Kinorejissyor Zulfiqor Musoqov o‘zbek boks maktabi asoschisi Sidney Jekson hayoti va faoliyati haqida badiiy film ishlamoqchi. Rejissyor film ssenariysini “O‘zbekkino” badiiy kengashiga topshirgan.

Filmning xomaki nomi: “Jekson va uning nabirasi”.

“Film AQSH fuqarosi Sidney Jekson, umuman bir odamning taqdiri haqida. Jekson 1916-yilda taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan va butun umrini shu yerda o‘tkazib, o‘zbek boksining rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Sidney Jeksonning shogirdlari jahon chempioni bo‘lishdi. Uning qabri Toshkentda, Botkin qabristonida”, – deydi Zulfiqor Musoqov.

Sidney Jekson 1886-yil Nyu-Yorkda tug‘ilib, 1968-yili Toshkentda vafot etgan.

Film ssenariysini Musoqovning o‘zi yozgan.

Rejissyor 2018-yili “Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmini suratga olgan edi va film shu yili “Nika” kinotanlovida ishtirok etdi.