8-mayda bir guruh taniqli ziyolilar til masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzdi.

Til kengashining asosiy maqsadi "Davlat tili haqidagi" qonunni zamon talabiga javob bera oladigan darajada yangilashdir.

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon, professor Qozoqboy Yo‘ldosh, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddin va shoir Karim Bahriyevlar tashabbusi bilan tuzilgan bu kengash ochiq, jamoatchilik ko‘zi o‘ngida ishlamoqchi.

Yangilanayotgan qonunda qanday moddalar albatta bo‘lsin deysiz? Yana nima masalalarga e’tibor berilishini istaysiz? Fikr-mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashing", – deb keng jamoatchilikka murojaat qilgan loyiha tashabbuskorlari.

Nega til kengashini tuzish kerak bo‘lib qoldi: bir guruh faollar O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartish kiritib, rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqqandan so‘ng jamiyatda o‘zbek tilining ahvoli va istiqboli haqida qizg‘in bahslar boshlanib ketdi. Vazirlar, siyosiy partiyalar, ziyolilar bu taklifga o‘z fikrini bildirdi. “Yuksalish” harakati o‘zbek tilini rivojlantirish yuzasidan bir qator takliflarni jamoatchilik muhokamasiga havola etdi.

O‘zbek tilining bugungi O‘zbekistondagi ahvolini "BBC"ning Tohir Malik bilan kichik intervyusi yorqin ochib bergan.

Tohir Malik: Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning mustaqilligi sari qo‘yilgan dadil qadamlardan biri edi. Biz, albatta eslaymiz, bu qonunning qabul qilinishida Islom Karimovning xizmatlari katta bo‘lgan. Chunki o‘sha paytda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berishga qarshi turgan ziyolilar guruhlari ham bor edi. Qonun qabul qilingandan keyin tabriklashga arziydigan bir qator ishlar amalga oshirila boshlandi. Jumladan, qonunni hayotga tatbiq etish uchun mas’ul hukumat komissiyasi tuzildi. Bundan tashqari, atamalar qo‘mitasi tashkil qilindi. Tilshunoslik instituti mustaqil institutga aylantirildi, O‘zbek tili jamiyati tuzildi. Bularning hammasi yaxshi edi, ammo yil o‘tgan sayin bu narsalarning bari sekin-sekin yana o‘z asliga qayta boshladi. Avvalo qonun tahrir qilindi. Bu tahrirga ko‘ra "rahbarlar davlat tilini bilishi shart" degan modda o‘zgartirildi va rahbar bo‘lish uchun davlat tilini bilishi shart bo‘lmay qoldi. Mana shu narsa qonunning ahamiyatini ancha tushirib qo‘ydi va o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish susayib qoldi.

Bi-bi-si: Nima uchun qonunga o‘zgartirishlar kiritilgan deb o‘ylaysiz? Bunga nima turtki bergan bo‘lishi mumkin?

Tohir Malik: Endi o‘sha paytda balki o‘zgartirishlar kerak bo‘lgandir. Chunki o‘zbek tilini bilmaydigan yaxshi mutaxassislar bor edi. Ular turli sohalarda ishlar va bizning yoshlarimiz hali ularning o‘rnini egallash uchun yetarli ilm va tajribaga ega emas edi.

Bu mutaxassislar mamlakatdan ketib qolishining oldini olish uchun ehtimol shunday qilingandir. Bu hamma uchun emas edi. Lekin afsuski, hamma uchunga aylanib qoldi. Ilk paytlarda davlat ishlari, idora ishlari asta-sekinlik bilan o‘zbek tilida olib borila boshlandi, idoralarda rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi mutaxassis o‘rinlari tashkil qilindi. Hozir esa buning aksi. Hozir o‘zbekchadan ruschaga tarjima qilib berishayapti va idora ishlari asta-sekin rus tilida yuritilayapti.

O‘zbek tili jamiyati ham tuzildi-yu, faoliyat olib bormay, tugatib qo‘ya qolindi. Atamaqo‘m ham tugatildi. Tilshunoslik instituti ham tugatilib, adabiyot institutiga qo‘shib yuborildi. Oqibatda hozir til bilan shug‘ullanadigan biron idora yoki muassasa qolmadi.

Xususan, Atamaqo‘mning tugatilishi oqibatida juda ko‘p atamalar bugungi kunda kulgili holga kelib qoldi. Mana masalan, ko‘p ishlatayapmiz, hujjatlarga ham "O‘zbekiston fuqarosi" deb yozilayapti. Bilmadim, kim tavsiya etgan bu so‘zni, lekin ma’nosini bilmasdan qabul qilishgan. Chunki "fuqaro" degani o‘zbekchada "faqir" so‘zining ko‘pligini anglatadi. "Faqir" – kambag‘al, bechora degani. Demak, "O‘zbekiston fuqarosi" deganda kambag‘al, bechoralar nazarda tutiladi. Bu juda ham kishini uyaltiradigan holat. Bunga o‘xshagan misollar ko‘p.

Masalan, bugun Toshkentga kelgan odam hayron bo‘lib qoladi. "O‘zbekiston poytaxtida yuribmanmi yoki Rossiyadami?" deb o‘ylashi tabiiy. Chunki tamomi reklamalar, do‘konlar peshtoqidagi yozuvlar, idoralarning nomlari ham rus tilida. Bilmadim, Toshkentda hokimiyat bormi-yo‘qmi? Bu hokimiyat qayerga qaraydi? Biz endi qanday qilib o‘zbek tiliga davlat maqomi berildi deb yura olamiz va bu kunni bayram deb qanday bir-birimizni tabriklay olamiz?

O‘zbek tili va uning istiqboli, jamiyatdagi o‘rni haqidagi bahslarga

  • "Facebook"da: #“TIL_KENGAShI” heshtegi bilan qo‘shilishingiz mumkin
  • yoki nurulloh.uzb@gmail.com elektron pochtasiga o‘z mulohazalaringizni yuborishingiz mumkin.