Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilardan attestatsiyaga olinadigan yig‘im vazirlik xodimlariga mukofot qilib berilishini rad etdi.

O‘zi nima gap: XTV o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.

Taklifga ko‘ra endi ikkinchi toifali hamda ushbu toifaga talabgor o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Ba’zilar oddiy o‘qituvchilardan olinayotgan bu pullar vazirlik, viloyat va tuman XTB amaldorlariga ustama, mukofot va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarga ishlatilishidan xavotirga tushdi.

Aslida qanday bo‘ladi? Qaror loyihasiga ko‘ra:

  • birinchi va oliy toifali, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimidagi hamda mazkur toifalar va lavozimlarga talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun eng kam oylik ish haqining 100 foizi miqdorida yig‘im avvalgidek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (XTVga emas!) hisobiga yo‘naltiriladi.
  • Ikkinchi toifali hamda ushbu toifaga talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida yig‘im undirilishi haqida qo‘shimcha kiritilmoqda.
  • Mana shu pul 2018 yil sentyabrida tashkil etilgan XTVning Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Bu pul nimaga ishlatiladi: prezidentning 2018-yil sentyabrdagi qarori bilan belgilanganidek, Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larining kamida yarmi xalq ta’limi tizimini va umumta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Ya’ni, attestatsiyani tashkil etishning o‘ziga.

  • XTVning aytishicha, bu pullar attestatsiya uchun zarur bo‘ladigan nazorat-sinov materiallarini shakllantirish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash hamda ushbu jarayonga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va jalb etilgan mutaxassislarning ish haqi uchun sarflanadi.