Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Muhammad Ayyubxon domla Homidov
Muhammad Ayyubxon domla Homidov Mudarris, olim - 23 Avg 2022

Isnod ilmi

img

“Qola haddasano” si bori haqiqiy ilimdir, va undan boshqasi shayton  vasvasasidir” . (Imom Shofe'iy)

العلم ما كان فيه قال حدّثنا ،
وما سوي ذاك وسواس الشّياطين .

Isnod so'zining ta'rifi:

Lug'aviy manosi : “So'zni aytguvchisiga suyash” demakdir. (Ya'ni, falonchi aytdi, deyish.)

Istilohiy ma'nosi : “Matnga olib boruvchi kishilar silsilasi” demakdir. Masalan: Imom Buxoriy r.a. Humaydiy Abdurahmon ibn Zubayrdan r.a., u Sufyondan, u Yahyo ibn Said al-Ansoriydan, u Muhammad ibn Ibrohim at-Taymiydan, u Alqama ibn Vaqqos al-Laysiydan 
rivoyat qiladi: “Umar ibn Hattob r.a. minbarda turib shunday deganini eshitdim: “Rasululloh s.a.v.dan eshitdimki, u zot shunday dedilar: “Albatta amallar niyatlarga bog'liqdir...”.[1]

Yuqoridagi misolda Imom Buxoriy r.adan boshlab to Rosululloh s.a.v.gacha bo'lgan kishilar silsilasini “isnod” deyiladi. Mana shu kishilarning tarjimai hollari muhaddis ulamolarning “Rijol ilmi” kitoblarida mufassal bayon qilingan . Masalan, Imom 
Buxoriyning “ Tarixul kabir ”lari, Ibnul Asirning “ Usudul g'obah fi ma'rifatis sahoba ” kitoblari, Hofizi az-Zahabiyning “ Siyari A'lomin Nubalo ” , “ Miyzanul i'tidal fi naqdir rijal ” imom Nasoiyning « Az-Zu'afo val-matrukun ” , imom Abu Is'hoq al-Juzjoniyning “ 
Ahvalur rijal ” , imom Hanzoliyning “ Al-Jurhu vat ta'diyl ” , imom Ajaliyning “ Ma'rifatus siqot ” , imom ibn Shohiynning “ Tariyxu asmois siqot ” , imom ibn Ajamiyning “ At-Tabyin liasmoil mudallisiyn ” , qozi Abul Valiyd al-Bojiyning “ At-Ta'diyl vat tajriyh ” , imom Ahmad ibn Hanbalning “ Al-Asomi val kuno ” nomli kitoblari va yana bundan boshqa “Tahzibut – tahzib”, “ Tahziybut-taqriyb ” , “Al-Kuno val asmo ”, “Al-Asmoul mufrodah ” , “ Al-Muntaqo fi sardil kuno ”va hokazo kabi yuzlab kitoblar bunga misol bo'la oladi.Insoniyat tarixida ummatlardan birortasi ham o'z ichidan chiqqan payg'ambar, yo olim, yoki hurmatli va obro'li kishilarning so'zlariga musulmonlar o'z payg'ambarlari Muhammad alayhissalomning so'zlariga katta e'tibor berganlari kabi ahamiyat bermaganlar.
Payg'ambar alayxissalomning sunnatlari Qur'oni karimning mulozimi. Uning mufassiri va uning maqsadlarini sharhlaguvchi bo'lganligi uchun Islom ulamolari hadisi shariflarni katta ahamiyat bilan o'rgandilar. Zero inson Allohning kalomini o'zining qosir aqli bilan tushunib 
undan to'g'ri hukm chiqarib olishga ojizlik qilar ekan, shu bois insonlar Allohning buyruqlariga to'g'ri amal qilishlari uchun Payg'ambar alayxissalomning hadislarini chuqur o'rganishga muhtoj bo'ladilar. Mana shuning uchun Alloh taolo har bir ummatga o'z vaqtida 
payg'ambarlarni shu qavmning tili bilan so'zlaydigan qilib jo'natgan. Bu haqida Ibrohim surasining 4-oyatida shunday deyilgan:


﴿ و ما أرسلنا من رسول إلا بلسان قومه ليبيّن لهم﴾
 

“Biz har bir payg'ambarni ( hukmlarimizni ) bayon qilib berish uchun o'z qavmining tili bilan ( so'zlaydigan qilib ) yuborganmiz.”
Xuddi shuningdek, qiyomatga qadar boqiy bo'lgan Qur'oni karim oyatlarini insonlar o'z aqllari bilan to'g'ri tushunib olishlari maholdir.Shuning uchun ham Alloh taolo Qur'oni karimni insoniyat to'g'ri tushinib qabul qilishlari uchun payg'ambarimiz Muhammad 
alayhissalom orqali nozil qilingan. Bu haqida “ Nahl ” surasining 44-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi :


﴿ و أنزلنا اليك ذكر لتبيّن للنّاس ما نزّل اليهم و لعلّهم يتفكّرون ﴾
 

“ Sizga esa odamlarga nozil qilingan narsalarni (ya'ni, shariat ahkomlarini ) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad taffakur qilsalar, deb bu eslatma - Qur'onni nozil qildik ”.

Yuqoridagi oyatlardan so'zimizni to'g'ri ekanligini, ya'ni, inson o'zga vositasiz Parvardigoning buyruqlarini to'g'ri tushuna olmasligiga amin bo'lamiz.

O'zimizku Payg'ambar alayhissalomdan 1400 yil keyin yashab kelayotgan arab bo'lmagan ajam xalqmiz, vaxolanki, Payg'ambar 
alayhissalom bilan birga yashagan va o'zi arab bo'lgan sahobalar ba'zi hollarda Qur'oni karim oyatlarini tushunishga ojizlik qilar edilar. Bunga biz quyidagi ba'zi oyatlarni misol 
qilamiz:


﴿ ألّذين آمنوا و لم يلبسوا إيمانهم بظلم أولئك لهم الأمن وهم مهتدون ﴾
 

“ Iymon keltirib o'z iymonlarini zulm (shirk) bilan aralashtirmagan zotlar – ana o'shalar xotirjam bo'lguchilardir va ana o'shalar hidoyat topguvchilardir”. [2]

Shu oyati karima nozil bo'lganda sahobiylarga og'ir kelib: “ YO Rosulalloh, qaysi birimiz o'z nafsiga bo'lsa-da, zulm qilmaymiz? 
”- deb, bu oyatni to'liqroq tushuntirib berishni so'radilar. Shunda Payg'ambar alayhissalom: “ 
Bu siz o'ylayotganingizdek emas, balki, Luqmon o'z o'g'liga nasihat qilganidir”- deb, “Luqmon ” surasining 13- oyatini o'qib berdilar:


﴿ يا بنيّ لا تشرك بالله إنّ الشّرك لظلم عظيم﴾
 

“ Ey o'g'ilcham, Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk keltirish katta zulmdir. ” [3]

Yoki, “Anfol ” surasining 60- oyatini misol qilaylik:


﴿ و أعدّوا لهم ما استطعتم من قوّة...﴾
 

“ (Ey mo''minlar), ular uchun imkoningiz boricha quvvat tayyorlab qo'yingiz!”

Bu oyati karimani Payg'ambar alayhissalom minbarda turib sahobalarga o'qib berdilar-da: “ Bilingizki, quvvat bu (kamon) otishdir!”- 
deb, uch martta takrorladlar.[4]

Mana shu oyati karimalarning tafsiridan ko'rinib turibdiki, inson odatda o'z aqli bilan topa olmaydigan qur'oniy hukmlarni Payg'ambar alayhissalom o'zlari bayon qilib tushuntirib berganlar.

Yuqoridagi o'tgan narsalardan xulosa shu bo'ladiki, qiyomatga qadar boqiy dasturulamal bo'lgan Qur'oni karim oyatlarini to'g'ri fahmlashimiz uchun Payg'ambar alayhissalomning sunnatlarini, ya'ni, hadisi shariflarini yaxshi anglab, uning 
sahih va zaiflarini bir biridan ajrata biladigan bo'lishimiz lozim bo'ladi. Chunki, hadislarni Payg'ambar alayhissalomdan sahobiylar, ulardan tobe'inlar va ulardan taba'-tobe'inlar eshitib rivoyat qilganlar. Mana shu taba'-tobe'inlarning davrlarida, ya'ni, 
hijriy 150-151 yillarda ibn Jurayj va ibn Is'hoq r.a.lar birinchilardan bo'lib Payg'ambar alayhissalomning muborak hadisi shariflarini qitob shaklida jamlaganlar.

Ko'rinib turibdiki, bir dona hadis Payg'ambar alayhissalomning muborak og'izlaridan chiqib, to kitobning bir betidan joy olgunga qadar (Payg'ambar alayhissalom hijriy 11 yilda vafot etganlar) bir yarim asr vaqt o'tib, bir necha avlod orqali og'izdan-og'izga o'tib yuqorida 
nomlari zikr qilingan va ulardan keyin kelgan muhaddis ulamolarning kitoblaridan o'rin olgan.

Ma'lumki, shaxslar xar xil bo'ladi. Ba'zilarning rivoyatlarini qabul qilish joiz bo'lsa, ba'zilarning rivoyatlarini qabul qilish mutloq joiz bo'lmaydi va boshqa ba'zilar esa, rivoyatlari qabul qilinish yo qabul qilinmasdigida ixtiloflidir va h.k. Shuning uchun 
muhaddis ulamolar bu haqda umumiy va xos bo'lgan qoidalar tuzdilar va bu qoidalar majmu'asi “mustalah ilmi” deb nom oldi.

Bizga yetib keladigan xar qanday xabarni tekshirib ko'rib, so'ngra uni qabul qilishimiz kerakligi haqida Alloh subhanahu va ta'olo “Hujurot” surasining 6- oyatida shunday marhamat qiladi:

﴿ يا أيّها الّذين آمنوا إن جآءكم فاسق بنبأ فتبيّنوا... ﴾
 

“ Ey mo''minlar, sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, ( u fosiq keltirgan xabarni ) tekshirib ko'ringlar...”

Bu bizga yetib kelgan xar qanday xabarni tekshirib ko'rish xaqida Qur'oni karimdagi Alloh subhanahu va ta'oloning buyrug'idir. Endi keling bu haqda Payg'ambar alayhissalomning hadisi shariflarida qanday rivoyatlar kelganiga nazar solaylik:

" يكون في آخر الزّمان دجّالون كذّابون يأتونكم من الأحاديث بما لم تسمعوا أنتم و لا آباءكم ، فإيّاكم و إيّاهم لا يضلّونكم و لا يفتنونكم "
 

“ Oxirgi zamonda yolg'onchi dajjollar bo'ladi, ular sizlar hamda ota-bobolaringiz eshitmagan hadislarni sizlarga keltiradilar. Sizlar ulardan uzoq bo'ling va ularni o'zingizdan uzoq qiling, toinki ular sizlarni fitna qilib (hidoyat yo'lidan) adashtirib qo'ymasinlar.” [5]

" كفي بالمرء كذبا أن يحدّث بكلّ ما سمع "

“ Kishining yolg'onchiligiga eshitgan so'zlarini (tekshirmasdan) so'zlashligi kifoya qiladi.” [6]

" إنّ الشّيطان ليتمثّل في صورة الرّجل فيأتي القوم فيحدّثهم بالحديث من الكذب ، فيتفرّقون فيقول الرّجل منهم سمعت رجلا أعرف وجهه و لا أدري ما اسمه يحدّث "
 

“ Albatta, shayton erkak kishining suratiga kirib bir qavmning huzuriga keladi-da, yolg'on hadislarni to'qiydi. Qavm tarqab ketganda, ulardan biri: “ Bir kishidan eshitdim, uning yuzini taniyman, ammo ismini bilmayman ”, deb u(shayton)ning so'zlarini 
so'zlaydi.” [7]

" إنّ هذا العلم دين فانظروا عمّن تأخذون دينكم "
 

“ Albatta, bu ilm (ya'ni, isnod bilan hadisni rivoyat qilish ilmi) dindir. Diningizni kimdan olayotganingizga qarang.” [8]


" لم يكونوا يسألون عن الإسناد ، فلمّا وقعت الفتنة قالوا سمّوا لنا رجالكم ، فينظر إن كان من أهل السّنّة يؤخذ حديثه ، و إن كان من أهل البدع فلا يؤخذ حديثه "
 

“ Avvalida isnod haqida so'ralmas edi. Vaqtiki, fitna voqe' bo'lganda: “ Kishilaringizni nomini ayting ”- deyishdi. Ularga qarab, ahli sunna bo'lsa hadislari qabul qilinar edi, va agar ahli bid'at bo'lsa hadislari qabul qilinmas edi.” [9]

" الإسناد من الدّين ، لو لا الإسناد لقال من شآء ما شآء "

Abdulloh ibn Muborak r.a. shunday degan ekanlar: “ Isnod dindandir. Agar isnod bo'lmaganda edi, u holda har kim xoxlagan narsasini 
(dindan deb) aytar edi.” [10]

Shayx Abu Amr ibn Solah r.a. aytadilarki:“ Muttasil isnod bilan hadis rivoyat qilishdan maqsad, mana shu ummatga xoslangan silsila (zanjir)ni boqiy qoldirishdir.”

Yuqorida hadislarning sahih va zaiflarini ajrata bilib rivoyat qilishda isnodning naqadar muhim ekanligiga guvoh bo'ldik. Endi keling, isnod ilmini o'rganishning yana bir muhim bo'lgan o'rni bilan tanishib chiqaylik, bu - mazhablar o'rtasidagi bo'lgan 
ixtiloflarni bartaraf etishda yaqqol ko'rinadi. Masalan, eng mashhur ixtiloflardan “omin”ni jahriy aytish masalasini olaylik. Bu haqida imom Doruqutniy r.a. “hasan” deb, imom Hokim r.a. Buxoriy va Muslimning shartiga ko'ra “sahih” deb, va imom Bayhaqiy r.a. 
“hasan, sahih” deb Abu Hurayra r.a. dan: “Rosululloh s.a.v Ummul Qur'on “Fotiha” dan forig' bo'lganlarida tovushlarini cho'zib “omin” der edilar” – degan rivoyatni keltirganlar. Endi bu hadislarning isnodiga kelsak, unda Yahyo ibn Usmon va Is'hoq ibn Ibrohim zikr qilingan . Bu ikkisini Imom Abu Dovud r.a. va imom Nasoiy r.a. “zaif” deganlar. Is'hoq ibn Ibrohimni imom Muhammad ibn Avf r.a. “kazzob” degan, hamda “sihohus sitta”da ulardan birorta ham hadis rivoyat qilinmagan. Shuning uchun yuqoridagi muhaddislarning bu hadisni “sahih”, yo “hasan” yoki Buxoriy va Muslimlarning shartlariga ko'ra deyishlari hech ham to'g'ri bo'lmaydi.

Boshqa rivoyatlarda keltirilgan “...masjidlar gurillar edi... ” degan rivoyat ham zaifdir. 
Chunki uning isnodida Bishr ibn Rofe' zikr qilingan. U haqda imom Buxoriy, imom Ahmad, imom Yahyo ibn Ma'in, imom ibn Hibbon, imom ibn Abdulbarr r.a.lar va boshqa muhaddislar uning rivoyatlarini “munkar” deb qabul qilmaslikka ittifoq qilganlar. Bu “ ahzibut 
tahziyb”, “Al-Kuno”, “Kitabul Insof” va boshqa kitoblarda zikr qilingan.[11]

Yana bir masala, ya'ni, takbiri tahrimadan so'ng qo'lni kindikdan yuqoriga qo'yish masalasini ham mana shu isnod 
orqali yechaylik.Yohud “rof'ul yadayn” ya'ni, ruku'dan oldin va keyin qo'lni ko'tarish masalasini olsak ham mana shu isnod orqali uning zaif ekanligiga guvoh bo'lamiz. Chunki imom Ahmad ibn Hanbal r.a.dan ikkinchi rak'atga turganda va ikki sajda orasida qo'l ko'tarish haqida so'ralganda: “Solim otasi (Abdulloh ibn Umar)dan rivoyat qilgan hamda Voil (ibn Hujr)ning hadislariga ergashmayman. Chunki ularning lafzlari bir-biriga teskaridir” – deb javob berganlar. Shuningdek, imom Buxoriy r.a. ibn Umar r.a.dan “Rosululloh s.a.v. sajda 
qilayotganlarida va sajdadan bosh ko'tarayotganlarida buni (ya'ni, qo'l ko'tarishni) qilmas edilar” – degan rivoyatni keltirganlar. Bu rivoyatlar barchasi bir-birini inkor qiladigan zid rivoyatlardir. “Mustalah ilmi” qoidalari bo'yicha ikki ishonchli kishi bir-biriga zid 
rivoyat keltirsa, ishonchi kuchliroq shaxsning rivoyati qabul qilinib, ikkinchi shaxsning rivoyatini “munkar” deb qabul qilinmaydi. Shuningdek, bir ishonchli shaxs o'zining avvalgi rivoyatlariga teskari rivoyat qilsa, uning ishonchliligi susayib qolmasada rivoyati qabul 
bo'lmaydi. Chunki bunday turdagi rivoyatni “Mustalah ilmi” qoidasiga ko'ra “muztarob” rivoyat deyiladi. “Muztarob” turdagi rivoyatlar zaif hadislar turiga kiradi. Imom Buxoriy va imom Muslim r.a.larning kitoblarida bunday turdagi hadislar ko'p bo'lmasada uchrab turadi.

Hanbaliy mazhab ulamolaridan ibn Quddoma r.a. “Al-Mug'niy” nomli kitoblarida ibn Umar r.a.ning imom Buxoriy rivoyat qilgan qo'l ko'tarish haqidagi rivoyatlari “muztarob” ekanligiga quyidagi bir qancha dalillarni keltirganlar:

    Har tik turish va egilishda ( qo'lni ko'tarish) va bu sahihdir.
    Sajdada ( qo'lni ko'tarishni) inkor etdilar.    Ikkinchi rak'atga turganda ( 
qo'lni ko'tarish).
    Buning teskarisi.(ya'ni, ikkinchi rak'atga turganda qo'lni ko'tarmaslik).
    
Ruku'dan boshni ko'targandan keyin.
    Bunga xilof rivoyat, (ya'ni, ruku'ga takbir aytganda va sajdaga engashayotib takbir aytganda qo'lni ko'tarish). Bu yerda ruku'dan turganda qo'lni ko'tarish zikr qilinmadi.
    Yuqoridagi rivoyatlarning barchasiga teskari rivoyat qilinishi.

Imom ibn Abi Shayba r.a. o'zlarining “Musonnaf” nomli kitoblarida quyidagini rivoyat qilganlar:

"حدّثنا أبو بكر ابن عيّاش ، عن حصين ، عن مجاهد ، قال : ما رأيت ابن عمر يرفع يديه إلا في أوّل ما يفتتح "
 

Abu Bakr ibn Ayyosh Husayndan, u Mujohiddan : “Ibni Umar r.a.ni avvalgi takbirdan boshqa joyda qo'l ko'targanini ko'rmadim.” [12]

Yuqoridagi rivoyatlarning barchasini turli muhaddis ulamolar Abdulloh ibn Umar r.a.dan rivoyat qilganlar. Bu rivoyatlar bir-biriga 
teskari zid rivoyatlar bo'lgani uchun ham qabul bo'lmaydi. Shuning uchun ham Hanafiy mazhab ulamolari bu rivoyatlarni qabul qilmaganlar. Chunki, qo'l ko'tarmaslik haqida o'ttizga yaqin sahih va hasan hadislar mavjud bo'lib, quyidagi isnod uning ichidagi eng sahih va mashhuridir:

" أبو حنيفة ، عن حمّاد ابن أبي سليمان ، عن إبراهيم النّخعي ، عن الأسود و علقمة ، عن ابن مسعود رضي الله عنه ، عن النّبيّ صلّي الله عليه و سلّم "
Muhammadayub Usmon

[1] Buxoriy rivoyati.
[2] 
An'om surasi 82-oyat
[3] Abdulloh ibn Mas'ud (r.a.)dan imom Buxoriy va imom Muslim 
rivoyati.
[4] Uqba ibn Omirdan imom Buxoriy rivoyati.
[5]Abu Hurayra r.a.dan imom Muslim 1j. 
12 – bet 7-8 raqam, imom Ahmad 7919, 8241 – raqam bilan rivoyat qilganlar.
[6] Abu Hurayra 
r.a.dan imom Muslim 1j. 12 – bet 6 – r, imom Abu Dovud 4340 – r, “ Al-komil fi zu'afair 
rijal ” 7j.203 – bet.
[7] Abdulloh ibn Mas'ud r.a.dan imom Muslim 1j. 12 – bet, “ Tafsirul 
Qurtubiy ” 1j. 422 – bet.
[8] Muxammad ibn Siyriyn r.a.dan imom Muslim 1j. 14 – bet, imom 
Dorimiy 421, 425, 430-r, ibn Abi Shayba “ Musonnaf ” 5j. 334 – bet, imom Xoysamaning 
hadisi 1j. 167 – bet, “ Ahvalur rijal ” 1j. 36, 211 – bet, “ Siyaru a'lomin nubalo ” 4j. 611 – 
bet, 5j. 343 – bet imom Molik r.a.dan, “ Jomi'ut tahsiyl ” 1j.73 – bet, “ Zu'afaul Aqiyliy ” 
1j.7 – bet, “ Tahzibul kamol ” 25j. 352 – bet, 26j. 438 – bet imom Molik r.a.dan, “ At-
ta'diyl vat-tajriyh ” 2j. 677 – bet, “ Tariyxu Jurjon ” 1j. 473 – bet imom Molik r.a.dan, “ 
At-tobaqotul kubro ” 7j. 194 – bet, “ Mu'jamul muhaddisiyn ” 1j. 228 – bet, “ Kashful xofa ” 
1j. 302 – bet, “ Al-'ilal va ma'rifatur rijal ” 3j. 67 – bet, “ Tadribur roviy ” 1j.301 – 
bet, “ Adabul imlo val istimlo ” 1j. 55 – betlarda rivoyat qilganlar:

" إنّ هذا العلم دين فانظروا عمّن تأخذونه ، ذهب العلم و بقي منه غبرات في أوعية سوء "

[9] Muxammad ibn Siyriyn r.a.dan imom 
Muslim 1j. 15 – bet, “ Jomi'ut tahsiyl ” 1j.58, 69 – bet.
[10] Imom Muslim 1j. 15 – bet, “ 
Al-jarhu vat-ta'diyl ” 2j. 16 – bet, “ Tadribur roviy ” 2j. 160 – bet, “ Ma'rifatu 'ulumil 
hadis ” 1j. 6 – bet, “ Adabul imlo val istimlo ” 1j. 7 – bet.
[11] “ I'laus sunan ” 2j. 151 - 
bet.
[12] Ibn Abi Shayba “ Musonnaf ” 1j. 214 – bet. 2454 – raqam.

Muallif Muhammad Ayub Usmon