Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha kompyuterlashtirilgan baholash tizimini joriy etishga qaratilgan loyihani boshlamoqda.

Loyiha Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekistondagi AQSH elchixonasi hamkorligida, O‘zbekiston hukumati, Jahon banki va USAID tashkiloti moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.

Loyihaning asosiy ijrochisi – Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi.

Loyiha maqsadi:

  • o‘quv jarayonida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish;
  • o‘quvchilarning ingliz tilini o‘zlashtirish darajasini kuzatib borish va imtihon jarayoni uchun kompyuterlashtirilgan test tizimini joriy etish;
  • chet tillarini o‘rganish uchun bosqichma-bosqich milliy standartlarni yaratish: A1, A2 va B1 darajalariga mos standart va talablarni takomillashtirish;
  • o‘quv jarayonining sifat va mazmunini monitoring hamda tahlil qilib borish uchun elektron ma’lumotlar bazasini yaratish;
  • o‘quvchilarning tahsili davomida ta’lim mazmunini puxta egallab borishlarini nazorat qilish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish.

Loyihani xalqaro tajriba asosida amalga oshirish maqsadida AQSHlik professor Devid L.Kiyessa jalb etilgan.

“Bilimni baholashga qaratilgan bunday testlarni to‘g‘ri joriy etish o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirishga qiziqishini oshiradi”, – degan professor.

Loyiha bilan quyidagi natijalarga erishiladi:

  • tizimda fundamental o‘zgarishlarni amalga oshirish;
  • yangi baholash mezonlarini joriy etish;
  • ta’lim jarayonini avtomatlashtirish;
  • hujjat ishini keskin kamaytirish;
  • ta’lim mazmuni va sifatini oshirish.