Adliya vazirligi xorijga chiqish pasportini olish uchun to‘ldiriladigan anketaning ancha soddalashtirilgan shaklini 22-mayda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Oldingisi bilan farqi qanday?

  • Avvalgi ariza-anketaning shakli 16 ta bandni o‘z ichiga olgan 4 varaqdan iborat edi. Unda ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning aksariyati tegishli idoralarga yugur-yugur bilan to‘ldirilar edi.
  • Yangi anketa shakli 1 varaqda va unda ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar 11 ta banddan iborat bo‘lib, tegishli kataklarni to‘ldirish orqali shakllantiriladigan tarzda tayyorlangan.

Oldingi ariza-anketa shaklidan quyidagi SSSR zamonidan saqlanib qolgan anaxronizmlar chiqarib tashlangan:

  • arizachining yaqin qarindoshlari, jumladan, ota-onasi, bolalari, agar o‘zaro nikohda bolalari bo‘lgan bo‘lsa, sobiq turmush o‘rtog‘i haqidagi ma’lumotlar;
  • arizachiga sud tomonidan qo‘yilgan, ijro etilmagan majburiyatlari mavjudligi, sudda fuqarolik da’vosi ko‘zg‘atilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • arizachining xorijga chiqishdan maqsadi (qaysi davlatga va maqsadi), unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi ma’lumotlar;
  • ariza-anketa shaklining korxona, muassasa, tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan imzolanishi va muhr bilan tasdiqlanishi haqidagi talab;
  • arizachi so‘nggi 2 yil mobaynida qachon va qaysi xorijiy davlatlarda bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar;
  • arizachi xorijiy davlatlarning qonunlariga rioya qilmagani uchun shu davlatning xuquqni muhofaza qilish xizmatlari tomonidan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • arizachining so‘nggi 5 yildagi mehnat faoliyati haqida mehnat daftarchasidan ko‘chirma talab qilish.

Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (ma’lumotlarni yig‘ish punkti)ning mas’ul xodimi arizani shakllantirib, anketa bergan shaxsga tanishtiradi, so‘ng anketa imzolanadi.

Mas’ul xodim anketada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi taqiqlanadi.