“Yuksalish” umummilliy harakati Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ruxsat berish tartibini turarjoyi bo‘yicha hisobga olish tizimi bilan almashtirishni taklif qildi. Bu taklif 10-iyunda bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari jurnalistlarning propiska bo‘yicha savollariga mazmunli javob berolmaganidan keyin berildi.

Brifingda nima bo‘ldi: 2018-yildan Toshkent shahri va viloyatida faqatgina yangi qurilgan uyni sotib olganlarga doimiy propiska beriladigan bo‘ldi. Lekin brifingda qatnashgan IIV mutasaddilarining fikricha, ba’zilar pul tashlashib bu "lazeyka" orqali "optom" doimiy propiskaga o‘tib olayapti. IIV bu lazeykani yopishga va’da berdi.

Yangi uyni sotib olgan doimiy propiskasiz fuqaro doimiy propiskaga ega fuqaroga qaraganda 10 barobar ko‘proq boj to‘laydi. IIV mutasaddisi nega bir respublika fuqarolari tug‘ilib o‘sgan viloyatiga qarab har xil boj to‘layotgani haqidagi savolga mazmunli javob berolmadi.

Propiska masalasining hal etilishi hozir kuzatilayotgan jamoatchilik noroziligining "gradusi"ni tushirib, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, xususan, istiqbolli kadrlarning xorijga chiqib ketishining oldini olishga xizmat qilgan bo‘lar edi.

"Yuksalish" nimani taklif qilayapti: harakatning taklifiga ko‘ra hisobga olish ichki ishlar organlari emas, Davlat xizmatlari markazlari va internet orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi kerak.

Shuningdek, harakat fuqarolar nafaqat birlamchi, balki ikkilamchi uy-joy bozorida ham uy sotib olganda propiska berish tartibini joriy qilishni taklif etgan. Aslida ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish tartibi 2018-yilgi davlat dasturida nazarda tutilgan, lekin qog‘ozda qolib ketgan.

"Yuksalish"ning fikricha, davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilganida fuqarolarning noroziligi va muhokamalariga sabab bo‘lmas edi. Aksincha, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga amal qilinishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji yanada oshishiga, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, xususan, istiqbolli kadrlarning xorijga chiqib ketishining oldi olinishiga xizmat qilgan bo‘lar edi.

“Yuksalish” bu mavzuda o‘tkazgan so‘rovda aksariyat respondentlar bu tartib fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo zid ekanini aytgan.

Foto: "Yuksalish".

"Ko‘rinib turibdiki, davlat rahbari tasdiqlagan davlat dasturiga (2018-yil – “Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi nazarda tutilmoqda – tahririyat) kiritilgan ushbu bandning amalga oshirilishi bugungi kunda dolzarb ekanini jamoatchilik fikri natijalari ham tasdiqlamoqda", – deyiladi "Yuksalish" harakati bayonotida.

2018-yilgi davlat dasturining 56-bandida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish belgilangan edi. Xususan:

  • vaqtincha propiska olti oydan bir yilgacha uzaytirildi;
  • mavsumiy ish bilan shug‘ullanish (qurilish va qishloq xo‘jaligi ishlari) uchun kelgan fuqarolarga hisobga qo‘yish tartibi soddalashtirilgan;
  • ishga qabul qilayotganda propiska so‘ralmaydigan bo‘ldi.