Yangi sanoat inqilobi, neft narxining barqaror emasligi, dunyo miqyosida ishsizlik va mehnat muhojirligining o‘sib borayotgani, jarayonlarning avtomatlashuvi hisobiga keraksizga aylanayotgan kasblar va shiddat bilan o‘zgarayotgan mehnat bozorining boshqa muammolari bizni bugunoq kelajak haqida qayg‘urishga majbur qiladi.

Joriy yilning boshida prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Londonda (Buyuk Britaniya) bo‘lib o‘tayotgan ta’lim bo‘yicha jahon forumida ishtirok etib qaytgan, forumda ham yaqin kelajakda qaysi ixtisosliklarga talab yuqori bo‘lishi, ta’lim sohasini mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqib rivojlantirish masalalari muhokama qilingan edi.

Jahon iqtisodiy forumi 2020-yilga borib quyidagi ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga talab yuqori bo‘lishini ma’lum qilgan. Ro‘yxat qiziqarli, chunki inson, jamiyat va madaniyatning rivojlanishidagi ikki muhim yo‘nalishni ko‘rsatadi. Lekin hozircha o‘nta bandning har biriga batafsilroq to‘xtalamiz.

Foto: The Pitcher
  1. Muammoni tag-tugi bilan hal qilish (Complex problem solving)

Bu inson muammoning mohiyatini ko‘ra olishi va uning oqibati emas, sababi ustida ishlay olishini bildiradi. Aytaylik, bir ayol shifokor huzuriga kelib «Oriqlashni xohlayman» deydi. Shifokor esa boshini qashib «Shirinlik yeyishni to‘xtating» deydi. Muammo esa shirinlik yeyishda emas, ayolning endokrin tizimi, kun tartibi, oiladagi psixologik muammolarda bo‘ladi. Umuman aytganda, muammo bir talay. Shunday ekan, har qanday muammoni hal qilishga tartib bilan, keng ko‘lamda yondashadigan, ko‘zga yaqqol tashlanib turgan sababdan boshqa yana nimalarga e’tibor qaratish kerakligini biladigan mutaxassislarga talab katta bo‘ladi.

  1. Tanqidiy fikrlash (Critical thinking)

Bu fikrlashning shunday usuliki, inson kelayotgan har qanday axborotga, hatto o‘zi ishongan ma’lumotlarga ham shubha bilan qaraydi. Bu juda foydali ko‘nikma, chunki «Hammasi biz o‘ylaganimizdan ko‘ra boshqachadir?» degan savol taraqqiyotga yordam beradi.

  1. Keng ko‘lamdagi ijodiy yondashuv (Creativity)

Ijodning asosi – hali yo‘q narsani ko‘ra olish qobiliyatidir. Mikelanjelodan Dovud haykalini qanday yaratdingiz deb so‘rashganida u «Men marmar bo‘lagidagi farishtani ko‘rdim va uni ozod qilgim keldi» deb javob bergan ekan.

  1. Odamlarni boshqara olish qobiliyati (People management)

Odamlarni boshqarish – rahbarlar shunchaki bo‘ysunuvchilarga emas, insonlarga taalluqli asosiy qarorlarni qanday qabul qilishi haqidagi murakkab fandir. Nima qilsa xodimlar ishdan ketish emas, ishga kelish ishtiyoqi bilan yonishadi? Insonni ishga olayotganda yoki lavozimini oshirayotganda adashmaslik uchun nima qilish kerak? Jamoa ichidagi ziddiyatlarga qanday barham berish mumkin? Bu savollarning javobini bilish odamlarni boshqara olish qobiliyatiga ega bo‘lish deganidir.

  1. Odamlar bilan muomala qilish (Coordinating with others)

Bu o‘z-o‘zidan tushunarli. Chiqisholmaslik biznesga ziyon yetkazishi mumkin. Agar biznesingiz odamlar bilan bog‘liq bo‘lsa-yu, muloqot qilishga qiynalsangiz har qanday odam bilan til topisha oladigan insonni ishga olishingizga to‘g‘ri keladi.

  1. Hissiy intellekt (Emotional intelligence)

1995-yili amerikalik psixolog Deniyel Goulman «Hissiy intellekt» nomli kitobini chop ettirdi va (garchi HI nazariyasi ancha oldin paydo bo‘lgan bo‘lsa ham) u eng xaridorgir kitobga aylandi. Hozir hissiy intellekt deganda o‘zining va boshqalarning his-tuyg‘ulari, niyatlari va motivatsiyasini tushunish, shuningdek o‘z tuyg‘ulari va boshqalarning hissiyotini boshqara olish qobiliyati tushuniladi.

  1. O‘z fikriga ega bo‘lish va qaror qabul qilish (Judgment and decision-making)

Bunga ham to‘xtalib o‘tirmaymiz – hammasi tushunarli. Xohlaysanmi, qo‘lingdan keladimi – hech kimga qizig‘i yo‘q. Har bir qarorni o‘z fikring bilan qabul qilishing, hamma narsada mustaqil bo‘lishing shart.

  1. Mijozning ko‘nglini topish (Service orientation)

Taxminlarga ko‘ra dunyoda xizmat ko‘rsatish sohasi faqat o‘sadi, yaxshi xizmat esa har doim oltinga teng. Dunyo kompaniyalari buni yaxshi tushunadi va mahsulot kimga – biznesgami yo yakuniy iste’molchigami – mo‘ljallanganidan qat’i nazar xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ustida ishlamoqda. Rivojlanish uchun hali maydon katta.

  1. Muzokara olib borish qobiliyati (Negotiation)

O‘z fikrini aniq tushuntirib berish, ishontira olish – kerakli ko‘nikma. Bu ko‘nikmaga har kim ega bo‘lishi mumkin.

  1. Tafakkurning moslashuvchanligi (Cognitive flexibility)

Aqliy moslashuvchanlik – miyaning bir fikrdan ikkinchi fikrga tezda o‘ta olish, bir vaqtning o‘zida bir nechta narsani o‘ylay olish qobiliyatidir. Siz o‘zingizning aqliy moslashuvchanligingizni mashhur Strup testi yordamida tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Bu juda oson. Ushbu so‘zlar yozilgan ranglarning nomini tez ayting:

Bu ro‘yxatda nimalarni ko‘rayapmiz?

O‘nta ko‘nikmadan beshtasi odamlar bilan muloqot qilish, kelisha olish va ularni boshqara olish, ularni tushunish va ularga xizmat qilish (xodimlarni boshqarish, odamlar bilan muomala qilish, muzokara, mijozning ko‘nglini topish, hissiy intellekt) bilan bog‘liq.

O‘ntadan yana to‘rtta soha miyaning qobiliyati: tez tushunish, mohiyatni anglash, muammoning yechimini topish, yangi loyiha va g‘oyalarni ishlab chiqish (muammoni tag-tugi bilan hal qilish, ijodiy yondashuv, tafakkurning moslashuvchanligi, tanqidiy fikrlash) bilan bog‘liq.

Xulosa

Nimani o‘rganishni bilmasangiz, odamlarni va ularning ehtiyojlarini o‘rganing, shuningdek murakkab aqliy masalalar uchun miyangizni chiniqtiring. Juda yaxshi! Nihoyat bizning dunyoda insonning o‘zi, uning hissiyoti, motivatsiyasi va kamoloti asosiy o‘rin tutadigan vaqt keladi.