28-may kuni Andijon viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev Ramazon oyida “Vaqf” jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda pul o‘tkazishni tavsiya qilgan.

Lekin bu ixtiyoriy tavsiya kimga va nima uchun joriy etilgani hozircha noma’lum.

Avvalroq OAV va ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik o‘qituvchilar “Vaqf” jamg‘armasiga 50 ming so‘mdan pul o‘tkazishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. "Ozodlik"ka arz qilgan o‘qituvchilarning aytishicha, ular maoshidan 50 ming so‘m pul fitr sadaqasi uchun ushlab qolinishiga rozi ekani haqida tayyorlangan ro‘yxatga imzo qo‘yishgan.

Lekin Xalq ta’limi vazirligi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi viloyat hududida joylashgan maktablarga “Vaqf” jamg‘armasiga pul o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilmaganini aytgan. Shuningdek, vazirlikka tizim xodimlaridan “Vaqf” jamg‘armasiga pul o‘tkazish talab qilinayotgani haqida murojaat kelib tushmagan.

O‘zbekistonda "Vaqf" mojarosi birinchi marta shov-shuv bo‘lmayapti. "Vaqf" xayriya jamoat jamg‘armasi raisi Iskandar Xalilov fond uchun sotib olingan "Malibu-2" avtomobili har kunlik ehtiyoj uchun minilmasligi, chekka viloyatlarga safar va xorijlik mehmonlarga xizmat qilishga mo‘ljallanganini aytgandi.

Internetda "Vaqf" rahbarining fondga kelib tushgan mablag‘larga o‘zi foydalanib yurishi uchun "Malibu-2" rusumli avtomobilni sotib olgani haqida xabar tarqalgan va u keng bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

"Malibu-2" O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eng qimmat avtomobil hisoblanadi, uning narxi qariyb 276 million so‘m yoki 32600 AQSH dollariga teng.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbariyati avtomobil xayriya-ehsonga tushgan mablag‘larga emas, balki jamg‘armaning o‘zining asosiy hisob raqamidagi pulga xarid qilinganini bildirgan.


Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarning shikoyatlarini qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. O‘qituvchilar huquqlari buzilganda yoki turli to‘lovlarga majburlanganda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.