Aksar odamlarning hayotidagi eng baxtli onlardan bo‘lmish to‘y erkaklar hukmi o‘rnatilgan jamiyatlar ayollari uchun, ko‘p hollarda, dahshatli tushga aylanishi mumkin. Masalan, Ozarbayjonda ham O‘zbekistondagi kabi qadim odatlar zamonaviy kelinchaklarni azobli ruhiy va jismoniy qiynoqqa ro‘baro‘ qiladi. Buning oqibatlari esa yillarga tatishi mumkin.

«Nikoh to‘yidan so‘ng u ko‘z oldimda yechina boshladi. Men qo‘rqib ketdim. Endi erli juvon ekanim va bu narsa sodir bo‘lishi shartligi haqida qancha o‘ylamay, bu meni zarracha tinchlantirmas edi - men ham yechinishim kerakligini bilib turardim», deb eslaydi Elmira (ism o‘zgartirilgan) o‘zining ilk visol kechasini.

O‘sha vaqtda Elmira 27 yoshda edi. Qiz endi universitetni tamomlab, tarjimon bo‘lib ishlayotgandi.

Oilasi unga qo‘shni yigitga turmushga chiqishini aytadi.

«U bilan qarashlarimiz umuman mos emas, u o‘qimagan edi. Oyim doim ko‘z oldimda bo‘lasan, deb qo‘shniga turmushga chiqayotganimdan boshi osmonda edi»

Elmira u yigit bilan oila qurishni istamasligini onasiga bir necha bor aytadi. Biroq qarindoshlar allaqachon 27 ga chiqib bo‘ldi, qiz bola emas shekilli, shunga qo‘rqyapti, degan xayol bilan undan gumonsiray boshlaydilar.

Ammo ilk visol oqshomi Elmira uchun birinchi qovushish bo‘lgandi. Yigit uchun Elmiraning hissiyotlari va ruhiy holati mutlaqo qiziq emas edi. Yaqinlik payti qizning boshi javonga urilib, taraqlay boshlaydi. Shu payt qo‘shni xonadan ayol kishining baqirgani eshitiladi: "Hey, sekinroq-ey, bu qanaqa madaniyatsizlik?!"

Qo‘shni xonada Elmiraning onasi, ikki ammasi, qaynonasi va yana bir uzoq qarindosh ayol o‘tirar edi.

«Tiq etgan tovush qo‘shni xonaga eshitilib turar edi. Men og‘riq va uyatdan azoblanar, nahot shu turmush bo‘lsa, deya o‘ylar edim», xotirlaydi Elmira.

O‘sha baqirgan ayol kelinchakka maslahatgo‘y «yanga» vazifasini bajarayotgan edi.

Ko‘p Kavkaz xalqlariga xos odat o‘laroq Ozarbayjonda ham yanganing yana bir vazifasi yaqinlikdan so‘ng qon tomgan choyshabni yig‘ishtirib olishdir.

Nikoh kechasi ertaklar bilan qorishib ketgan

Kavkazning ko‘p xalqlarida ertalab choyshabni odamlarga ko‘rsatish odati mavjud.

Ma’lumki, choyshabdagi qon yaqinlik amalga oshirilgani va kelinning «qiz bola» ekanini anglatadi.

«Nikoh kechasi ko‘p hollarda ertaklar bilan qorishib ketgan. Ertalab choyshabni qarindoshlarga ko‘rsatishganda, hamma ko‘rgani to‘g‘risida fikr bildirishni o‘z burchi, deb biladi», so‘zlaydi Ozarbayjondagi ayollar bilan mavjud vaziyatni tadqiq qiluvchi Shahlo Ismoil.

Agar choyshabda qon yo‘q bo‘lsa, kelinni «qiz bola chiqmadi» degan iddao bilan osongina haydab yuborishlari mumkin. Bunday holga tushgan qizlarning qayta turmushga chiqishi anchayin qiyin kechadi, ota uyida ham yaxshi muomala ko‘rmaydi.

Ozarbayjonlik huquq faollari yuqorida tasvirlangan odatlar asosan yirik shaharlardan chetroq hududlarda keng tarqalganini bildiradi.

Gohida bo‘lajak kelinning bokiraligi maxsus «mutaxassislar» tomonidan tekshiriladi. Biroq xalqaro tashkilotlar bunday usulning samaradorligini shubha ostiga oladi.

BMT va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan yilning kuzida ayollar uchun asoratli va haqoratli «bokiralikni tekshirish» odatiga chek qo‘yishga chaqirgan. Bunday udum, kamida, 20 mamlakatda saqlanib qolganiga ishoniladi.

BMT va JSST bayonotida ta’kidlanishicha, tibbiyotda «bokiralik» tushunchasi mavjud emas va u o‘zida faqat ijtimoiy, madaniy va diniy qarashlarni aks ettiradi.

«Qo‘rquv har qanday uyatni bo‘g‘ib qo‘ygan edi»

Elmira ilk nikoh kechasi bilan bog‘liq xotiralari qo‘rquv, og‘riq va uyatdan iborat ekani haqida so‘zlaydi.

U jinsiy yaqinlik payti tashqarida chiroqni qanday o‘chirib-yoqishayotgani, qanday choy quyishayotganini eshitgani va o‘zi yotgan xonadan chiqayotgan tovushlarni boshqalar ham eshitishi mumkinligini bilganini aytadi.

«Men umuman o‘zimda emas edim. Bir og‘iz gapirishga qo‘rqardim. Tun bo‘yi uxlamadim, unga esa farqi yo‘q edi - bemalol uyquga ketdi».

Tongda «guvohlar» choyshabni olib ketish uchun xonaga kirib keladi.

«Bu vaqtga kelib, menga hammasi baribir bo‘lib qolgan edi. Tunda yuz bergan voqea dahshati har qanday uyat hissini bo‘g‘ib qo‘ygandi. Men hatto choyshabni qanday yig‘ishtirib olishganini ham aniq eslolmayman».

Yangalar va choyshab odati yildan-yilga zamonaviy ayollarga azob keltirmoqda, ta’kidlaydi ruhshunos Ellada Gorina.

Hozirgi zamonda yoshlar kech turmush qurishga odatlanishmoqda va bu vaqtga qadar ularda nikoh oqshomi to‘g‘risida tasavvur shakllanib ulguradi. Maslahatgo‘y yangalar esa endilikda yoshlarga ko‘proq xalal bermoqda.

«Haliga qadar ko‘plab ayollar uchun nikoh kechasi yanganing hozir bo‘lishi - odatiy holat. Ular tug‘ilib-o‘sgan dunyoda bundan boshqacha odat bo‘lmagan. Biroq yangi avlodlar [ота-оналарникидан] o‘zgacha zamonda rivojlangan vaqtda, bunday odatlar ruhiy bosim, ixtilof va xavotirlarga sabab bo‘ladi», tushuntiradi Gorina xonim.

Oldin Ozarbayjonning shimolida yashagan Nigor birinchi nikoh kechasida qo‘shni xonaga bir emas, ikki emas, naq «butun qishloq» yig‘ilib olganini eslaydi.

«Hech qachon bunchalik xijolat tortmagan edim, lekin shunday odat bor ekan, ehtimol, yoshi kattalar buni yaxshiroq bilsa kerak, deb o‘yladim».

Nigorning so‘zlariga ko‘ra, eshik ortidan «ana o‘tirishdi, harakatga tushishdi, nafas olishyapti» degan tovushlar eshitilib turganidan na u, na eri yaqinlik qilishni istashgan. Biroq ertalab choyshabni hammaga ko‘rsatish shart edi.

O‘shanda 18 yoshda bo‘lgan Nigor hozir 30 ga chiqqan. U turmushidan ajrab, Bokuda yashamoqda. Nigor qarindoshlarini «axloqsizlar» deb ataydi.

"Qizil olma"

Choyshab bilan bog‘liq odat Armaniston, Ozarbayjonda mavjud va ba’zida Gruziya hamda ayrim Shimoliy Kavkaz davlatlarida uchrab turadi.

Armancha odat Ozarbayjondagiga o‘xshab ketadi va u oppoq choyshabdagi qon iziga mos ravishda «qizil olma» deb ataladi. Yagona farq - eshik ortida guvohlar poylab o‘tirmaydi.

Armanistondagi inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki uyushmasi raisi Nina Karapetyansning aytishicha, poytaxt Yerevandan qancha uzoqlashgan sari «qizil olma»ga shuncha ko‘proq duch kelish mumkin.

Karapetyans xonim bu holatni shunday tasvirlaydi:

«Birinchi nikoh kechasidan keyin tongda yotoqxonaga qarindoshlar bilan qo‘shnilar choyshabni tekshirgani kiradilar. So‘ng kelinning uyiga qizil olma to‘ldirilgan savatcha va sovg‘a-salomlar bilan yo‘l oladilar. Shundan keyin kelinning oilasi qarindoshlar va qo‘shnilarni yig‘ib, qizining ’pok va iffatliʼ ekanini hammaga isbotlaydi».

«Shu tariqa yarim shahar, qishloqlarda esa barcha odamlar tahqirlash marosimida ishtirok etadi.»

Qishloqlarda aksar qizlar 18 ga to‘lishi bilan erga berib yuboriladi. Ularning ko‘pchiligida na mutaxassislik, na ish bo‘ladi. Agar shunday bir qiz «olma sinovi»dan o‘ta olmasa, ota-onasi uni qabul qilmay, ko‘chaga quvishi mumkin.

35 yashar Ani (ism o‘zgartirilgan) o‘zining bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan 20 yoshga to‘lish arafasida ziyofatda tanishib qolgan. Ularning ikkisi ham o‘qimishli bo‘lgani, Yerevanda yashagani va sevishib turmush qurganiga qaramay, juftlik an’anador qarindoshlar qahriga uchramaslik uchun to‘yga qadar o‘zlarini seksdan tiyishga majbur bo‘lganlar.

«Men oshxonada nonushta qilib o‘tirgan edim, qaynonam va erimning bir qancha qarindoshlari kirib kelishdi. «Guvohlar» yotoqxonada tekshiruvni tugatmaguncha, joyimdan jilmadim», eslaydi Ani.

Uning so‘zlashicha, shundan so‘ng ortdan aytilgan g‘iybatlardan qo‘rqmay, bundan buyon xotirjam yashashi mumkinligini his qilib, ancha yengil tortgan.

O‘sha tunni eslamadik

Ruhshunos Ellada Gorina ba’zilar bunday odatlardan osongina o‘tib olsa, boshqalar yillarga tatiguvchi tahqir hissi bilan yashashga majbur bo‘lishini aytadi.

«Bir ayol umuman boshqa muammo bilan kelgandi, lekin, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, [биринчи никоҳ кечасида] qon chiqmagan va yarim tunda yigitning oilasi uning bokiraligini tekshirish uchun shifokorga majburan olib borishgan ekan», xotirlaydi ruhshunos.

Gorina xonimning aytishicha, shaxsiy hayotga bunday yo‘l bilan aralashish ayolning o‘zini zo‘ravonlik qurboni, deya hisoblay boshlashiga olib keladi va u uzoq vaqt ruhiy bosimlardan azob chekib yashaydi.

To‘ydan yarim yil o‘tib, Elmiraning eri vafot etgan.

«O‘tgan olti oy ichida o‘sha tunni esga olmadik», deydi Elmira.

Erining vafotidan keyin, o‘zining aytishicha, Elmira ruhiy to‘siqlar tufayli boshqa turmushga chiqmagan.

«Men hatto turmushga chiqish yoki kimdir bilan munosabat o‘rnatishga tayyor edim, lekin boshimdan o‘tgan voqealar meni bundan to‘xtatib keladi».

Elmiraning o‘g‘li hozir o‘n yoshga to‘lgan. Ona u bilan seks mavzusida suhbatlashishi, ayolning tanasi qanday tuzilganini tushuntirib berishini aytadi.

«Men unga o‘zingni odamdek tut, qachondir qizlik bo‘lsang, unga hammasini ayt - mening xatolarimni takrorlama, deyman».

«Hozir yana o‘sha vaziyatga tushib qolsam, u bilan ham (eri bilan - Bi-bi-si), xolalar bilan ham boshqacha gaplashgan bo‘lar edim», so‘zlaydi Elmira qat’iyat bilan.

Ozarbayjonlik va armanistonlik ekspertlar bu kabi odatlar, asta-sekinlik bilan bo‘lsada, o‘tmishda qolayotganini ma’lum qiladilar.

«Yangi avlod o‘z huquqlari uchun kurashishga tayyor», bildiradi armanistonlik huquq faoli Nina Karapetyans.

«Men bunday odatlarni bajarishdan bosh tortgan oilalarni bilaman. Ularni jur’atli insonlar, deb hisoblayman. O‘zgarishlar shunday odamlardan boshlanadi», deydi ozarbayjonlik tadqiqotchi Shahlo Ismoil.

Gruziyalik ekspertlar esa choyshab bilan bog‘liq odat o‘z mamlakatida deyarli uchramayotganini ta’kidlaydi.

***

Bundan 30 yil muqaddam Ozarbayjonda odamlar to‘yni uy, restoran yoki ko‘chada nishonlaganlar. Bugun esa hatto qashshoq oilalari ham to‘yni maxsus to‘yxonalarda o‘tkazishga intilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatning barcha shaharlari bunday binolar bilan to‘lib toshgan.

Sumgait shahri chetrog‘ida yashovchi o‘rtahol oilalardan chiqqan Orif va Malikani (ismlar o‘zgartirilgan) bir-biriga qarindoshlari tanishtirgan.

Mahalliy an’anaga ko‘ra, to‘y vaqti kelin va kuyov to‘rga o‘rnatilgan maxsus stolda mehmonlar qanday o‘yin-kulgi qilayotganini tomosha qilib o‘tiradi.

Biroq Malika mehmonlar ta’biri bilan aytganda, «axloqsizlik»ka yo‘l qo‘ygan - uzoq chidab tura olmay, o‘zining eng baxtli kunida yuzda nim tabassum bilan pastga tushib, mehmonlar bilan raqs tusha boshlagan.

Atrofdagilar birpasda g‘iybatga tushib ketgan: «Sharmanda, qanday qilib bunday betarbiya bo‘lish mumkin, odatlarni hurmat qilmasa-ya?!»

Mehmonlar kelinning qarindoshlarga emas, balki do‘stlariga ko‘proq e’tibor qaratganidan xafa bo‘lgan. Biroq hech kim «bezbet» kelinchakka bir og‘iz gap aytishga botinmagan.

Biroq dovyurak Malika ham, alal-oqibat, eski udumlardan qochib qutula olmagan: kelin-kuyov mashinada to‘yxonadan uzoqlashishi bilan ularning ortidan to‘rt nafar shirakayf yanga o‘tirgan boshqa bir ulov yo‘lga tushgan.