Ukraina parlamenti Oliy radadan beshta siyosiy harakat 5 foizdan ko‘p ovoz to‘plab joy oldi.

Mamlakat tarixida eng kam odam qatnashgan parlament saylovida hisob-kitobni qilgan Ukraina markaziy saylov komissiyasining xabar berishicha, prezident Vladimir Zelenskiyning «Xalq xizmatkori» partiyasi 42,19 foiz ovoz bilan oldinda bormoqda.

Rossiya prezidentining yaqin kishilaridan biri hisoblanadigan biznesmen Viktor Medvedchuk boshqarayotgan «Muxolif platforma – hayot uchun» partiyasi 12,75 foiz ovoz to‘plab ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Uchinchi o‘rinda «Yevropacha birdamlik» (sobiq «Pyotr Poroshenko bloki») partiyasi borayapti – 8,71 foiz.

Keyingi o‘rinlardagi «Batkivshina» 8,15 foiz, musiqachi Stanislav Vakarchukning «Ovoz» partiyasi 6,39 foiz ovoz olgan.

Oliy radaga saylov 21-iyul kuni bo‘lib o‘tdi, unda saylovchilarning 50 foizi qatnashdi. Saylov aralash tizimda o‘tkazildi: 450 deputatdan 225 tasi partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha, 225 tasi bir mandatli okruglar bo‘yicha saylanadi. Lekin Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi va DNR, LNR separatistlari deb bir mandatli okruglardan 199 kishi saylandi, parlament endi to‘lmaydi.

Aslida Radaga saylov kuzda bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo parlamentda koalitsion ko‘pchilik yo‘qligi uchun prezident Vladimir Zelenskiy muddatidan oldin saylov o‘tkazilishiga erishdi.

Zelenskiy allaqachon yangi bosh vazir lavozimiga "iqtisodiyotning piri" tayinlanishini aytgan. Prezidentning fikricha, hukumat rahbari "siyosatda hech qachon qatnashmagan, mustaqil va kuchli inson" bo‘lishi kerak.

Zelenskiy shuningdek yangi hukumat shakllanib, yangi bosh prokuror tayinlangandan so‘ng (amaldagi parlament unga hozirgi bosh prokuror Lutsenkoni bo‘shatib yuborishiga yo‘l bermagan) korrupsionerlar orasida "qama-qama" boshlanishini aytgan.