15-mart kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki masjidda terror hujumi amalga oshirilgan va unda juma namozidan chiqayotgan musulmonlar o‘ldirilgani xabar qilingan edi. Ushbu hujum haqida qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum bo‘lmoqda.

  • O‘lganlar soni 49 taga yetdi. 41 tasi an-Nur, 7 tasi Linvud masjidida, bittasi shifoxonada o‘lgan.
  • Avstraliyaning 28 yoshli fuqarosi Brenton Tarrant hujumni uyushtirganlikda ayblanmoqda. Sudyaning aytishicha, u yana boshqa jinoyatlarda ham ayblanishi mumkin. Hujumda gumonlanayotgan yana uch shaxs qo‘lga olingan.
  • Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardernning aytishicha, Tarrant boshqa hujumlarni ham rejalagan bo‘lgan. Uning mashinasidan yana ikkita qurol topilgan.
  • Yangi Zelandiya politsiya komissari Mayk Bushning aytishicha, “hozir politsiya tahdid solayotgan boshqa shaxslarni axtarayotgani yo‘q, ammo bu ular yo‘q degani emas”. Bushning tasdiqlashicha, hujumni uyushtirishda asosiy rol o‘ynagan shaxs, hujum haqidagi xabar kelgach, 36 daqiqada qo‘lga olingan.
  • 39 kishi kasalxonada. Ulardan 11 nafari og‘ir ahvolda. Ular orasida bolalar va qariyalar bor. 14 yoshli Sayyod Miln kasalxonada jarohatdan vafot etgan.
  • Kraystcherch kasalxonasi bosh jarrohi Greg Robertsonning ma’lum qilishicha, tuni bilan 12 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ayrim jarohatlanganlar uchun bir necha jarrohlik amaliyoti lozim bo‘lgan.
  • Jasinda Ardernning aytishicha, mamlakatning qurol saqlash haqidagi qonunlari qayta ko‘rib chiqiladi. Asosiy ayblanuvchi Brenton Tarrant qurollarni aynan ruxsatnoma asosida olgan, 2017-yildan buyon bir nechtasini qonuniy to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. U hujum mahali uning 5 ta o‘qotar quroli bo‘lgan, shulardan ikkitasi yarim avtomat va ikkitasi miltiq.
  • Pokiston, Turkiya, Indoneziya, Bangladesh, Malayziya va Saudiya Arabistoni hujumda o‘z fuqarolari jabrlanganini ma’lum qilgan.
  • AQShdagi masjidlarda hujumdan so‘ng xavotirlar kuchaygan. Nyu-York, Chikago, San-Fransisko va Los-Anjeles rasmiylari masjidlarga qo‘riqchi qo‘yishni rejalayotganini ma’lum qilishgan.

Brenton Tarrant kim?

U avstraliyalik. U an-Nur masjidiga hujum qilgan va o‘z xunrezligini videoga olib, jonli efirda uzatib turgan.

Ammo u o‘zini yevropalik hisoblaydi. Brenton avval e’lon qilgan 74 sahifalik bayonotida o‘zining avstraliyalik emasligini aytgan. “Mening tilim yevropacha, madaniyatim yevropacha, siyosiy qarashlarim yevropacha, o‘zligim yevropacha va eng muhimi qonim Yevropaniki”, – deb aytgan u.

Uning bayonoti “oqlarning genotsidi”, madaniy turfaxillik aslida “bosqinchilik” ekani, hujumdan maqsad “dunyoning hech bir burchagi xavfdan xoli emasligini ko‘rsatish” ekani haqidagi da’volarga to‘la.

Yangi Zelandiya uning birinchi nishoni bo‘lmagan. Brenton tez-tez sayohat qilib turgan. Asosan kriptovalyutalardan daromad ko‘rgan. Uning bayonotida aytilishicha, u hujumni ikki yil rejalagan, ammo Kraystcherch masjidlari birinchi nishon sifatida ko‘zlangan. U Yangi Zelandiyaga vaqtincha kelganu, masjidlar hujum uchun bop joyligini payqagan. U 2011-yilda Norvegiyada sodir etilgan hujumdan ilhom olgan. Brentonga nisbat berilayotgan o‘sha bayonotda Kandas Ouyens, Dlyann Ruf, Donald Tramp eslangan. Tramp haqida “oq tanlilar o‘zligining tirilgan ramzi” deb yozilgan. U 2011-yilgi Norvegiya hujumi ijrochisi Anders Breyvikdan ilhom olishini alohida yozgan. Breyvik 69 nafar odamni otib, 8 nafar odamni portlatib o‘ldirgan edi.

U Yangi Janubiy Uelsning Grafton shahrida sport treneri bo‘lib ishlagan. “U o‘z ishini sevuvchi trener edi, – deydi Graftondagi “Big River Gym” menejeri Tresiy Grey. – U bolalarga bepul trening o‘tkazish bo‘yicha dasturda ishtirok etgan. O‘z ishining ustasi edi”. Uni taniganlarga Brenton o‘qotar qurollarga qiziqadigan shaxs sifatida taassurot qoldirmagan. “Ehtimol keyinchalik sayohatlari chog‘ida o‘zgarib ketgandir”, – deydi Tresiy Grey.