Pekinning Tyananmen maydonida talabalar noroziligi kuch bilan bostirilganidan 30 yil o‘tib, Xitoy mudofaa vaziri Vey Fenxe Xitoy hukumatining o‘sha paytda ko‘rgan chorasi to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlagan.

1989-yili Pekin shahrida korrupsiyaga barham berish, demokratik o‘zgarishlarni talab qilib yetti hafta davom etgan namoyish 4 iyun kuni kuch bilan bostirilgan edi. Namoyishni bostirish, shaharda komendantlik soati joriy qilish uchun 300 ming askar, og‘ir zirhli mashinalar, tanklar kiritilgan. Minglab namoyishchilar o‘lgani aytilgan.

“Voqea siyosiy tartibsizlik edi, markaziy hukumat bu tartibsizlikni bostirish uchun to‘g‘ri siyosat qilgan, – degan mudofaa vaziri. – 30 yilda Xitoy katta o‘zgarishlarni boshdan kechirdi, barqarorlik va rivojlanishga erishdi”.

Yosh xitoyliklarning aksariyati fojia haqida deyarli bilmaydi

Xitoyda onlayn senzura mashinasi ijtimoiy media, vebsaytlarni Tyananmen qirg‘iniga doir materiallardan tozalaydi.

1989-yilgi demokratiya uchun namoyishlar va uning qattiqqo‘llik bilan bostirilishi haqida gapirish man qilingan. Har yili iyunga yaqin jurnalistlar, faollar, huquqshunoslar ogohlantirilib, ularga voqea haqida gapirmaslik uqtiriladi.

Tyananmen voqealari haqida oilada, o‘zaro suhbatlarda gapirishga toqat qilinsa ham, ommaviy chiqish qilish muqarrar qamalishga sabab bo‘ladi.

Fojia qanday bo‘lgan?

1989-yilning bahori. Milliondan ortiq xitoylik talaba va ishchilar Pekinning Tyananmen maydonini egallagan, kommunistik Xitoy tarixida misli ko‘rilmagan namoyishni boshlashgan. Yetti hafta davom etgan namoyish 3-4 iyun kunlari qirg‘in bilan yakunlandi.

15-aprel. Hu Yaobang vafot etdi: Kommunistik partiyaning sobiq rahbarlaridan Hu Yaobang yurak xurujidan vafot etdi. Odamlar Tyananmen maydoniga azaga to‘planishdi. Ular o‘zlarining mavjud ahvoldan noroziligi, islohotlar bo‘lmayotganini gapira boshlashdi.

18 – 21-aprel. Namoyish kengaydi: keyingi kunlari norozilar soni ko‘paya boshladi. Namoyishchilar butun mamlakatdagi shaharlar va universitetlarga tarqaldi.

Talabalar, ishchilar, davlat xizmatchilari kengroq erkinlik, demokratiya xohlab, diktatura intihosini talab qilishdi. Kimlardir inflyasiya, maoshlarning pastligi, uy-joy tanqisligidan shikoyat qildi.

22-aprel. Huni xotirlash: o‘n minglab talabalar Huni eslash maqsadida Tyananmen maydonidagi Katta xalq saroyi tashqarisiga yig‘ilishdi.

Shahar hokimiyatining norozilik jazolanishi haqidagi ogohlantirishiga qaramay o‘sha yerda petitsiya uyushtiriladi, Xitoy bosh vaziri Li Peng bilan uchrashuv talab qilinadi. Ammo bu talablar rad qilinadi.

26-aprel. To‘polonga sabab bo‘lgan maqola: davlatga qarashli “Xalq gazetasi” tahririyat maqolasini e’lon qiladi. Unda namoyishchilar Kommunistik partiyaga qarshi chiqayotganlikda ayblanadi. Maqola Xitoyning o‘sha paytdagi norasmiy lideri Den Syaopinning nuqtai nazarini aks ettirgan edi. Bu maqola norozilikni yanada kuchaytiradi.

4-may. Namoyish kengayishi: o‘n minglab talabalar turli shaharlarda demokratiya talab qilib namoyishlar o‘tkaza boshladi. Ammo o‘sha paytda Kommunistik partiyaning rasmiy lideri Dzao Ziang Osiyo bankirlari bilan uchrashuvda namoyishlar o‘zi bosilib ketishini aytadi.

13-may. Ochlik e’lon qilish: Mixail Gorbachyov mamlakatga kelishi kerak edi. Tashrifdan avval yuzlab talabalar Tyananmen maydonida ochlik e’lon qilishdi. Ular bunga hukumatning muloqotga chiqmayotganini sabab qilib ko‘rsatishdi. Bu chorani ko‘pchilik ma’qullay boshladi.

15-may. Gorbachyovning tashrifi: Mixail Gorbachyov 30 yilda birinchi marta xitoy-sovet sammitini o‘tkazish uchun Pekinga keldi. Namoyishchilar hukumatning uni Tyananmen maydonida kutib olish rejasini bekor qilishga majburlashdi.

19-may. Dzao maydonga keldi: Dzao Ziang maydonda talabalar bilan uchrashdi. Murosa uchun so‘nggi, amma muvaffaqiyatsiz urinish bo‘ldi. Dzao bilan Li Peng va keyinchalik Xitoy bosh vaziri bo‘lgan Ven Jiabao keldi.

20-may. Askarlar kiritildi: Pekinning bir necha tumanida komendantlik soati e’lon qilindi. Shahar markaziga askarlar kiritildi. Fuqarolar harbiylar karvoniga xalaqit qilishdi, yo‘llarda barrikadalar paydo bo‘ldi. Askarlarga oddiy odamlarga o‘q uzmaslik haqida buyruq berilgan edi.

24-may – 1-iyun. Ziddiyatning kuchayishi: namoyishlar ko‘payib, yoshlarning qoni gupurdi. Xitoy liderlari namoyishlarni bostirish uchun jiddiy chora ko‘rish haqida o‘ylay boshladi.

2-iyun. Kuch ishlatishga ruxsat berildi: Kommunistik partiya oqsoqollari “aksilinqilobiy” harakatni kuch bilan bostirish qaroriga keldi.

3-iyun. Qonli kecha: kechga tomon Xalq ozodlik armiyasining minglab askarlari Pekin markaziga kela boshladi. Odamlar ularning yo‘lini to‘sish uchun ko‘chalarni to‘ldirishdi. Hamma yoqni barrikadalar bosib ketdi. Armiya namoyishchilarga qarata o‘q ota boshladi.

4-iyun. G‘azab: Tyananmen maydoni xunrezlik bilan tozalandi. Poytaxt karaxt edi. G‘azabga mingan minglab aholi shaharning shimoli-sharqida askarlar yo‘lini to‘sishga urindi. Askarlar yana o‘q uza boshladi. Kun bo‘yi goh u, goh bu joyda otishma davom etdi.

Hukumat harbiy aralashuvni “G‘alaba” deb atadi. Hukumat nashrlari “isyon qilgan va jamoat tartibini buzgan qonunga bo‘ysunmas odamlar”ni armiya ayovsiz jazolashi haqida yozdi.

O‘sha kuni qancha odam o‘lgani hozirgacha bahsli.

5-iyun. “Tank odam”: Pekinda armiya nazoratni qo‘lga oldi. Biroq dunyo qarshilik ko‘rsatishning misli ko‘rilmagan shaklini ko‘rdi. Qurolsiz fuqaro Tyananmen maydoniga yo‘l olgan tanklar karvoni yo‘liga turib oldi. Shu paytgacha “Tank odam”ga keyin nima bo‘lgani noma’lum.