Qishloq xo‘jaligi va soliq qonunchiligi ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan Bosh prokurorning ikkita o‘rinbosari lavozimi tugatilgan. Ayni paytda bitta birinchi o‘rinbosar va 3 ta o‘rinbosar qoldi.

Bu haqda prezident 15 martda “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan.

“Bosh prokuror o‘rinbosarlarining vakolat doirasi va mas’ul bo‘lgan yo‘nalish taqsimoti ichki idoraviy masalasi bo‘lgani sababli hozir konkret bayonot berish maqsadga muvofiq emas”, deya izoh berdi Bosh prokutarura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.

Shuningdek, prokuratura organlari tizimida quyidagilar tugatilgan:

  • Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi;
  • Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi;
  • Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;
  • Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;
  • soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga mas’ul Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari lavozimlari;
  • tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas’ul o‘rinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi.