Xalq ta’limi vazirligi Samarqand va Namangan viloyatlarida maktablarida o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda.

Jazirama issiqda Samarqandning Okdaryo tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ko‘cha tozalayotganini, Namangan viloyatidagi maktablarning o‘qituvchilari uyma-uy yurib, aholini ro‘yxatga olish ishiga majburlanayotganliklari haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarda keltirib o‘tilgan holatlarni o‘rganib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida ushbu holatga yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘radi.

  • Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-may kuni qabul qilgan qarorida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi alohida qayd etilgan.
  • 2018-yil avgustida xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qat’iyan alohida qonun bilan taqiqlangan.
  • Davlat mulozimlari¸ xususan¸ hokimlar ham majburiy mehnat mavjudligini bir ovozdan rad etib turgan bir paytda¸ o‘qituvchi va shifokorlar ularning kasbiy faoliyatiga daxli bo‘lmagan ishlarga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqalishda davom etmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi bu kabi holatlarni oldini olish va xalq ta’limi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay bo‘lgan virtual inspektorni ishga tushirgan.

Tizimdagi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli to‘lovlarga majburlangan holatlarda:

  • ovoz.uzedu.uz sayti
  • (+99899) 988-10-06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.