Xalq ta’limi vazirligining «Telegram»dagi rasmiy kanalida maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun qaysi hudud rahbari eng ko‘p yordam berayotgani to‘g‘risida jamoatchilik fikri o‘rganilmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan.

Farmonga ko‘ra O‘zbekistonning 14 ma’muriy-hududiy birligi rahbarlari xalq ta’limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish; maktablarni elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlash; tumanlar(shaharlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq ta’limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida tayyorlash uchun shaxsan javobgarligi belgilangan.

Bundan tashqari, umumta’lim muassasalarining xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini, kirish yo‘llarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni o‘rnatish choralarini ko‘rish, umumta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun investitsiyalarni va homiylik yordamini jalb qilishga ko‘maklashish, xalq ta’limi muassasalaridagi muammolarni tez va samarali hal qilish bo‘yicha boshqa choralar ko‘rilishini tashkil etish kabi vazifalar ham hudud rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Xalq ta’limi vazirligi o‘tkazayotgan so‘rovda prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar ijrosi hududlardagi rahbarlar tomonidan qay darajada ta’minlanayotgani, hokimlar ta’lim tizimi rivojlanishiga qanday hissa qo‘shayotgani yuzasidan aholi fikrini o‘rganish ko‘zda tutilgan.

So‘rov 1-sentyabrga qadar davom etadi. «Vazirlik barchani mazkur so‘rovda faol ishtirok etishga chorlaydi», – deyiladi axborot xizmati xabarida.