Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Mubashshir Ahmad
Mubashshir Ahmad Mudarris, olim - 02 Iyun 2023

Jannat va do'zax yo'li

img

Aytaylik, yakka o'zingiz safarga chiqdingiz va oldingizda ikki yo'l paydo bo'ldi. Biri qiyin: toqqa ko'tarilgan yo'l bo'lsa, boshqasi oson: kenglikda yastangan yo'ldir. Birinchisida osib qo'yilgan ko'rsatkichda: “Bu yo'lning boshi o'nqir-cho'nqir, toshloq, tikan-butali, yurish og'ir, siljish qiyin bo'lsa-da katta shaharga olib boradigan, ko'zlangan maqsadga yetkazadigan eng to'g'ri yo'ldir”, deb yozib qo'yilgan. Ikkinchisi esa ravon, mevali va gullagan daraxtlar soya tashlab turgan, chetlari ko'ngilni xushlaydigan, ko'zni quvnatadigan qahvaxona, o'yinxonalarga to'la. Lekin uning lavhasiga: “Bu yo'l xatarli va tahlikali, oxiri muhaqqaq o'lim va aniq halokatdir”, deb yozib qo'yilgan.
Shunda siz qaysi yo'ldan yurasiz?

Shubhasiz, nafs qiyiniga emas – osoniga, alamlisiga emas –lazzatlisiga moyil bo'ladi. Nafs erkinlikni sevadi, cheklovni yoqtirmaydi. Bu – Alloh nafs ustida yaratgan fitratdir. Agar inson nafs-havosiga bo'ysungan holda qoldirilsa, unga bo'ysunsa, ikkinchi yo'lni tanlaydi. Lekin bu holda aql aralashib, hozirda mashaqqatli, noqulay ko'rinsa-da, orqasida boqiy rohat va ajib saodat bo'lgan yo'l bilan hozir oson va qulay ko'rinsa-da, ortida benihoya alam va kulfat bo'lgan yo'l o'rtasini mezonga qo'yadi va birinchi yo'lni ortiq biladi. 
Bu – jannat yo'li va do'zax yo'lining misoli. 
Do'zax yo'li rohat, farog'atli. Unga nafs moyil, havoi nafs unga undagan. Unda jamol go'zalliklariga nazar solish, shahvat va uning lazzatlariga istijobat bor. Unda molni turli yo'llar bilan qo'lga kiritiladi va u marg'ub, ham mahbub. Erkin va ozodlik unda, nafs esa hurriyat va erkinlikni sevadi, cheklovlardan qochadi.
Jannat yo'lida mashaqqat va qiyinchiliklar bor. Cheklov va chegaralar ham, nafsga qarshi borish va havoi nafsni sindirish ham unda. Lekin bu yo'ldagi muvaqqat mashaqqatning oqibati oxiratdagi doimiy rohatdir. Do'zax yo'lidagi bir zumli lazzatning samarasi esa, jahannamdagi davomli alamdir. Masalan, imtihon tunlaridagi talaba televizor qarshisida mukka tushgan oila a'zolarini surur va rohatda qoldirib, kitob va daftarlari bilan yakka o'zi qolgan paytda qattiq og'rinadi, alamlanadi. Bu alam ortidan esa u muvaffaqiyat lazzatini totadi. Yoki xasta inson isitma og'rig'i ustiga bir necha kun totli taomlar mahrumligiga ham sabr qiladi. Shu sabab bundan keyin sog'lik saodatini qo'lga kiritadi. 
Alloh oldimizga shu ikki yo'lni qo'ygan. Va bizga ular o'rtasini ajarata bilish malakasini bergan. Bu bilan yaxshilikni yomonlikdan farqlaymiz. Xoh olim bo'lsin, xoh johil, xoh kattayu, xoh kichik, hamma agar yaxshi ish qilsa ko'ngli rohatlanadi. Yomon ish qilib qo'ysa, bezovtalanadi. Bu malaka hatto hayvonda ham mavjud. Masalan, mushukka bir bo'lak go'sht otsangiz oldingizda uni shoshmasdan, xotirjam holda tanovul qiladi. Agar uni o'g'irlab ketsa sizdan uzoqda, shoshilganicha yeydi. Ta'qib qilib, olib qo'ymasligingiz uchun ikki ko'zi sizda bo'ladi. Buning ma'nosi, birinchi luqma haqqi ekanini, ikkinchisini esa nohaq qo'lga kiritganini u idrok qildi, degani emasmi? 
Bu haq bilan botil o'rtasini, halol bilan harom o'rtasini farqlash emasmi?
It agar yaxshi ish qilsa, go'yo undan mukofot kutayotgandek egasiga yaltoqlanadi. Ammo bir gunoh ish qilib qo'ysa, go'yo uzrini izhor qilayotgandek yoki jazolanishini kutayotgandek dumini qisib uzoqqa borib oladi.
Alloh taoloning: “Va Biz uni ikki balandlikka yo'llab qo'ydik!” (Balad, 12) deganining ta'vili mana shudir.
Alloh taolo jannat yo'li boshiga unga chaqiradigan, unga yo'llaydigan da'vatchilar, payg'ambarlarni qo'ygan. Shuningdek, do'zax yo'liga unga chorlaydigan, unga targ'ib etadigan chaqiruvchi shaytonlarni qo'yib qo'ygan. Va ulamolarni payg'ambarlar merosxo'ri qilgan. Muhammad qizi Fotima otasidan mol yoki uy meros olmagan. Ulamolar ham undan ushbu da'vatni meros qidib olishgan. Kim uni o'z o'rnida qoyim qilgan bo'lsa, ushbu meros sharafiga haqli bo'ladi.
Albatta payg'ambarlar va ularning merosxo'rlari bo'lgan solih olimlar jannat yo'liga chaqiruvchi kishilardir. Shaytonlar va odamlarning buzg'unchi fosidlari do'zax yo'liga chaqiruvchi kimsalardir. Bizda, bizning ichimizda ularning ham, bularning ham yordamchilari bordir. Ichimizda payg'ambarlarga tarafkashlar va shaytonlarga tarafkash toifa – yomonlikka buyuruvchi nafs bor.
Bu da'vat ishi juda qiyin. Chunki bashariyat nafsi hurriyatga moyil qilib yaralgan. Din esa uni ko'p narsada cheklaydi. Inson lazzat ortidan boshvog'i qo'yvorilishga moyil xalq qilingan. Din esa uni tutib qoladi. Kim uni fisq va isyonga chaqirsa, tabiatiga muvofiq keladi. U bilan birga ariqda oqqan suvdek ravon yuradi. 
To'g'ri, nafs hurriyatga tabiatan moyil. Din esa kishandir. Bu kishan juda kerakdir. Agar nafsni o'z holiga qo'ysak, hurriyatga tabiatan moyilligidan kelib chiqib fahsh ishlarni qilib qo'yadi. Va jamiyat ulkan jinnixonaga aylanadi. Chunki mutlaq hurriyat jinnilar uchundir. Jinni xayoliga kelgan hamma ishni qiladi. Masalan, yo'lda yalang'och yurib qoladi. Avtobusda haydovchining yelkasiga minib oladi. Kiyiming chiroyli ko'rinib ustingdan yechib oladi. Qizing mahliyo qilib, uni o'ziga berishingni talab etadi. Jinnilik mutlaq hurriyatli hurlikdir. Oqilni esa aqli kishanlab olgan bo'ladi. 
Aql nima?
U kishandir. U arabchadagi عقال – 'iqol degan so'zdan olingan bo'lib, u tuyani bog'lanadigan arqonga aytiladi. Hikmati shuki, bular bir-biriga yaqin ma'nodagi so'zdir. U ham kishan, hazora ham kishan. U ham xohlaganingni qilishga qo'ymaydi. Balki u senga odamlarning huquqini va jamiyat odatlarini rioya qilish majburiyatini yuklaydi. Adolat ham kishandir. Chunki u “bu yer qo'shning hurriyati boshlangan joy” deya sening hurriyatingga chegara qo'yadi.
Keyin-chi, gunohlar lazzatlidir. Chunki u nafs tabiatiga muvofiq keladi. Sen g'iybatni eshitish va unda ishtirok qilishda lazzat topasan. Chunki u senga yomonligini zikr qilgan kishidan yaxshi va afzal ekaningni his qildiradi. O'g'irlik mazadir. Chunki unda molga mashaqqat va qiyinchiliksiz ega bo'lish bordir. Zino rohatdir. Chunki unda nafsga havosini berish, shahvoniyatiga yetishish mavjuddir. Imtihonda aldov lazizdir. Chunki u muvaffaqiyatga oson erishtiradi. Qanday bo'lsin majburiyatdan qochish nafsga yoqimlidir. Chunki rohat va tanballik undadir. 
Lekin inson tafakkur qilgan va aqlini ishlatgan paytda bu muvaqqat hurriyat uning ortidan keladigan jahannamning benihoya tutqunligiga, harom qilingan bu lazzat esa so'ngidagi azobga teng kelmasligini anglaydi. 
Kim mana bunga rozi bo'ladi: guvohlar oldida u va men kelishamiz. Ahdimizning muddati bir yil bo'ladi. Bu davr mobaynida kerakli molni beramiz. Xohlagan qasrida, istagan mamlakatida yashattiramiz. Xohlagan ayoliga, ikkita, uchta va to'rttagacha uylatamiz. Agar kechasi birini qo'yib, ertalab boshqasiga uylansa ham unga xohlagan ishidan birortasini ham man qilmaymiz. Lekin yil tugaganida bo'ynidan dorga osamiz yoki to o'lgunicha qiynaymiz. Bu odam: “Ortida o'lim bor bunday lazzat qanday baxtsizlik, yo'q bo'lsin, uzoq bo'lsin”, demaydimi? Dorda o'zi bir soat osilib turgani, unga bor lazzatidan asar ham qolmaganini tasavvsr qilmaydimi? Vaholanki dor qiynog'i bir necha daqiqa, oxirat azobi esa uzoq zamon bo'lsa-chi?!
Umrida gunoh qilmagan, ana shu ma'siyatdan lazzat topmagan odam yo'q. Kamida to'shak huzurini bir marta bo'lsa ham bomdod namoziga turishdan oldinga qo'yganmiz. Bundan o'n yil avval his qilganimiz ushbu lazzatdan hozir qo'limizda nima qolgan? Hech nima!
Ichimizda savob ish uchun o'zini qiynamagan va ana shu toat uchun alam tortmagan kishi topilmaydi. Ozida Ramazon oyi ochlik va chanqog'ini boshidan kechirgan. Endi hozir o'n yil oldin Ramazon oyida tatigan ochlik og'rig'idan nafsimizda qanday iz qoldi? Hech qanday! 
Gunohlar lazzati ketdi va iqobi qoldi! Toatlar alami ketdi va savobi qoldi!
O'lim onlari. Ushbu onlarda bizga totgan hamma lazzatlarimizdan va ko'targan mashaqqatlarimizdan nima qoldi?
Albatta barcha mo'min tavba qilishni, Allohga qaytishni xohlaydi. Lekin kechiktiradi, keyinroq deydi. Men ham aytardim: “Agar haj qilsam tavba qilib qaytaman”. Hajga bordim, tavba qilmadim. Va yana aytardim: “Agar qirqqa kirsam tavba qilaman va qaytaman”. Qirqqa kirdim, tavba qilmadim. Oltmishdan o'tdim, tavba qilmadim. Qartaydim, tavba qilmadim. Buning ma'nosi, men harom amallarni qilyapman va fahsh ishlarni amalga oshiryapman, degani emas, Alhamdulillah! Lekin inson o'ziga solihlikni umid qiladi, ammo uni keyinga suradi. Go'yo muhlat ko'p deb o'ylaydi. Umrni uzoq deb hisoblaydi. O'lim esa to'satdan eshik qoqqanini ko'radi. Men o'zim o'limni ikki marta ko'rganman. O'lganning shuurini his qilganman. Toatsiz o'tkazgan har daqiqamga pushaymon bo'lganman. Qasamki, undan qutulganimda bir necha oy o'sha hislar menda qolgan. Solih odamga aylanib qolganman. So'ng hayot to'lqinlariga ikkinchi marta sho'ng'idim. Unutdim... o'limni unutdim. 
Hammamiz o'limni unutamiz. O'lganlar oldimizdan har kun o'tganini ko'ramiz. Lekin biz ham yaqinda o'lishimizni tasavvur qilmaymiz. Janoza namozida turamizu, dunyo haqida o'ylaymiz. Har birimiz o'ylaymizki, o'lim hamma odamlarning peshonasiga yozilgan. Illo bundan o'zi istisno. Vaholanki, inson aniq biladi; dunyo undan burilmoqda va u ham dunyodan burilmoqda. 
Inson qancha yashasa ham u baribir o'luvchidir. Oltmish yil yashasin. Yetmish yil yashasin. Yuz yil yashasin. Bu muhlat tugamaydimi? Yuz yil yashab o'lgan odamni bilmaysizmi? Nuh (alayhissalom) qavmini to'qqiz yuz ellik yil davomida da'vat qildi. Nuh hozir qaerda? Dunyo unga vafo qildimi? O'limdan omonda qoldimi? Nima uchun o'lim to'g'risida tafakkur qilmaymiz? Undan qochib qutulolmas ekanmiz, nega unga tayyorlanmaymiz?

Mubashshir AHMAD tarjimasi