So‘nggi ikki oyda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi o‘ziga xos “innovatsion” tashabbus va g‘oyalarni ilgari surmoqda. Joriy yil iyulida Elmira Bositxonova qo‘mitaga yangi rahbar etib saylangach (u ilgari ham qo‘mitani boshqargan) mamlakat bozorlarini ma’rifat manbasiga aylantirish taklifini e’lon qildi. Bunga ko‘ra, bozorlarda Xotin-qizlar qo‘mitasining maxsus xonalari – bo‘limlarini tashkil etish taklif etildi. Bunaqa xonalarda bozorda savdo qiluvchi ayollarning ma’naviy madaniyati ma’rifiy suhbatlar va kitob o‘qish, shuningdek, bozorlarga o‘rnatiladigan radiokarnaylar orqali o‘zbek shoirasi Zulfiyaning she’rlari, ayollarning xulq-atvoriga bag‘ishlangan hadislarni kuniga 5 – 6 marta o‘qib eshittirish yo‘li bilan oshiriladi. Ushbu tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p shov-shuvlarga va qizg‘in muhokamalarga sababchi bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar bunaqa tadbir kurakda turmasligini, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarini hal etmasligini ta’kidladi.

Yaqinda Xotin-qizlar qo‘mitasidan yana bir tashabbusni e’lon qilindi. Toshkent shahrida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida joriy yilning 27-iyun kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida qo‘shma qaror ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tuman hokimliklari huzurida “Tezkor shtab” hamda tuman IIB sohaviy xizmat xodimlari va Xotin-qizlar qo‘mitasining jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlovchi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar faoliyati tashkil etiladigan bo‘ldi. Shuningdek, har bir mahallada mahalla mutaxassisi va profilaktika nozirlari tomonidan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning 23 ta toifa bo‘yicha kartotekalarini shakllantirish kabi vazifalar belgilab olindi.

Mazkur tashabbus e’lon qilingan kuniyoq yuzlab ayollar ijtimoiy tarmoqlarga “#potensialnoopasna” (“#potensialxavfli ayol”) heshtegi bilan postlar qo‘ya boshladi. Heshteg asoschisi Madina Ro‘zmetova ijtimoiy kampaniya uyutirish maqsadi bo‘lmaganini va bu do‘stona fleshmob ekanini aytdi. Biroq ushbu heshteg yuzlab ayollar bilan faollarning ovozi eshitilishiga, shu yo‘l bilan zikr etilgan toifalarning mantiqsiz va xato ekaniga, shuningdek, ushbu ro‘yxat tuzilgandan so‘ng har bir o‘zbekistonlik ayol shaxsiy huquqi va erkinliklari xavf ostida qolishini his qilishiga jamoatchilik e’tiborini qaratishga yordam berdi. Ko‘p o‘tmay, Xotin-qizlar qo‘mitasi saytida Elmira Bositxonovaning bunday ro‘yxatni shakllantirishga qat’iyan qarshiligi va mazkur ro‘yxat tuzilishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligi haqida xabar e’lon qilindi. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) esa ro‘yxat noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidladi: “Ushbu ro‘yxat aslida ikkita bo‘lishi kerak edi, ‒ deya izoh berdi IIBBdagilar. ‒ Birinchisi dastlabki to‘rtta banddan, ya’ni jinoyat sodir etishga moyil shaxslardan iborat bo‘lishi kerak edi. Keyingi 19 ta toifaga ijtimoiy himoyaga, huquqiy yordamga muhtoj ayollar kiradi”.

Shu o‘rinda O‘zbekiston 1995-yili BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi (CEDAW) konvensiyasiga qo‘shilganini eslatib o‘tish joiz. Mamlakatda asosiy yo‘nalishlar sifatida quyidagilar belgilab olindi:

· aholining gender masalalariga sezuvchanligini oshirish;

· ayollarning reproduktiv, ijtimoiy va iqtisoidy huquqini himoya qilish;

· teng huquq va imkoniyatlar yaratish;

· yarashish, bag‘rikenglik hamda ayollar huquqi bo‘yicha olingan majburiyatlarga amal qilish masalalarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat institutlari hamkorligini ta’minlash.

Quyida xotin-qizlarning ijtimoiy holatini yaxshilashga oid tadbir va tashabbuslardagi muammolar, ularning yechimi xususida ekspert va faol ayollarning fikrlari keltiriladi.

Dilfuza Qurolova, yurist, huquqiy masalalar bo‘yicha ekspert:

‒ Albatta, so‘nggi xabarlar hammani tong qoldirdi. Bunda ikkita tamoyil ko‘zga tashlanadi: birinchisi shuki, Xotin-qizlar qo‘mitasi (bozordagi xotinlar, endi esa kartotekalar bilan bog‘liq) chuqur o‘ylab ko‘rilmagan, mantiqdan uzoqroq yoki “chala ishlangan” tashabbuslarni o‘rtaga tashlamoqda. Ular bunday siyosatni jamiyat “e’tibor qilmay o‘tkazib yuborishi mumkinligi yoki yo‘qligi”ni tekshirib ko‘rayotganday taassurot uyg‘otadi. Ikkinchi tamoyil shuki, qo‘mita jamiyatdagi o‘rni qanaqa ekanini bilmayotganday: davlat idorasi bo‘lishi uchun vakolat bilan ijtimoiy ishonch yetishmaydi, fuqarolik jamiyati rolini o‘ynash uchun esa qo‘mitaning o‘zida na istak va na “g‘urur” borday. Birinchidan, davlat idorasi maqomiga ega NNTning rolini qayd etish joiz. O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi ana shunday NNTdir. U nodavlat tashkilot sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, fuqarolik jamiyati sifatida barcha imtiyozlardan foydalanadi, lekin shu bilan birga mamlakatning gender siyosatidagi tamoyillarni (tendensiya) belgilaydigan davlat idorasi hisoblanadi. Biroq “ikkita kursida o‘tirish” unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Mabodo qo‘mita davlat idorasi bo‘lsa, “kartotekalar” yoki bo‘lmasa (so‘nggi bayonotlarga qaraganda) “shaxslarning e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan maxsus toifalari”ni yaratishga intilayotganini oqlash mumkin. Lekin butun respublika bo‘ylab boshqarma va bo‘limlari bor O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi o‘zini fuqarolik jamiyati vakili deb hisoblayotgan bo‘lsa, ro‘yxatni tuzish ayollarga tamg‘a bosishdan boshqa narsa emas va uning mutasaddilariga bu huquqni hech kim bergani yo‘q.

Nazarimda, ayollarni ijtimoiy himoya qilish uchun quyidagilarni bajarish lozim:

1. Ayollar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish. Buning uchun hozirgiday birlamchi tashkilotlar yoki mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari vositasida yo‘lga qo‘yilgan majburiy tartibdan voz kechib, ayollarning haqiqiy ehtiyojini aniqlash va aholi bilan ishlash.

2. Zudlik bilan ikkita eng muhim: “Oilaviy/maishiy zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash to‘g‘risida”gi va “Gender tengligi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarur. Shundagina hozirgi boshboshdoqlikdan hamma himoyalangan bo‘ladi. Shu o‘rinda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi faqat ayollarni himoya qilib qolishi kerak emas, gender masalasini nozik idrok qilishga ko‘maklashishi ham zarur, bu erkaklarning faol ishtirokini talab etadi.

3. Shaxsiy ishlarga aralashmaslik. Ko‘pincha yurist sifatida ajrashish jarayoni qanaqa bo‘lishi to‘g‘risida maslahat berishni ko‘pchilik iltimos qiladi. Qizlar aksariyat hollarda turli sabablarga ko‘ra kelin bo‘lib tushgan oilada yashashni davom ettira olmay qoladi. Hujjatlarni topshirishning ilk shartlaridan biri – mahalladan (mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish idoralaridan) va xotin-qizlar qo‘mitasidan ma’lumotnoma olish. Qizlar o‘sha yerga borganda ko‘pincha qo‘pol muomalaga duch keladi hamda bunday qilmaslik va har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da oilani saqlab qolish kerakligi haqida pand-nasihat oladi. Bu shusiz ham siqilib yurgan ayollarga axloqiy bosimni, kamsitishni va stressni kuchaytiradi.

4. Shelter – boshpanalar ishini faollashtirish va har bir holatni tahlil qilishni yo‘lga qo‘yish. 2018 yilda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi oiladagi zo‘ravonlik jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish uchun barcha mintaqalarda shelterlarni ishga tushirdi. Ishonch telefonlari ham ishlay boshladi. Lekin u yerlarda jabrdiydalarga bir-ikki kundan so‘ng javob berib yuboriladi, bu hol ular uchun tahdidni yanada oshiradi, chunki uni uyda zo‘ravon kishi jahli battar qo‘zigan holda kutib turadi. Aynan shunday hollarda mahalla bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi yoki ichki ishlar idoralari oilaviy ishlarga aralashsa hamda malakali ruhiy, huquqiy, tibbiy va zarur hollarda moddiy yordam ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Amalda Xotin-qizlar qo‘mitasi yordam kerak bo‘lmagan yoki ortiqcha bo‘lgan joylarda ishlayotganini ko‘rayapmiz. Lekin o‘sha yordam zarur bo‘lgan joyda qo‘mitaning bor-yo‘qligi sezilmaydi hisob.

Nozima Davletova, mustaqil tadqiqotchi:

‒ Nazarimda, mamlakat bo‘yicha ijtimoiy sohada ikkita asosiy muammo mavjud: yetarlicha moliyaviy mablag‘ ajratilmasligi yoki mablag‘lardan samarali foydalanmaslik hamda ijtimoiy sohada ishlovchi professional xodimlar yetishmasligi. Bugungi kunda ayollarni ijtimoiy himoya qilish va ushbu sohada tadbirlar ishlab chiqish mas’uliyati asosan GONGO bo‘lmish (davlat tashkil qilgan nodavlat tashkilot) O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasiga yuklatilgan. Qo‘mitadagilar ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va ehtiyojmandlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaqindan boshlab davlat idoralari bilan hamkorlik qila boshladi. Ko‘p hollarda taklif etilayotgan va joriy qilinayotgan tadbirlar, ilgari surilayotgan g‘oyalar ayollar ehtiyojlariga mos kelmasligi va shunga o‘xshash muammolarni hal etish bo‘yicha xalqaro tajribasini bilmaslik oqibatida teskari natija bera boshladi. O‘rta bo‘g‘in xodimlari ayolning roli haqidagi an’anaviy patriarxal tutum va qarashlardan kelib chiqib ish tutadi. Agar eng yuqoridan ko‘rsatmalar va endigina oyoqqa turayotgan fuqarolik jamiyati bosimi bo‘lmasa, ayollar muammolari bilan shug‘ullanib o‘tirishmas edi. Professional psixologlar, pedagoglar, ijtimoiy soha xodimlarining yo‘qligi ta’lim, iqtisodiyot va moliyalash sohasidagi ko‘plab tizimli muammolar bilan bog‘liq. An’anaviy jamiyatda murakkab tutumlar va ma’naviy-axloqiy qadriyatlar bosimidan cho‘chib qolgan ayolning endi kamsitish va oiladagi zo‘ravonlikka duch kelishi bilan bu haqda tegishli idoralarga xabar berish ehtimoli ortadi. Respublika IIV bilan birga ayollar ila ishlovchi inspektor lavozimining joriy etilishi aynan shu bilan bog‘liq deb o‘ylayman. U yordam berish uchun ayollarni tegishli idoralar bilan bog‘lab turuvchi bo‘g‘in bo‘ladi. Men yangi lavozim joriy etilishidan yaxshi natija kutayapman, chunki ayollar va bolalarning ijtimoiy himoyasi bilan faqat bir tashkilot emas, ichki ishlar va ijtimoiy himoya idoralari shug‘ullanishi kerak.

Madina Ro‘zmetova, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis, komunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchi, #potensialnoopasna (#potensialxavfliayol) foto-fleshmobi tashabbuskori:

– #potensialxavfliayol – do‘stona foto-fleshmobdan boshqa narsa emas. Mening birovni xafa qilish, haqoratlash, hamiyatiga tegish yoki maqolalarimizni tarmoqqa chiqarilgan g‘alati ro‘yxatga qarama-qarshi qo‘yish maqsadim bo‘lmagan. Aslo.

Men ushbu masala muhokamalaridagi jiddiylik va xezlanish darajasini pasaytirmoqchi bo‘lgan edim, nazarimda, juda samimiy ish bo‘ldi. Go‘zal, omadi yurishgan, aqlli va ajoyib qizlar va hatto dadil yigitlar o‘zi haqida gapirib berdi. Mening «Facebook»dagi lentamga havas qilsangiz arziydi, qarang, heshtegga qanday fotosuratlar qo‘yildi – sizga yoqib qolishiga aminman. Bir qancha nashrlar biz qizlar bilan bir xil postlar qo‘yganimiz to‘g‘risida yozib chiqqandan so‘ng bugun mendan 40 kishi ham onlayn, ham oflayn tarzda o‘zbek mediamakonida ayollar mavzusidagi muhokamalarga munosabatim qanday ekanini so‘radi. Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘lsa ham, to‘g‘risini aytaman. Hech qanday munosabatim yo‘q. Qo‘mita yoki boshqa tuzilmadagilar biror narsaga qanchalik mos kelishim yoki kelmasligim haqida nima deb o‘ylashining menga hech qanday qizig‘i yo‘q. Ushbu axborot shov-shuvida men uchun bir narsa muhim: qizlarimizning hech biri bunaqa ro‘yxatlarni jiddiy qabul qilmasligi kerak. Har bir qizning o‘z maqsadiga erishish yo‘lida – hech kimning gapiga quloq osmasdan – harakatlanishga kuchi, ilhomi va quvvati bo‘lsin.

Mening fikrimga qo‘shilgan qizlar ana shunday narsalarni gapirib berdi. Hatto ro‘yxatda qayd etilganiday, “ideal” bo‘lmagan va tabiati murakkab qizlar ham o‘zini baxtiyor his qilayotganini va maqsadi sari intilayotganidan so‘zladi. Shaxsan o‘zim maqolamda shunday yo‘l tutishga intildim.

Fikri ojizimcha, ayollarga oid islohotlarni amalga oshirish vaqtida dolzarb bo‘lmagan qadriyatlarni targ‘ib qilib, tiqishtirish o‘rniga shu masalaga e’tibor qaratish lozim.

Biz ayni paytda eskirib ketgan narsalar: asossiz ayblovlar, munozaralar va va’dalarni targ‘ib qilishga juda katta resurslarni sarflayapmiz. Qizlarning ta’lim olishi bilan bog‘liq masalani to‘liq hal etganimiz yo‘q, maishiy darajadagi jinsiy kamsitish bartaraf bo‘lmadi, oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq o‘tkir muammo hali ham mavjud. O‘zimdan kichik qizlar bilan gaplashganimda, ular hali ham ularga o‘zi ma’qul ko‘rmagan qadriyatlar tiqishtirilayotganini, qizlardan o‘zi mos bo‘lishni istamagan narsalar kutilayotganini aytadi. Nazarimda, umumiy sa’y-harakatlarni, resurslarni muvaffaqiyatsiz muloqot, keraksiz konferensiya va “xo‘jako‘rsin” suhbatlarga emas, ijobiy tomonga yo‘naltirish muhimroqdir. Bu televizor yoki ijtimoiy tarmoqlar lentalaridan emas, har birimizdan – sizning shaxsiy pozitsiyangiz, fikrlashingiz, ishlaringiz va so‘zlaringizdan boshlanadi. Dunyo o‘zgarayotganini tushunib olish uchun vaqtimiz yetarli bo‘ldi deb o‘ylayman. Hozir – o‘zimizni o‘zgartirishning ayni vaqti.

Madina Ro‘zmetova ta’kidlaganiday, ayollarga potensial jinoyatchi deb qaragandan ko‘ra, ularni ta’lim sohasida huquqiy islohotlar o‘tkazish hamda iqtisodiy va fuqarolik imkoniyatlarini kengaytirish bilan muvaffaqiyat qozonish va erkin bo‘lishga ilhomlantirish kerak. Xalqaro tajribani o‘rganmay va undan foydalanmay, ayollarni himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan konvensiyalarga amal etmay turib, shuningdek, fuqarolik jamiyati ishtirokisiz va ayollarning ehtiyojlarini puxta o‘rganmasdan tenglik siyosatini shakllantirish mumkin emas. Bunaqa “noto‘g‘ri tuzilgan ro‘yxatlar”, mamlakat bozorlaridagi ayollarni “ma’naviylashtirishga”ga urinishlar kundan-kunga davlat boshqaruvidagi kadrlar siyosati tizimida jiddiy xatolar borligini, demokratik qadriyatlarga o‘tishga tayyor emasligimizni ko‘rsatmoqda. Yuksak malakali va gender masalasida fuqarolik institutlari, NNTlar va eng muhimi, inson resurslari: ijtimoiy soha xodimlari, yuristlar, psixologlar, inspektorlar hamda davlatga ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy maqomini ko‘tarishga yordam bera oladigan gender masalalari bo‘yicha mutaxassislar zarur.

Muallif: Sevara Xamidova, mustaqil tadqiqotchi

Maqola ilk bor axborot hamkorimiz UzAnalytics tahliliy portalda chop etilgan.