Shavkat Mirziyoyev yangi ochilayotgan Prezident maktablariga tanlov nufuzli xorijiy hamkor nazoratida o‘tishini talab qilgan. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Facebook’dagi sahifasida prezident maktablari uchun tanlovni to‘g‘ri va xolis tashkil etish maqsadida xorijiy tashkilot jalb etilishini ma’lum qilgan.

Shermatovning aytishicha, prezident tomonidan qo‘yilgan eng asosiy va eng qiyin vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilishdir.

“Albatta, zamonaviy bino va o‘quv jihozlar bilan ta’minlash, o‘quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish ham juda muhim vazifadir. Lekin tanlov to‘g‘ri tashkil etilmas ekan, katta mablag‘ sarf qilinadigan bunday ishlarning ham samarasi yuqori bo‘lmasligi aniq”, deb yozgan Sherzod Shermatov.

O‘quvchilar Prezident maktablariga ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, faqatgina iqtidori asosida, tanish–bilishsiz tanlab olinishiga ijtimoiy tarmoqlarda odamlar shubha bildirayotgan edi.

2019 yilning sentyabridan ochilayotgan ushbu maktablarga 4-sinf bitiruvchilari mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.

Maktabga yiliga 24 o‘quvchi qabul qilinadi, ular ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan taqsimlanadi. Ta’lim bepul, "STEAM" (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi asosida ingliz tilida beriladi.

O‘quvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan ta’minlanadi.

Ilk Prezident maktablari Toshkent, Nukus va Xivada 2019 yilda, respublikaning boshqa hududlarida esa 2020 va 2021 yilda ishga tushiriladi.