Xalq ta’limi vazirligi maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan pedagog, o‘quvchi va ularning ota-onalariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni vazirlikning rasmiy saytida e’lon qilindi.

bugun barcha maktablarda o‘tkazilgan an’anaviy “Bilimlar kuni” tadbiri ishtirokchilariga murojaat qilinib, yangi o‘quv yili arafasida xalq ta’limi tizimida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilgani birma-bir sanab o‘tiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019–2020-o‘quv yili arafasida:

– 213 ta yangi maktab barpo etilib, maktablarning soni 9904 taga yetgan.

– Faoliyati tugatilgan 383 ta kasb-hunar kollejlar o‘rnida 54 ta yangi maktab tashkil etilgan.

– 229 ta kollej binosi o‘quvchi soni ko‘p bo‘lgan maktablarga qo‘shimcha bino sifatida berilgan.

– Natijada 224 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgan.

– Joriy yilda 937 ta maktabda investitsiya va boshqa davlat dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, buning uchun 2.86 trln so‘m mablag‘ sarflangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga (1.47 trln) nisbatan qariyb ikki baravarga ko‘p. XTVning qayd etishicha, birgina shu raqamning o‘zi maktablarga qanchalik yuksak e’tibor berilayotganligidan dalolat bo‘la oladi.

– Yangi o‘quv yilida maktablarda jami 6,2 mln. nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shundan 620 ming nafardan ortig‘ini bugun ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ygan jajji 1-sinf o‘quvchilari tashkil etadi.

Foto: XTV

Tabrikda o‘quvchilar uchun bu yil tayyorlangan “Prezident sovg‘asi” har yilgidan ham chiroyli, sifatli va qulay tayyorlangani, ayniqsa, papka, uning ichidagi o‘quv qurollarining rang-barangligiga alohida e’tibor qaratilgani, bundan tashqari, 2019-2020 o‘quv yilida Siz uchun 1-, 3-, 8-, 9-sinflarga 479 nomda jami 36,5 mln. nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar yangicha ko‘rinishda, zamonaviy dizayn asosida tayyorlangani alohida ta’kidlanadi.

“Darsliklarni tayyorlashda uning mazmuni va sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Darslik va o‘quv-metodik adabiyotlarning mazmuniga xalqaro baholash dasturi PISA, TIMSS talablari singdirildi.Mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan ta’limiy o‘yin, mashq, masala va topshiriqlarga urg‘u berildi. 8-sinflar uchun Geografiya, Texnologiya hamda O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari darsliklarida QR-kod yordamida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyati yaratildi. 8-9-sinf Tarix darsliklari xaritalar bilan boyitildi”, deyiladi tabrikda.

XTVning bildirishicha, yangi o‘quv yili uchun “Ta’limda islohotlar: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik” shiori tanlangan. Vazirlik o‘qituvchilarni hamjihat bo‘lib, o‘quvchilarning ta’limi va tarbiyasida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga, ota-onalarni farzand tarbiyasida mas’uliyatini yanada oshirib, maktab bilan uzviy hamkorlik qilishga, o‘quvchilarni esa maktabda o‘tadigan har bir kundan unumli foydalanishga chaqiradi.