XTV axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bozor mexanizmlari orqali ota-onalar kim sifatli va arzon mahsulot chiqarsa, shuni sotib olishi kerak. Hech qaysi firma hech kimga majburlab sotmaydi.

Hozirgi kunda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Eng muhim masala – maktab formasi. Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda yagona maktab formasi tasdiqlangan va yangi o‘quv yilidan u majburiy hisoblanadi. Lekin formani sotib olish ota-onaning ixtiyorida.

Ijtimoiy tarmoqlarda, jamiyatda maktab formasini kimdan va qanchaga sotib olish kerakligi ko‘p muhokama qilinmoqda. Shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati bilan bog‘landik.

"Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-qaroriga ko‘ra 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yagona maktab formasi joriy etilishi ko‘zda tutilgan", – dedi XTV axborot xizmati.

Har qancha urinmaylik, maktab formasi masalasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan bog‘lana olmadik. Rasmiy saytidagi bittagina ishonch telefoni orqali ular bilan gaplashishning imkoni bo‘lmadi.

Hukumat qarorida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi:

  • maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantirishi;
  • har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etishi;
  • savdo shoxobchalarining manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilishi belgilangan.

XTV axborot xizmatining ma’lumot berishicha, forma narxini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning o‘zi erkin bozor munosabatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi.

Ota-onalardan hali tikilmagan maktab formasi uchun bo‘nak (avans) yig‘ish mumkin emas.

Maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashishi qat’iy taqiqlangan.

Ota-onalar yangi formani tashkil etiladigan savdo shoxobchalaridan sotib olishlari lozim.