Xalq ta’limi vazirligi davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yangi o‘quv yilida o‘quvchilar uchun tavsiya etilgan maktab formasi bo‘yicha ota-onalarga murojaat qilib chiqdi. Murojaatda garchi yagona maktab formasining majburiyligi kechiktirilgan bo‘lsada, Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2018–2019-o‘quv yilidan boshlab amal qilinmoqda. Shu sababli vazirlik 2019–2020-o‘quv yilida davlat maktablarida quyidagi kiyim-kechaklarni maktab formasi sifatida tavsiya qiladi:

1) o‘g‘il va qiz bolalar uchun – tepasi oq (klassik ko‘ylak), pasti qora (klassik shim va yubka) bo‘lgan kiyim;

2) maktab tomonidan avvalgi yillarda joriy etilgan va bugungi kunga qadar kiyishga yaroqlilikni saqlab qolgan forma;

3) Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan o‘quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formalari.

“Farzandingizni vazirlik tomonidan tavsiya etilgan variantlardan tashqari boshqa kiyim-kechaklarda hamda turli bosh kiyimlarda (ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno) maktab hududida yurishi ta’lim muassasasining ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarining buzilishiga olib keladi. Mazkur holat ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni ta’minlashga qaratilgan. Maktab direktorlari tomonidan maktab formasini markazlashgan holda oldi-sotdi ishlarini tashkil qilinishi qat’iyan taqiqlanganligini sizga yana bir bor eslatib qo‘ymoqchimiz”, deyiladi XTV murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 15-avgustda Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori qabul qilingan va qaror bilan umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning maktab formasi va uni kiyib yurish tartibi tasdiqlangan edi.

Hujjat loyiha bo‘lgan davrdayoq uning to‘qqizinchi bandi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarni keltirib chiqardi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi qaroriga binoan 666-sonli qarorga o‘zgartirish kiritilgan hamda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formalarini majburiy qilib belgilash 2024–2025-o‘quv yiligacha kechiktirilgandi. Mutassadilar kechiktirish sababini majburiy forma talab qilinishiga hali ertaligi bilan izohlagan.