2019–2020-o‘quv yilida Toshkent shahrida faoliyat boshlaydigan o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining 5–8-sinflariga 120 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan. Shu yilning 21–25-avgust kunlari Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida o‘qish istagida bo‘lgan 488 nafar o‘quvchidan hujjatlar qabul qilindi. Bir o‘ringa o‘rtacha 4,1 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda.

28-avgustda boshlangan ijodiy tanlovlar Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 224-sonli maktabda bo‘lib o‘tmoqda. XTV axborot xizmatining xabar berishicha, tanlovlarni shaffof va adolatli o‘tkazish maqsadida vazirlik O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birga zarur choralarni ko‘rgan, tanlov jarayonida o‘quvchilar va ota-onalarga barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ota-onalarga tanlov jarayonlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.

Ijodiy imtihonlardan muvafaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 30-avgust kuni o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-dekabrdagi farmoyishi ijrosini ta’minlash bo‘yicha Toshkent shahar hokimining 2019-yil 21-avgustdagi qarori asosida tashkil etilmoqda. Yangi ijod maktabi poytaxtimizning Olmazor tumani hududida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida barpo etilayotgan yangi o‘quv binosida joylashadi.