Xalq ta’limi vazirligi o‘zbek tilida ta’lim beriladigan maktablarning sifati va nufuzini oshirishga jiddiy kirishdi.

Sherzod Shermatov boshchiligida 31-iyulda o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahridagi yaxshiroq natijalarga erishgan, asosan o‘zbek tilida dars beriladigan maktablar direktorlari bilan shu masala muhokama qilingan.

Bu nega muhim: O‘zbekistonda davlat tilida ta’lim beradigan maktablarning obro‘si SSSR davridanoq rus tilida ta’lim beradigan maktablarnikiga qaraganda an’anaviy tarzda past yuradi. Ota-onalar orasida rus maktablarida ta’lim sifatliroq, rusiyzabon o‘qituvchilar malakaliroq va halolroq degan qarash bor. Shuning uchun ham aksar ota-onalar o‘zi rus tilini bilmasa ham, bolasini rus maktablariga berishga intiladi. Mustaqillik yillarida o‘zbek va rus maktablaridagi tafovvut qisqarish o‘rniga aksincha kattalashdi. Hozirda Toshkent shahridagi 70 foizgacha ota-onalar bolasini rus maktabiga joylashtirishga intiladi. Ota-onalarning bu tanlovi O‘zbekistonda davlat tilidagi ta’lim ayanchli ahvolga tushib qolganidan, hozirgi vazir Sherzod Shermatovdan oldin bu masala bilan hech qaysi vazir astoydil shug‘ullanmaganidan dalolat beradi.

Uchrashuvda nima bo‘ldi: vazir va maktab direktorlari o‘zbek maktablarida qanday qilib ta’lim sifati oshirilgani va ota-onalar o‘rtasida talab yuqori bo‘lishiga erishilgani haqida fikr almashishdi.

Maktab direktorlari o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, tajribali hamda yuqori malakali pedagoglarni rag‘batlantirish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak degan taklifni berdi.

Bundan tashqari, maktabda ba’zi fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish va 10-11-sinflarda o‘quvchi qiziqishiga qarab fanlarni tanlash imkoniyatini beradigan tizimni joriy etish taklif etildi.

O‘zbek maktablarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ishchi guruh muntazam ravishda ta’limga oid muammo hamda tizimni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqadigan bo‘ldi.

Xalq ta’limi vazirligi davlat tilida dars beriladigan maktablarni yanada rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik takliflarini ham ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

O‘z takliflaringizni bu yerda bildirishingiz mumkin.