Maktabning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, qishloq va shahar maktablari orasidagi tafovutni yo‘q qilishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat dasturi qabul qilinadi. Xalq ta’lim vazirligi prezident qarorining loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

“Zamonaviy maktab” nima o‘zi: Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida hozir saqlanib kelayotgan industrial 20-asr ta’lim tizimidan informatsion 21-asr ta’lim tizimiga o‘tish ko‘zlangan edi. Shu maqsadda mavjud maktablarning yarmini 2030-yilgacha zamonaviy maktabga aylantirish rejalashtirilgan.

Zamonaviy maktabning oddiy maktabdan farqi unda muayyan namunaviy loyiha va jihozlash me’yorlari bo‘lishida.

“Zamonaviy maktab” davlat dasturi orqali:

  • maktabning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sharoitini respublika miqyosida teng joriy etish;
  • joylashgan joyidan qat’i nazar, qishloq va shahar maktablarining moddiy bazasi hamda ta’minlanish darajasidagi tafovutlarni bosqichma-bosqich kamaytirib borish asosida o‘quvchilarning ta’lim olishlari uchun teng shart-sharoit yaratish kabi maqsadlarga yetish niyat qilingan.

Hozirgi ahvol qanday: maktablar infratuzilmasi bugungi kun talablari darajasida shakllanmagan, ular faoliyatida qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud, xususan:

  • tizimda boshqaruv shaffofligi ta’minlanmagan;
  • boshqaruvning ortiqcha byurokratlashuvi va uning sarf-xarajatlari ortgan;
  • xalq ta’limi tizimida boshqaruv vertikalini amalga oshirish mexanizmi rivojlanmay qolgan va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari roli pasayib ketgan;
  • o‘quv jarayonida turli shakldagi korrupsiya elementlariga barham berish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqishga to‘sqinliklar bor;
  • qishloq va shahar maktablarining moddiy-texnik bazasi tafovuti kattalashgan va bolalarning ta’lim olishi uchun nomutanosib shart-sharoitlar yaratilgan;
  • maktablarning qurilishi va ta’mirlanishida markazlashgan va mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilmaydi;
  • 2500 dan ortiq maktabda o‘quvchilar ikkinchi navbatda ta’lim olishga majbur bo‘lmoqda;
  • 2200 dan ortiq maktabda ichimlik suvi tashib keltiriladi, 2000 dan ortiq maktabda sport zali, 3000 dan ortiq maktabda oshxona mavjud emas, 3000 dan ortiq maktab atrofi to‘liq o‘ralmagan, 1500 dan ortiq maktab nostandart pechlar bilan isitiladi, 6900 dan ortiq maktab binosida ichki, 1500 dan ortiq maktabda tashqi kanalizatsiya tizimi va 8100 dan ortiq maktabda ichki hojatxona mavjud emas.
  • maktablarda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun shart-sharoit yo‘q;
  • hozirgi kunda umumta’lim muassasalarining jihozlanganlik holati 72 foizni, jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj 28 foizni tashkil etsa, mavjud jihozlarning 50 foizi bugungi kunga kelib ma’naviy jihatdan eskirgan.