Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Odinaxon Muhammad Yusuf
Odinaxon Muhammad Yusuf olima - 23 Avg 2022

Ilmga amal qilmaslik

img

Ilmga amal qilmaslik

Talabi ilmga to'siq bo'ladigan omillardan yana biri ilmga amal qilmaslikdir. Ilmga amal qilmaslik ilmning barakasini o'chiruvchi sabablarning eng asosiysi, shuningdek, ilm sohibining ziddiga hujjat bo'ladigan sabablardan biridir. Allohu subhanahu va taolo Soff surasida: «Qilmagan narsangizni gapirishingiz Allohning nazdida qattiq yomon ko'rilgandir» deydi (3-oyat). Shuning uchun ham solih salaflarimiz bilganlariga amal qilishga o'ta haris bo'lishgan. Ulug' sahobiy Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Bizdan bir kishi o'n oyatni o'rgansa, uning ma'nolarini bilmagunicha va unga amal qilmagunicha boshqalariga o'tmas edi».

Ali roziyallohu anhu: «Ilm amal ila xitob qiladi, amal javob bersa berdi, bo'lmasa ilm qochadi», deganlar. Chunki ilm va amal juftdir: yo birga bo'ladi, yo barobar ko'tariladi. Agar ilm amalsiz bo'lsa, sohibining ziddiga hujjat bo'ladi.

Bishr Hofiy: «Hadisning zakotini ado eting. Har bir ikki yuz hadisdan beshtasiga amal qiling», deydi.

Ilmga amal qilish ilmni mustahkamlashga yordam beradi. Bunga misol qilib «Fotiha» surasini keltirishimiz mumkin. Har kungi besh mahal namozlarimizda qayta-qayta o'qiganimiz sababli u zehnlarda boshqa suralardan ko'ra mustahkam joy olgan. Shuningdek, ertalab va kechqurun o'qiladigan duolarni olib ko'raylik. Inson yodlashga harakat qilgan sari yodlashi osonlashaveradi. Tashlab qo'ysa, yodlaganlari ham unutilib ketadi. Qancha ko'p takrorlasa, shuncha zehnga yaxshi o'rnashadi. Mustahkamligi unga amal qilish qadaricha bo'ladi.

Zahabiy rahimahulloh o'z zamonalari haqida: «Ammo bugungi kunda kam ilmlardan ham faqat juda kami qoldi va u oz kishilarda, ulardan o'sha oziga amal qiladiganlari buncha ham oz! Bizga Allohning O'zi yetarli va U qanday ham yaxshi vakil», deydi. Bu Zahabiyning hijriy sakkizinchi asrda aytgan gapi bo'lsa, bugungi kundagi holimiz haqida nima deyish mumkin?!

Har bir kishi Robbiga bo'lgan gumonini yaxshi qilgan holda mujohada qilsin. Alloh latif Zotdir, xohlagan bandasiga buni nasib etadi.

Alloh bizga bergan bu ilmning zakotini ado etish ham lozim. Molning zakoti o'ndan biridan choragidir. Ilmning zakoti esa unga amal qilish va uni o'zgalarga o'rgatishdir. Mashoyixlar: «Har bir musulmon va muslimaga to'rt masalani bilish vojib: birinchisi,  ilm, ikkinchisi, unga amal qilish, uchinchisi, unga chorlash va to'rtinchisi, uning yo'lida ozorlarga sabr qilish», demishlar.

Odinaxon Muhammad Yusuf