Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Ahmad Muhammad Tursun
Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi - 02 Iyun 2023

Ixtiloflar yechimi – mo''tadillikda!

img

Siz balog'at yoshidasiz. Fitratingizga ko'ra musulmonsiz. Ehtimol, otangiz yoki onangiz ibodat qilishmas, namoz o'qishmas, ro'za tutishmas?! Lekin sizning qalbingizga toza bir e'tiqod yo'l topgan. Alloh taolo hidoyatini sizdan darig' tutmagan. Namozlarni iloji boricha masjidda, jamoat bilan ado etishga harakat qilasiz. Ramazon oyi ro'zasini qoldirmay tutasiz. Islomning boshqa arkonlarini sidqidildan bajarasiz. Iymoningiz butun, ixlosingiz ulug'. Har bir ishda, har bir amalda Alloh taoloning rizosini topishga intilasiz. Siz chin musulmonsiz! Siz bu bilan faxrlanishingiz, quvonishingiz kerak. Sizni musulmon etib yaratgani, ibodatlarga qoyim qilgani uchun Alloh taologa behisob hamd-shukronalar aytishingiz lozim!

Chunki dunyo hayotida musulmon bo'lishdan, Allohni tanishdan, Uning rizosiga musharraf bo'lishdan ortiq sharaf, martaba, maqom yo'q! Chunki siz Allohning O'z habibi, so'nggi nabiyi, suyumli rasuli Muhammad alayhissalom orqali nozil qilgan Haq diniga, qiyomatgacha amalda bo'ladigan oxirgi dinga e'tiqod qilayotganingiz bilan ikki dunyo saodatiga erishgan baxtli insonlardan birisiz! Siz Yer yuzini istiqomat tutgan bir yarim milliardli ulkan Islom jamoasining hamma jihatdan teng, hur, ajralmas bir a'zosisiz!

Ammo hozirgi zamonda dunyoda sodir bo'layotgan ko'pgina voqea-hodisalar, tartib-qoidalar barcha musulmonlar qatori sizga ham tushunarsizday tuyuladi. Aholisining katta qismi musulmon bo'lgan xorijiy o'lkalarda musulmonlar har qadamda kamsitilayotgani ham sizga tanish hol. Ko'cha-ko'yda, o'quv yurtlarida, jamoat joylarida qizlar boldirlarini, ko'kraklarini namoyish qilib, yarim yalang'och yursa hech kim ularning mushugini «pisht» demaydi, lekin bir muslima qiz Allohdan qo'rqib o'qishga, ishga ro'mol o'rab kelsa, hammaning baravariga dod-voy solishi, vahimaga tushishi ham tushunarsiz. Go'sht xarid qilish uchun do'kon yoki rastalarni aylangan musulmonning islomiy yurtda qo'y-mol go'shti bilan birga Alloh harom qilgan cho'chqa go'shti, xamr ham bemalol sotilayotganidan yana bir marta xunobi oshadi.

Bu kabi asabga tegadigan, nafrat qo'ziydigan, jahlni chiqaradigan holat-voqealarga barcha mamlakatlardagi musulmonlar hayotda ko'p marta to'qnash kelishadi. Aholisining asosiy qismi musulmon diyorlarda nega ularning huquq-manfaatlari har qadamda poymol etilayotgani siz kabi boshqalarga ham tushunarsiz. Masalan, minglab nomda gazeta-jurnal chop etilayotgan o'lkalarda musulmonlar hissasiga bir-ikkitadan nashr to'g'ri keladi, xolos. Radio-televidenie erta tongdan yarim tungacha tanaffussiz ishlaydiyu, ammo musulmonlarga atalgan eshittirish-ko'rsatuvlarga haftada bir-ikki marta vaqt ajratiladi, xolos. Musulmon yurtda o'nlab g'arblik missionerlar turli niqob-bahonalar bilan buzuq mazhab va oqimlarining aqidasini bemalol yoshlarga targ'ib qilib, adabiyotlarini tarqatib yursa mumkinu, ammo bir musulmon yigit birodarini, yaqin qarindoshini namoz o'qishga, islomiy ilmlarni egallashga chaqirsa, «aqidaparast», «zo'ravon»ga aylanadi. Yonginasida yashaydigan bir aroqxo'rning har qanday xurmacha qilig'iga mahalladoshlari ko'z yumib chidashadiyu, ammo bir musulmon yigiti bilib-bilmay biror xatoga yo'l qo'ysa kifoya, hamma qo'lini bigiz qilib, «bu kishi yana namozxon emishlar», deya uni ayblashga tushadi.

Bular hayotdagi mayda-chuyda kelishmovchiliklar. Dunyo miqyosida olib qarasangiz ham ko'pgina yerlarda musulmonlar kamsitilayotgani, haq-huquqlari poymol etilayotgani, izzat-nafsi xo'rlanayotgani, tuhmat-ig'volarga uchrayotganiga shohid bo'lasiz. G'arb siyosatdonlari esa har bir qulay fursatdan Islomga qarshi kurashda foydalanib qolishga urinadi.

Oshkoralik masalasida ham ahvol bundan o'zgacha emas. Ingliz olimi Timoti Uinterning yozishicha, «Devid Kresh o'zining umumiy me'yorlaridan chetga chiquvchi Tavrotga oid xabarini... «Qiyomat ranchosi»dan efirga uzatishi mumkin. Ammo biror bebosh islomiy guruh Qohirada shved sayyohlariga bomba hujumini uyushtirsa, o'sha paytning o'zidayoq butun dunyoga «jangari musulmonlar» haqida go'ng sochiladi» (yuqoridagi asar, 272-bet).

Jahonning qaeridadir portlash yoki qotillik sodir bo'lsa, musulmonlarning yuragi po'killaydigan bo'lib qolgan. Chunki shovvoz muxbirlar hali voqea joyiga yetib bormay, nima bo'lganini anglamay turib, darrov «musulmonlarni, ya'ni Islom jangarilari va terrorchilari»ni ayblashga o'rganib qolishgan. Chunki ana shu fitnalarni uyushtirayotgan, bu bilan Islomni, musulmonlarni dunyoda yomonotliq qilishni mo'ljallagan «akalari» voqeadan oldinroq ularga yetarli «ko'rsatma»ni berib ulgurishgan.

Musulmonlarga nisbatan olib borilayotgan bu kamsitish, xo'rlash siyosati hamma davrlarda, barcha mustamlakachilar tomonidan bir loyiha, qolip asosida olib borilgan va borilyapti. Dalillarga murojaat qilaylik: o'tgan asrning o'rtalarida farang mustamlakachilari Jazoirda bir million musulmonning yostig'ini quritdi. Hatto arab maktablarida o'quvchilarning o'z ona tillarida ta'lim olishi taqiqlangan edi. Oran shahrida olti asrli tarixga ega bo'lgan va noyob obida hisoblangan jome' masjidi temir yo'l shohbekatiga aylantirildi.

Sovet tuzumi paytida Rusiyaning o'zida 12 ming masjid yopib tashlandi. Musulmon respublikalarida nomigagina bir necha masjid omon qoldi, qolganlari cho'chqaxonaga, sharob korxonalari yoki omborlariga aylantirildi. Diniy kitoblar batamom yo'qotildi, ruhoniylar qamaldi yoki ta'qibga olindi. Bunday misollarni xohlagan G'arb davlatining musulmonlarga nisbatan tutgan yo'li misolida ko'rish mumkin.

Masalan, O'rta Osiyoni istilo qilib turgan rus hukmdorlari ham xuddi shunday fikrda bo'lishgan, xuddi shunday yo'l tutishgan. Turkistonning birinchi general gubernatori fon Kaufman: «Musulmon dini mavjudligiga toqat qilinadi, ammo uning rivoji rag'batlantirilmaydi. Islom yashab ketishi uchun zarur shart-sharoitidan mahrum bo'lib qoladigan vaqt ham keladi». («Turon tarixi» jurnali, 1993 yil, 2-son).

Yana shu zolimning mana bunday degani ham tarixda qolgan: «Bu xalqqa (turkistonliklarga) iloji boricha, mumkin qadar ko'proq paxta ektirish, ularni tinimsiz ishlashga majbur etish kerak, toki bu xalqning boshqa narsalarni o'ylashga, siyosiy voqealarni anglab yetishga bir zum ham vaqti va xohishi qolmasin» (Majid Hasaniy, «Yurt bo'ynidagi qilich», Toshkent, 1997 yil).

Rusiya maorif namoyandasi va missioneri P. Ilinskiy esa bunday degan: «Rusiyadagi musulmon xalqlarga birorta ham ijtimoiy-siyosiy huquq bermaslik kerak». (Majid Hasaniyning yuqoridagi kitobi).

Ana shunday nohaqlik va adolatsizliklar har qanday musulmonni nafratlantiradi, g'azabini qo'zg'aydi, qalbida muxoliflariga nisbatan ranj-alam paydo qiladi. Nafrat-alamlar, haqsizliklar oldidagi chorasizlik, ilojsizlik, xo'rlik bora-bora isyonga, radikal kayfiyatlarga, qasos olish uchun harakatlar boshlashga olib boradi. Jamiyatdagi bu norozilik mevalaridan Islom muxoliflari ham, dunyoni bo'lib olib boshqarish ilinjida uyqusi qochgan sarmoyadorlar ham, siyosatda omadi chopmagan hukmdorlar ham baravariga foydalanib qolishga intilishadi.

Milodiy yigirmanchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahonning goh u yerida, goh bu yerida salafiylik, aqidaparastlik, vahhobiylik, hizbut-tahrir, qo'yingki, yana o'nlab boshqa turfa nomlar ostida hali e'tiqodi mustahkamlanmagan, iymoni zaif, dunyoqarashi shakllanmagan qanchalab xolis yoshlarni chalg'itishga urinishlar ham ana shu harakatlarning bir ko'rinishidir. Bunda bir o'q bilan bir necha nishonga uriladi: avval ana shunday «islomiy harakat»larga yoshlarning faol qatlamini jalb etishga ko'z yumib turiladi. Keyin ular soni ko'paygach, «mamlakat xavfsizligiga rahna solayotir» bahonasida ta'qib qilish, jismonan mahv etish boshlanadi. Adashgan yoshlarning rejalari, qilmishlari haqidagi yolg'on-yashiqlar atrofida katta-katta shov-shuvlar yasab, Islom va musulmonlar omma ko'ziga yovuz, urishqoq, qonxo'r sifatida ko'rsatiladi. 

G'arb zo'r berib Islomga yopishtirayotgan «aqidaparast, terrorchi, jangari» degan yorliqlarning dinimizga hech qanday aloqasi yo'q. Islom hech qachon zo'ravonlikni, zulmni, o'zgalar joniga qasd qilishni oqlamagan, bunga yo'l ham bermagan. Aksincha, u o'z tarixida faqat tinchlik, osoyishtalik, rahm-shafqat, insoniylik, mehr-oqibat dini sifatida nom chiqargan. G'arb olimlaridan birining yozishicha, «ayni paytda jahon jamoatchiligi Islomga nisbat berayotgan inson huquqlarining sharmandali tarzda paymol qilinishi, o'zga din va millat vakillariga nisbatan toqatsizlik va terrorizm aslida bu dinga daxli yo'q to'dalarning, mutaassiblarning va ko'pincha xudobexabar murtadlarning ishidir. An'anaviy va chin musulmonlar hech qachon terrorizmga qo'l urmagan». (Timoti Uinter, yuqoridagi kitob, 306-bet).

Xo'sh, ahvol shunday bo'lgach, musulmon yoshlar faollikni bir chetga yig'ishtirib qo'yib, jimgina namozlarini o'qib, ro'zalarini tutib yurishaversinmi? Jamiyatda ro'y berayotgan o'zgarishlardan, siyosiy va iqtisodiy islohotlardan bir chetda turishsinmi? Ijtimoiy hayotga aralashish, undagi qusur-nuqsonlarni yo'qotishga befarq bo'lishsinmi?

Yo'q, aslo! Islom – faollik dini. U beg'amlikni, hafsalasizlikni, jamiyat hayotidan chetda turishni, faoliyatsizlikni, tanballikni, fikriy loqaydlikni qattiqqoralaydi. Musulmonlarni o'z diniy aqidasi, e'tiqodi, iymoni, sha'ni-erkiga bo'ladigan har qanday tajovuzlarga murosasiz bo'lishga chaqiradi.

Unda hozirgi yoshlar qanday yo'l tutishlari zarur? Eng avvalo, ulardan aqidada mahkam bo'lish talab etiladi. Mashhur shoirimiz So'fi Ollohyor «Aqida bilmagan shaytona eldur, Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur», deb bejizga yozmagan. Musulmonlik da'vo qilsak, mo'minmiz, deb ko'krakka ursak, ammo iymonimiz zaif bo'lsa, aqidamiz poydevori bo'sh zaminga, qiyshiqqilib qurilsa, g'animlarimiz qalbimizni osongina zabt etib, hidoyat yo'lidan, Haq yo'ldan qiynalmay adashtirib yuboradi.

Islomni kitob o'qish bilangina tanimoqchi bo'lganlar adashishga mahkumdirlar. Silsilaga mansub bir ustoz ko'rmay, o'zlaricha bir necha hadisni yodlab olgach «ulug' donishmand» darajasiga ko'tarilib olganlarning ayniqsa haq yo'ldan adashib, zalolat va kufr yo'liga kirib ketishlari (nauzanbillah!) osonroq bo'lib qoladi.

Allakimlarning nayranggiga uchib, ularning aqidasiga kirib qolgan, haq nima, aqida nima – ajratib olganidan keyin iztirob va nadomatlardan qiynalgan yoshlarni ko'rdik. Dunyo hayotidagi tansiq yillarini xatolar girdobida g'arqqilib yubormasliklari uchun yoshlarga qarata Payg'ambar alayhissalomning: «Diningizni kimdan o'rganayotganingizga qarang», degan ko'rsatmalarini eslatib qo'yish joiz. Rasulullohdan (a.s.) buyon davom etib kelayotgan olimlar silsilasini ustoz qilib olganlar aslo adashishmaydi. Bu Ahli sunna val jamoa tuzib chiqqan va asrab-avaylab kelayotgan aqida, e'tiqod va shariat yo'lidir.

Hazrati Abu Hanifadan: «Kimlar Ahli sunnaga mansub?» deb so'rashganida, «Ikki Shayxni tan olgan, ikki kuyovni tan olgan va mahsisiga mash tortgan Ahli sunnadir», degan ekanlar. Bilishsa, ikki shayx Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob, ikki kuyov esa Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib ekanlar. Bundan kelib chiqadiki, kim dinida mo''tadil o'rta yo'lni olib boraman desa, Islomning to'g'ri yo'ldagi to'rt xalifasi tan olib, ular ishini va yo'lini davom ettirishi hamda shariat hukmlarini og'ishmay bajarishi lozim ekan.

Turli tafriqalarga bo'linish, haq yo'lda adashishlarning yana bir yo'li sunnatni tark etish, mazhabsizlik hamda mutaassiblik balosidir. Islom qonunlarini buzib qo'yishdan taqvo qilgan o'tmishdagi buyuk allomalarning to'qson to'qqiz foizi mazhabga sodiq bo'lgan. Hatto ixtilof avjga mingan o'n to'rtinchi asrda chiqqan Ibn Taymiyya, Ibn Qayyum kabi boshqacha fikrlilar ham chalasavod musulmonlarga faqihlar yordamisiz ijtihodga qo'l urishni tavsiya etishmagan.

Alloh taolo mo'min-musulmonlarga shunday xitob qiladi: «Dinlarini bo'lib, firqa-firqa qilib olgan kimsalardan (bo'lmangiz)! Har bir hizb-firqa faqat o'z oldilaridagi narsa bilan xursanddirlar» (Rum, 32).

Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomdan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan: «Mana bu ummat yaqinda yetmish uch firqaga ajraladi. Yetmish ikkitasi do'zaxda va bittasi jannatdadir». «Ey Rasululloh, bu bittasi kimlar?» deb so'rashdi. «Ahli sunna val jamoa», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

«Sunniylik sof diniy maydonda musulmonlik tarixining to'qson foiz vaqti mobaynida to'qson foiz ummatni birlashtira oldi. G'arb tadqiqotchilarining fikricha, sunniylik mazhabi vakillari dinga nisbatan deyarli o'zgarmagan hurmatni va o'zaro birodarlikni saqlab qola bildi. Boshqalar uchun mana shunday mushkul kechgan uzoq davr mabaynida na ulkan diniy urushlar, na qo'zg'olonlar va na ta'qiblar ularni bo'lib yubora olmagani hayratlanarlidir» (Timoti Uinter, yuqoridagi kitob, 935-bet).

Hazrat Payg'ambarimizning ummatlari yetmish uch firqaga bo'lindi. Yetmish ikki firqa zalolatda qolib halok bo'ldi. Faqatgina to'rtta fiqhiy mazhab (Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy)ni birlashtirgan «Ahli sunna val jamoa» mazhabi salomatda qolib, najot topgan. Hozir yer yuzidagi jami musulmonlarning 92,5 foizi ana shu haq yo'ldagi mazhabda turibdi. Ahli sunnat jamoatidan zarracha ayrilgan kishi islomiyatdan uzoqlashgan bo'ladi.

Demak, bugungi yoshlarimiz din dushmanlarining hiyla-nayranglariga uchmay, qalblariga egalik qilish ilinjida turli tuzoq-qopqonlar qo'yayotgan muxoliflarning fitnasiga ilinmay deyishsa, Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini mahkam tutishadi. Yangi zamonning makkor va mug'ombir qalb o'g'rilari domiga tushmaslik uchun Ahli sunna val-jamoa mazhabidan chekinishmaydi. Chunki dunyo musulmonlarining salkam to'qson uch foizi adashishi, zalolatga ketishi, hidoyat yo'lidan chekinishi aslo mumkin emas!

Bugungi kunda musulmon yoshlarni qiynayotgan yana bir qancha ijtimoiy muammolar bor. Shulardan biri jamiyatdagi dindor va dahriy qatlamlar o'rtasida oshkora-pinhona ixtiloflardir. Bu ixtiloflarning kelib chiqishida esa har ikki tomonning ham ayricha «ayb»lari bor.

To'qsoninchi yillarning boshida yurt mustaqil bo'lib, diniy erkinliklar berilgach, uzoq yillik mudhish qatag'ondan so'ng ko'ksiga shamol tekkan musulmonlarning va o'tmishda dahriylik nonini yeb katta bo'lganlarning holatlari hamon ko'z o'ngimizda. Masjidlarni to'ldirgan yoshlar benamozlar vafot etsa ularga janoza o'qimaslik, ular bilan aloqa qilmaslik shiorini o'rtaga tashlashgan, aroq ichuvchi, qimor o'ynovchilar va boshqa jinoyatchilar dushman deb e'lon qilingan, yengi kalta ko'ylak kiygan ayollar behayolikda, buzuqlikda ayblangan, haykal va rasmlar but sifatida yo'qqilingan paytlar edi. Bir tomonda mustamlakachilar tomonidan dinsizlik ruhida tarbiyalangan bir avlod esa masjidlarga oqib borayotgan yoshlarni, kitob rastalarini to'ldirgan diniy adabiyotlarni, masjidlardan baralla yangrayotgan azon tovushlarini, haj safarini tashkil etgan hukumatning maxsus uchoqlarda minglab kishilarni olis Makkaga yuborayotganini ko'rib g'azablari oshgan davrlar edi. Ana shunday paydo bo'lgan ixtilof-kelishmovchiliklar vaqt o'tgani sayin kuchaysa-kuchaydiki, pasaymadi. 

Bugungi kunda jamiyatda odamlar dindorligiga qarab uch toifaga bo'linadi:
Birinchisi – Alloh va Uning rasuliga iymon keltirgan, Islom dini arkonlarini, ilohiy amr-farmonlarini muntazam bajarayotgan, turmush tarzini shariat talablari asosiga qurgan mo'min-musulmonlardir.
Ikkinchisi – tilda musulmonligini izhor qilib, Allohning barhaqligini tan olsa-da, Uning amr-farmonlarini bajarmaydigan, ibodatlarni ado etmaydigan, halol-haromni ajratmaydigan kishilardir.
Uchinchisi esa – Alloh va Uning rasuliga iymon keltirmagan, dinni va ruhiy olamni inkor etadigan, faqat moddiyatga asoslangan ilm va nazariyalarga bo'ysunadigan dahriy, xudosiz kimsalardir. Ana shu uch tomon o'rtasidagi ixtilofli kurash ularning o'zlariga aslo foyda keltirmaydi, balki Islom dushmanlarigayu, o'zlarining bosqinchilik siyosatlarini o'tkazishga asosiy to'g'anoq bo'lib maydonga chiqayotgan islomiy toifalarning tanobini tortib qo'yishni orzu qilayotgan mustamlakachilarga va dunyoda Islom dinining g'olibona yurishidan vahimaga tushayotgan G'arb olamiga ham birday qo'l kelishi mumkin.

Jamiyatdagi ixtiloflarning asosiy sababi ancha oldinroqqa – milodiy 1917 yili sovetlar «dohiy»i Lenin boshchiligida qilingan O'ktabr to'ntarishiga borib taqaladi. U hokimiyatni qo'lga oliboq, dinlarga qarshi keskin jang boshladi. «Cherkovni davlatdan va maktabni cherkovdan ajratish haqida»gi mash'um dekretini imzoladi. Mustamlakachilar aholisining mutloq ko'pchiligi musulmon bo'lgan o'lkalarda musulmonlarning haq-huquqlari har qadamda buzildi, ularning arz-dodlari, shikoyatlari, talab-istaklari masjid devorlari ichida qolib ketdi, mamlakat qonunlarida haq-huquqlari kafolatlab qo'yilganiga qaramay, aslida jamiyatning eng haqsiz, huquqsiz qatlami bo'lib qoldi, ishga yoki o'qishga qabul qilish, mansabida ko'tarish, taqdirlash, davlat hokimiyati organlariga saylanish kabi ishlarda pinhona cheklov va kamsitishlar joriy qilindi. Ayniqsa diniy arboblar, masjid imomlari, mudarrislarga qarshi ayovsiz kurash olib borildi, ular jisman va ma'nan ta'qib qilindi. 

Vaholanki, avvalda qishloq yoki shaharda imomning obro'si, ta'siri katta bo'lgan. Namozxonlar ham, mahalladagi boshqa kishilar ham unga hamma masalalarda murojaat qilishgan, dardu hasratlarini aytishgan. Bir tadqiqotchi yozganiday, odamlar ulov sotib olishdan tortib, o'g'lini uylantirish, qizini uzatish, eski samovorini yamash kabi barcha masalalarda imom bilan maslahatlashgan (Ya. Kovalev, «O magometanskix mullax», Kazan, 1907, 15-23 str.). U qishloq, mahallada eng obro'li, hurmatli, ulug' kishi bo'lgan. U diniy ehtiyojlarni qondiribgina qolmay, hamyurtlarining hamma savollariga javob bera olgan, hamma voqealardan, qavmning barcha a'zolari, ularning oilaviy muammolaridan yaxshi xabardor bo'lgan.

Imomdan hamma baravariga qo'rqqan: u bolalariga zulm o'tkazgan kattalarni tergagan, bebosh yoshlarni odobga chaqirgan, axloqsizlarga tanbeh bergan. Imom bir paytning o'zida axloq himoyachisi, qozi, tergovchi, din arbobi bo'lgan. Bugungi kunda axloqsiz yoshlarni tarbiyaga chaqirish, urishgan er-xotinlarni yarashtirish, mahalladagi kishilar o'rtasini isloh qilish, ichkilikbozlik, o'g'rilik, giyohvandlik, buzuqliklarni tag-tomiri bilan tugatishda mahalla fuqarolar yig'inlari, militsiya, posbonlar, faollarning katta o'rdusi ham qiynalib qolayotgan bir paytda imomlarning salohiyati, obro'si va ta'sir kuchini oshirish hamon dolzarb bo'lib qolaveradi.

Zamonamiz musulmonlari qarshisida yana bir xatar borki, bu diniy jaholatparastlik tug'ib voyaga yetkazgan mutaassiblikdir. Din asoslaridan bexabar johil va nodon kimsalar «bid'atga o't ochish, Islomga yangilik kiritishdan qochish» bahonasida asrlar bo'yi ilm-fan rivojiga, har qanday yangilik va kashfiyotga qarshilik qilib kelishdi. Masalan, o'n sakkizinchi asrga qadar matbaachilik, kitob chop etishni harom ish, deya baholab kelingan. Kitoblarni oson yo'l bilan ko'paytirish Islom ta'limotining ahamiyatini pasaytiradi, deb hisoblashgan. Islomni qabul qilgan mojoristonlik Ibrohim Mutafarriqa 1720 yili Istanbulda Islom olamidagi ilk matbaa dastgohini ishga solib, bu boradagi qarashlarni o'zgartira oldi.

Namanganlik mashhur ma'rifatparvar olim, Namanganda ilk bosmaxona ochgan Ishoqxon Ibrat ham musulmonlar johillik va mutaassiblik tufayli dunyo taraqqiyotidan, fan-texnika yutuqlaridan orqada qolishayotgani haqida «Mezon ul-zamon» asarida shunday kuyunib yozadi: «Har bir davr-zamonda yangi-yangi narsalar paydo bo'ladi, kashf etiladi. Musulmonlar ularni din va zamona tarozusida tortib qabul qilishlari, keraklisidan o'z manfaatlari yo'lida bemalol foydalanishlari kerak... Ammo ayrim nodon va johil kimsalar, mutaassib din xodimlari ana shu qulayliklarni Alloh bandalari uchun yaratib qo'yganini inkor etib, ularni harom yoki makruh, deb e'lon qiladilar va musulmonlar orasiga nizo solib, ularni tafriqa (bo'linish)ga olib boradilar... O'rta Osiyoda paydo bo'lgan poezd, paroxod, mashina, tilg'irof kabi odamlar uchun zarur va foydali narsalarni Alloh taolo bandalariga ato etib tursayu, bizlar johilligimizga borib, bu ne'matlardan foydalanishdan bosh tortib tursak, yaxshi bo'ladimi?.. Musulmonlar zamonni o'zlariga moslashtirishni kutib o'tirmay, o'zlari o'sha zamonning foydali ilmlariga moslashsalar yaxshi bo'lmasmikin?..» (Ishoqxon Junaydulloxoja o'g'li Ibrat, «Mezon uz-zamon», Namangan, «Ishoqiya», 1912 yil, 36-bet.)

Ibratning bu tashvishlari va kuyunishlari O'ktabr to'ntarishidan keyin diniy-ma'rifiy islohot boshlamoqchi bo'lgan Fitrat, Abdulla Qodiriy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxo'ja Behbudiy kabi ilg'or fikrli namoyandalarning qarashlariga hamohangdir. Dinga johilona munosabatda bo'lish, mutaassiblik bugungi kunimizda ham batamom yo'qolmagan. Har bir yangilikni, har bir kashfiyotni so'rab-surishtirmay, harom yoki makruhga chiqarish illati bugungi ayrim din xodimlariga ham xosligicha qolyapti. Ularning iddaolariga quloq solsangiz, butun dunyo musulmonlari ishlatayotgan, jumhur ulamolar foydali deb topgan komputor, internet va boshqa telekommunikatsiya vositalarini qo'llash musulmonga mumkin emas emish. Ularning fikricha, dunyoviy bilimlarni egallash, xorijiy o'lkalarda tahsil olish, hatto o'zbek tilidagi diniy adabiyotlar nashrini ko'paytirish ham yaxshi emas. Chunki xorijda o'qiganlarning e'tiqodi buzilib ketarmish. Musulmonga kibernetika, matematika, falakshunoslik, biologiya, fizika kabi ilmlar shart emasmish. Ona tilida diniy adabiyotlar ko'paysa, oddiy xalq o'qib olib, chalg'ib ketarmish yoki imomlarga savollarni ko'paytirib yuborar emish. Bundan ham ortiq mahdudlik, mutaassiblik bo'ladimi?

Shu joyda atoqli ma'rifatparvar olim Rizouddin ibn Faxriddin asaridan iqtibos keltirish o'rinlidir: «Sulton Mahmud askarlarga yangi qoida ishlab chiqishga va zamonga muvofiq kiyinishga, boshqa davlatlarga o'xshab harbiy ta'lim berishga kirishgan vaqtda Istanbul ulamolari bu islohotga din nomidan qarshi turdilar... Lekin Sulton Mahmud dinni yaxshi bilganidan va har bir salla o'ragan «olim»ning haybarakallasiga uchib ketavermaganidan o'z so'zining ustidan chiqdi, «amri ma'ruf» va «nahiy munkar» uchun yig'ilgan Istanbul ko'chalaridagi mutaassiblarga zambarakning og'zini to'g'rilab qo'ydi... Eng avvalo o'zlarini din yo'lida qurbon qilishga chog'langan zotlar juftakni rostlab qoldilar.

Bundan oldin Sulton Mahmud Istanbulda rasadxona (observatoriya) bino qilishga kirishganida Istanbul ulamolari «Rasadxonalar barpo qilish va hikmatga (fizika, falakshunoslik, riyoziyot va boshqalar) doir asarlarni o'qish man qilinadi», deb din nomidan fatvo berishgan. Shu sababdan Istanbulda butun dars «Hidoya» bilan «Inoya»dan iborat bo'lib qolgan edi...

Bu kunlarda Buxoro shahrining ulamolari yangi usul bilan bolalarga «alifbo» o'qitishni man qildilar, shunday maktablarni din nomidan bekitdilar. Ko'kraklari, sonlari ochiq o'rus qizlarning teatrlarda, sirklarda o'ynashlarini maqtab, tahsinlar aytib, so'laklarini oqizishib tomosha qilib o'tirishda, Islom vaqflarini sotib yeb, ribo bilan muomala qilishda o'zlari uchun dinda mone'lik topmagan bu muborak zotlar bolalarga yengillik bilan o'qish-yozishni o'rgatadigan bu maktablarning ochilishida qanday mone'lik topishdi ekan?!» (Rizouddin ibn Faxriddin, «Javome'ul-kalim», Toshkent, «Movarounnahr», 2004 yil, 95-bet.)

Zamonamizning mashhur Islom olimlaridan shayx Yusuf Qarzoviy hamma narsani taqiqlashni yaxshi ko'radigan va juda ehtiyotkorlik bilan yondoshish kerak bo'lgan «harom» so'zini suiiste'mol qiluvchi din olimlarini keskin tanqid qiladi: «Bunday kishilar «harom» so'zini ko'pincha mutlaqo sababsiz tilga oladilar. Ular nazdida televidenie, kino, fotografiya, aksionerlik jamiyatlari, xullas, hamma narsa harom. Umuman, ularning butun hayoti harom ustiga haromdan iborat. Axir Qur'oni karim shunday buyuradi: «Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga og'ir bo'lishini istamaydi» (Baqara, 185). Yusuf Qarzoviy musulmon arboblarini hamisha zamon bilan baravar qadam tashlashga chaqiradi.

Ammo bu – musulmonlar halol-haromni surishtirmay, duch kelgan narsani iste'mol qilaverishsin, degani emas. Ayniqsa, Islom dushmanlari musulmonlarga hamma tomondan zarba berishga urinayotgan hozirgi paytda ularning xalqumini, yemagini harom narsalar bilan bulg'ash rejasidan ham voz kechmagan. Yana xalqumini poklashda, halol-haromni farqlashda yuksak taqvo ko'rsatayotgan dindosh birodarlarimizdan o'pkalanishga hech qanday asos yo'q. Chunki mo'minlarning eng afzali taqvodorlaridir. Hazrat Umar: «Haromdan qo'rqib shubhali narsalarning o'ntadan to'qqiztasini tark etar edik», deganlar.

Hamma gap o'rta yo'lni ushlashda, mutaassiblik, qotib qolganlik kabi qusurlarni yo'qotishda! Payg'ambar alayhissalomning shunday hadislari bor: «Islom dini yengil bir dindir... Din ishlarida ifrotu tafritga (haddan oshishu sustkashlik qilishga) berilmasdan, o'rtacha bir adl yo'lni ixtiyor etinglar, komil ibodat qila olmasanglar, shunga yaqinroq ravishda ibodat etishga harakat qilinglar» (Imom Muslim, «Sahih», I juz).

Bizda esa hamma narsaning yo u tomoni, yo bu tomoni ushlab olinadi. Masalan, masjidlarga zamonaviy kiyimlarda yoki boshyalang kirib qolgan yoshlarni olib ko'raylik. Atrofdagi peshonasi sajda ko'rmagan minglab «musulmon»lar bilan hech kimning ishi yo'q. Ammo ana shunday namozxon yigitlarga tanbeh berish, o'qrayib qarashlar har qadamda uchrab turibdi. Hatto imomlarimiz o'rtasida zamonaviy bilimlardan mutlaqo bexabar, dunyoda bo'layotgan voqea-hodisalar bilan qiziqmaydigan, o'z ustida ishlamaydigan kishilar bor, desak, balki ishonmassiz. Vaholanki, Islom ilm-ma'rifat dini, musulmon mamlakatlardagi diniy arboblar zamonaviy ilm sohasida har qanday professorlar bilan bemalol bellasha olishadi. Masalan, misr muftiyi doktor Ali Jama'a ham ilohiyot, ham texnika fanlari doktoridir.

Bugungi kunda Islom davlatlarida yashaydigan musulmonlar aksariyat hollarda o'tkinchi siyosiy masalalarga mahliyo bo'lib, hayot-mamotga, Islom asoslariga va aqidasiga daxldor ulkan tamoyillarni o'jarlarcha nazar-pisand qilishyapti. Vaholanki, ularning oldida turgan o'sha siyosiy masalalar erta-indin hech narsaga arzimay qoladi. Shu o'rinda angliyalik professor Timoti Uinterning «XXI asrda Islom» kitobidan bir iqtibos keltirib o'tish zarurga o'xshaydi: «Agar biz dunyoda nega bu qadar ko'p islomiy harakatlar barbod bo'layotgani sababini anglab yetmoqchi bo'lsak, ishni, ehtimol, ularning rahbarlari islomiy boshqaruvdagi to'siqlarni muvaffaqiyatli yengib o'tishning asosiy sharti bo'lgan yangi dunyoni aqliy bilish qobiliyatiga ega emasligini tan olishdan boshlashimizga to'g'ri keladi. Zamonaviy mafkuralar nima ekanini bilmaydigan bugungi ashaddiy musulmonlar aslida ularni yengish to'g'risida xomxayol qilishdan nariga o'tmaydilar» (11-bet).
Bu fikrlar naqadar badxo'r va yoqimsiz bo'lmasin, haqiqiy ahvolni to'la ifodalaydigan achchiq haqiqatdir...

Muallif Ahmad Muhammad