Xalq ta’limi vazirligi Namangan viloyati Chust shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi holatni o‘rganmoqda va qonun doirasida chora ko‘radi.

O‘zi nima gap: Namangan viloyati Chust shahridagi 9-maktab "Obod markaz" dasturi bo‘yicha mukammal qayta qurilgan. Bosh pudratchi «Obidjon Akmalxon hamkor» MChJga davlat maktabni 1 sentyabrgacha "tayyor holda" topshirishiga 3 milliard so‘m ajratgan.

Kun.uz yozishicha, direktor o‘qituvchilarni mehnat ta’tilidan olib, qurilishdan keyin maktabni tozalashga jalb etgan. Kelmaganlarga o‘quv yilida dars soati berilmasligi aytilgan. O‘qituvchilardan biri messenjerdagi yozishmalarni, surat va videolarni Kun.uz ga yuborgan.

Endi XTV va mutasaddi organlar maktabni ta’mirdan keyingi tozalash ishlariga ajratilgan mablag‘lar kimning cho‘ntagiga ketganini aniqlaydi.

Bu so‘nggi bir oydagi ikkinchi holat.

  • Iyun oxirida shu viloyatning Kosonsoy tumanidagi barcha 54 ta maktab o‘qituvchilari anhor bo‘yida beton quyishga majburlangan edi.
  • Xalq ta’limi vazirligi Bosh prokuraturaga murojaat qilib, shu maktablarning 80 ta xodimiga beton quydirgan mansabdorlarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
  • Shu bilan birga Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishdan olingan.

Prezident qaroriga ko‘ra xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlangan.


  • Majburan ishlatilayotgan xalq ta’limi xodimlari ovoz.uzedu.uz yoki +998 99 988 10 06 raqami va telegramga murojaatlarini yuborishlari mumkin.