1918-yil, taxminan bugunimizga o‘xshagan tarixiy sharoitda jadid Hoji Muin "hayoti ijtimoiyamizda lozim bo‘lg‘on narsalarning barchasi hozirda bizda bormi? Bo‘lsa qaysi holdadir?" deb millatga murojaat qilgan edi.

"Bu savollarg‘a qarshi to‘g‘ri javob yozilg‘onda ixtiyorsiz qalam uyolur, kishi istiqboldan ma’yus bo‘lur. Chunki mazkur narsalarning ba’zisi bizda yo‘q va ba’zisi hanuz ibtidoiy holdadirki, bularning mumkin suratda vujudka ijtihod chiqarilishi uchun ko‘b umrlar va ko‘blar sarf qilmoq kerakdir.

Shunday bo‘lsa ham, hozirgi musoidi zamin va zamonni g‘animat bilib vatan, huquq va hayotimizning muhofazasi, istiqbolimizning ta’mini uchun kerak bo‘laturg‘on tadbir va choralarg‘a kirishmagimiz lozimdir.

Mana, hozir ushbu savol vorid bo‘ladirki: bizga nima kerak?", – deb so‘raydi Hoji Muin zamondoshlaridan.

Bugun ham "ba’zisi bizda yo‘q va ba’zisi hanuz ibtidoiy holda" bo‘lgan narsalar mavjud. Shulardan biri sifatli ta’lim tizimidir. To‘g‘ri, bu sohada ham oxirgi paytlarda, O‘zA ta’biri bilan aytganda, "muayyan ishlar qilinmoqda". Lekin bu yetarli emas. Puli borlar bu muammoni bolasini yo yaxshiroq maktabga berish bilan, yoki repetitor yollash bilan hal qilayapti.

Lekin yaxshi maktablar soni juda oz, borlariga ham har kimning qurbi yetmaydi. Yaxshi repetitor ham "ko‘k"ida haq oladi.

Demak, faqat bir yo‘l qolayapti: bolaning mustaqil ta’lim olishi. Ammo yo‘naltirib turmasa bola o‘zi mustaqil bir narsani o‘rganib ketolmaydi. Ota-onalarning ham barchasi buning uddasidan chiqadi deb bo‘lmaydi. Demak, bolaning mustaqil ta’lim olishini nazorat qiladigan, uni yo‘naltiradigan va, ayni vaqtda, unga ta’lim beradigan tizim kerak.

Bunday tizim bor: Xon akademiyasi bepul onlayn platformasi. Bu platforma:

  • zamonga mos sifatli ta’lim beradi;
  • bolani mustaqil ta’lim olishga o‘rgatadi va uning bilimini baholaydi;
  • ota-onaga ta’lim jarayonini kuzatib borishga imkon beradi;
  • maktabdagi deyarli barcha o‘quv predmetlarini qamrab oladi (deyarli, chunki u yerda "Ma’naviyat asoslari" kabi predmetlar yo‘q);
  • ko‘p narsa kerakmas – kompyuter, planshet va internet kifoya.
va bularning bari tekin.

Birgina muammo – 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan bu tizim hali o‘zbek tilida yo‘q.

Nega, bizga sifatli ta’lim kerak emasmi?

Millat jonkuyarlari uni o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun bel bog‘lagan. Qiyinchiliklar bilan, 4 oy deganda, bosh vazirning aralashuvidan keyingina “Bilim onlayn” nodavlat-notijorat ta’lim tashkiloti tuzildi. Bu tashkilot o‘z nomi bilan notijoriy tashkilot sanaladi. Qo‘yilgan maqsadga to‘kis yetishish uchun homiylik, xayriya mablag‘lariga muhtoj.

Bu loyihani ishga tushirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 50 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratgan. Ammo sharti bor: tashkilot bu grantni olishi uchun belgilangan muddatda yana shuncha miqdorda, ya’ni $50 ming xayriya yordami to‘plashi kerak.

Muddat 4 may kuni tugaydi.

Maktaba yo‘q bir tiyinni to‘yga ming so‘mlab berur,
Chorasi mushkul kasalga mubtalodir bizni xalq.
Cho‘lpon

Tashkilotchilarning aytishicha, 5 oy davomida atigi 9800 dollar yig‘ilibdi, xolos. 4-mayga qadar belgilangan miqdorda xayriya mablag‘i to‘planmasa, bank grantni bermaydi.

O‘zbek bolasi esa kelajakda Rossiyada ishlash uchun ketayotib Qozog‘iston cho‘llarida yoki Suriyada o‘lib ketaveradi.

"Hozirgi musoidi zamin va zamonni g‘animat bilib vatan, huquq va hayotimizning muhofazasi, istiqbolimizning ta’mini uchun kerak bo‘laturg‘on tadbir va choralarg‘a kirishmagimiz lozimdir", – deb iltijo qilgan Hoji Muin.

Bugun "istiqbolimizning ta’mini uchun kerak bo‘laturg‘on tadbir va chora" mana shu platformadir. Uni ishga tushira olamizmi, yo‘qmi – mana shu bizning uyushgan millat yoki tarqoq olomon ekanligimizni ko‘rsatadi.

Xon akademiyasining o‘zbek tilidagi versiyasi yaratilishi sizga bog‘liq bo‘lib turibdi.

Bank orqali so‘mda pul o‘tkazish uchun:

H/r: 20212000400980475001
STIR: 207290667
Tashkilot nomi: “Bilim Onlayn” NNT
Manzili: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11-b-uy.

Qabul qiluvchi bank: “Aloqabank” ATB
MFO: 00401
STIR: 200829053
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy

AQSH dollarida pul o‘tkazish uchun:

H/r: 20212000400980475001
Tashkilot nomi: “Bilim Onlayn” NNT
Manzili: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11-b-uy.
Qabul qiluvchi bank: “Aloqabank” ATB
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy
SWIFT: SCLUZ22

Telegramdagi rasmiy kanal:
https://t.me/xanakademiyasi (Aloqa uchun: @xanakademiyasi_admin)
E-mail: team@bilimonlayn.uz
Bog‘lanish uchun telefon:
+998971309050

Qo‘shimcha ma’lumot olmoqchi bo‘lganlar bu yerga yozishlari mumkin.