Ko‘plab bolalar va ayniqsa ularning ota-onalari uchun maktabga qaytish azob sanaladi. Ushbu jarayonni qanday qilib og‘riqsiz va hatto yoqimli qilish borasida bolalar va oila psixologi Galiya Nigmetjanova quyidagilarni tavsiya qiladi.

Katta yoki kichik yoshda ekanidan qat’i nazar bola odatiy kun tartibidagi o‘zgarishlarni qabul qilishi qiyin kechadi. Unutmang, nafaqat yaxshidan yomonga o‘tish, balki maktabda bilim olishdan keyin ta’til rejimiga o‘tish ham oson emas. Uch oylik yozgi ta’tildan keyin maktabga qaytish haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Afsuski, ba’zida ota-onalar bunday qiyin vaziyatda bolani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga uni turli tanbehlar bilan koyiydi. Bunday tanbehlar bolaning ishtiyoqini yanada tushirib yuboradi. Ta’tildan maktabga qaytish jarayonini yoqimli qilishning bir necha usuli mavjud.

  1. Yozgi taasurotlarni farzandingiz bilan muhokama qiling.

Psixologiyaning o‘zgarmas qonuni: avval «kim», keyin «nima». Birinchi va eng katta quvonch bu sinfdoshlar bilan uchrashuv. Tanaffusdan so‘ng eng yoqimli narsa bu o‘sha davrdagi kechinmalar bilan bo‘lishish istagidir. Shuning uchun ota-onalar o‘quv yil boshlanishi arafasida oilaviy bola yozni qanday o‘tganini muhokama qilishlari mumkin. Shu yo‘l bilan ota-ona farzandiga maktabdagi do‘stlarga qanday qiziqarli narsalarni aytib berish mumkinligini yana bir bor eslatadi.

  1. Uning yangi huquq va majburiyatlari haqida kelishib oling.

Yoz davomida bola ulg‘aydi, keyingi sinfga o‘tdi, ya’ni yangi ijtimoiy maqomga ega bo‘ldi. Nima uchundir biz odatda javobgarlikni oshirishga e’tibor qaratamiz-da, ammo yangi huquqlarni eslatishni unutamiz. Yangi maqom bolaning hayotiga qanday ta’sir qiladi? Siz yangi o‘quv yilidan cho‘ntak puli miqdori o‘zgarishi yoki bola maktabdan mustaqil ravishda qaytadigan kunlarini muhokama qilishingiz mumkin.

Ushbu mavzuni muzokara tarzida muhokama qilishingiz mumkin: “Qizim (yoki o‘g‘lim), maktabdagi ehtiyojlaring uchun qancha pul bersam bo‘ladi? Bu pul nimalar uchun kerak bo‘lishi mumkin?”. Agar bola, masalan, u uzoq vaqtdan beri yangi telefon yoki boshqa biror narsani olishni niyat qilib yurganini aytsa, unga o‘z pulining bir qismini o‘z orzusi uchun ajratishni taklif eting. Bu uning ta’tilni xushkayfiyatda yakunlab, o‘qishni ishtiyoq bilan boshlashiga zamin yaratadi.

  1. Bolaning dars joyini qanday qilib jihozlashni birgalikda hal qiling

Hayotdagi har qanday o‘zgarishlar marosimlar bilan birga kuzatiladi. Yangi bosqich makonni yangilashni talab qiladi. Ko‘pincha biz bolalarga shunday tanbeh beramiz: «Tartibsizlikni qara, uy vazifasini qayerda qilasan?» Bolaning o‘zi uchun dars joyi qanday ko‘rinishda bo‘lishini o‘zi hal qilishiga imkon bering. Unga qanday qulay bo‘ladi, nimalarni olib tashlash yoki olib kelish kerak. Bu haqda 31 avgust kuni emas, avvalroq o‘ylagan yaxshi.

O‘quv qurollarini sotib olishni ham e’tiborsiz qoldirmang. Buni birgalikda qilgan yaxshi, chunki o‘quv qurollari bu bir sinfdan boshqasiga o‘tishning bir qismi. Uydan chiqishdan oldin, barcha kerakli narsalar ro‘yxatini tuzing.

  1. Farzandingizdan maktabda nima yoqmasligini so‘rang

O‘tgan o‘quv yilida bolani nima xafa qilganini, nifalardan afsuslanganini eslang. Bu vaziyatni hech kimni ayblamasdan tinchgina muhokama qiling. Farzandingiz bilan birgalikda ushbu muammoni hal qilish yechimini toping.

  1. Ilk o‘quv haftasida ko‘p narsa talab qilmang

Maktab o‘quv dasturi bejizga haftalarga bo‘linmagan: fiziologlarning tavsiyalariga ko‘ra, birinchi haftalar - bu o‘qish uchun moslashuv sanaladi. O‘qituvchilar ham odatda ilk haftalarda yangi material bermaydilar va kamdan-kam hollarda baho qo‘yadilar. Ota-onalar ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerak, darhol siquvga olmang.

Bolalar birinchi oydayoq ota-onalar qattiqo‘llik qilganlari uchun ham qiyinchilik sezadilar. Yozda yaxshi dam olgan va moslashish davri yaxshi o‘tgan o‘quvchi albatta o‘qishida muvaffaqiyatlarga erishadi.