Xitoyning Sinsyan shahrida yashovchi 11 yashar Lu Sikuan otasini qutqarish uchun semirishi kerak. Shu bois u o‘zini majburlab bo‘lsa ham ko‘proq ovqat yemoqda. Bu haqida Sky News xabar berdi.

Sikuanning otasi oqqonga chalingan, tuzalishi uchun unga ilik ko‘chirib o‘tkazilishi lozim. Lu donor bo‘lishi mumkin, ammo bitta lekini bor. Oila otaga qo‘yilgan tashxisdan xabar topganida bolaning vazni atigi 30 kilo bo‘lgan. Donorning vazni esa kamida 45 kilo bo‘lishi shart. Shifokorlarning aytishicha, 50 kilodan ko‘proq bo‘lsa yana ham yaxshi.

Lu semirish uchun kuniga kamida besh mahal ovqatlanadi. Hozir u 13 kilo semirdi, ammo bu yetarli emas. Lekin donor bo‘lish uchun yetarli vazn to‘plashga Lu umid bilan, astoydil harakat qilayapti. Unga har kuni yog‘li taomlar tayyorlab berish uchun onasi go‘shtni chegirma bilan xarid qiladi.

Sikuanning muallimining aytishicha, sinfdoshlari o‘rtog‘i semirishining sababini bilmaguncha uni baqaloq deb mazax qilishgan. «Avval otamni qutqaraman, keyin ozaman», – deb javob bergan Sikuan jurnalistlarning savollariga.