, uni tark etardi. Endi-chi? Bugun ilmi ko'paygani sari mol-dunyo muhabbati va talabi kuchaymoqda. Ilgari olim odam molini ilm yo'lida sarf etardi. Bugun-chi? U ilmi orqali mol-dunyo to'playdi. Ilgari ilm oluvchining botini va zohiri kuchga to'lardi. Hozir-chi? Uning botini ham, zohiri ham fasoddir».
Bishr Xofiy aytadi: «Faqirlar uch toifa bo'lishadi: birinchisi so'ramaydi, bersang olmaydi ham, bu toifa ruhoniyati oliy odamlardir, ular Allohdan so'rashsa Alloh beradi, Allohga qasam keltirishsa qabul bo'ladi. Ikkinchi toifa so'ramaydi, bersang oladi, bular o'rta qavm, Allohga tavakkul qilib yashashadi, bularga jannatda dasturxonlar yoziladi. Uchinchi toifa sabrni o'ziga qalqon qilganki, boshga hojat kelsa Allohga murojaat qiladi, O'zi singarilar yoniga chiqadi, haqiqatgo'yligi uning xizmatkoridir». Shu zotning mana bunday gaplari ham bor: «Shunday zamonlar keladiki, qoplab dunyo tentaklar qo'liga o'tib ketadi». Ishonmasangiz, atrofingizga bir nazar soling: behisob mol-dunyoga ega bo'lganlar aqlli, dono, taqvodor odamlarmi yoki aksinchami?
Abul Hasan Siriy bunday deganlar: «Hech kimdan hech narsa so'rama, hech kimdan hech nima olma, shunda birovga berishga hech nimang bo'lmaydi. Dunyoning turgan-bitgani ortiqchadir, lekin besh narsa bundan mustasno: non, suv, kiyim, uy va manfaatli ilm».
Shaqiq Balxiy faqirlikni yoqlab o'tgan shayxlardan. U aytadiki, «Dunyoga intilib o'lishdan saqlan, xotirjam bo'lginki, senga yozilgan rizq sendan o'zgaga berilmaydi. Banda faqirlikni ixtiyor etib, boylikdan qo'rqishi qanday bilinadi? U badavlat odam kambag'al bo'lib qolishdan qo'rqqanidek boyib qolishdan qo'rqadi va faqirlik holatini qo'rquv bilan saqlaydi. Faqirlikni saqlash faqirlikni Yaratganning in'omi deb tushunishdir. Boylardan chetda yur, chunki qalbingni ularga bog'lasang, ular bilan hamtovoq bo'lsang, ular itoatiga tushib qolib, Rabbingdan yuz o'girasan».
Muhammad ibn Bahrin ash-Shajiniy bunday degan edi: «Mol-mulkim ko'pligiga qaramay, faqirlikdan juda qo'rqar edim. Kunlardan bir kuni Abu Hafs Haddod menga: «Agar peshonangga faqirlik yozilgan bo'lsa, hech kim seni boy qila olmaydi», dedi. Bu gapni eshitganim zahoti faqirlik qo'rquvi qalbimni tark etdi».
Ba'zi kimsalarning kambag'allarni qo'l uchida ko'rsatishi, ularni nazarga ilmasligi, ular huzurida boyligi bilan kerilishi yoki kibrlanishi, insoniy munosabatlarda kambag'allardan ustunlik da'vo qilishi nodonlikdan, johillikdan boshqa narsa emas.
Mana shunday noxush holatlarga kelin olishda, qiz chiqarishda ayniqsa ko'proq duch kelinadi. Kelin axtarganlar boyroq xonadondan qiz olsam, o'g'limning kelajagi ta'minlanadi, qaynotasi yoki qaynonasi turmushda yosh oilani qo'llab turadi, degan bema'ni xayollarga borishadi. Qiz uzatadiganlar badavlat xonadonga uzatsam, yegani oldida, yemagani ketida, hech narsadan muhtojlik ko'rmay yuradi, degan rejalar tuzishadi. Bilishmaydiki, Alloh taoloning rizq taqsimlashda alohida hikmati, irodasi bor, birovga ko'proq, birovga ozroq rizq beradi.
«Nega kambag'alga qiz bermaysiz, bitta aybi goho och qoladi-da», deb so'radi bir dono kishi mahalladoshlaridan. Ularning chehrasida tasdiq ishorasini ko'rgach afsuslanib xitob qildi: «Yo'q, aksincha boyning xonadonida och qoladi. Qizingiz yurgan yo'lida yesa boy «nega turib yeyapsan», deb ko'z ochirmaydi, o'tirib yesa «nega o'tirvolib yeyverasan», deb tinchlik bermaydi. Ishonmasangiz, tekshirib ko'ring, barcha boylarning kelini oriq… Kambag'al esa faqirligim sezilib qolmasin, deya hali sinashta bo'lmagan kelinga nuqul ovqat tiqishtiradi».
Aksariyat badavlat kishilarning qizlari to'kinchilikda, farovonlikda, erka bo'lib ulg'aygani uchun ko'p hollarda oddiy, kamtarona yashaydigan xonadonlarga munosib kelin bo'lolmaydi. Sababi, odatda ularning qo'lini sovuq suvga urdirishmaydi, aytganini hamisha muhayyo qilishadi, qilini egri deyishmaydi, xullasi hamma aybu nuqsonlarini qilingan mo'l-ko'l seplar, shohona to'y marosimlari yopib ketadi, deb o'ylashadi. Aksincha, kambag'alroq oiladan kelin bo'lib tushgan qizlar esli-hushli, «oilam, erim, ro'zg'orim» deydigan, borgan joyiga toshday cho'kadigan, hammaning xizmatini qilib ko'nglini oladigan epli bo'lishadi. Faqat ularning kamxarjligini, qo'li kaltaligini betiga solmasangiz, arzimas mayda-chuyda deb izzat-nafsini koyitmasangiz, bo'ldi.
Shu o'rinda Hazrati Umarning sutchi ayolning halol qizini kelin qilganlari haqidagi go'zal bir rivoyatni keltirish o'rinlidir: Umar ibn Xattob Madina ko'chalarini aylanib yurganlarida bir voqeaning guvohi bo'ladilar. Bir xonadonda sutchi ayol bugun suti odatdagidan kamroq ko'ringani uchun unga biroz suv qo'shmoqchi bo'lar, uning qizi esa «Allohdan qo'rqmaysizmi?» deb uni bu gunoh ishdan qaytarar edi. Voqedan voqif bo'lgan Hazrati Umar ertasiga ertalab o'sha xonadonga borib, Allohdan qo'rquvchi, go'zal axloqli, yaxshi fazilatli va iffatli qizni o'g'liga xotinlikka so'radi. Butun musulmon olamining amiri o'g'lini faqir qizga, oddiy sutchining qiziga uylantirdi. O'sha pokiza kelindan shunday farzandlar dunyoga keldiki, ulardan biri bobosi kabi adolatni sevuvchi, Allohdan qo'rqadigan, tarixda «Ikkinchi Umar» nomini olgan, xalifalik qilgan yillari «eng saodatli va adolatli davr» sifatida tarixga kirgan Umar ibn Abdulaziz edi…
«Tazkirat ul-avliyo»da shunday naql qilingan: Shayx Hotami Asom Balx shayxlarining ulug'laridan edi. Bir kuni Hotam ayolidan:
– Men to'rt oylik safarga ketyapman. Shu to'rt oylik muddatga qancha nafaqa qoldirishimni istaysan? – deb so'radi. Ayoli bunday javob qildi:
– Tirik qolishimga yetgulik nafaqa qoldiring.
– Tirikliging va o'liming aslo mening qo'limda emas, Haq taoloning qo'lidadir, – dedi Hotam.
– Unday bo'lsa, mening rizqim ham sizning qo'lingizda emas, janobi Haqning qo'lidadir, – dedi xotin.
Hotamga bu so'z ma'qul keldi va xotinini duo qildi. Qo'shni xotinlar kelib ayolga: «Hotamdan nechun nafaqa so'ramading?» deyishdi. Xotin bunga javoban:
– U kishi ham men kabi rizq yeyuvchidir, berguvchi emasdir, – dedi.
Hofiz ibn Rajab ushbu voqeani qozi Abu Bakr Muhammad ibn Abdulboqiydan naql qiladi: «Men Makka shahrida faqirona hayot kechirar edim. Bir kuni ko'chada hamyon topib oldim. Uyga kelib ochib qarasam, ichidan bir shoda marvarid chiqdi. Bunaqasini umrimda ko'rmagan edim.
Qaytib ko'chaga chiqdim. Bir odam: «Men hamyonimni yo'qotib qo'ydim, kim topib olib qaytarib bersa, besh yuz dinor beraman», deb yurgan ekan. Shunda men: qornim och, hojatmandman, hamyonni berib evaziga pulni olamanu undan foydalanaman, deb o'yladim.
O'sha odamni chaqirdim. U uyimga kirgach, hamyonning va undagi marvaridning belgilarini so'radim, aniq aytib berdi, shunda unga hamyonini topshirdim. U besh yuz dinor pulni uzatdi, ammo men olmadim, to'g'rirog'i olishni ep ko'rmadim.
Oradan ancha vaqt o'tib, dengiz safariga chiqdim. Nogahon kemamiz halokatga uchrab, hamma suvga g'arq bo'ldi. Alloh taoloning irodasi bilan yolg'iz mengina bir parcha taxtaga yopishib, jon saqlab qoldim. Keyin bir orolga chiqib oldim va o'sha yerdagi masjiddan panoh topdim. Qur'onni chiroyli o'qishimni eshitib, odamlar oldimga kela boshlashdi. «Yozuvni ham bilasanmi?» deb so'rashdi. «Ha», dedim. Ular bola-chaqalari bilan kelib, mendan o'qish-yozishni o'rgana boshlashdi. Moddiy yordamlari tufayli men ham o'zimni tiklab oldim. Bir yetim qizlari bor ekan, bir kuni ular meni uylantirib qo'ymoqchi bo'lishdi. Avvaliga rozi bo'lmadim, qistayverishgach ko'nishga majbur bo'ldim.
To'y kuni…qizning bo'ynidagi marvaridga ko'zim tushib, hayratda qotib qoldim. U o'sha men topib olgan marvarid edi. Odamlar mening ahvolimga hayron… Ularga boshimdan o'tgan voqeani aytib berdim. Odamlar takbir aytib yuborishdi. So'ng bu qizning otasi o'sha hamyonini yo'qotgan kishi ekanini, u umrining oxirigacha: «Dunyoda hamyonimni qaytarib bergan yigitga o'xshagan sofdil kishini boshqa ko'rmadim, ey Alloh, meni yana o'sha yigitga ro'baro' qil, qizimni unga nikohlab beray», deb duo qilganlarini aytib berishdi…».

Muallif Ahmad MUHAMMAD