Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Abdul Azim Ziyouddin
Abdul Azim Ziyouddin Mudarris, siyratshunos - 21 May 2023

Isro va Me'roj hodisasi qachon yuz bergan?

img

“Isro” (الإسراء) Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni kechaning bir bo'lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.
“Me'roj” (المعراج) esa, Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya'ni, O'zining Huzuriga ko'tarishidir.
Ma'lumki, butun olamlarning Parvardigori Alloh taolo hamma narsadan oliy, ustun va yuksakdir.

Isro va Me'roj hodisasining hikmati

Bu mo''jizaviy safarning hikmatlari ko'p bo'lib, eng buyugi va lo'ndasi Alloh taolo: (لِنُرِيَهُ مِنْ أَيَاتِنَا) “...unga (ya'ni, Muhammad alayhissalomga) O'z mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun...”[1] deb, aytgan oyatidir. Shunday ham bo'ldi: (لَقَدْ رَأَى مِنْ أَيَاتِ رَبِّهِ الْكُبْرَى) “Darhaqiqat, u (Muhammad alayhissalom) Parvardigorining buyuk mo''jizalarini ko'rdi”[2].
Allohning huzurida “mehmon” bo'lish mushriklarning aziyatlari cho'qqisiga chiqqan paytda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga katta tasalli bo'ldi, bu ish tufayli u zotning ko'ngillaridan tushkun kayfiyat aridi, umid niholi gurkiradi.
Ayni choqda, bu voqea musulmonu kofir uchun sinov-imtihon ham bo'ldi. Bu imtihondan barcha sahobalar o'tishdi, kofir-mushriklar esa, yana dog'da qolishdi.

Tafsiloti

Jumhur ahli sunna va jamoa ulamolari Isro va Me'roj hodisasining Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg'ambar bo'lganlaridan keyin, Makka davrida, hijratdan sal oldin, islom da'vati quvg'in bilan muvaffaqiyat o'rtasida turgan bir paytda, uyg'oq hollarida, ruh va tanalari bilan, Jabroil farishta hamrohligida, Buroq nomli mo''jizaviy ulovda, kechaning bir bo'lagida, bir marta yuz berganiga ittifoq qilishgan.
Besh vaqt namoz Isro kechasi Me'rojda farz qilinganiga barcha ulamolar yakdildirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Madinaga hijratlari payg'ambarlikning 14-yili, rabiul avval oyining boshida, u zot qamariy hisobda 53 yoshga to'lganlarida (milodiy 622 yil sentyabr oyi o'rtalarida) bo'lganiga ham barcha ulamolar ittifoq qilishgan.

Vaqti

Isro va Me'roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo'q. Ammo qachon sodir bo'lgani haqida turlicha qarashlar bor. Quyida ularni birma-bir ko'rib chiqamiz:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar bo'lishlaridan oldin (bu rivoyat shozz[3] bo'lib, Sharik ibn Abu Namir tarafidan sodir etilgan xato ekaniga barcha muhaddislar ittifoq qilishgan[4]);
– payg'ambarlikning birinchi yili (imom Tabariy ixtiyor qilgan);
– payg'ambarlik kelganidan bir yilu olti oy keyin (imom Zahabiyning ushbu qavli haqida Abu Umar ibn Abdul Barr: “Men Zahabiydan boshqa bu gapni aytgan birorta siyrat olimini bilmayman”, degan[5]);
– payg'ambarlik kelganidan besh yil o'tib (qozi Iyoz naqli);
– payg'ambarlik kelganidan yetti yil keyin (Zuhriyning bir qavli);
– payg'ambarlikning o'ninchi yili (Muhammad Sulaymon Mansurfuriy ixtiyor qilgan);
– hijratdan uch yil oldin (Ibn Asiyr naqli);
– hijratdan bir yilu olti oy oldin, ramazon oyida (Voqidiy rivoyati);
– hijratdan bir yilu besh oy oldin, shavvol oyida (Movardiy qavli hamda, Suddiydan Tabariy va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan);
– hijratdan bir yilu to'rt oy oldin, zulqa'da oyida (Suddiy va Muqotillarning bir qavli);
– hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida (Ibn Foris naqli);
– hijratdan bir yilu ikki oy oldin, muharram oyida (Ibn Abdul Barr naqli);
– hijratdan bir yil oldin, rabiul avval oyida (ko'pchilik roviylar rivoyati, jumladan: Ibn Abbos, Ibn Mas'ud, Ibn Umar, Anas, Jobir, Oisha, Ummu Salama, Ummu Honilardan rivoyat qilingan (Alloh hammalaridan rozi bo'lsin). Qatoda, Urva ibn Zubayr, Muso ibn Uqba, Ibn Qutayba, Bayhaqiy, Ibn Sa'd, Ibn Asokir, Ibn Mardavayh, Hofiz Ibrohim Harbiylar rivoyat qilishgan (Alloh hammalarini rahmatiga olsin). Muqotil va Zuhriylarning bir qavli);
– hijratdan sakkiz oy oldin, rajab oyida (Abul Faraj ibn Javziy naqli);
– hijratdan olti oy oldin, ramazon oyida (Hofiz Abu Rabi' ibn Solim naqli).

Qaysi kunda ro'y bergani xususidagi fikrlar ham xilma-xildir

– 12-rabiul avval (Jobir va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumlar qavli);
– 17-rabiul avval (Ibn Umar, Oisha, Ummu Salama va Ummu Honi roziyallohu anhumlar qavli);
– 27-rabiul avval (Hofiz Ibrohim Harbiy qavli);
– Rajab oyining birinchi juma kechasi[6] (roviyi noma'lum);
– 10-rajab (Qays ibn Abbod rivoyati);
– 25-rajab (roviyi noma'lum);
– 27-rajab (Qosim ibn Muhammad rivoyati);
– 17-ramazon (Ibn Sayyidin nas naqli);
– 29-ramazon (roviyi noma'lum).

Tahqiq (haqiqatini aniqlash)

Isro va Me'roj hodisasining qachon yuz bergani haqida birorta ham sahih hadis yoki sahobalardan sahih asar yo'qligini, shu sababli muhaqqiq ulamolarimiz ko'p va xo'b bahslar olib borishganini, natijada, ma'lumotlarni “tarjih”[7] qilishganini (ya'ni, haqiqatga yaqinini aniqlashganini) aytib o'tmoqchimiz.
Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy: “Sahih qavlga ko'ra[8] Abu Tolib payg'ambarlikning o'ninchi yili rajab oyida, Xadicha roziyallohu anho ham shu yili ramazon oyida vafot etishgan. Bu paytda hali besh vaqt namoz farz qilinmagan edi. Islom ummati besh vaqt namoz Isro kechasi farz qilingani xususida ijmo' qilgan. Isro surasining siyoqi-oqimi Isro hodisasining juda kech (ya'ni, Makka davrining oxirgi yillarida) yuz berganiga dalolat qiladi. Natijada, biz Isro hodisasi (payg'ambarlikning 12-yili, haj mavsumida bo'lib o'tgan) “Birinchi aqaba bay'ati”dan sal oldinroq bo'lgan yoki (birinchi aqaba bay'ati bilan payg'ambarlikning 13-yili, haj mavsumida bo'lgan) “Ikkinchi aqaba bay'ati” orasida bo'lgan, degan fikrga keldik, yana Alloh biluvchiroq”, degan[9].
Hofiz Ibn Foris Asbihoniy Isro voqeasining hijratdan bir yilu uch oy oldin, zulhijja oyida bo'lganiga jazm qilgan (ishonch hosil qilgan va bir to'xtamga kelgan edi)[10].
Shayx Muhammad Abu Zahra: “Isro va Me'roj hodisasi yigirma yettinchi rajabda bo'lgan, degan fikr sahih bo'lmagan xabar ila kelgan bo'lib, bu oy-kunni ba'zi odamlar ushlashganining guvohi bo'ldik. Biz ham buni aniq ishonch hosil qilmagan va bir to'xtamga kelmagan holda qabul qilamiz. Sababi, roviylar yana Isro va Me'roj hodisasining hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lganiga ittifoq qilishgan", deydi.[11]
Imom Navaviy bu xususda ikki xil fikrni keltirgan. “Ravzatut tolibin” kitobida: “Isro va Me'roj hodisasi rajab oyining yigirma yettinchi kechasi bo'lgan”, desa, “Fatovo” kitobida[12]: “Rabiul avval oyida bo'lgan”, deydi.
Rajab oyining yigirma yettinchi kechasi bo'lgani haqidagi rivoyatni Abdul G'aniy Maqdisiy ixtiyor qilgan. Ammo hofiz Abu Ishoq Ibrohim Harbiy uni inkor etgandir[13], qolaversa, barcha muhaddis ulamolar rivoyatning sahih emasligini bir ovozdan ta'kidlashgan.
Alloma Abu Shoma Maqdisiy[14], imom Abul Xattob Umar ibn Dihya[15] kabi olimlar: “Isro va Me'roj hodisasi rajab oyida bo'lgani haqidagi rivoyat ta'dil va tajrih ulamolari nazdida kizbdir”, deyishgan.
Rajab oyining birinchi juma kechasi bo'lgani haqidagi rivoyatni alloma Ibn Kasir: “Asli-asosi yo'q”, degan[16].

Xulosa

Jobir bilan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhum: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rabiul avval oyining dushanba kuni ham tug'ilganlar, ham vahiy u zotga rost tush orqali kela boshlagan, ham Me'rojga chiqqanlar, ham Madinaga hijrat qilganlar, ham vafot etganlar”, deyishgan[17].
“Ibn Asiyr Jazariy: “Isro voqeasining dushanba kuni bo'lgani mening nazarimda sahihdir”, degan. Ibn Munir ushbu gapni ixtiyor qilgandir”[18].
Abul Barakot Nasafiy: “Isro hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo'lgan”, deydi[19].
Shayx Alouddin Mansur: “Isro Payg'ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilishlaridan bir yil ilgari voqe bo'lgan”, deydi[20].
Doktor Ahmad Abu Zayd[21] bilan doktor Abdul Aziz Usmon Tuvayjiriy[22]: “Arjah (haqiqatga yaqinroq) so'zga ko'ra, besh vaqt namoz hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) Isro va Me'roj kechasi farz qilingan”, deyishadi.
Mulla Ali qori ibn Muhammad Sulton Hanafiy: «Isro hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Ibn Asiyr: “Mana shu sahihdir”, degan», deydi[23].
Shayx Ali Noyif Shahhud: “Isro va Me'roj hodisasi ko'pchilik va muhaqqiq ulamolarning so'zlariga ko'ra, hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Tadqiqot va mushohada qilinsa ham, Isro va Me'roj hodisasi rabiul avvalda bo'lganiga ishonsa bo'ladi”, deydi[24].
Qozi Iyoz: “Bir emas, bir qancha olim Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) yuz berganini aytgan”, deydi[25].
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: “Isro hodisasi hijratdan bir yil oldin rabiul avval oyida bo'lgan. Bu ko'pchilik ulamolarning so'zidir. Hatto Ibn Hazm bu borada mubolag'a qilib, ijmo'ni naql qilgan”, deydi[26].
Imom Bag'aviy: “Me'roj hijratdan bir yil oldin (rabiul avval oyida) bo'lganiga ilm ahli ittifoq qilgan”, deydi[27].
Demak, Isro va Me'roj voqeasi hijratdan bir yil oldin, ya'ni, payg'ambarlikning 13-yili rabiul avval oyida, dushanba kuni bo'lgani “rojih” (ya'ni, haqiqatga yaqin)dir. Bu vaqt milodiy 621 yilning sentyabr yoki oktyabr oyiga to'g'ri keladi.
O'shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qamariy 52 yoshga to'lgan edilar.
Alloh taolo O'zining buyuk hikmati ila bu hodisaning aniq vaqtini xuddi Qadr kechasi kabi unuttirdi!
Alloma Badriddin Ayniy Hanafiy: “Isro kechasida “rag'oib” namozini o'qish o'ylab topilgan bo'lib, uning asli-asosi yo'qdir”, deydi[28].
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari: “Isro kechasi to'planib, ilmiy suhbatlar o'tkazish keyingi davrlarda yuzaga chiqqan. Ba'zi ahli ilmlar mazkur ulug' hodisani yodga olish bilan birga ko'pchilikka uning ahamiyatini eslatish va dinu diyonat yo'lida va'zlar qilishni musulmonlar uchun foydali deb bu ishni o'tkazishgan.
Isro kechasidagi alohida namozlar va boshqa narsalar hujjatsiz ishlardir”, deydilar[29].

Abdul Azim ZIYOUDDIN
(muallif varianti)


[1] Isro surasi 1-oyat.
[2] Najm surasi 18-oyat.
[3] Abu Ya'lo Xaliliy “shozz” so'ziga quyidagicha ta'rif bergan: “Shozz” rivoyatning bor-yo'g'i bitta isnodi bo'lib, roviyi ishonchli bo'ladimi, bo'lmaydimi farqi yo'q. Agar ishonchsiz bo'lsa, rivoyati “matruk” bo'lib, qabul qilinmaydi. Roviyi ishonchli bo'lsa, o'zida to'xtaydi va rivoyati hujjatga yaramaydi” (Shayx Abdul Karim ibn Abdulloh Xuzayr, “Sharhun nuxba” 1/56).
[4] Abu Hayyon Andalusiy, “Al-bahrul muhit” (6/2); Alouddin Bag'dodiy, “Tafsirul Xozin” (4/134).
[5] «At-tamhid lima fil muvattoi minal ma'oniy val asonid” (8/48).
[6] Bu kechani “Rag'oib kechasi” deyishadi.
[7] “Tarjih” – ma'lumotlar ichidan kuchli, vazni og'ir, ehtimoli ko'p va haqiqatga yaqinini aniqlash.
[8] Olusiy tafsiri, (23/46).
[9] “Ar-rahiqul maxtum”.
[10] “Tafsiri Olusiy”, (Alaq surasi tafsiri).
[11] “Xotamun nabiyyin” (2/94), “Zuhratut tafosir” (1/4322).
[12] Ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy”, 7-juz; Muhammad Sayyid Tantoviy, “At-tafsirul vasit” (1/2590); Muhammad ibn Yusuf Solihiy, “Subulul hudo var rashod fi siyrati xoyril 'ibod” (3/65).
[13] Hofiz ibn Rajab, “Latoiful ma'orif”, (233).
[14] “An-nofe'ul bo'is”, 116.
[15] “Adou ma vajab min bayoni vaz'il vazzo'iyna fi rajab” (53-bet).
[16] “Al-bidoya van nihoya”, 3/107.
[17] Abu Bakr ibn Abu Shayba rivoyati; Ibn Kasir, “Al-bidoya van nihoya” (3/107).
[18] Olusiy tafsiri (10/357).
[19] “Tafsirun Nasafiy” (Isro surasi 1-oyat tafsiri).
[20] “Qur'oni karim – o'zbekcha izohli tarjima”, Isro surasi 1-oyat izohi.
[21] “As-siyratun nabaviya” (1/73).
[22] “As-siyratun nabaviya” (1/56).
[23] “Sharhun nuqoya” (1/180).
[24] “As-siyratun nabaviya durusun va 'ibarun” (1/461).
[25] “Ash-shifo bi ta'rifi huquqil Mustafo” (1/180).
[26] “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy”, “Me'roj” bobi.
[27] “Tafsirul Bag'aviy” (5/64).
[28] “Umdatul qoriy sharhu sahihil Buxoriy” (6/115).
[29] “Zikr ahlidan so'rang”, 7-son.

Abdul Azim ZIYOUDDIN