Minbar muxbiri kinorejissyor Zulfiqor Musoqov bilan o‘zbek kinochiligidagi konkret muammolar, kinodagi guruhbozlik, jamiyatdagi ijtimoiy masalalar haqida suhbatlashdi.

– OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda faolsiz, o‘zbek kinochiligidagi muammolardan tortib ba’zan ijtimoiy masalalargacha hamisha munosabatingizni bildirib kelasiz. Bugun hayotimizdagi qaysi ijtimoiy muammolar sizni o‘ylantiradi?

– Bir jinim yoqtirmagan gap bor: «Nichego lichnogo, tolko biznes» – tarjimasi: «Hech qanday shaxsiy munosabatim yo‘q, faqat biznes…». Bu G‘arbdan kelgan o‘ta nopok ibora oldin rus tiliga, endi esa bizga ham yetib keldi. G‘irt yolg‘on gap. Inson tirikmi, u shaxs bo‘lar ekan, hayotdagi xamma narsaga shaxsiy munosabati bo‘ladi. Albatta, oddiy odam sifatida, ota, buva sifatida meni juda ko‘p muammolar tashvishlantiradi. Xudoga shukur, tinchlikda yashayapmiz. Lekin hayotimda har kuni ko‘plab savollar tug‘iladi. Bu savollar har bir fuqaroni tashvishlantirayapti menimcha. Kim bu savollarimga javob beradi, bilmayman. Ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy xat almashishdan tashqari barcha chiqishlar OAVga aylangan. O‘zbekistonda millionlab odamlar sotsial tarmoqlarga kirib turadi. XXI asr axir. Internetni inkor qilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, kimgadir internet chiqindilar, fisqu fasod, chaqimchilik uchun bir chelak, lekin afsuski ko‘pchilik oddiy odamlarning muammolarini hal qilishda internet bizda yagona oshkoralik vositasi bo‘lib turibdi. Ko‘plab oddiy odamlarning muammolarini hal qilishga yordam berayapti.

– Masalan, sizni qanaqa muammolar tashvishlantirayapti?

– Muammolar ostonamdan boshlanadi. Har kuni ba’zi bir farosatsiz odamlar ko‘chaning yuziga chiqindi tashlab ketishadi, vaholanki, yigirma metr narida maxsus axlat qutisi bor, biz har oy pul to‘laymiz. Hattoki devorimga ikki tilda «CHO‘CHQA BO‘LMA, AXLAT TASHLAMA!» degan plakat osib qo‘yganman. Tepamda bir Amal ismli yosh boyvachchaning uyida qarindoshi – qo‘shnim yashaydi, uch marta uyimni suv bostirib, yangi remontimni dabdala qildi. Sudga borsam, sudya menga o‘nlab hujjat topshirishingiz kerak, isbotlashingiz kerak dedi odam o‘rnida ko‘rmay. Jabrlanuvchi hali o‘zining dardini isbotlashi kerakmi? Bekordan bekorga birovga tuhmat qilib jinni emasman-ku? Hatto bir marta bo‘lsa ham «Qo‘shnichilik, otaxon, bizdan o‘tibdi, mana aybimizni yuvish uchun remont qilib beramiz» degani yo‘q. Kino qiladigan mavzu: bir marta o‘sha qo‘shnining yosh bolasini onasi tepada gap sotib o‘tirganida hovlida katta yuk mashinasining tagidan sug‘urib oldim. Kulishni ham bilmaysan, yig‘lashni ham. Hoy, bolangga qaramaysanmi desam, siz borsiz-ku, qo‘shni deydi. Albatta, bu mayda narsalarga e’tibor bermasligim mumkin, lekin bu mayda nuqsonlar yig‘ilib, oddiy odamlarning asabiga, qolaversa, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti. Savollarim juda ko‘p: nimaga mashinalarni tonirovka qilish faqat otning kallasidek pul to‘lagan boylarga mumkin? Bizda yaxshi hayot kechirish faqat boylarga mumkinmi? Ko‘chada 45 daraja issiqda-ya? Nimaga Chernobil, Fukusimaning fojiali voqealaridan keyin ham yurtimizda juda katta suv talab qiladigan AES qurilishi kerak? Suv tanqis elda, seysmik xavf bor joyda-ya? Ko‘chalarda yurib, yangi «arvoh» uylarni ko‘raman, ba’zilari to‘kilib ham ketdi, chunki hech kim yashamayapti, narxi fantastik darajada. Nimaga bu uylar vataniga butun umrini bag‘ishlagan mehnashkashlarga arzonga berilmaydi? Ehhe, savollarim ko‘p.

– Kino eng yaxshi targ‘ibot vositasi deyishadi. Siz kinolaringizda ko‘taradigan g‘oyalar jamiyatga foyda keltirayapti deb o‘ylaysizmi?

– Bilmadim. O‘zimning ijodim haqida gapirish nokamtarlik bo‘lsa kerak. Eng muhimi, odamlarning yuragidan joy olgan bo‘lsa, o‘shaning o‘zi katta baxt.

– O‘tgan asrning 80-yillarida «Yoshlik» jurnalida «Pora» nomli hikoyangiz chiqqan. Bugungi kunga ham juda mos tushadi. Qahramoningiz nihoyatda halol odamki, tasodifan taklif qilingan porani qanday olishni uxlamay o‘ylaydi, hali olmasidan qiynaladi, har xil xayolga beriladi. Oqibatda porani rad etmoqchi bo‘ladi, lekin pora unga adashib taklif qilingan bo‘ladi. Bugun korrupsiyaga qarshi kurashamiz qabilidagi shiorlar ko‘paygan zamonda kinolar orqali shu «kasallik»ni davolash mumkinmi?

– «Dadam betob» filmimda bu masalalar ko‘tarilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu film TVda kamdan-kam beriladi. Film aynan siz aytgan mavzuga bag‘ishlangan. O‘zbek televideniyesi esa haqiqiy hayotni odamlardan berkitmoqchi bo‘ladi. Go‘yoki muammo degan narsa bizning lug‘atimizdan o‘chib ketgan. O‘zimizni aldashni qachon bas qilamiz, bilmadim.

«Dadam betob» filmining posteri.

– Yangi chiqayotgan filmlarni ko‘rmasdan turib «tuzuk kinolar ishlanmayapti» degan e’tirozlar yuradi. Nega odamlarda ko‘rmasdan turib gapirish, ongida esa nigilistik qarash shakllanib qolgan?

– Bu savolingizni «O‘zbekkino» rahbariyatiga berishingiz mumkin. O‘zimning filmlarim uchun xohlagan joyda javob berishim mumkin.

– Filmlaringizda qahramonlar biroz dovdir qilib ko‘rsatiladi. Aslida tomoshabinga ularning shu xarakteri kayfiyat beradi. Lekin ko‘pgina kinoshunoslar «o‘zbeklarning hammasi ham dovdir emas-ku» deb e’tiroz bildiradi. Shu holatni qanday izohlaysiz?

– O‘ta muhim mavzuni ko‘tardingiz. Birinchidan, bilimli, didli kinoshunoslar bunaqa gapni gapirishmaydi. Bunaqa gap g‘o‘ddaygan, soxta milliy g‘urur «posbonlari»dan chiqadi. Ko‘pincha bu ahmoqona fikrni sobiq kinoboshliqlardan eshitganman. 31 yil ichida ularning 14 tasini ko‘rdim. Bu gapni ular «Abdullajon»ni ham, «Bomba»ni ham, deyarli hamma filmlarimni yo‘q qilish niyatida aytishgan. Bernard Shou yozgan: «Agar millatda o‘z ustidan kulish qobiliyati bor ekan, bu o‘sha millatning ruhiy sog‘lomligidan darak beradi». Bu amaldorlar otdan tushsa ham, egardan tushmay qolishgan, ularning butun umri «birov kulmasin» deb o‘tib ketganini ko‘rayapman-ku.

– Boshqa rejissyorlardan farqli ravishda o‘zbek kinosi haqida doim jon kuydirib gapirasiz. Bugun o‘zbek kinosini qanday muammolar qiynayapti?

– Savollar, savollar... Agar «O‘zbekfilm» studiyasi binosi ostonasidan birinchi bor 43 yil oldin hatlab o‘tgan, 30 yildan beri shu kino san’atiga minbarlardan quruq nutqlar bilan emas, aksincha, ozmi-ko‘pmi filmlari bilan hissa qo‘shgan oddiy fuqaro va ishchining shaxsiy, bahsli, lekin juda samimiy fikri qiziqtirsa, savollaringizga javob beraman. Bu fikrlarning ko‘pini «O‘zbekkino» rahariyatiga yuborgan xizmat xatimda aytganman. Moskvada Oliy rejissyorlik kurslarida Frensis Ford Koppola bizga 12 kunlik master-klass vaqtida aytgan edi: «Har bir yaxshi ishning ham, yomon ishning ham o‘z ssenariy muallifi va rejissyori bo‘ladi». Avvalambor, kino san’atiga foydali ishlar haqida gapirsam. Shu yilning oxirigacha 50 ta kinoteatr qurilishi haqida «O‘zbekkino» rahbariyatining OAVga bergan va’dasi meni quvontirdi. Yoshlarga e’tibor, bir necha kinomaktab talabalariga qisqa metrajli filmlar yaratish uchun «O‘zbekkino» tomonidan moddiy yordam berilgani, yana yoshlar NIKAday nufuzli mukofotga nomzod bo‘lib borishini ta’minlagani uchun minnatdorman. «O‘zbekfilm» binosining qayta qurilishi va asosiy studiyada pensiyaga chiqib, nihoyat odam o‘tirsa bo‘ladigan mebel va odam kirsa bo‘ladigan xonalarni ko‘rib xursand bo‘ldim. Yangi yuksak texnologik kameralar olingani, xronikaga yangi kompyuter olingani ham ijobiy holat. Umuman «O‘zbekfilm» va «O‘zbekkino»ning hamkorligi qancha mustahkamlansa, bundan faqat kino san’ati yutadi. OAVda retro kinoko‘rsatuvlari yaratilishi va «Kino san’ati» jurnalining nashr qilinayotgani ham yaxshi ish bo‘ldi. Bu ijobiy ishlar – ijodkorlarni faqat quvontiradigan aniq faktlar. Lekin savollarim ham bor.

– Qanaqa savollar?

– Nimaga yer bilan teng qilib, bir oy mobaynida buzib tashlangan Kinochilar uyining o‘rnida haligacha yangi kinochilar uyi yo‘q? Nimaga davlat kinostudiyasi bo‘lmish, katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan «O‘zbekfilm»ga oxirgi vaqtda OAVda, TVda, sotsial tarmoqlarda agressiv hujum qilinayapti? Eng achinarlisi, shu odamlarning ko‘pchiligi shu «O‘zbekfilm»ning tuzini yeb, tuzlig‘iga tupurishayapti. Bu salbiy jarayon davom etib, ildiz otib ketayapti. Xafa bo‘lishsa, noiloj, agar 31 yil ichida men eshitgan va aytilgan, burnimni qonatib yozganlarini eslasam, allaqachon o‘zimni osib qo‘yardim. Yana bir bor aytaman: tashqi ko‘rinishda sokinlik va osoyishtalik yuzaki, ANIQ IJODIY MUHIT VA BADIIYLIK JUDA KATTA XAVF OSTIDA.

Konfutsiy «Islohot o‘tkazishdan oldin hamma narsani o‘z nomi bilan aytish lozim» degan. Butun umr faqat bir narsa – kinoda badiiylikni himoya qilganman. Kimga emas, nimaga shaxsiy xusumatim bor? Kinoni umuman tushunmay, o‘zining g‘ordan chiqqan didiga ijodkorlarni bo‘ysundirishga, chalamullalikka, kaltafahmlikka, birovga qarshi guruhbozlikka, bir-biridan o‘ch olishga, baxillikka insoniy va professional xusumatim bor.

– Yangi tashkil qilingan ssenaristlar va kinoshunoslar gildiyasiga nega a’zo emassiz?

– Men hali birorta OAVda yoki majlisda yangi tashkil qilingan ssenaristlar va kinoshunoslar gildiyasi haqida lom-mim demagan edim. Sababi, birorta odam u yerga meni taklif qilmadi. Taklif qilishganda aytardim: «Hoy odamlar, kinoshunos – boshqa kasb, ssenarist – boshqa kasb». Shu gildiya saytida bir kinoshunos «chorak asr mobaynida o‘zbek kinochilari sahrodagi ko‘rlarga o‘xshab, bir-birining etagidan ushlab, bittasi hassasi bilan yo‘l ko‘rsatib keldi» degan kurakda turmaydigan gapni aytdi.

Gildiyaning yana bir a’zosi «Biz “xontaxta” degan xunuk so‘zni unutishimiz kerak, zamon shuni ko‘rsatayaptiki, o‘zbek kinosining kelajagi shaxsiy studiyalarniki bo‘ladi» deb yozdi. «Xontaxta» degan tushuncha faqat tijorat filmlariga tegishli emas, davlat buyurtmasi bo‘yicha ham, afsuski, ishlangan. Badiiy saviyasi past, kasbdan umuman yiroq mahsulotni kinochilar o‘zaro shunday nom bilan atashgan. Eng achinarlisi shuki, «O‘zbekfilm»dan chiqib odam bo‘lgan, obro‘ orttirgan «O‘zbekkino»ning sobiq direktorining birinchi o‘rinbosaridan shu fikrni eshitish odamni hayratga soldi. Iya? Demak, chorak asr mobaynida o‘zbek kinosida bironta asar yaratilmapti-da? Demak, hammamiz ko‘rlarga o‘xshab yurgan ekanmiz-da? Kim ko‘r bo‘lgan yoki ko‘rlar rolini o‘ynagan? Endi bu guruh o‘zini yangi Muso payg‘ambar deb o‘ylayaptimi? Shu kurakda turmaydigan gaplarni yozgan odamlar 28 yil ichida rivojlangan mamlakatlardagi (AQSH, Shveysariya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Malayziya) turli xalqaro kinofestivallarda olqishlarga va sovrinlarga sazovor bo‘lgan o‘zbek filmlarini umuman ko‘rmaganmi? O‘zimning filmlarimni aytmayman, ular ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q, lekin o‘sha odamlar Yusuf Azimovning «Tong oldidan», Bahodir Odilovning «Birinchi bo‘sa», Jahongir Qosimovning «Kambag‘al odamlar», Yolqin To‘ychiyevning «Chashma» va «Ma’suma», Ayub Shahobiddinovning «O‘tov», Yusuf Roziqovning «Voiz» va «Erkak», Qamara Kamolovaning «Yo‘l bo‘lsin» va Mels Abzalovning Yaponiyada (o‘zim guvohman) anshlag bo‘lgan «Chimildiq» filmlarini ko‘rganmi? Menimcha, yo‘q. Eng achinarlisi, TVda deyarli har bir chalasavod jurnalist «o‘zbek kinosi o‘lgan edi, mana endi yangi zamon keldi, yangi o‘zbek kinosi vujudga kelmoqda» deb ovoza qilayapti. Bu o‘ta noto‘g‘ri ma’lumot. Sanagan filmlarimning mualliflari oshna-og‘aynim emas, ular bilan bordi-keldim ham yo‘q. Bitta o‘lchov – kino san’ati o‘lchovi. Bu maqolalar qo‘lidan bironta pichoqqa ilinadigan asar yaratish kelmagan, xalqning dardi-yu muammolaridan ancha uzoq bo‘lgan hasadgo‘y odamlarning topshirig‘i bilan yozilgan. Hamma kinorejissyorlarni yoppasiga bunaqa qoralash o‘sha guruh tomonidan ochiqdan-ochiq «O‘zbekfilm»ga hujum e’lon qilinishi deb tushundim. Yanglishsam, xursand bo‘lardim.

– Bugun qiziq bir holat kuzatilayotir. Ko‘pgina amaldorlar ma’lum bir mavzuda gapirmoqchi bo‘lishmoqda, lekin xalq tili bilan aytganda, «qovun tushirib qo‘yishayapti». Bunga munosabatingiz qanday? Bu kabi holatlarni kinoga ko‘chirsa bo‘ladimi?

– Xudoga shukur, hech qachon amalga intilmaganman. Har bir amaldorning qilgan ishini aniq aytish kerak, xalqni aldab bo‘lmaydi. Sizga «Dadam betob» filmini yana bir marta ko‘rib chiqishni tavsiya qilaman.

– Yosh kinoijodkorlar kengashi va boshqa kinoga taalluqli tashkilotlarni doimiy tanqid qilib kelasiz. Aslida tashkilotlarning ko‘payishi ijobiy holat emasmi? Aks holda «O‘zbekkino» kino sohasida monopol tashkilotga aylanib qoladi-ku.

– Kechagina o‘sha markazning boshlig‘i Oybek ismli yigit va Muxlisa ismli ayol bilan birinchi bor suhbatlashdim. Ular badiiy kengashga loyihasini olib kelishgan ekan. Suhbatdan so‘ng, afsuski, o‘sha salbiy fikrimda qoldim. Yoshligiga qaramay, gapga ancha usta. Faqat gapga. Bu qanaqa tashkilot? Kimlar o‘zi? Oldiniga e’tibor bermadim. Ha, yuqori idoralarda rasmiy tomondan hech kim e’tiroz bildira olmaydi bu nodavlat tashkilotlarga. Uzoqdan qarab turdim: menga notanish bu havaskorlar nima qilar ekan deb. Yaxshi ish qilishganida, shubhasiz, qo‘llab-quvvatlardim. Faoliyatining boshida domlalikka chaqirishdi, bormadim. Sababi, uch oyda rejissyor, operator yoki ssenarist tayyorlash mumkin emas, diletantlar sonini ko‘paytirishning nima keragi bor? Xo‘sh, qilgan «buyuk» ishlari nima bo‘ldi?

«U» degan filmni ishlashdi. Butun dunyoga Kannda konkursda qatnashayapti deb ijtimoiy tarmoqda jar solishdi. Keyin bu tekshirilmagan xabarni deyarli hamma OAV chiqardi. Aslida esa festivalning birorta rasmiy ro‘yxatida bu filmning nomi yo‘q edi. «Kannes Korner» degan noma’lum nom, aslida tarjimasi «Kanning burchagi» – bu bir chaylada 95 yevro to‘lab, xohlagan odam o‘zining kinosini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan joy. Keyin Kinochilar uyi vayronaga aylanayotgan bir vaqtda, ikki kilometr narida dabdabali «Prologue» nomli o‘zlari uyushtirgan festivalda o‘ziga o‘zi bosh sovrinni topshirib, g‘olibona yurishdi. TV ularni osmonlarga ko‘tardi. Uyat, imon degan tushuncha bormi bularda? Mehmonlardan biri, o‘zbek kinosiga ulkan hissa qo‘shgan inson Odilsho Agishev menga «Bu qanaqa sharmandalik?» deb norozi bo‘lib ketdi.

Keyin nima qilishdi? O‘ta qimmat «Skorpion» filmini yasashdi. Erkin A’zam va boshqa xolis jurnalistlarning shu film haqidagi fikriga yuz foiz qo‘shilaman: «Bu o‘ta bemaza va o‘zbek kino san’atiga putur yetkazadigan hol» deyishdi ular. Mening domlam, «Oskar» sohibi Vladimir Menshov 10 daqiqa ko‘rib, ko‘ngli ozib tomosha joyidan chiqib ketdi.

Ularning yana bitta qilgan ishi TVlarda (2018-yil 24-may kuni «O‘zbekiston 24» telekanalida va shu yil 24-iyun kuni «Uzreport TV” telekanalida) bergan bayonoti bo‘ldi. Ularning aytishicha, o‘zbek kinosining Fransiyaga va Kannga birinchi borishi emish. Yolg‘on: Ayub Shahobiddinov bilan Yolqin To‘ychiyev ulardan oldin aynan Kannga borishgan, keyin bir guruh o‘zbek kinochilari rasmiy ravishda Nant shahrida bir chaylachaning ichida emas, katta saroylarda 10 ta o‘zbek kinosini ko‘rsatishgan.

Ikkinchi marta o‘sha katta guruhda kim borganini ko‘rdim: ichidan bitta Ra’no Shodiyevani tanidim, qolganlari kim edi? Kinoga qanday ulkan hissa qo‘shib qo‘yibdiki, O‘zbekistonning rasmiy vakili sifatida borib, dunyoga filmlarni (unda nimaga borishdi o‘zi?) ko‘rsatmasdan qaytishiga kim vakolat bergan? Achinarli tomoni, bitta DVD-pleyer olib borishga ham aqli yetmagan.

Sidneydagi kinofestivalga «Sabot» filmi ham o‘sha markaz sa’y-harakati bilan olib borildi deb ijtimoiy tarmoqlarda yozishdi. Film esa «O‘zbekkino»ning puliga va «O‘zbekfilm»da yaratilgan. Bu tashkilotni qo‘llab-quvvatlab turgan odamlarni tanimayman, lekin ularning xolis niyatlari shumidi? Umuman respublikamizda kinoga kim javob beradi? Nega bu tashkilotga jurnalistlarning mehri oshib ketayapti? Bu savollarni press-konferensiyada OAVga bermoqchi bo‘ldim, lekin ular ochiq muloqotdan o‘zlarini olib qochishadi. Kannga bu yil «O‘zbekkino»dan to‘rt kishi borgan, ular aniq o‘zbek filmlarini sotishga borgan, bunga e’tirozim yo‘q. Boshqalar-chi? Qolgan 16 ta odam kim o‘zi? O‘zbek kinosi uchun biror ish qilganmi, shu insofdanmi? Yana biz o‘zbek kinosining vakillarimiz deyishga betlari chidab yurishibdi. Shaxsan Kannga zor emasman, Fransiyada uch marta bo‘lganman. 1990-yilda «Askarlar ertagi» filmim Kanning rasmiy konkursida qatnashgan. O‘sha markazdagi yoshlar u vaqtda hali maktabga yoki bog‘chaga borib yurgan paytlari Merilin Fellusning o‘zi Toshkentga kelib taklifnomani qoldirgan edi. Bora olmadim – ayolim homilador edi. Nantdagi kinofestivalda bizni a’lo darajada kutib olishdi. Muhimi, kinoteatrlarda olib borgan filmlarimizning hammasini namoyish etishdi, bizni juda yuqori darajada (bunga guvohlar rahmatli Shuhrat Abbosov, Tamara Shokirova, hozir hayot Qamara Kamolova, Rashid Malikov, Temurmalik Yunusov) kutib olishgan. Shuncha rejissyorlar, operatorlarimiz, qari aktyorlarimiz umuman chet elga chiqmay o‘lib ketishdi. Faoliyatim davomida kinoga katta hissa qo‘shgan ijodiy guruh vakillari: aktyorlar, operatorlar, montajyorlarni chet elga yuborishga harakat qilib keldim. Va eng odamni hayratga soladigan ikkita voqea. Birin-ketin ikki nufuzli kinofestivalda (Venetsiya va Kannda) yosh o‘zbek rejissyorlari «Ona» va «Choy» qisqa metrajli filmlari gran-pri mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ularni tanimasam ham juda quvondim. Lekin shuncha shov-shuv bilan o‘sha paytda Kannga borgan 20 kishilik guruhning ichida shu ikki yigitga joy topilmagani shaxsan meni g‘azablantirdi, o‘sha kannchilar yoki rahbariyat ming bahona bilan o‘zini oqlashga urinmasin, bu – juda nojo‘ya ish.

Zulfiqor Musoqov

– Yaqinda tuzilgan Oskar qo‘mitasi o‘zbek kinosining jahonga chiqishi uchun qay darajada ahamiyatli deb o‘ylaysiz?

– Eng qadrli «Oskar» – bu o‘z qoni bilan shu sovrinning bir parchasiga (qolganlari halok bo‘lishgan yoki yarador) 1946-yilda sazovor bo‘lgan rahmatli Malik Qayumovligini o‘sha qo‘mita a’zolari bilmasa ham kerak. Men bu tashkilot tuzilgani haqida OAVda o‘qidim. O‘sha milliy kinokomissiya va Oskar qo‘mitasining matbuot kotibi Anastasia Dauenhauer (kim o‘zi u ayol?) mening «Qo‘mitada kimlar bor?» degan oddiy insoniy savolimga yarim soat javob izlab, anig‘ini aytmadi. Shaxsan men u yerga intilmayman. Albatta, ro‘yxatdan o‘tish yaxshi ish, lekin bitta savol: bu «O‘zbekkino»ning bevosita vazifasi bo‘lsa, bu qo‘mitaning ta’sischilari kimlar va qo‘mitaga kimlar kiradi? Nihoyat, kechagi suhbatda o‘sha qo‘mitaning a’zolarini aytishdi. Furqat Zokirov («O‘zbekkino» bosh direktori), Matyoqub Matchonov (Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi), Fotih Jalolov («O‘zbekfilm» direktori), Bahodir Odilov («Kinoxronika» direktori), Jahongir Qosimov (kinorejissyor), qolgan ikki nafar a’zo o‘shalar: Oybek Abdushukurov va Muxlisa Azizova. Birinchi beshlikka qarshiligim yo‘q, lekin bu ikki yosh qaysi ulkan xizmati uchun shu qo‘mitaning a’zosi bo‘lib qoldi? Mantiq bo‘yicha va adolat nuqtai nazaridan u yerda kino san’atiga ulkan hissa qo‘shgan munosib insonlar bo‘lishi kerak edi-ku. Bu qo‘mitaga a’zolar Kinoarboblar ijodiy uyushmasining majlisida ochiq saylanishi kerak edi, birovning buyrug‘i bilan emas. Gap vatanimiz kinosi uchun juda katta ahamiyatga ega voqea haqida ketayapti.

2007-yilda «Vatan» nomli o‘zbek filmi Kuala-Lumpurda Osiyo va Okeaniya xalqaro kinofestivalida eng yaxshi beshlikka kirganidan so‘ng UPS pochtasidan «O‘zbekfilm»ga o‘sha Oskar kinoakademiyasi saralash qo‘mitasidan filmning diskini yuborish haqida rasmiy taklifnoma keldi. Ikkita qat’iy shart: film ikki hafta prokatda bo‘lishi, mamlakat kinoakademiyasi yoki Kinochilar ittifoqidan kino san’atiga katta hissa qo‘shgan 12 kishining tavsiyanomasi kerak edi. Shu munosib insonlar bajonidil imzo chekishgan edi. Lekin keyin yana bir rasmiy xat keldi. Unda «Vatan»ning Oskar tanlovida qatnashishi rad etilgan edi. Xatda Los-Anjelesdagi Oskar kinokademiyasida davlatimizning bayonnomasi yo‘qligi aytilgandi va mamlakatimizda inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar borligi asosiy sabab qilib keltirilgandi. Bor gapni aytdim.

– «Oltin humo» tanlovida sizning «Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmingiz birorta ham nominatsiyaga nomzod bo‘lmadi. Sababi nimada?

– Har xil sovrinlarga shaxsan muhtoj emasman, uyimda undan nufuzliroq sovrinlar turibdi, «O‘zbekfilm» ta’mirdan chiqsin, muzeyga topshiraman, chunki bu dargoh – ikkinchi uyim. Lekin g‘irrom sovrinlarga toqatim yo‘q: ikki yil oldin «E’tirof» sovrinini «O‘zbekkino»ga qaytarib berdim, xonada turibdi. «Oltin humo»ga kelsak, yuzlab odamlar bu xunuk voqeaga o‘zining munosabatini bildirdi. Nahotki aktyorlarimiz Ra’no Shodiyeva va Seydulla Moldaxanov aktyorlik nominatsiyasiga, Aziz Arziqulov operatorlik nominatsiyasiga munosib emas edi? Men-ku zor emasman, lekin o‘sha tanlov qo‘mitasining qilgan ishini guruhbozlik, o‘ta qo‘pol xiralik deb tushundim. Vaqt hamma narsani o‘z joyiga qo‘yadi.

– «Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmingizni tomoshabinlar qanday kutib oldi? Filmdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

– Filmning premerasiga kelgan va ko‘rgan odamlardan so‘rang. Ularning ko‘zlarida yosh, qalblari o‘zgacha hissiyotga to‘la. Odamlarning ezgulikka tashnaligini sal bo‘lsa-da qoniqtira olganimdan baxtliman. Bilishimcha, kinoteatrlarda yaxshi ketmadi. Bunga ko‘nikib qolganman. «Osmondagi bolalar»dan boshqa bironta filmim prokatda yaxshi ketmagan, bu – fakt. Televideniyega katta rahmat – xalqimiz deyarli barcha filmlarimni ekrandan ko‘rishgan. Barcha telekanallardan minnatdorman: 8-9 may kunlari «Berlin – Oqqo‘rg‘on» bir necha bor berildi, millionlab tomoshabin ko‘rdi.

– «Osmondagi bolalar» filmida Hamdam ismli qahramon o‘zi yozgan ssenariyni atoqli kinossenarist Mustafoqul Boltaboyev nomidan badiiy kengashga topshiradi. Filmdagi shu epizod hayotiymi? Hozirgi jarayon o‘zgarganmi?

– Ha, hayotda o‘shanga yaqin voqea ro‘y bergan. Bu epizodni hozir yozayotgan «Yo‘qolib ketayotgan kitob»imda kulgi bilan eslayman. 1989-yilda bir badiiy rahbarga ikkita ssenariy olib bordim. Birinchisi «Abdullajon», ikkinchisini boshqa rejissyorning iltimosiga ko‘ra ismimni yozmay bergan edim. «Bir qadam o‘ngga, bir qadam so‘lga». «Abdullajon»ning dabdalasini chiqarib, ikkinchisini maqtab, «Mana buni ssenariy desa buladi! Professional yozilgan!» deb aytgan. Kulishni ham bilmay qolganman, yig‘lashni ham. Bu bo‘lgan voqea.

«Osmondagi bolalar» filmi.

– Yangi ijodiy rejalaringiz haqida gapirsangiz.

– Badiiy kengashga oltita ssenariyimni bergan edim. Nima qilay, ishim shu, kasbim shu. Ssenariy izlab yurgan yosh rejissyorlarga kerakmi? Yo‘q, ularning ambitsiyalari o‘zidan yuz qadam oldin yuguradi, professional nuqtai nazardan o‘ta xom, bo‘sh qo‘lyozmalarini ko‘tarib yuraverishsin. Zorim boru zo‘rim yo‘q. Oxirgi bergan ssenariylarim «Jekson va uning nabirasi» va «Hayrat». Birinchisini, xudo xohlasa, keyinroq qo‘yaman, hozir «Hayrat» loyihasini amalga oshirish uchun doimiy ijodiy guruhimni yig‘aman. Bu hozirgi zamon ertagi bo‘ladi.

Suhbatimizning oxirida bir fikrni qaytarmoqchiman. Ijodkorlar bilan uchrashuvda (nimagadir o‘sha tadbirga taklif qilishmagan edi) Shavkat Mirziyoyev haqqoniy ijodkorlar uchun juda muhim fikrlarni bildirdi: «O‘zbek kinosining ahamiyati Mudofaa vazirligi bilan teng, ba’zida undan ham muhim. San’atda biznes degan tushunchaga yo‘l qo‘ymayman». Bilmadim, ijodkor va oddiy inson sifatida bu fikr dilimga juda yaqin...