Tizimga kirish


Yoki

Ro'yhatdan o'tish


yoki

Parolni tiklash

Ahmad Muhammad Tursun
Ahmad Muhammad Tursun Yozuvchi - 02 Iyun 2023

Hurlik nimadir?

img

Inson hur tug'iladi va hurligicha vafot etadi. U tug'ilmasidan oldin va o'limi oldida uning hurriyatiga Allohdan o'zga hech bir zot daxl qilolmaydi. Mashhur shoir aytganiday: “...ki sen ham hur tug'ilg'onsan”. Inson Alloh taolo belgilagan chegaralarga ko'ra hamma narsada hur: u ehtiroslarini so'ndirish, g'azabini jilovlash, qalbi bilan kurashish, bad niyatlarini daf qilish, yaxshi amallarini ko'paytirish ixtiyoriga ega. Inson o'z boyliklarini, hatto o'z jismini qurbon qilish erkiga ega. Haqiqat yoki yolg'onni gapirish, ta'qiqlangan narsalardan yuz o'girish, yaxshi va yomonni tanlash ixtiyori ham uning o'zida. U nazarini begona chehralardan o'girishga qodir. Tilini so'kishlardan, g'iybat va bo'htonlardan asray oladi. Yana u nafsi so'ziga kirish va kirmaslik, shayton yo'lidan yurish va yurmaslik hurligiga ham ega. Bu masalalarda hamma ozod, ammo bu ishlari uchun oxiratda hisob beradi va barcha masalalarda Alloh taolo hammani qattiq so'roq qiladi.

Ammo bu yerda so'z borayotgan ozodlik nisbiy tushuncha, aslida mutloq ozodlik degani emas, bu hurlik batamom, mutloq hurriyatni anglatmaydi. Inson o'z majburiyatlaridagina ozod, hurdir. U ulg'aya boshlashi bilan uning hurriyatini cheklaydigan, erkinligiga xavf soladigan turli katta-kichik omillar, sabablar paydo bo'la boshlaydi: “buni qilma, qonunlarga zid”, “uni qilma, jamiyat ustingdan kuladi”, “bunday yo'l tutma, chegarani buzyapsan”, “unday qilma, o'zgalarni xafa qilyapsan”. Biz mas'uliyatni his etamiz va qilgan xatolarimizdan afsuslanamiz. Qachon ezgu amallarni qilsak, ruhimiz taskin topadi. Juda ko'p imkoniyatlarimizni sarhisob qilarkanmiz, biz har lahzada nimanidir tanlaymiz. Chunki tafakkurimizning eng muhim vazifasi – tanlash, bir narsani boshqasidan afzal ko'rishdir. Bu ozodlikni yana shu narsa tasdiqlaydiki, qalbni o'zi yoqtirmagan biror narsani sevishga aslo majburlab bo'lmaydi. Ayol kishini do'q-po'pisa, kaltaklash bilan yechintirish mumkin, lekin uni hech qanday kuch sevishga majbur qilolmaydi. Buning ma'nosi shuki, Alloh taolo qalblarimizni turli-tuman zo'rlov va majburlashlardan xalos qilgan, ya'ni U ularni ozod qilib yaratgan.
Shuning uchun Alloh taolo qalb va uning intiluvlarini tafakkurning asosi qilgan. Jazo bilan qo'rqitib dinidan chiqarilgan dindor, agar u iymonsizlik va shubhalardan xoli bo'lsa, buning uchun jazolanmaydi. Shuning uchun Alloh taolo: «Lekin kim qalbi iymon bilan orom olgani holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, (uning iymoniga ziyon yetmas)» degan. (Nahl, 106).
Asl hurlik o'zi nima? Inson qachon batamom hur, ozod bo'la oladi? Islom mutafakkirlari bu savolga bunday javob berishgan: “Chinakam hurlik Allohga qullik qilishdadir”. Inson Allohga qullik qilmas ekan, bandalarga, shaytonga yo nafsiga qullik qilishga majbur. Musulmon tafakkuri donishmandlari nazdida imongina, Allohga bandalikkina insonni odamlarga qullik xorligidan Allohga qullik sharafiga, maxluqqa qul bo'lish baxtsizligidan Allohga bandalik saodatiga olib boradi. “Agar insonlar Allohning ulug'ligi haqida fikr yuritganlarida, Unga isyon qilmas edilar”, degan Bishr Xofiy. “Menga taqdir hukmlariga rozi bo'lishdan o'zga xursandchilik qolmadi” deydi Umar ibn Abdulaziz. “Yuksalmoq yuksaklarga ko'ngil bermoqdan boshlanadi” deb yozadi Ali Suad. Qobusning esa mana bunday gapi bor: “Kelish va ketish – hayot va hurriyat, to'xtab qolish esa o'limdir”.
Allohga bandalik, qullikkina inson sharafini ulug'laydi, uning martabasini ko'taradi, insonlarga mute'lik sharmandaligidan xalos etadi. “Ma'naviy qullikdan sharmandaliroq mute'lik yo'q”, degan Seneka. Allohga bandalik, Yaratgan Xoliqqa, buyuk Parvardigorga qullik qilmaydiganlar “chinakam hurriyatga erishganmiz”, deya o'ylasalar-da, bilib-bilmagan holda boshqa narsalarning quliga aylanib bo'lishgan. Masalan, Allohga bandalik qilmaydigan kishi aslida shaytonning yoki nafsining qulidir. Allohga isyon, itoatsizlik qilyaptimi, demak, shaytonning yo'liga kirib bo'lgan: Alloh buyurganiga qaramay, gunohdan qaytmaydi, yomon yo'llarda yuradi, buzuqlik qiladi, U zot harom qilgan narsalarni iste'mol qiladi. Shaytonga va nafsiga qul bo'lganlar uchun go'yoki bu dunyo hayoti mavjud, xolos. Ular o'zlarini kim yaratgani, nega dunyoda kelgani, oxirat dunyosidagi oqibat nima bo'lishi, Alloh huzurida hisob-kitobdan o'tishlari haqida o'ylab ham ko'rishmaydi. Buni istashmaydi ham.
Allohga qullik qilishni istamadimi, demak, insonlarga qullik qilish yo'lini tanlagan: boshiga bir ish tushsa, Parvardigoriga iltijo qilmaydi, “falonchi akam qo'llaydi, jonimga oro kiradi” deb o'ylaydi. Rizqni Alloh berayotganiga aqlini ishlatmaydi, falonchi tufayli katta pul topyapman, degan xayolga boradi. Allohga bandalik qilmaydigan odam hech bo'lmaganda nafsining quliga aylanadi, ana shu katta dushmaniga itoat qilishni boshlaydi. 
“Boshingga qanday ish tushmasin, hammasi avvaldan taqdiringga yozib qo'yilgan. Zero, chigal sabablar ibtidodanoq sening mavjudligingni shu ishlarga bog'lab turadi”, deydi Mark Avreliy Antonin. Yoki Alloh belgilagan chegaralarda hurriyat izlaydiganlar baribir jamiyat qonunlarining quligiga mahkumdirlar. Sitseron Mark Tulliy bunday degan: “Ozod bo'lish uchun qonunlarning quliga aylanishga to'g'ri keladi”. Allohdan qo'rqmaydiganlar to'la hurlikka erishmagan, ular baribir insonlardan, rahbarlardan, o'zlaridan mansab yoki boylikda ustun kimsalardan qo'rqishadi. “O'zgalardan qo'rquvchi kimsa, garchi o'zi buni sezmasa-da, quldir” degan ekan o'tmish donishmandlaridan Antisfen. Ayrim insonlar Parvardigorlaridan qo'rqishmaydiyu, ammo U zotning balo-ofatlaridan qattiq qo'rqishadi. Vaholanki, atoqli Islom olimi Muhammad Zohid Qo'tqu aytganiday, “Dunyodagi turli ofatu balolar ham Robbil olamiynning lutfu ehsonidir, bandasini O'ziga qaratmoq va iltijo ettirmoq uchun bir vasiladir”. 
Insonlar ana shu haqiqatni tan olmay, hurriyat masalasida hamisha adashuvda bo'lgan. Islom dini shaxs hurriyatini ilohiy mezon o'lchovlarida baholadi, chinakam ozodlik nimada ekanini ko'rsatib berdi. Islomning buyuk adolati shundaki, u barcha insonlarni hur, teng va nasab-mansabda baravar, deb e'lon qildi. Agar shunday bo'lmaganida quldorlik avjiga chiqqan bir davrda yuborilgan bu din qul bilan xojani bir maqomga qo'ymagan bo'lur edi. Masalan, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning Ammor ibn Yosir, Bilol Habashiy, Salmon Forsiy kabi o'nlab sahobalari musulmon bo'lishgunicha qul edilar. Aynan Islomgina qul ozod qilishni ibodat va gunohlarga kafforat (evaz) darajasiga ko'tardi, ayni shu dingina qulining aybi uchun bir tarsaki tushirgan xojaga bu gunohi evaziga o'sha qulini ozod qilishga buyurdi. 
Ammo Islomdan bexabar yoki dahriylik jamiyatlarida asl hurriyatni Allohga bandalik, qullik qilishda emas, inson xohish-istaklariga to'la erk berishda deb tushunishadi. Ular nazdida hatto Allohga itoat, dindorlik, xudojo'ylik shaxs erkini jilovlash, uning hurriyatiga to'siq qo'yish manbalari emish. Vaholanki, jamiyatda boshqaruv nizomi, e'tiqodiy dastur yo'qolsa, insonlar asl fitriy qiyofalarini yo'qotib, hayvonga aylanishgan va alal-oqibat insoniylikdan mahrum bo'lib, halokat sari ketishgan bo'lur edi. 
Buni bugungi G'arb olami misolida ko'rish mumkin. Bu jamiyat o'zidagi Parvardigorga itoatgo'ylikni, diniy e'tiqodni yo'qotib, o'rniga «demokratiya», «hurlik», «erkinlik» niqobi ostidagi hayvoniy hirs va nafsiy buzuqliklarni taklif etmoqda. Bu jamiyatda bangivorlik, fohishalik, axloqni nazar-pisand qilmay ko'ngliga yoqqan ishni bemalol qilish (bu ularda «inson huquqlari» deb ataladi) kabi illatlar chinakam hurriyat, insoniy qadriyat emish, bularni hurmat qilish kerak emish. G'arb o'zini inson huquq-erkinliklari, hurriyati homiyi deb, demokratiyani esa chinakam hurriyatga erishishning birdan-bir vositasi deb e'lon qilganiga qaramay, agar yaxshilab mulohaza yuritilsa, aynan ana shularning inson hurriyatiga tajovuz qilayotganiga ishonch hosil qilish mumkin. 
G'arb tiqishtirayotgan, majburlayotgan bu demokratiyaning, bu «madaniyat»ning, bu “hurriyat”ni musulmonlar tan olishmaydi. Zarur bo'lsa, chinakam hurriyatni, haqiqiy adolatni, munofiqlikdan xoli demokratiyani ularga Islomning o'zi o'rgatib qo'yadi. Bundan o'n besh asr muqaddam u chinakam hurriyat qanday bo'lishini butun dunyoga ko'rsatib qo'ygan. Oddiy sahroyi arab Islom dunyosining rahbari Muhammad alayhissalom huzurlariga kelib, xohlagan narsasini so'rab, xohlagan iltimosini izhor eta olishi asl hurriyat emasmi? Mo'minlar rahbari Umar ibn Xattob ko'chada ketayotganida bir kampir to'xtatib olib, qattiq tanbeh berganida «Bu mushtipar ayolning arzini Alloh eshitadiyu, Umar eshitmasinmi?» deb hayqirishini hech bir hurlik jamiyati orzu ham qilolmaydi. 
Islomdan bexabar yurtlarda kishilarning hurlik, ozodlik haqidagi tushunchalari nihoyatda buzilib ketgan yoki noto'g'ri tushunchalar jamiyat a'zolariga zo'rlab tiqishtirilmoqda. Ularda inson ko'ngliga yoqqan ishni bemalol qila olish, axloq me'yorlarini nazar-pisand qilmaslik, ilohiy nizomlarga bo'ysunmaslik, o'ta xudbinlik va johillik chinakam erkinlik, hurriyat sanaladi. O'zining hamma narsada hur sanaydigan G'arb jamiyatining komillikda va shaxs erkinligini ta'minlashda maqtaladigan qonunlari aslida insonlarni nafs va shaytoniy ishlarda erkinligini ta'minlagan esa-da, asl insoniy huquqlarda ular haqqini hamisha poymol qilib kelgan. Tarixda bunga misollar juda ko'pu, buni birgina “ayollar hurriyati” misolida ham ko'rish mumkin. 
Islom va ayol, ayollar «hurriyati va erkinligi» masalasi G'arb hamisha musulmonlarga iddao qiladigan, malomat toshlarini otadigan masalalardan sanaladi. Ammo tarixga xolis nazar tashlaydigan bo'lsak, aksincha musulmonlar g'arbliklarning o'zlarini ayollar huquqini poymol qilishda, ularning hurriyatini bo'g'ishda, xotin-qizlarni xo'rlash va kamsitishda ayblashga haqliroq tuyuladi. Islom dini bundan o'n besh asr muqaddam ayolni oliy martabaga ko'tardi. U butun insoniyat payg'ambari Muhammad alayhissalom tillari bilan «Jannat onalar oyog'i ostidadir», «O'z xotiniga mehr-shafqatli bo'lgan kishilar eng yaxshilaringizdir», deb e'lon qildi. Islomda erkaklarga o'z ayollariga yaxshi, xush muomalada bo'lish, ularni urmaslik, ilm olishiga va dinini o'rganishiga sharoit yaratib berish, taom, kiyim, boshpana va ro'zg'or ashyolari bilan ta'minlash, nikohda mahrini berish kabi ko'plab majburiyatlar yuklangan. Dinimiz hatto urush paytida ham ayollar va bolalarni o'ldirishni man etgan. 
Islomda ayollar huquqi quyidagi to'rt tamoyilga asoslangan: birinchidan: Islom ta'limoti ayolga erkakka bergan huquq va vojibotlarni ayolga ham berdi; ikkinchidan: Islom ta'limoti quyidagi o'rinlarda er va ayol huquqlarini teng deb biladi, moliyaviy muomalalarda ayolning o'z moli va boyliklarini tasarruf qilishda ixtiyori o'zidadir, eri yoki otasining aralashuvisiz tijoriy shartnomalarni ixtiyoriy ravishda o'zi tuzishga haqlidir, erkaklar moliyaviy muomalalarda qanday huquqlarga ega bo'lishsa, ayollar ham xuddi shunday huquqlarga egadir; ilm va ma'rifatni o'rganish va talab qilishda ham ayol erkak bilan teng huquqqa ega; din ta'limotlariga rioya qilgan holda joni, sog'lig'i, aqlini saqlash va rivojlantirish, aqli va jismi islohoti bilan bog'liq bo'lgan hamma ishda ayol erkak bilan barobar huquqqa ega; uchinchidan: qiz bola akalari, amakilari yoki boshqa qarindoshlariga og'ir yuk bo'lmasligi uchun Islom ayolga ota-onasidan meros olishida o'g'il merosining yarmi hisobida belgiladi; to'rtinchidan: Islom shariati xotinni er uyidan mas'ul bo'lishida erkak kishi maqomi bilan barobar o'ringa qo'ygan. 
Vaholanki, Islomgacha bo'lgan davrda va u yetib bormagan o'lkalarda yaqin-yaqingacha ayolni inson sifatida ko'rishmagan. Yer yuzida ayolga adolat bilan qaraydigan birorta jamiyat yo'q edi. Masalan, qadim Hindistonda ayol turmush qurish, meros olish va boshqa haqlardan mahrum edi, eri o'lganda u marhum eri bilan tiriklayin gulxanda kuydirilardi. Budda o'z e'tiqodiga ergashuvchilarni ayolga qaramaslikka, u bilan suhbatlashmaslikka majbur qilgan. Mesopotamiyadagi shumerlarda eridan ajrashmoqchi bo'lgan ayolni tiriklayin daryoga otishgan. Qadimgi Yunonistonda ham ayol xor va haqir sanalardi, u bozorda olib-sotiladigan mol kabi edi. Yunon madaniyati cho'qqisiga chiqqani sayin ayolning ahvoli og'irlashdi. Ayollar zavq vositasi va shahvatlarni qondiradigan bir ermak holiga keldi. Farzand ko'rish maqsadi yo'qoldi, ayollarni eridan boshqa erkaklarga qo'shish avjga chiqdi. Yunon madaniyati bu axloqsizlik, buzuqlik tufayli tarix sahnasidan tushib ketdi. Qadimgi Rimda ham ayol nochor, baxtsiz edi. Xitoy – Chinda ayol inson sanalmas, hatto ism qo'yishga orlari kelib, «bir, ikki, uch» kabi raqamlar bilan chaqirilardi. Nasroniylik dini ayolni «iflos», «yo'ldan ozdiruvchi», «iblisning quroli» degan sifatlar bilan «ulug'lardi». Ayni nasroniylikdagi rohiblik aqidasi, ya'ni bo'ydoq o'tish fikri ayol haqidagi manfiy qarashlarning natijasi edi. Milodiy 586 yili Fransiyada o'tkazilgan bir anjumanda «Ayol insonmi yoki inson emasmi?» degan masala muhokama qilindi. O'n sakkizinchi asr poyonida Fransiya inqilobi qullikni bekor qilish haqida qonunni qabul qilar ekan, «bundan go'daklar, telbalar, ayollar mustasno», deb qo'shimcha kiritgan. Ayolning mustaqil mulkdorligi huquqini Ovrupa Islomdan o'n uch asr keyin tan olgan. 
Islom kelmasidan oldingi johiliyat zamonida Arab jazirasida ham ayolning hech qanday haq-huquqi bo'lmagan. Erkaklar behisob uylanishar, joriyalarini fohishalik qilib pul topishga majburlashar, ayol zoti bilan bir xonada o'tirishmas edi. O'sha paytda Quraysh, Hind kabi qabilalarda qiz bola tug'ilsa, tiriklayin ko'mib yuborishdek qabih bir odat bor edi. Qiz tufayli yo'qsillik kelishi yoki uning oilaga dog' tushirishi, urushda asir tushib nomusi bulg'anishini o'ylab shunday yo'l tutishardi. Nikoh, mulk tasarrufi, axloq sohasida ularning huquqlari paymol etilardi, izzat-nafslari kamsitilardi, inson sifatida xo'rlanardi. 
Ayolarni shunday og'ir ahvolga solgan g'ayriislomiy o'lkalar bugunga kelib o'z to'rvalarini Islom yelkasiga ortishga urinishadi. Islomda ayollar huquqi, hurriyati qaysi sohalarda poymol etilayotgani haqida soatlab jo'shib-qaynab bahs yuritishadi. Emishki, Islomda ko'p xotinlilik, ayolning to'rt devor ichiga qamab qo'yilishi, «majburan» hijob o'ratish, unga oilada qulday qaralishi, eriga so'zsiz bo'ysunishi, merosda ular erkaklar ulushining yarmini olishi kabilar ayollarning huquqi, hurriyati, erkinligi buzilayotganidan darak berarmish. 
G'arbda ayollar tenghuquqliligi (feminizmi) uchun olib borilgan uzoq kurashlar ayollarga baxt-saodat, hurriyat, oilaviy farog'at o'rniga cheksiz kulfat, baxtiqarolik, onalik saodatidan mosuvolik va xo'rlik olib kelganini bugun hech kim inkor eta olmaydi. Bir vaqtlar asosiy vazifasi uy-ro'zg'or ishlariyu farzand tarbiyasi va erlarini baxtiyor qilishdan iborat bo'lgan ayollar hozirgi zamonda jamiyatning, oilaning barcha tashvish va muammolariga erlari bilan baravar mas'ul, javobgar bo'lib qolishdi. 
Sharq ayolining «og'ir qismati», «fojiali hayoti», «to'rt devor ichida qolib ketayotgani» haqida zo'r berib ayyuhannos solayotgan Ovrupodan, G'arbning boshqa o'lkalaridan «Sizlar hurriyatga erishtirgan ayollaringizning ahvoli qalay?» deb so'raydigan mardning o'zi yo'q. Fransiyaning 1789 yilgi inqilobida ayollar hurriyatini talab qilganlar ayol va erkak teng bo'lsin, ayollar iqtisodiy mustaqil bo'lsin va erkin hayot kechirsin, degan masalalarni o'rtaga qo'yishgan edi. O'tgan davr mobaynida G'arb ayollari ana shu huquqlarning hammasiga erishishdi. Ammo onalik va oila farog'atiga moslashgan ayollik fitratiga xilof bu majhul erkinliklar ularni baxtiyor qilolmadi. Saodat va orom-osoyishtalikka eltuvchi fitriy vazifalaridan uzoqlashtirib yubordi. G'arb ayollari jamoat ishlarida qatnashish, uy-oilada, fabrikada ishlash, jamiyat ko'ngilxushliklariga berilish, qahvaxona va bazmlarda qo'shiq aytish va raqs tushish, erlar olqishini olish uchun go'zallik tanlovlari va boshqa ko'ngilochar tadbirlarda qatnashish bilan ayolligidan ajradi, o'zligini yo'qotdi. 
Ayollarga “chin hurriyat”ni va'da qilgan g'arb dunyosi ayollarni xo'rlash, haqqini poymol qilishning yangi-yangi usullarini o'ylab topmoqda. Bora-bora ayollar hatto erkaklar ishlashga ko'nmaydigan og'ir, zararli ishlarga jalb qilinadigan bo'ldi. Ovrupa o'lkalarida bir xil ish uchun ayollar olayotgan maosh erkaklarnikidan ancha kam. Hozirga kelib ayol shaxsiyati shunchalik yerga urildiki, endi sarmoyadorlar va zavodchi boylar bozori kasod mollarini o'tkazish, ovoza (reklama) va tashviq qilish uchun ayollarning yuzidan, faqat erlari ko'rishga haqli bo'lgan qomatidan va pinhona go'zalliklaridan keng foydalanmoqda. Iqtisodiy jihatdan mustaqillikka erishgan ayol shunda ham negadir baxtiyor bo'la olmadi. Ayol pul topa boshlagach, moliyaviy jihatdan erkakka qaramlikdan «qutildi», unga bog'lab turgan bir rishta uzildi. Endi jinsiy hayotdan o'zga ularni yaqinlashtirib turgan narsa qolmadi. Ayrimlari esa ana shu so'nggi najot arqonlarini ham shartta kesib tashlab, o'zini «to'la hurriyat», ya'ni fahsh, zino, ko'cha ehtiroslari quchog'iga otdi.
G'arbdagilarning inson hurligi, erki xususidagi fikrlashlarida ko'p uchraydigan xatoliklardan biri shuki, ular erkni Alloh irodasidan, uning Yagona hukmidan ustun turuvchi narsa, deb tushunishadi. Hurlik, ozodlik haqida gapirganlarni Allohning irodasini ko'r-ko'rona amalga oshiruvchi yordamchilariga aylanib qolganlikda ayblamoqchi bo'lishadi. Bular noto'g'ri tushunchalardir. Insonning erki hech qachon Alloh irodasidan ustun bo'lolmaydi. Inson ba'zan Allohga maqbul bo'lmagan biror ishni qilishi mumkin, ammo u aslo Allohning irodasiga qarshi bora olmaydi. Bu yerda inson erki nisbiyligining boshqa jihati ko'rinib turibdi. Gohida Alloh taoloning roziligisiz va shariat qonunlariga qarshi bo'lsa-da, qiladigan barcha amallarimiz ham Uning irodasi bilan bo'ladi. Bizning erkimiz – Yaratuvchining O'z irodasi bilan bizga yuborgan tuhfasi. Biz buni Robbimizdan zo'rlik bilan tortib olmaganmiz. Erkimiz – Uning irodasi, xolos. U: «Sizlar faqat Alloh xohlagan vaqtidagina xohlarsizlar», degan (Inson, 30). Yana bir oyatda: «Agar Parvardigoringiz xohlasa edi, butun Yer yuzidagi barcha kishilar iymon keltirgan bo'lur edilar. Axir siz odamlarni mo'min bo'lishga majbur qilurmisiz?» deyilgan (Yunus, 99). Alloh hech kimni kuch bilan iymonga kelishga majburlamaydi, zo'rlamaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo O'z rasuliga: «Ularni hidoyatga boshlash sizning zimmangizda emas, balki, Alloh istagan kishilarni hidoyat qiladi», deydi (Baqara, 272).
Taqdir va azaliyotni yuqoridan insonlarga majburlab belgilab berilgan narsa, deb tushunmaslik kerak. Alloh taolo har bir kishining taqdirini uning ruhiy intilishlari, aqliy imkoniyatlariga bog'liq holda belgilab bergan. Alloh har bir kishining mashg'uloti, intilishlaridan qat'i nazar, uning o'z rejalarini amalga oshirishini istaydi. Alloh taolo insonga u aniq tanlagan narsasini beradi, chunki Alloh har bir kishi uchun u sevgan va intilajak narsasini tanlab beradi. Qur'oni karimda bunday deyilgan: «Kim (o'z amali bilan) oxirat ekinini (ya'ni savobini) istar ekan, Biz unga ekinini (ng hosilini) mo'l-ko'l qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o'shandan (dunyo matolaridan) berurmiz va uning uchun oxiratda biror nasiba bo'lmas!» (Sho'ro, 20). 
Inson erki – doimiy bo'lmagan nisbiy tushunchadir, u vaziyatga qarab o'zgarib turishi mumkin. Inson bilim vositasida, ya'ni mehnat kurslarini, harakat vositalarini, aloqani ixtiro qilish yordamida o'z erki sarhadlarini kengaytirishi mumkin. U masofani qisqartirishi, zamon va makondagi to'siqlarni yenga olishi mumkin. Atrof-muhitni o'rganar ekan, inson unga xo'jayinlik qilishi va undan foydalanishi mumkin. Odamlar issiqni, sovuqni, zulmatni yengishni, baland cho'qqilarni zabt etishni o'rgandilar va bu bilan o'z erklarining harakat doirasini kengaytirdilar.
Ilm zanjirlardan xalos bo'lish yo'li, ozodlikka yo'l ochish imkoniyatidir. Lekin ozodlik sarhadlarini kengaytirishning asosiy vositasi – iymonga kelishdir. Alloh taologa yaqinlashish tufayligina kishilar ko'proq erkinlikka chiqadilar. Undan mag'firat va najot oladilar. Abu Homid G'azzoliy inson taqdiri muammosini ikki jumla bilan bayon etib bergan: «Inson o'z bilganlari sohasida erkindir, bilmaydiganlari sohasida erksizdir». Bundan kelib chiqadiki, inson har safar o'z bilimlarini kengaytirarkan, bu bilan o'z erki sarhadlarini ham kengaytiradi. Bu erkinlik qay yo'sinda bo'lmasin, baribir Alloh taolo tomonidan berilgandir. Bundan xulosa shuki, chinakamiga hur, ozod bo'lishni istagan banda faqat Allohga bandalik qilish orqaligina bunga erisha oladi.

Muallif Ahmad MUHAMMAD